AL-KITOB

by Matbuot xizmati
5 👁️

ﭽ ﮃ  ﮄ   ﮅ  ﭼ الأنعام: ٩٢

BU BIZ TUSHIRGAN KITOB. AN’OM, 92

Imom Zamaxshariy va Nasafiy o‘z “Tafsir”ida Qur’onning Kitob ma’nosi haqida deydiki, ushbu Kitob – komildir, uning muqobilidagi boshqa kitoblar esa uning darajasiga yeta olmaydi. Qur’on – “Kitob” deb nomlanishga kitoblarning eng haqlisi hisoblanadi. Bu xuddi bir kishining “U – erkak” deyilgani kabi bo‘lib, ushbu so‘z o‘sha erkakda yuksak darajadagi ezgu xislatlar jamlangani alomati bo‘lgani kabidir.

Ushbu Kitobni Alloh taolo Qur’oni Karimda bir qator ta’riflar bilan ta’riflagan bo‘lib, ayrim misollar quyidagicha:

“Bu kitobda shak-shubha yo‘q, u taqvodorlarga hidoyatdir” (Baqara, 2).

“Batahqiq, Biz ularga ilm ila mufassal qilingan, iymon keltirgan qavm uchun hidoyat va rahmat bo‘lgan kitobni keltirdik” (A’rof, 52).

“(Ushbu) kitob oyatlari mahkam qilingan, so‘ngra hikmatli va xabardor Zot tomonidan mufassal qilingandir” (Hud, 1).

“…ochiq-oydin kitob…” (Yusuf, 1).

“Bu kitobni senga odamlarni Robbilarining izni ila zulmatlardan nurga, aziz va maqtalgan zotning yo‘liga chiqarishing uchun nozil qildik” (Ibrohim, 1).

“O‘z bandasiga kitob nozil etgan va unda hech bir egrilik qilmagan Allohga hamd bo‘lsin. Uni to‘g‘ri qilgan” (Kahf, 1-2).

“…hikmatli Kitob…” (Luqmon, 2).

“Albatta, Biz senga kitobni haq ila nozil qildik” (Zumar, 2).

Imom Tabariyning ta’riflashicha, kitob – kotibning harflarni qo‘shib va alohida holda chizib, bitishidir. Ammo bu istilohiy ma’no bo‘lib, bu so‘zning lug‘at jihatidan yanada chuqurroq ma’nolari bor.

Hakim Termiziy o‘z “Tafsir”ida deydi: “Qur’onning “Kitob” deb nomlanishiga kelsak, kitob bu o‘zi nizom – tartibdir. Jang vaqtlarida lashkarning qolgan-qutganini jamlab, birlashtirib yuruvchi kishining ham “katiyba” deb nomlanishi shu sabablidir. Endi olamlarning Parvardigorining tartib bilan jamlashi yetarli ekanligi ayonki, muvahhid bandlari uchun qorin to‘qlash, xos bandalari uchun esa bazm, xos bandalarning ham xoslari uchun ziyofat va tuhfalar, dushmanlari uchun esa uzr hamda o‘zi va ular orasida pardalar bo‘lishi uchun uning oyatlarini qanday nizomga soldi! O‘z hikmati bilan yaxshi va’dalarini va’iydlari (ogohlantirishlari), bashoratni (yaxshilik, suyunchilik xabar)ni ogohlantiruvchi xabarlari, oldingi asr xabarlari haqidagi xabarlarni boshqa qissalar bilan, sifatlarni esa boshqa sifatlar bilan, mav’izani hikmat bilan, hikmatni mav’iza bilan shunday nizom – tartibda aralashtirdiki, bu nizom borasida hakim zotlar va Alloh inoyatiga yetishgan olimlar hayratda qolishdi”.

Hakim Termiziy “Tahsilu nazoiril-Qur’on” kitobida ham bu so‘zga keng to‘xtalib deydi: “Yozmoq (kitobat) – biron narsani tartib-intizomga keltirmoqdir. Shu sababli qo‘shinda “katiyba” deb atalgan bo‘linma bor. “Kitob”ning ham shu nom bilan atalishi unda harflarning qat’iy bir tartib-intizomga keltirilgani sabablidir”.

Umuman olganda, “Al-Kitob” (الكتاب) ning asli “katb(un)”  (كتب) dan olingan bo‘lib, bu “jam” degan ma’noni beradi. Shuning uchun qo‘shinni jamlovchisi ham “katiyba” (كتيبة) deyiladi. Bu so‘z uning harflarni jamlagani uchun “kitobat” va “kitob”ga nisbatan ishlatilgan. Qolaversa, Qur’on qissalar – tarix, mo‘jizalar, ahkomlar va boshqa ko‘plab turdagi xabarlarni jamlashi jihatdan ham “Kitob”dir.

Demak, ushbu so‘zning asli jamlash va tartib-nizom ma’nolarini bildiradi. Qur’oni Karim esa o‘z ichiga barcha yaxshiliklarni jamlashi va tartib-nizomi mukammalligi sabablaridan ham “al-Kitob” nomi bilan ataladi. Qolaversa, bunda uning keyinchalik Kitob shakliga kelishi muqarrarligiga ham ishora mavjud. “Satrlangan kitob bilan qasam” (Vat-Tur, 2) oyatida ham shunga ishora bor va bu to‘g‘rida Qur’onning “Mastur” (Satrlangan) ismi haqida to‘xtalgan o‘rinda so‘z yuritildi. Zero, kitob – bashariyat tamaddunining eng muhim poydevori va eng yuksak cho‘qqisidir. Barcha tamaddunlar mana shu o‘lchov bilan o‘lchanishi hayotda o‘z isbotini topgan haqiqat sanaladi. Chunki u ma’lum nizom asosida bitilib, o‘zida insoniyatning eng sara fikr va tajribalarini jamlaydi. Qur’oni Karimning bu ismi mana shunga ishora hamdir. Chunki musulmon ummati uchun Kitob doimo Qur’on misolida haqiqiy asos va o‘zgarmas haqiqat timsolidir. Bu esa Kitob ismiga hikmat nuqtai nazaridan yondashuvni keltirib chiqaradiki, u Qur’ondagi ilk oyatning “O‘qi!” amri bilan boshlanishiga bog‘lanib ketadi. Bularning bari esa Qur’onda “kitob” so‘zi turli o‘rinlarda  “hifz qilish, sobit qilish, jazo-mukofotini berish, lozim qilish, buyurish, bir ishni qazo qilish – bitirish, vojib va farz qilish” kabi ma’nolarda kelgani bilan umumlashib ketadi va “kitob”ning nihoyatda keng ma’nodagi falsafiy anglam ekanligini ko‘rsatadi.  

Jo‘rabek Cho‘tmatov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика