FURQON

by Matbuot xizmati
7 👁️

تَبَارَكَ الَّذِي نَزَّلَ الْفُرْقَانَ عَلَىٰ عَبْدِهِ لِيَكُونَ لِلْعَالَمِينَ نَذِيرًا

Olamlarga ogohlantiruvchi bo‘lsin uchun bandasiga furqonni nozil qilgan zot barakotli, ulug‘dir. Furqon, 1.

Qur’onning turli o‘rinlarida kelgan furqonni Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan tafsirlarda halol-harom orasini ajratuvchi, shubha-gumonlardan chiqaruvchi, ya’ni ularni ketkazuvchi, ahkomlar va hadlar, nusrat va hukmronlik ma’nolarida ekanligi rivoyat qilinadi.

Shu ma’noda mufassir tobein Qatodadan shunday naql etiladi: “Furqon – Qur’ondir. Uni Muhammad alayhissalomga nozil qildi. Unda haq va botilni ajratdi (farqladi), unda Alloh halol narsalarni halol, harom narsalarni harom qildi, shariatini joriy qildi, hadlari chegarasini belgiladi, farzlarini farz qildi, bayon qilinuvchi narsalarini bayon qildi, toatiga amr qildi, ma’siyatdan qaytardi”.

Imom Zamaxshariy va Nasafiylarga ko‘ra, furqon – ikki narsa orasini ajratib, farqlash ma’nosidagi so‘zdir. Qur’onning bu nom bilan atalishi esa haq va botilni, halol va harom orasini ajratgani tufaylidir. Yoki u bira to‘la emas, bo‘lak-bo‘lak (farqli-farqli), bir-birining orasi ajralgan holda nozil qilingani tufayli shunday atalgan. Bu to‘g‘rida Qur’onda shunday keladi:

  “Va Qur’onni odamlarga asta-sekin o‘qib berishing uchun bo‘lib (farqli-farqli qilib) qo‘ydik” (Isro, 106).

Imom Tabariyga ko‘ra, furqonning ma’nosi borasida turli so‘zlar aytilgan bo‘lsa-da, ularning ma’nosi umumiy. Mufassir tobein Ikrimadan uning najot ekanligi, sahoba Ibn Abbos roziyallohu anhumodan maxraj – chiqar yo‘l, nusrat (yordam) ekanligi kabilar rivoyat qilingan. Furqon ma’nosi borasidagi ta’villarning barchasida lafzlar turlicha bo‘lsa-da, ma’nolari bir-biriga yaqindir. Kim bir mushkul narsadan chiqadigan yo‘l qilib bergan bo‘lsa, bu chiqishni unga najot qilib bergan bo‘ladi. Xuddi shunday kim bir mushkuldan qutultirib, najot bersa, unga yomonlikni qasd qilgan kishiga nisbatan unga nusrat (yordam) bergan hamda u va unga yomonlik qilgan kishi orasini ajratgan (farqlagan) bo‘ladi. Shu tarzda “furqon” so‘zi ma’nosi borasida qilingan rivoyatlarning bari lafzlarning ma’nosi bir nuqtaga jamlanishiga ko‘ra sahih ma’noli sanaladi. Furqon so‘zining asli ikki narsa orasini farqlash va ularni ajratishdir. Bu ish hukm bilan ham, qutqarish bilan ham, hujjat-dalilni ko‘rsatib, izhor qilish bilan ham, nusrat berish bilan ham va boshqa shu kabi haq va botil orasini farqlab, ajratuvchi ish va ma’nolar bilan bo‘ladi. Bulardan ma’lum bo‘ladiki, Qur’onning furqon deb atalishi o‘z hujjat-dalillari, farzlarining haddi va boshqa shu kabi ahkomlari bilan haq va botil orasini ajratadi. Ular orasini furqonligi bilan ajratishi hukm jihatidan haqiqatga nusrat berishi, botilni yordamsiz tashlab qo‘yishi bilandir.

Bu masalada Hakim Termiziy ta’riflari ham diqqatga sazovordir. Jumladan, olim o‘zining “Navodir al-usul” kitobida deydi: “Mufassirlar “furqon”ni “ixroj” – chiqarish, ya’ni shubhalar va zulmatlardan chiqarish, deb tafsir qilganlar. Ammo tafsirning mazmun-mohiyati shuki, chiqish – Allohning kishi qalbi uchun haq va botilni farq qiladigan nur qilishidir, toki o‘sha uning uchun jaholat zulmatlari va dunyo shubhalaridan chiqish bo‘ladi. Albatta, jaholat zulmat soladi va dunyo odamzodga – uning ichidagi shahvatga ziynatlanadi, uni ishtibohga solib qo‘yadi, hatto aldab ham qo‘yadi. Bas, ushbu narsalardan qilgan taqvosi bilan Alloh unga furqon qiladi va o‘sha u kishi uchun nur bo‘lib, haq va botilning orasini farqlaydi. Bu taqvoning kishiga dunyosidayoq tezda berilgan savobidir. Oxiratdagisi esa Allohning qurbati, karomati-hurmati va uning darajasini ko‘tarishidir”.

Tahsilu nazoir al-Qur’on asarida bu ism haqida deydi: “Alloh taoloning “furqon” “farqlovchi” so‘zi ham shu taxlit turli ma’nolarda kelgan. Furqonning asli haq va botil orasidagi farqdir. Chunki u qoniqarli va mo‘l-ko‘l farqni ifoda etishi uchun “fu’lon” vaznidan chiqqandir.

1. “Furqon” – “nur” ma’nosida ham kelgan. Chunki bu nur haq bilan botil orasini farqlaydi hamda botil va uning haq bilan aralashib ketishi o‘rtasida harakatlanib, ular orasida to‘siq bo‘ladi. Bu Alloh taoloning so‘zidir:

“Ey iymon keltirganlar, agar sizlar Allohdan qo‘rqsangizlar, U Zot sizlar uchun furqon qilur” (Anfol, 29).

Ya’ni qalblaringizda bir nur qilurki, u haq bilan botilni ajratadi. Bu esa Alloh taoloning Karim Yuzidan bo‘lgan nur bo‘lib, o‘sha U Zotning bandasi uchun uning taqvosi sababli jannatdan ham oldin savob sifatida tezda beradigan atosidir. Bu nur botil so‘zning haq nurini o‘rab olishiga mone bo‘luvchidir. Shunday bo‘lganda kishiga ishlar aralash-quralash bo‘lib, mavhumlashib ketmaydi. U Allohning haqlarini kichik ishlarda ham, ular qanchalik daqiq bo‘lsin, ravshan bo‘lsin, ko‘zi bilan ko‘rgandek to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘radi. Shuningdek, bu nur kishi qalbidagi nafsdan yopishgan, unga aloqador bo‘lgan narsalarni kuydirib yuboradi, turli sabablarni uzadi, bandani Parvardigori uchun xolis qilib, faqat O‘ziga yuzlantiradi.

“Bahrut-tafsir” asarida deydi: “Qur’onning “Furqon” deb nomlanishiga kelsak, u (arab tilida) “fu’lon” vaznidadir. U haq va botilni farqlaydi. Uning “Va Qur’onni odamlarga asta-sekin o‘qib berishing uchun bo‘lib qo‘ydik” (Isro, 106) oyatiga kelsak, ya’ni, uni sizlarga vahiy darajasidan qalb, ko‘ks va tillarga tashladik, demakdir. Alloh taoloning: “Ey iymon keltirganlar! Agar Allohga taqvo qilsangiz, sizga furqon beradi” (Anfol, 29) oyati ham shu ma’noda bo‘lib, ya’ni, “ko‘kslaringiz va qalblaringizga bir nur beradiki, o‘sha bilan haq va botilni tanib, ularni bir-biridan ajratasiz” degan ma’nodadir”.

Demak, yuqoridagilardan ma’lum bo‘ladiki, haq va botilni ajratib olishda Qur’onning furqon – farqlovchiligi  qoniqarli va mo‘l-ko‘l tarzdadir. Bu esa haqqa nusrat berish, insonlar qalbiga bu kalomning nur bo‘lib kirishi bilan ular uchun shubha-gumon zulmatlaridan chiqar yo‘lni paydo qilish, natijada ularni najotga erishtirishdir.

Jo‘rabek Cho‘tmatov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика