
Bugungi globallashuv davrida jamiyat a’zolari o’rtasida, xususan yoshlar orasida sof ma’rifiy islom tamoyillarini to’g’ri tushunmaslik, go’zal axloqiy fazilatlarni targ’ib qiluvchi diniy tushunchalarni noto’g’ri talqin qilish holatlari ko’p kuzatilmoqda. Bu esa o’z navbatida jamiyatda turli yot g’oyalar ta’siriga berilish holatlarining kuzatilishiga, radikallashuvga sabab bo’lmoqda. Radikallashuv nafaqat shaxsning hayotiga, balki butun jamiyatning tinchligi va barqarorligiga tahdid soladi. Shu sababli, ushbu illatga qarshi kurashishning eng samarali yo‘li – bu ma’naviy vaksina, ya’ni insonlarni ma’rifat bilan qurollantirishdir. Ma’rifat, ta’bir joiz bo’lsa, radikal g’oyalarga qarshi eng samarali ma’naviy vaksinadir. Ma’naviy vaksina tushunchasi ramziy ma’noda bo’lib, u inson qalbini zo‘ravonlik va adolatsizlikka olib boruvchi g‘oyalardan himoya qilishga xizmat qiladi.
Ma’rifat insonni asl va yolg’on ma’lumotlarni ajrata olishga, adolatli va halol hayot kechirishga, sabr-toqatli va bag‘rikeng bo‘lishga o‘rgatadi. Qur’oni Karimda aytilganidek: Alloh sizlarni din sababli urush qilmagan va diyorlaringizdan chiqarmaganlarga yaxshilik va adolatli muomala qilishdan qaytarmas. Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni yaxshi ko‘radir” (Mumtahana surasi, 8-oyat). Ushbu oyat bizga shuni ko‘rsatadiki, Alloh barchani adolatli va halol bo‘lishga chaqiradi. Hech kim shaxsiy manfaat yoki diniy kelishmovchilik sababli boshqalarga nisbatan adolatsiz muomala qilishga haqli emas.
Payg’ambarimizning muborak hadisi shariflarida ham bag’rikenglik, jamiyat a’zolari o’rtasida murosayu madora qilish targ’ib qilinadi. Hadislar doimo insonlarni ezgulik, adolat, mehr-shafqat va jamiyat uchun foydali ishlarga chaqiradi. Hadislarda keltirilgan g’oyalar asosida yoshlarni sog’lom e’tiqod asosida tarbiyalash radikallashuvga qarshi eng samarali vositalardan biridir.
Ma’naviy vaksinaning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri – ta’lim va tarbiya orqali tanqidiy tafakkurni rivojlantirishdir. Yoshlar turli axborotlar, soxta ma’lumotlar va ekstremistik ruhdagi targ‘ibotlarga duch kelganda, ularni baholash va to‘g‘ri yo‘lni tanlash qobiliyati shaxsni radikal ta’sirlardan himoya qiladi. Ta’lim jarayonida yoshlarni ma’rifiy va axloqiy bilimlar bilan qurollantirish, ularni tarixiy va madaniy merosga hurmat bilan qarashga o‘rgatish radikallashuv xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.
Shuningdek, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib qilish, jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash ham radikallashuvga qarshi samarali choralardan hisoblanadi. Ijtimoiy beqarorlik, nosog’lom oilaviy muhit va ma’naviy yetishmovchilik yoshlarni radikal g‘oyalarga berilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois, ma’rifiy islom tamoyillarini targ’ib qiluvchi umuminsoniy qadriyatlarni jamiyat orasida targ’ib qilish, sabr-toqat va bag‘rikenglik ruhini shakllantirish zarur. Radikallashuvga qarshi ma’naviy vaksinaning yana bir muhim jihati – bu yoshlarni jamiyatga foydali ishlar bilan shug‘ullanishga yo‘naltirishdir. Yoshlar ijtimoiy va madaniy faoliyatda, sport, ilm-fan va ma’naviy jarayonlarda faol qatnashganda, radikal g‘oyalardan uzoqlashadi.
Umuman aytganda, ma’rifatli jamiyatda radikal g’oyalarga berilish holatlariga barham beriladi. Ma’rifat inson qalbini tozalaydi, uni zo‘ravonlik va adolatsizlikdan saqlaydi, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlaydi. Shu sababli, yoshlarimizni va butun jamiyatni radikallashuvdan himoya qilishda ma’rifat va tarbiya eng muhim vosita sifatida qaraladi. Shu sababli jamiyatning barqarorligi, tinchligi va farovonligi nafaqat iqtisodiy va siyosiy omillarga, balki ma’naviy vaksina vazifasini bajaruvchi ma’rifatga bog‘liq ekanligini unutmasligimiz lozim.
Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqot bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Phd