
Tariximizning tadqiqotchilari Markaziy Osiyo Temur va temuriylar davrida o‘z tarakqiyotining eng yuqori darajasiga ko‘tarilganligini e’tirof etib, bu davr xalqimiz uchun ulkan ziyo berganligini, uning xarorati xozirgacha saqlanganligini ta’kidlaganlar. Shu nuqtai nazardan Temuriylar davriga qiziqish nafaqat tarixiy merosimizni o‘rganish uchun, balki hozirgi davr vazifalarini hal qilishda xizmat qilmog‘i lozim.
Movarounnahrning qadimiy shaharlaridan biri bo‘lgan Termiz o‘z tarixida bir necha bor tiklanish, yuksalish va tushkunlik qismatini boshidan kechirgan. Tarix charxpalagida Chingizxon istilosi natijasida vayron bo‘lgan Termiz o‘rnida XIV asrning birinchi yarmida Chig‘atoy ulusining yirik ijtimoiy-siyosiy markazlaridan biriga aylangan yangi shahar bunyod bo‘ladi. Davlat xokimiyati mug‘ullar qo‘lida bo‘lsa ham, ma’muriy boshqaruv Termiz sayyidlari xonadoni vakillari tomonidan amalga oshirilgan. Ular XIV asrning o‘rtalarida mug‘o‘llarga qarshi kurashda faol ishtirok etganlar.
1334 yilda Movarounnahr sultoni Alouddin Tarmashirin Yasoga – mug‘ullarning huquqiy munosabatlarini aks ettiruvchi Chingizxon qonunlari majmuasiga rioya qilmaganligi bahonasida Chig‘atoy ulusi sharqidagi ko‘chmanchi mug‘ullar isyoni natijasida o‘ldiriladi. Yangi hukmdor Buzan siyosatida musulmonlarga nisbatan salbiy munosabat ustuvorlik qiladi. Mahalliy musulmon hukmdorlar markaziy xokimiyatga qarshi kurash boshladilar. Ularga Chig‘atoy shahzodalaridan Yosur Mahzunning o‘g‘li Xalil boshchilik qiladi. «Birinchi bo‘lib Xalilning xuzuriga A’lo al-Mulk, ya’ni Termizning hukmdori yetib keldi» – deb yozadi arab sayyohi Ibn Battuta1. Xalilga to‘rt ming kishi bilan kelib qo‘shilgan A’lo al-Mulk vazir qilib tayinladi. Buzanga qarshi kurashda Xalilning kuli baland kelib, u Chig‘atoy ulusiga xukmron bo‘lib qoladi. Ma’lum bir vaqt o‘tgandan so‘ng, A’lo al-Mulk Xitoydagi hozirgi G‘ulja shahrining shimoli-g‘arbida joylashgan Olmaliq qal’asida Xalil qo‘shinlariga bosh bo‘lib turganda, ichki dushmanlar ikki orada ixtilof chiqaradilar. Xalilga yetkazilgan xabarga ko‘ra, go‘yo vazir o‘zining payg‘ambar avlodidan ekanligini aytib, olijanob va mardligi tufayli podsholikka haqqim ko‘proq deb bosh ko‘tarmoqchi bo‘lgan. Shunda Xalil Olmaliqqa A’lo al-Mulk o‘rniga boshqa noib yuborib, uni huzuriga chaqiradi. Aybi isbot qilinmay qatl qilingan A’lo al-Mulk Termiz sayyidlari shajarasida «Shahid» nomini olgan2. «Bu voqea Xalil saltanati halokatiga sabab bo‘ldi», deb dalolat beradi Ibn Battuta3. Mazkur hodisa 1344 yilda sodir bo‘lgan, shu davrga oid Xalil nomi bilan Termizda zarb qilingan tangalar saklanib qolgan.
XIV asrning birinchi yarmidan boshlab tarixiy bitiklarda va Termizda zarb qilingan tangalarda shahar nomiga uning sifat-fazilatlarini tasvirlash maqsadida «Madinat ar-rijol» sifati ko‘shib ishlatila boshlanadi. Lug‘atan bu atama arab tilidan mardlar shahri deb tarjima qilinadi. Mohiyatan ilmiy-ommabop adabiyotda turli talqinlar orasida uning kelib chiqishini Termiz aholisining mug‘ullarga qarshi kurashi bilan bog‘lab tushuntirish ustuvorlik qiladi. Termizning «madinat ar-rijol» deb nomlanishiga, bu xususda yagona bir xulosa bo‘lmasa-da, shak-shubhasiz shahar aholisining faoliyati, mehnati va jasorati sabab bo‘lgan.
XIV asrning o‘ttizinchi yillarida Termiz Ibn Battuta tasvirida, – «chiroyli imonatlari va bozorlari ko‘p bo‘lgan yirik shahardir, uni boshdan-oyoq anhorlar kesib o‘tadi, bog‘lari ham juda ko‘p» bo‘lsa, XV asr boshlarida ispan elchisi Rui Gonzales de Klavixo ta’rifida juda katta, axolisi zich, gavjum ko‘cha va maydonlari ko‘p shahar bo‘lgan4.
Albatta, Termizning geografik joylashuvi: Amudaryodan asosiy kechuv joyi bo‘lganligi, Chig‘atoy xukmdorlarining qarorgoxlariga yaqinligi shaharni o‘sha davr voqealarining markazida bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Lekin, shaharning ijtimoy hayotdagi o‘rnini belgilangan omillardan biri, Termizning musulmon dunyosi mafkuraviy markazlaridan biri ekanligi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Hali Movarounnahrda islom qadriyatlari to‘liq qabul qilinmagan sharoitda Termiz machitlaridagi diniy munozaralar musulmon dunyosida ovoza bo‘lgan5. Iso at-Termiziy hadis ilmida, Xakim at-Termiziy tasavvuf ta’limotida yetakchilardan bo‘lishgan. «Sayyidi sirdon» laqabli Sayyid Burhoniddin ham, mashxur pirlardan shayx Xovand Toxur ham, asli ismi Sayyid Ali Shoh at-Termiziy bo‘lgan afg‘on qabilalarining rahnamosi Pir Bobo ham Termiz sayyidlari xonadoni vakillaridir6. Amir Temurning pirlaridan hisoblanmish Shamsiddin Sayyid Amir Kulol ham shu xonadon vakili bo‘lishi mumkin. Bu taxminni bildirishimizga, birinchidan, pirning ismlari Termiz sayyidlariga xosligi, ikkinchidan, uning maqbarasi shu xonadon vakillarining Shahrisabzdagi keyinchalik – Gumbazi Sayyidon nomini olgan dahnasi bir joydaligi asos bo‘ladi. Shu alfozda Amir Temur hayoti va faoliyatining sahifalari Termiz bilan chambarchas bog‘lanib ketganligini tushuntirish mumkin. Amir Temur xokimiyat uchun kurash boshlanganida ham, uning eng zafarli kunlarida ham Termiziylar Sohibqironning safdoshlari bo‘lgan. Bizgacha yetib kelgan manbalarda Termiz va Termiziylar bilan bog‘liq ko‘plab voqealar, Amir Temurning Termizga tashriflari haqidagi ma’lumotlar keltiriladi.
1362 yilda Amir Temur Mohon hokimi Alibek Joni Qurboniy ko‘liga asir tushganida, vazirlaridan Azizuddin Termizdan yurish qilib, yordamga yetib keladi. «Bu ish bilan menga quvvat bag‘ishladi, shijoat va mardligim tutib, qo‘limdagi qilich zarbi bilan ko‘p soqchilar orasidan najot topdim», – deb yozilgan «Temur tuzuklarida»7.
Movarounnaxrda o‘z xokimiyatini uzil-kesil o‘rnatish uchun hal qiluvchi jang arafasida – hijriy 771 yilning sha’bon oyida – 1370 yil mart oyining oxirida Amir Temur keyinchalik Sayyid Baraka nomi bilan mashhur bo‘lgan Sayyid Muhammad al-Madiniy bilan uchrashadi. Bo‘lajak piru muridning muloqotida Sohibqiron o‘sha zamon sayyidlarining eng ulug‘ peshvosi qo‘lidan hokimiyat ramzi-nog‘ora va bayroqni olib, uning duoyi xayriga musharraf bo‘ladi. Shundan so‘ng sayyid Amir Temurga buyuk kelajagini bashorat qiladi. «Muborak tili o‘shal dam go‘yo parvardigor belgilangan qismat va uning cheksiz inoyatining tarjimoni edi: chunki bashorat qilibaytgan so‘zlarning na mazmunida o‘zgarish va amalga oshishida kechikish bo‘ldi», – deb yozadi Sharafiddin Ali Yazdiy8.
Ilmiy doiralarda ham keng jamoatchilik orasida ham Sayyid Baraka shaxsiga qiziqish ortib, uning o‘lkamizga kelishi sabablari haqida turli fikrlar bildirilmoqda. Ulardan biriga ko‘ra, Sayyid Baraka islom dunyosining ikki muqaddas shahri Makka va Madina vaqflari – belgilangan mikdordagi to‘lovlarini undirish uchun kelgan. Amir Temur tomonidan ko‘rsatilgan benihoya katta iltifot natijasida sayyid uning davlatida qolishga qaror qiladi. Fikrimizcha, bu talqin haqiqatga yaqin bo‘lsa kerak. Dastlabki uchrashuvning Termizda bo‘lishiga sabab shundaki, Sayyid Baraka o‘zi kabi ahl al-bayt, payg‘ambar avlodlari xonadoniga mansub Termiz sayyidlari oldiga kelishi tabiiy holdir. Shuningdek, bu borada Termiz sayyidlari xonadaoni asoschisi Hasan al-Amirning bobosi Madina hokimi bo‘lganligini alohida qayd qilish kerak9.
Yuqorida eslangan A’lo al-mulk «Shoxid»ning o‘g‘illari Shamsiddin, Alouddin, Abul Maali va Ali-Akbar doimo Amir Temur bilan birga bo‘lganlar. Amir Temur tarixidan ma’lumot beruvchi manbalarning ko‘pchiligida Abul Maalining Sohibqironga qarshi fitnada ishtirok etganligi qayd etiladi. Sayyid avf etiladi, ammo, Nizomiddin Shomiy yozganidek, «bir muddat ko‘zga ko‘rinmay tursun uchun muborak safarga Hijozga jo‘natilsin, degan xukm bo‘ldi»10. Bir yil o‘tgach, Abul Maali, ukasi bilan Xorazmga qilingan yurishlardan birida ishtirok etadi. Shunday tadbirlarning birida Sohibqironning Termizga bo‘lgan munosabatini o‘zida majassamlashtirilgan bir voqea bo‘lgan. 1379 yili Urganch qamali sharoitida Xorazm hokimi Yusuf So‘fi Amir Temurni yakkama-yakka jangga chaqiradi. Sohibkiron taklifni qabul qilib, kal’a xandag‘i oldiga bir o‘zi yetib keladi. Rakib chaqirigidan tonib, jang maydoniga chiqmaydi. Ko‘p o‘tmasdan Amir Temur qarorgoxiga Termizdan qovun keltirishadi. Sohibqiron oltin patnisda raqibiga qovun yuboradi11. U esa qovunni suvga uloqtirib, patnisni mulozimlaridan biriga sovg‘a qiladi. Amir Temur Yusuf So‘figa Termizdan keltirilgan qovunni yuborib, unga nomardlik qilib jang maydoniga chiqmaganligi sababli, nomaqbul xatti-harakatiga chuqur ramziy ishora qiladi. Bu imoda mardlar shahridan kelgan qovunni yeb, senga ham ozgina mardlik yuqsin ta’biridagi shama yotardi. Bu voqeada Amir Temurning botirligi bilan chuqur zakovati hamda Termizga bo‘lgan munosabati namoyon bo‘ladi. Voqeani tahlil etib, V.V.Bartold Amir Temurning dovyurakligini, shaxsiy jasoratini ta’kidlab, uni Yevropa ritsarlari bilan qiyoslaydi12.
G‘iyosiddin Alining dalolatiga ko‘ra, Amir Temurning Hindiston yurishida Lixovar shahriga yurishidan avval taslim bo‘lishni taklif qilib, elchi sifatida aka-uka sayyidlar yuboriladi. Shahar ahli sulh tuzishga rozi bo‘ladi va sovg‘a sifatida gapiruvchi ikki to‘ti yuboradi. Qizig‘i shundaki, Amir Temur zamonasida yozilgan, bizgacha yetib kelgan manbalarning eng qadimgisida keltirilgan bu voqeada Sohibkiron atamasi birinchi marta ishlatilgan13. Hijriy 801 yilning 21 rajabida – 1399 yil 29 martida Hindiston yurishidan qaytayotgan qo‘shin o‘sha davr manbalarining tili bilan aytganda, Termiz daryosi, ya’ni Amudaryo qirg‘ogiga yetib keladi. Daryoning narigi qirg‘ogida Sohibqironni Ulug‘bek, malikalar va an’yonu-akobirlar kutib olishadi. 22 va 23 rajib kunlari Amir Temur Termizda bo‘ladi. 23 rajab kuni – 31 marta zafar kuchgan qo‘shin sharafiga Termiz sayyidlari katta to‘y berishadi. Ertasi kuni g‘olib qo‘shin safarini davom ettiradi.
Oxirgi marta Amir Temur Termizda xijriy 807 yil muxarram oyida – 1404 yilning iyulida, g‘arbiy mamlakatlarga yurishidan qaytishda bo‘lgan. Tariximizning zahmatkash tadqiqotchisi, akademik Bo‘riboy Ahmedov shunday yozadi: «daryodan kemalarga tushib o‘tdilar va Termizda, har doimgidek, Xudovandzoda Aloulmulkning uyida to‘xtadilar. Termizda bir kun dam olgach, xumoyun maxkam yana yo‘lga chiqdi»13. Har kelganida Amir Temur dunyoni ma’rifati nuri bilan yoritgan, mardligi bildan hayratga solgan shu tabarruk maskan ulug‘larining ruxini shod qilib, ularning qabrlarini ziyorat qilgan.
Temur va temuriylar davrida butun mintaqada bo‘lganidek, Termizda ham taraqqiyotning yuksak darajasi kuzatiladi. Musulmon dunyosi ma’naviyatida Hakim at-Termiziy merosi chuqur iz qoldirgan, lekin uning ommaviylashtirilishi Amir Temur davri bilan bog‘liqligi nazardan chetda qolgan. O‘sha davrgacha Termiz haqidagi ma’lumotlarda, jumladan, Ibn Battuta esdaliklarilarida ham Hakim at-Termiziy hakidagi ma’lumot berilmagan. Islomda an’ana bilan yangilik o‘rtasidagi kurash mutaasiblar bilan tasavvuf namoyandalari o‘rtasidagi munosabatlarda aks topgan. Termiz haqidagi barcha xabarlarda Iso at-Termiziy to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan holda, Hakim at-termiziy shaxsi eslanmasligi shaharda an’anaviy islom vakillarining ustundigini bildiradi. Amir Temur davrida bu hol o‘zgardi. Hozirgacha saqlanib qolgan Hakim at-Termiziy maqbarasining asosiy qismi hijriy 792 yilning ramazon oyida – melodiy 1390 yilning avgust-sentyabrida qurib bitkazilgan15. Xuddi shuningdek, Sulton Saodat majmuasi ta’mirlanishi ham bevosita Sohibqiron shaxsi bilan bog‘liqdir.
Amir Temur sevgan shaharga uning avlodlari ham alohida munosabatda bo‘lganlar. Xalil Sulton xijriy 810 yilda – 1407 yilda Eski Termizni ta’mirlash uchun bosh amiri Ollohdod raxbarligida qo‘shinlarining bir qismini shaharga jo‘natdi. Natijada eski Termizda ham shahar hayoti tiklanadi.
Ulugbek hayoti va faoliyatida Termiziylarning faol ishtiroki kuzatiladi. 1410 yilda Movarounnahrda Ulugbek xokimiyatiga qarshi isyon ko‘tariladi. O‘ziga sodiq bo‘lib qolgan Termiz qo‘shini bilan Ulug‘bek otasinining ko‘magida xokimiyatini tiklaydi. Shahrisabzda 1437 yilda barpo etilgan «Avlodi Muborak» makbarasi Termiz sayyidlarining yetakchisi «Sulton Sodot» Abu-l Maaliga atab qurilgan. Ulug‘bekning o‘g‘li Abdullatif esa imom Termiziy maqbarasini qurdiradi.
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Amir Temur qizi Sulton Baxtbegimni sayyid Hasanga uzatgan Bu ma’lumotni tasdiklashga yoki inkor qilishga hozircha asosimiz yuq. Lekin manbalarda temuriy shaxzodalar, jumladan, Movarounnaxr xukmdori Sulton Abu Sa’id, Ahmad ibn Sayyid, Sulton Mahmud, Bobur va uning avlodlari Termiz sayyidlari xonadoni vakillariga uylanganligi to‘liq tasdiqlanadi16.
Temuriylar davrida xududi to‘rt barovardan ko‘proq kengaygan Termizda mahalliy xokimiyat sayyidlar tomonidan boshqarilgan. Temuriylar davridagi oxirgi Termiz xokimi Sayyid Xusayn Akbar Boburga qushilib Hindiston ketadi. Temuriylar xokimiyati XVI asrning 80-yillarigacha saqlanib qolgan Badaxshonda Termiz sayyidlari g‘oyaviy rahnomalik qilishadi.
Xullas, Amir Temur saltanatida mardlar shaxri Termiz ham, Termiziylar ham, o‘zining munosib o‘rni va salohiyatiga ega bo‘lgan.
ADABIYOTLAR:
1. Ibrohimov N. Ibn Battuta va uning O‘rta Osiyoga sayyoxati. –T., 1993, 73-bet.
2. Семенов А.А. Происхождение термезских сейидов и их древняя усыпальница «Султан-Садат». –Т., 1914. –С.17.
3. Ibrohimov N. Ibn Battuta… –74-bet.
4. Руи Гонзалес де Клавихо. Дневник путешествия в Самарканд ко двору Тимура (1403-1406 гг.). –М., 1990.-С.100.
5. Ислам. Энциклопедический словарь. –М., 1991. –С.64.
6.Mirzaev J. Termiz sayyidlari // Muloqot, 1997. №6, 47-bet.
7.Temur tuzuklari. –T., 1993. –77-bet.
8.Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. –T., 1994. –202-bet.
9. Семенов А.А. Происхождение… –С.12.
10. Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma.-T., 1996, 90-bet.
11. Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma.-T., 1996, 110-bet.
12. Бартольд В.В. Улугбек и его время. Собр. соч. в IX т. Т.II. Ч.2. – М., 1964. –С.52.
13. Гийасаддин Али. Дневник похода Тимура в Индию. –М., 1958. –С.127.
14.Ahmedov B. Amir Temur. –T., 1995. –559-bet.
15. Настич В.Н. Шах-Фазил: мавзолей или суфийская ханака? //Суфизм в контексте мусульманской культуры. –М., 1989. –С.287.
16. Azamat Ziyo. O‘zbek davlatchiligi tarixi. –T., 2000. -338, 341-betlar.