AHMAD AS-SOBUNIY ILMIY MEROSINING TASNIFI

by Matbuot xizmati
11 👁️

Ahmad ibn Mahmud ibn Abu Bakr Nuriddin as-Sobuniy al-Buxoriy (500/1107 – 580/1185, Buxoro) o‘z davrining nufuzli faqih va mutakallimlaridan biri bo‘lib, fiqh va kalom sohalarida katta ilmiy meros qoldirgan. Ahmad ibn Mahmud ibn Abu Bakr Nuriddin as-Sobuniy al-Buxoriy hanafiy mazhabiga mansub bo‘lgan kalom ilmi olimlaridan bo‘lib, hozirgi Buxoro viloyati hududida faoliyat olib borgan. Olim sovun tayyorlash yoki uni sotish bilan shug‘ullanganligi uchun unga “as-Sobuniy” taxallusi berilganligi manbalarda qayd etilgan. Ahmad as-Sobuniy Buxoroda Abul Muin Nasafiydan moturidiyya ta’limotining asoslarini, kalom ilmini o‘rgandi. U din asoslarini o‘rganishda moturidiylik aqidasiga, xususan  Abul Muin Nasafiyning “Tabsiratu-l-adilla” (“تبصرة الأدلة”) asariga tayangan.

Alloma ilmiy adabiyotlarda Nuriddin as-Sobuniy nomi bilan ko‘proq tilga olinadi. U Buxoroda moturidiyya kalom maktabining shakllanishida katta rol o‘ynagan. Nuriddin as-Sobuniy Buxoroda mashhur olim, tafsir va kalom ilmi bilimdoni Faxriddin Roziy bilan uchrashib, o‘zaro bahs-munozaralar olib borgan. Ushbu munozaralar to‘g‘risida Faxriddin Roziyning “Munozarot Faxriddin Roziy fiy bilad Movarounnahr” (“مناظرات فخر الدين الرازي في بلاد ما وراء النهر”) nomli asarida ma’lumotlar keltirgan. Alloma shuningdek, Iroq va Xurosondagi ilmiy bahslarda qatnashgan. Umrining oxirlarida Haj ziyoratini amalga oshirish uchun Makkai Mukarramaga borgan.

As.: (asarlari). Nuriddin as-Sobuniyning “al-Bidoya” (“البداية”) nomi bilan mashhur bo‘lgan “al-Hidoya fiy ilmi-l-kalom” (“الهداية في علم الكلام”) asari, shuningdek “al-Bidoya fiy usuli-d-din” (“البداية في أصول الدين”), “al-Kifoya fi-l-hidoya” (“الكفاية في الهداية”) nomli asarlari bor. Uning “al-Bidoya fiy usuli-d-din” asari 1978 yilda Istanbulda Bekir Topalog‘lu tomonidan nashr qilingan. Bugungi kunga qadar ushbu asar yetti marta nashr qilingan. Nuriddin as-Sobuniyning “al-Kifoya fi-l-hidoya” nomli asarining bir qo‘lyozma nusxasi bugungi kunda Turkiyaning Istanbul shahridagi Sulaymoniya kutubxonasida 2271 raqami ostida saqlanadi.

Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Ad.: (manba va adabiyotlar ro‘yxati )

  1. Ahmad ibn Mahmud ibn Abu Bakr Nuriddin as-Sobuniy. Al-Bidoya fiy usuli-d-din. Bekir Topalog‘lu tahqiqi. – Anqara: 1982.
  2. Ahmad ibn Mahmud ibn Abu Bakr Nuriddin as-Sobuniy. Al-Bidoya fiy usuli-d-din. Beshinchi nashr. – Anqara: Nashriyatu riasat shu’uni-d-diniya, 1995.
  3. Faxriddin Roziy. Munozarot Faxriddin Roziy fiy bilad Movarounnahr. – Bayrut: Dorul Mashriq. 67 b.
  4. Umar Rizo Kahhola. Mu’jam al-muallifin. J.5. – Bayrut: Muassasatu-r-risola, 1993. J.2. 680 b.

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика