QUR’ON

by Matbuot xizmati
14 👁️

الرَّحْمَنُ (1) عَلَّمَ الْقُرْآنَ (2) خَلَقَ الْإِنْسَانَ (3) عَلَّمَهُ الْبَيَانَ (

Rohman. Qur’oni o‘rgatdi. Insonni yaratdi. Unga bayonni o‘rgatdi. Ar-rahmon, 1-2.

Ushbu oyat tafsirida Imom Zamaxshariy va Nasafiy kabi olimlarning keltirishicha, Alloh taolo “Ar-Rahmon” surasida ko‘plab ne’matlarini sanab o‘tgan, bularning eng ulug‘i din ne’matidir. Din ne’matining eng ulug‘i esa Qur’on ne’matidir. Chunki u samoviy kitoblarning ham martabasi eng ulug‘i, oliysi, mazmuni eng go‘zali. Hatto insonning yaratilishini ham undan so‘ng zikr qildi. Buning mazmuni esa shuki, Alloh insonni ta’lim uchun, ilm va vahiy bilan O‘zini tanishi uchun yaratdi. So‘ng bayon ne’matini zikr qildiki, bu insonni hayvondan ajratib turadigan harakatli harflardan iborat yetuk mantiq va so‘zlar bilan o‘z ichidagini bayon qilish ne’matini ifodalaydi.

Imom Moturidiyga ko‘ra, “Qur’onni o‘rgatdi” oyati uning Payg‘ambar alayhissalomga o‘rgatilganini bildirsa, Ismoil Haqqiy Bursaviyga ko‘ra, Allohning Qur’onni ta’lim bergani qayd etilishi shuni bildiradiki, garchi u ommatan Jabroil alayhissalom vositasida Muhammad alayhissalomga nozil qilingani ma’lum bo‘lsa-da, xossatan olganda esa ma’no jihatidan u insonga bevosita ta’lim berilganiga ham ishora qiladi.

Bu esa o‘z navbatida quyidagi hadis ma’nosiga ishora qiladi:

 “Albatta, omonat samodan kishilar qalbining asliga nozil qilingandir. So‘ng uni Qur’ondan o‘rganishdi, so‘ng Sunnadan o‘rganishdi” (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy va Ibn Mojalar Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).

Ulug‘ ne’mat bo‘lgan Qur’onning shu nom bilan atalishiga olimlar tomonidan bir necha lug‘aviy asoslar ko‘rsatiladi:

  1.  Qiroat (o‘qish). Chunki bu Kitob o‘qiladigandir. U “qiroat” so‘zidan olingan “maqru’” – “o‘qiluvchi” ma’nosidagi o‘zakdir.
  2. “Qor’” – jamlash va “qorn”, “qiron” qo‘shish, birlashtirish. Uning “Qur’on” deb nomlanishiga sabab shuki, chunki u sura va oyatlarni bir-biriga qo‘shib, jamlaydi. “Qiron” so‘zi ham ikki narsa orasini jamlaydi.
  3. “Qoriyna”, ko‘pligi “qaroin” (belgi, alomat; aloqadorlik; dalil-isbot). Lug‘at olimi Farroga ko‘ra, bu so‘z “qoriyna”dan olingan, chunki uning oyatlari bir-birini tasdiqlaydi, bir-biriga o‘xshaydi va ular bu jihatdan qoriynalardir (bir-biriga aloqador, bir-biriga dalil-isbot, alomat, belgi).

“Fu’lon” vaznida bo‘lgan Qur’onning “tilovat” ma’nosidagi “qiroat” ma’nosi aslligi aytiladi va Ibn Abbos roziyallohu anhumodan ham shu ma’no rivoyat qilingan. Ko‘pchilik “Qur’on” so‘zi “hamza” bilan aytilishiga ittifoq qilishgan. “O‘qish” ma’nosi ustuvorligiga ushbu oyat ham dalolat qiladi:

إِنَّ عَلَيْنَا جَمْعَهُ وَقُرْآنَهُ (17) فَإِذَا قَرَأْنَاهُ فَاتَّبِعْ قُرْآنَهُ (18)

“Albatta, uni jamlash va o‘qib berish (qur’oni) Bizning zimmamizdadir. Bas, Biz uni o‘qisak, qiroatiga (qur’oniga) zehn solib tur” (Qiyomat, 17-18).

Umuman olganda, Qur’onning dastlabki oyatlari “iqro’” – “O‘qi!” amri bilan boshlangani ham diqqatga sazovor. Bundan kelib chiqadiki, Qur’on orqali o‘qishga buyurilib, Kitobning o‘zi ham “O‘qish kitobi” sifatida taqdim etiladi. Shu tarzda “Kitob” va “O‘qish” so‘zlari va anglami musulmon inson hayotida va ongida eng ustuvor tushunchalar sifatida o‘rin oladi.

Bunga musulmonlar hayotida shakllangan an’ana ham dalolat qiladiki, u ham bo‘lsa, Qur’onning doimiy o‘qilishidir. Payg‘ambar alayhissalom ham hadisi shariflarida eng afzal amal sifatida Qur’onni tugatgan kishining uni qaytadan boshlashi ekanligini ta’kidlaganlar:

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir odam: “Ey Allohning Rasuli, qaysi amal Allohga eng mahbub?” dedi. “Tushishi bilan qayta jo‘naydigan”, dedilar. “Tushishi bilan qayta jo‘naydigan nima?” dedi. “Qur’onni avvalidan oxirigacha o‘qib kelib, tushishi bilan yana boshdan jo‘nab ketadigan”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati. Manba: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va Hayot. Qur’on fazilatlari).

Demak, Qur’on ismi bizni, birinchidan, asl ma’no va haqiqatlardan xabardor bo‘lish uchun doimo Qur’onni o‘qishga chaqirsa, ikkinchidan, musulmon shaxsda o‘qish, o‘qiganda ham doimiy o‘qish ko‘nikmasini shakllantirishga chorlaydi. Boshqacha aytganda, mo‘min-musulmon kishi ham Qur’onsiz, ham doimiy o‘qish va uqishsiz yashamaydi. Shuning uchun hadisi shariflarda ilmning farzligi, u har kuni ziyoda bo‘lishi kerakligi haqida eslatib o‘tiladi. Jumladan, deyiladi:

“Tolibi ilmga ilm talab qilib turgan holatida o‘lim kelsa, u shahiddir”.

“Kimga ilm talab qilib turgan holida ajali kelsa, u bilan payg‘ambarlarning o‘rtasida faqat payg‘ambarlik bo‘ladi, xolos” (Imom Termiziy rivoyati. Manba: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va Hayot. Niyat, ixlos, ilm).

“Men uchun Allohga yaqinlashtiradigan ilmda ziyoda bo‘lmagan kunim quyoshining chiqishida baraka yo‘qdir” (Suyutiy. Jam’ul javome’. 966 raqam).

O‘tmish olimlaridan bo‘lgan Fath Mo‘siliy aytganidek, taom va ichimliksiz inson uch kunda vafot etganidek, qalb ham uch kun ilmsiz qolsa, o‘ladi (Imom G‘azzoliy “Ihyo”sining “Ilm kitobi”da keltirgan).

Asl ma’no va muddao esa Qur’on bilan qo‘shib boshqa narsalarni ham o‘qishdir. Shunda inson nafaqat “iqro’” ma’nosidagi o‘qish maqomiga yetadi, balki: “Yaratgan Robbing nomi bilan o‘qi” maqomiga ko‘tariladi hamda ilmi nur va hidoyatga yo‘g‘rilib, foydali bilimga ega bo‘ladi. Bunda esa quyidagi oyat haqiqati yuzaga chiqadi:

“Ular gapni eshitib, eng go‘zaliga ergashadiganlardir. Ana o‘shalar Alloh hidoyat qilganlardir. Ana o‘shalar, ha, o‘shalar aql egalaridir” (Zumar, 18).

Ushbu oyat tafsirida Imom Zamaxshariy va Nasafiylar tafsirida deyiladiki, ular Qur’on va undan boshqa narsalarni eshitib ko‘rishadi va (bu orqali uning barcha so‘zlardan afzalligini tushunib yetishib, so‘ng) Qur’onga ergashishadi.

Jo‘rabek Cho‘tmatov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика