
Ramazon oyi Alloh taoloning bandalariga bergan ulug‘ ne’matlar biri hisoblanadi. Bu oyda tutiladigan ro‘za eng ulug‘ ibodatlardan biri bo‘lib, u toat-ibodat, mag‘firat va baraka oyidir. Ro‘za bizdan oldingi ummatlarga farz qilingani kabi, bizlarga ham farz etilgan. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
“Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz”[1].
Bu oyat ro‘zaning farzligini va uning asosiy hikmati — taqvoga erishish ekanini bayon qiladi.
Ro‘za Islomning besh asosiy ruknlaridan biri bo‘lib, Alloh taoloning roziligi niyati bilan tong otgandan to quyosh botgungacha yeyish-ichishdan, shahvoniy ehtiyojlardan va gunohga olib boruvchi ishlardan tiyilishni talab qiladi. Demak, ro‘za faqat och qolish emas, balki nafsni tarbiya qilish va qalbni poklash ibodatidir.
Har bir narsaning zakoti bo‘lganidek, badanning ham zakoti ro‘zadir. Banda zakot bilan molini poklagani kabi, ro‘za orqali qalbini kibr, hasad va shahvatparastlik kabi illatlardan tozalaydi. Shu tariqa inson ruhan yuksalib, irodasi mustahkamlanadi, sabrli va qanoatli bo‘lib, o‘z nafsini boshqara oladigan shaxsga aylanadi.
Rasululloh sollalohu alayhi vasallam sabr haqida shunday deganlar: “Har bir narsaning zakoti bor. Badanning zakoti esa ro‘zadir. Ro‘za sabrning yarmidir”[2].
Ro‘za tutish insonda taqvo tuyg‘usini kuchaytiradi. Ro‘zador kishi yolg‘iz holatida ham Allohning amriga itoat qilib, halol narsalardan o‘zini tiyib turadi. U saharlik uchun tun yarmida turib, kun davomida turli holatlarda yeyish-ichish va shahvatdan saqlanadi. Bu esa qalbda doimiy nazorat — ixlos va taqvo hissini mustahkamlaydi.
Ramazon — sabr oyidir. Ro‘za insonni sabr va matonatga o‘rgatadi. Ro‘zador kishi issiqni issiq demay, sovuqni sovuq demay, turli mashaqqatlarga bardosh beradi. Eng asosiy ehtiyojlaridan ixtiyoriy ravishda tiyilib, sabr va chidamning yuqori darajasini amalda namoyon etadi.
Xalqimiz ham bejizga “Sabrning tagi — sariq oltin”, demaydi. Sabrli inson hayotida duch keladigan qiyinchilik va sinovlarni yengib o‘ta oladi. Ro‘za ana shu sabrni shakllantiradigan amaliy maktabdir.
Inson bu oyda ixtiyoriy ravishda ochlikni his etib, muhtojlikdagi insonlarning holini chuqurroq anglaydi va ularga nisbatan mehr-shafqat va hamdardlik tuyg‘usini kuchaytiradi. Shu tariqa ro‘za inson qalbida ijtimoiy mas’uliyat va saxovat ruhini tarbiyalaydi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: “Binobarin, ro‘za tutgan kishi haqorat so‘zlarini tilga olmasin, so‘zlashganda baqirmasin, birovni masxara qilmasin! Agar biror kishi ro‘zador bilan urishsa yoki uni haqorat qilsa, ro‘zador ikki bor: “Men ro‘zadorman”, desin!”[3]
Bu hadis ro‘zaning tarbiyaviy mohiyatini ochib beradi. Ya’ni ro‘za insonni nafs hukmidan chiqarib, uni sabr va hilmga o‘rgatadi.
Ro‘za insonlarni yomonlik va gunohlardan asraydigan bir qalqondir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bunday deb aytganlar: “Ro‘za (tutmoqlik) do‘zax o‘tidan asrovchi vositadir!…”[4].
Ibn Mojada kelgan boshqa bir rivoyatda esa, Rasululloh sollalohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Qalqon jangda sizni asragani kabi ro‘za ham jahannam olovidan asraydi”[5].
Demak, ro‘za nafaqat dunyoda insonni gunohdan saqlaydi, balki oxiratda ham najot sabablaridan biri bo‘ladi.
Bir oy davomida halol narsalardan ham Alloh roziligi uchun o‘zini tiyib turgan mo‘min-musulmon yilning qolgan oylarida harom va shubhali ishlardan yanada qattiqroq saqlanishi lozim. Zero, ro‘zaning haqiqiy samarasi insonning butun hayotida taqvo va poklikni saqlab qolishida namoyon bo‘ladi.
Ramazon oyi sharafli va muqaddas oy bo‘lib, unda qilingan har bir yaxshi amal ibodat, xayr-ehson, muhtojlarga yordam berish va savobli ishlar boshqa oylarga nisbatan ulug‘ ajrga sabab bo‘ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
“Allohga qasamki, ro‘zadorning og‘zidan kelgan hid, Alloh nazdida mushk-anbar hididan ham xushbo‘yroqdir, chunki Alloh taolo: “Ro‘zador Meni deb yeb-ichmaydi va Meni deb ro‘za tutadi, binobarin uning mukofatini O‘zim beraman va har bir yaxshiligi evaziga Mendan o‘n barobar mukofot oladi”, – deydi”[6].
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda ham: “Alloh taolo: “Ro‘za Menikidir. Uning mukofotini beradigan ham O‘zim”, deydi[7].
Bu hadislar ro‘zaning Alloh nazdida naqadar ulug‘ ibodat ekanini ko‘rsatadi. Shu bois Ramazon oyini g‘animat bilib, qo‘limizdan kelganicha yaxshilik qilishga, muhtojlarga yordam berishga va ibodatlarni ko‘paytirishga intilmog‘imiz zarur.
Ro‘za tutishning ulug‘ ma’naviy fazilatlaridan biri — Qadr kechasiga erishishdir. Qadr kechasi muborak Ramazon oyiga yashirilgan bo‘lib, u ming oydan yaxshiroq kecha sifatida ta’riflanadi. Barcha insonlarning bir yil davomida bajaradigan ishlari taqdiriga yoziladigan qadrli kecha – Qadr kechasi ham aynan Ramazon oyiga yashirilgan. Alloh taolo bu haqda shunday marhamat qiladi: “Albatta, Biz uni (Qur’onni“Lavhu-l-mahfuz”dan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik”[8].
Qadr kechasi Qur’oni karim nozil bo‘lishi bilan sharaflangan va u ibodat, duo va istig‘for uchun eng fazilatli kechalardan biri hisoblanadi.
Imom Abu Dovud Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: “Kim Qadr kechasini ibodat bilan o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, deyilgan.Shu bois mo‘min kishi Ramazonning oxirgi o‘n kechasida ibodatni yanada ko‘paytirib, ushbu muborak kechaga erishishga intilmog‘i lozim.
Ramazon oyi — go‘zal axloq va yaxshi odob maktabidir. Bu oyda tortishish, janjallashish, haqorat va befoyda so‘zlardan yanada uzoq bo‘lish kerak. Ro‘za faqat ochlik emas, balki tilni, qalbni va a’zolarni gunohdan saqlashdir.
Ramazon — ruhan poklanish va axloqan yuksalish oyidir. Bu oyda shaytonlar kishanlanadi va insonni yomonlikka chorlovchi vasvasalar kamayadi. Shu bois mo‘min o‘z nafsini tarbiya qilishi, kamchiliklarini tuzatishi va yaxshi fazilatlarni mustahkamlashi mumkin. Ro‘za faqat yeyish-ichishdan tiyilish emas, balki tilni yolg‘ondan, qalbni kibr va hasaddan, a’zolarni harom ishlardan ham saqlashdir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: “Kim yolg‘on gapirishni va unga amal qilishni qo‘ymasa, Alloh uning taomi va ichimlini tark etishiga muhtoj emas”[9].
Bu hadis ro‘zaning ma’naviy mohiyatini ochib beradi. Ya’ni ro‘zaning haqiqiy samarasi axloqda, odobda va poklikdadir.
Ramazon — mag‘firat oyidir. Mo‘min kishi farz bo‘lgan Ramazon ro‘zasini ixlos bilan ado etsa, Alloh taoloning roziligiga erishadi va gunohlarining kechirilishiga umid qiladi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kimki Allohga ishonib, undan savob umid qilib, Ramazon ro‘zasini tutsa, qilgan gunohi kechiriladi”[10].
Demak, Ramazon inson uchun yangi sahifa ochish, tavba qilish va hayotini yaxshilik tomon o‘zgartirish imkoniyatidir.
Ramazonda ro‘za tutish insonni gunoh va yomonlikdan asraydi, qalbni poklaydi, ijtimoiy mas’uliyat va xayrsevarlik ruhini tarbiyalaydi. Ro‘za tutish mo‘minga Alloh taoloning roziligiga erishish va gunohlarini mag‘firat qilinish imkonini beradi. Shuningdek, ma’naviy jihatdan insonni sog‘lom va muvozanatli hayotga tayyorlaydi.
Olim Jo‘rayev Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari
[1] Қуръони карим маъноларининг таржима ва тафсири. Таржима ва тафсир муаллифи Абдулазиз Мансур. – Т.: Тошкент ислом университети, 2004. “Бақара” сураси, 183-оят мазмуни.
[2] Ибн Можа. Сунан Ибн Можа. 1817-ҳадис.
[3] Саҳиҳи Бухорий. 1-китоб. 1894-ҳадис.
[4] Саҳиҳи Бухорий. 1-китоб. 1894-ҳадис; Саҳиҳи Муслим. 2761-ҳадис.
[5]Ибн Можа. 1639-ҳадис.
[6] Абу Абдуллоҳ Муҳаммад ибн Исмоил ал-Бухорий. Саҳиҳи Бухорий. 1 – китоб. – Т.: “Ўзбекистон миллий энҳиклопедияси” Давлат илмий нашриёти. 2008. 1894-ҳадис.
[7] Муслим ибн Ҳажжож. Саҳиҳи Муслим. Байрут. 2764-ҳадис.
[8] Қуръони карим маъноларининг таржима ва тафсири. “Қадр” сураси, 1-оят мазмуни.
[9] Саҳиҳи Бухорий. 1-китоб. 1903-ҳадис.
[10] Саҳиҳи Бухорий. 1-китоб. 38-ҳадис.