
ﭽ ﮉ ﮊ ﮋ ﮌ ﭼ يونس: ٥٧
KO‘KSINGIZDAGI NARSAGA SHIFO. YUNUS, 57
Yana bir oyati karimada deyiladi: “Iymon keltirganlar uchun hidoyat va shifodir” (Fussilat, 44).
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan ushbu o‘rinlardagi “shifo – ko‘ksning ko‘rligini ketkazadigan bayon” ma’nosi rivoyat qilingan. Demak, u bayon ma’nosida ham tafsir qilingan.
Abulays Samarqandiy ham shunga yaqin ma’nolarni keltirib o‘tgan: “Qur’on – qalblar uchun shirkdan shifodir. Yana aytilishicha, u ko‘rlikdan shifo topmoqdir. Chunki unda halol-haromning bayoni bordir”.
Zamaxshariy va Nasafiy tafsirlarida aqida masalasiga urg‘u beriladi va Qur’onning haqqa chaqirish bilan buzuq aqidalarga hamda gumon va shakka shifo bo‘lishi aytiladi. Albatta, bu Ismoil Haqqiy Bursaviy keltirganidek, keng ma’nolarni o‘z ichiga oladi, ya’ni, u jaholat, shak, shirk, nifoq va boshqa shu kabi qalb kasalliklaridan iborat buzuq aqidalarga davodir. Uning umumiy ma’nosi esa Tabariyning ushbu tafsiriga qaytadi: “U ko‘ksdagi jaholatga davo bo‘lib, Alloh u bilan johillarning jaholatiga shifo beradi”. Chunki olimu mutafakkirlar jaholatni barcha kasalliklarning asli sanashgan.
Albatta, Imom Moturidiy keltirib o‘tganidek, Qur’on shifosi – hamma dardlarni tuzatib, barcha ofatlarni ketkazadi. Chunki dinning ham ofat va kasalliklari bo‘ladi, ular xuddi badanga kasalliklar zarar berganidek, dinga zarar beradi. Badanga yetadigan kasallik va ofatlarga shifo beradigan dorilar bo‘lganidek, Qur’on ham kishining dini salomatligi uchun shifo va u bilan davo topadigan malhami sanalib, kishi u bilan dini borasidagi ma’naviy xastaliklarini ketkazadi. Shuning uchun u ko‘ksdagi narsalarga shifo deb ataldi.
Aynan shu ma’nolar Hakim Termiziy tomonidan mantiqan davom ettirilib, xulosalangan. Qur’onning bu ismi haqida Hakim Termiziy o‘z “Tafsir”ida shunday deydi: “Qur’onning “shifo” deb nomlanishiga kelsak, chunki qalblar qachonki nafs so‘zi va uning shahvatli vasvasalariga quloq tutsa, (qalbdagi) iymon kasallanadi. Ana shunda Qur’on iymon uchun kasallikdan shifoga aylanadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Salmon roziyallohu anhuga dedilar: “Ey Allohim, men Sendan iymon borasida sihat-salomatlikni so‘rayman” deb ayt”.
Ma’lumki, sihat-salomatlik so‘rash faqat kasallik sababli bo‘ladi. Iymon kasalligi – uning zaifligi va nurining o‘chishi bo‘lib, hatto kishi iymonga fe’li – ish-harakati bilan amalda vafo qilishga zaiflik qilib qoladi”.
Albatta, Qur’oni Karim shifoligi komil bo‘lib, u badanga ham, ruhga ham taalluqli. Urg‘u beriladigan jihat esa shuki, hadisi sharifda inson tanasida bir a’zo borligi, agar u sog‘lom bo‘lsa, barcha a’zolar sog‘lom bo‘lishi, agar u fasod bo‘lib, buzilsa, barcha a’zolar buzilishi, o‘sha a’zoning qalb ekanligi ta’kidlangan. Zero, qalb – inson a’zolari podshohi ekanligi ham rivoyatlar va olimlar so‘zlaridan naql etiladi. Ma’lum bo‘ladiki, Qur’on aynan insonning markaziy va eng muhim a’zosiga yetadigan turli ofat va kasalliklarga shifo bo‘ladi.
Oyati karimada bir muhim nuqta mavjud, u ham bo‘lsa, shifoning qalbdagi narsaga emas, balki sadr – ko‘ksdagi narsalarga nisbatan ekanligidir. Buning ham ulkan hikmati bo‘lib, Hakim Termiziy asarlarida ushbu masala keng tahlil etilgan. Ulardan ma’lum bo‘ladiki, sadr, ya’ni ko‘ks umumiy maydon bo‘lib, qalb unda joylashgan. Ushbu umumiy maydonda esa qalb ham, nafs ham faoliyat yuritadi va ishlar shu yerdan yuzaga chiqadi. Shuning uchun u “sadr” – “chiqish” deb nomlangan. Aniqrog‘i insonning o‘pka va oshqozon qismlarida joylashgan nafsning ishlari ham sadrga ko‘tariladi va u yerda o‘z vasvasalarini namoyon etadi. Bu Alloh taoloning quyidagi so‘zidir:
ﮐ ﮑ ﮒ ﮓ ﮔ
“Odamlarning ko‘kslariga vasvasa soladigan…” (Nas, 5).
Hakim Termiziy “Bayon al-farq” asarida deydi: “Nafs uchun ko‘ksga kirish va unda hukmronlik o‘rnatishga imkon berilgan. Nafs o‘rni – qorin va unga yaqin joylarda, g‘alayoni – qon va najosatdagi quvvatda. Demak, qorin uning tutuni zulmati va olovi harorati ila to‘ladi. So‘ngra u ko‘ksga o‘z vasvasalari va botil orzu-havaslari bilan kirib boradi”.
Qalb esa ana shu vasvasalar tufayli iztirobga tushadi. Insonga egalik qilish uchun hokimiyatga ega bo‘lish yo‘lidagi kurash aynan sadr – ko‘ksda kechadi. Uni yo qalb o‘z nurlari va Allohdan kelgan hidoyat nurlari bilan to‘ldiradi yoki nafs bu joyni o‘z shahvat tutunlari bilan to‘ldirib, qalb ko‘zlarini bekitib yuboradi va insonni jaholat botqog‘iga botirib qo‘yadi. Shu tarzda ko‘ksda qalb g‘olib bo‘lsa, insonga qalb, nafs g‘olib bo‘lsa nafs egalik qiladi va butun a’zolarni boshqarish kuch-qudratiga ega bo‘ladi. Shuning uchun Qur’oni Karim nafaqat qalb, balki nafslarga ham ta’sir qiluvchi, uning vasvasalarini ketkazuvchi kalomni tushirgan.
Bu to‘g‘rida Hakim Termiziy o‘z “Tafsir”ida deydiki, Alloh taolo bu dunyodagi narsalarni nafsga muvofiq, uning xohish-istaklariga mos qilib yaratdi. Natijada inson yoshligidan nafsning dunyoga bog‘lanishi va moslashishi holatlari ichra yashaydi. Endi u shunday kalomga ehtiyoj sezadiki, o‘sha nafslarga ham ta’sir o‘tkaza olsin. Shuning uchun “kalom” so‘zi o‘zagidagi “kalm” so‘zi “jarohat”ni bildiradi va bu ta’sir ko‘rsatish va iz qoldirishdir. Allohning Kalomi ham qalblarga tushganda ularga mana shu tarzda ta’sir ko‘rsatib, ularda iz qoldiradi. Natijada qalb nafsga ta’sir o‘tkazib, uni tiyib qo‘yish quvvatiga ega bo‘ladi. “Chunki Qur’onda shunday nur qilinganki, u bilan ko‘kslar kengayadi. U shunday latifliklar bilan to‘ldirilganki, qalbni o‘ldiruvchi nafs garmsellarini qaytarib, to‘xtatib, kishi tomirlarini to‘ldirib, unga tezlik bilan kirib borgan holda uni kengaytirib, undagi zaharni kesadigan tiryoq kabi bo‘ladi. Bu bilan esa yomonlikka buyuruvchi nafs o‘z kasalliklaridan shifo topadi hamda otamiz Odam alayhissalom sabab bo‘lib halokatga uchragani tufayli bizga nisbatan dushmanligi qat’iylashgan shaytonning hiyla-nayranglari ham kuydirilib, yo‘qotiladi”.
Xulosa qilish mumkinki, Qur’oni Karimning ko‘ksdagi narsalarga shifoligi ham qalbni, ham nafsni birdek qamrab oladi. Chunki birini qamrab, ikkinchisiga ta’sir ko‘rsatmasa, maqsad hosil bo‘lmaydi. Zero, shundagina aql qalbga tobe bo‘lib, o‘z fitratiga muvofiq Qur’ondan kelgan hidoyat ila yaxshi va yomonni ajratadi. Bular natijasida ruh ham sof holatga keladi. Bularning bari esa Qur’onning shifoligi komilu shomilligini va bu malhamning iste’moli barcha uchun qanchalik muhimligini bildiradi.
Jo‘rabek Cho‘tmatov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi