
BILADIGAN QAVMLAR UCHUN OYATLARI MUFASSAL BAYON QILINGAN KITOBDIR. XUSHXABAR BERGUVCHI VA OGOHLANTIRGUVCHI BO‘LGAN HOLDADIR. FUSSILAT, 3-4.
Qur’oni Karimning bashir va nazir ismlari “mo‘minlarga jannat xushxabarini beruvchi, kofirlarni esa do‘zaxdan ogohlantiruvchi” ma’nosidadir. Imom Moturidiy Qur’onning bu sifatlariga to‘xtalar ekan, deydiki, bashorat va ogohlantirish (nazir) – ishlarning oxir-oqibat qay tarzda yaxshilik va yomonlik bilan tugashini bayon qilib berishdir. Yana aytilishicha, bashorat – kishilarni oxiri go‘zal va yaxshi narsalarga olib boruvchi narsalarga chaqirish, ogohlantirish – ularni oxiri yomon oqibatlarga olib boruvchi narsalardan qaytarishdir. Ogohlantirish bu o‘zi zajr – qaytarishdir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam kishilarni (Qur’on bilan) yaxshiliklarga chaqiruvchi va yomonliklardan qaytaruvchi holda yuborildilar.
Albatta, Qur’oni Karimning bir qancha oyatlarida Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning ham bashir va nazir ekanliklari keltiriladi. Ulardan birida shunday deyiladi:
“Albatta, Biz seni haq bilan suyunchli xabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib yubordik” (Baqara, 119).
Bu ham tabiiyki Payg‘ambar alayhissalom olib kelgan Qur’on va vahiy bilan bog‘liqdir. U zot o‘zlariga vahiy qilingan bilimlar bilan yaxshilik bashoratini berib, yomon oqibatlardan ogohlantirganlar. “…haq bilan” jumlasi ham shunga ishoraki, bu Qur’oni Karimdir.
Ismoil Haqqiy Bursaviy o‘zining “Ruhul bayon” nomli tafsirida Qur’onning bu ikki sifati borasida go‘zal izohlar bitib deydiki, kim Qur’onni tasdiq esa, uning qadrini anglasa va haqqini ado etsa, o‘sha kishiga bu jannat xushxabarini berur. Endi kim uni yolg‘onga chiqarib, qadrini bilmasa, haqqini ado qilmasa, uni do‘zaxdan va (haqdan) ayrilishdan ogohlantiradi.
Yoki bu Qur’on Allohga (qalbi bilan) iqbol qilib, shavq sifati bilan yuzlangan kishiga bashoratdir. O‘z nafsiga yuzlangan va toatiga (kibr va ajablanish ila) nazar solgan kishiga esa ogohlantiruvdir.
Yoki Allohning valiylariga yuksak maqomlarga yetishish mumkinligini bashorat beruvchi, ularni Qur’onga xilof qilib, ulug‘ darajalardan mahrum bo‘lishdan ehtiyot bo‘lishga chaqirish bilan ogohlantiruvchidir.
Yoki kishi rajo (umid) tuysa – bashir, xavf tuysa – nazirdir.
Yoki osiylarga shafoat va g‘ufron (mo‘l-ko‘l mag‘firat) bilan bashorat berish, itoatlilarga esa adab va Rahmonning toati arkonlarini (davomli) bajarishlari uchun ogohlantiruvdir.
Yoki u Alloh ixtiyor qilib, tanlab olgan bandalar uchun bashorat, yo‘ldan ozgan bandalar uchun ogohlantiruvdir.
Bu tafsirdan Qur’onning komil va shomilligi ma’lum bo‘ladi. U har qanday kishiga: xoh u, mo‘min bo‘lib, itoatli taqvodor bo‘lsin, kofir bo‘lib, osiyu gunohkor bo‘lsin, ham bashorat, ham ogohlantiruv bo‘ladi. Uning bu sifatlari barchaga tegishli.
Abu Abdruhamon Sulamiy o‘zining “Haqoiq at-tafsir” (Tafsir haqiqatlari) asarida Muhammad ibn Ali (Hakim Termiziy)dan bu oyat haqida shunday naql qiladi: “Rajo (umid) tuysa – bashir, xavf tuysa – nazirdir”.
Ushbu tafsirni Bursaviy ham yuqorida keltirib o‘tdi. Ya’ni kishidagi umidvorlik Qur’ondagi bashoratlarga, xavf qilib, Allohdan qo‘rqish esa uning ogohlantirishlariga bog‘liq bo‘ladi. Ta’kidlash lozimki, umid va xavf – imon salomatligining asosi sanaladi. Buning asosi esa Qur’ondan olinishi ma’lum bo‘lmoqda. Demak, Qur’on nafaqat kishi uchun eng qiymatli bo‘lgan imon ne’matini beruvchi, balki bu ulug‘ ne’matni muvozanatda tutib turuvchi hamdir. Muvozanatdan chiqqan har bir narsa esa halokatga mahkumdir. Shuning uchun, Faxriddin Roziy ushbu oyat tafsirida keltirganidek, uning bashir va nazir sifati yaxshi va yomon oqibatni anglatgani sababli Qur’onni fahmlash – muhim ishlarning ham eng muhimi sanaladi.
Jo‘rabek Cho‘tmatov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi