MARTABANI TARK ETIB, KOMILLIKKA ERISHGAN SHOIR

by Matbuot xizmati
20 👁️

Annotatsiya. Ma’lumki, mashhur mutafakkirlar o‘z davrida ham, bugungi kunda ham Islom dunyosi miqyosida ulkan shaxsiyat sifatida e’tirof etib kelinmoqda. Bularning asarlari hech qachon dolzarbligini yo‘qotmaydi. Shu o‘rinda savol tug‘iladiki, ushbu zabardast olimning asarlari dini ma’rifiy yo‘nalishning qaysi turiga kiradi? Ushbu maqola naqshbandiya tariqatining yirik namoyondasi So‘fi Allohyorning asarlari va uning ulkan ilmiy salohiyatini manbalarga asoslangan holda namoyon qilishga qaratiladi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur allomaning asarlari o‘z yurtida yozilgan bo‘lib, o‘sha paytdagi ko‘p ulamolar tomonidan e’tirof etilgan.

Kalit so‘zlar: Qur’on, Tafsir, Hadis, Sunan, qiroat, tilovat, ta’lim, fazoil, aqida, tasavvuf, fiqhiy, mazhab, kabir, sag‘ir, naqshbandiylik, muturidiylik.

Annotatsiya. Izvestno, chto vыdayuщiesya mыsliteli kak v svoyo vremya, tak i segodnya priznayutsya vыdayuщimisya lichnostyami v masshtabe islamskogo mira. Ix trudы nikogda ne teryayut svoey aktualnosti. V svyazi s etim voznikaet vopros: k kakomu napravleniyu religiozno-prosvetitelskoy mыsli otnosyatsya trudы etogo velikogo uchyonogo? Dannaya statya napravlena na vыyavlenie trudov krupnogo predstavitelya nakshbandiyskogo tarikata — Sufi Allohyora — i demonstratsiyu yego ogromnogo nauchnogo potensiala na osnove istochnikov. Kak stalo izvestno, proizvedeniya etogo bogoslova bыli napisanы na rodine i priznanы mnogimi bogoslovami togo vremeni.

Klyuchevыe slova: Koran, Tafsir, Xadis, Sunan, kiraat, chtenie (tilovat), obrazovanie, dobrodeteli (fazayl), akыda, tasavvuf, fikx, mazxab, kabir, saxir, nakshbandiystvo, maturidiystvo.

O‘zbek adabiyotining zabardast siymolaridan biri, zullisonayn shoir, adib, faqih, naqshbandiya tariqatining yirik namoyondasi So‘fi Allohyorning tug‘ilgan yili haqida xalqimiz orasida turli-tuman fikrlar bildirilgan. Ilmiy tadqiqotlar va tazkiralarda qayd etilishicha, alloma 1644 yili Samarqanddagi Kattaqo‘rg‘on bekligiga qarashli Minglar qishlog‘ida Allohquli (Temiryor) xonadonida tavallud topgan. Boshlang‘ich ta’limotni mazkur hududda olgan. 12 yoshgacha shu yerda istiqomat qilgan. Bolalik davridanoq aql-idroki tez, zehni o‘tkir, ilmga muhabbati kuchli bo‘lganligi sababli keyinchalik buyuk alloma, mutafakkir va ma’rifat peshvosiga aylangani tasodif emas, albatta.

Yigitlik chog‘larida So‘fi Allohyor ilm izlab va hayot tajribasini oshirish maqsadida Buxoroga yo‘l olgan. Davrning yirik siyosiy va ma’naviy markazi sanalgan Buxoroda u zotning salohiyati va tadbirkorligi e’tibordan chetda qolmagan. Shu bois Buxoro hukmdori Abdulazizxon tomonidan uning zimmasiga mas’uliyatli vazifa – boj mahkamasida to‘ralik lavozimi yuklatilgan.

So‘fi Allohyor o‘ziga topshirilgan vazifani sidqidildan, pok niyat bilan ado etishga intiladi. Ba’zan adolatni ta’minlash va qonun-qoidalarni mustahkamlash maqsadida muayyan qat’iyat va qattiqqo‘llikka yo‘l qo‘ygani haqida manbalarda qayd etiladi. Ana shu holat ayrim vaziyatlarda xalqning noroziligiga ham sabab bo‘lgani ma’lum.

Biroq shunga qaramay, bu davr So‘fi Allohyorning hayotdagi muhim tajriba davri bo‘lib, undagi boshqaruv mahorati, adolat tushunchasi va insoniy fazilatlari aynan shu jarayonda shakllangani ta’kidlanadi.

So‘fi Allohyorning dunyoviy ishlarni tark etib, tariqat yo‘liga kirishiga olib kelgan voqea manbalarda tafsilotlari bilan zikr etilgan. Rivoyatlarga ko‘ra, u Buxoroda bojxona xizmatiga kirib, bir necha yil davomida ma’lum darajada qattiqqo‘l va hatto shafqatsiz amaldor sifatida nom qozongan. Shu davrda Shayx Habibullohning muridlaridan biri savdo yuki bilan Buxoroga kirib kelganida, Allohyor tomonidan qattiq ta’qib va kaltaklanishi uning taqdirida hal qiluvchi burilish bo‘lgani aytiladi. Muridning hol-ahvolini eshitgan Shayx Habibulloh duo qilgani va ana shu duo hamda ruhiy ta’sir tufayli Allohyorning qalbida ilohiy bedorlik paydo bo‘lgani rivoyat qilinadi.

Bu voqeadan so‘ng Allohyor qalbidagi tafakkur o‘zgaradi va u Naqshbandiya tariqatining mashhur shayxi – Shayx Habibullohning huzuriga borib, to‘liq tavba qiladi hamda tariqatga qo‘shilish istagini bildiradi. Shayx uni qabul qiladi va shundan so‘ng So‘fi Allohyor mansab, martaba, dunyoviy manfaatlarni barchasini tark etib, tasavvuf yo‘liga butun vujudi bilan kirib ketadi.

U zot o‘n yil davomida Buxorodagi Jo‘ybor shayxlari silsilasining namoyondasi – Shayx Habibulloh madrasasida ta’lim oladi, uning qo‘lida tasavvuf ilmini puxta o‘zlashtiradi. Tariqatning turli ruhiy mashqlari, odob va talablarini sidqidildan bajarib, shayxlik martabasiga ko‘tariladi, valiyulloh – Allohning do‘sti, karomat sohibi sifatida taniladi va ahli sunna aqidalarining yirik himoyachilaridan biriga aylanadi.

So‘fi Allohyor o‘z asarlarida ta’kidlashicha, u Shayx Habibullohdan tashqari yana bir qator ulug‘ ustozlar: So‘fi Navro‘z Buxoriy va Xo‘ja Mo‘min kabi ulamolardan ham dars olgan. Shu tariqa u shar’iy ilmlarni, xususan, tafsir, hadis, fiqh va tasavvufni mukammal egallagan; arab va fors tillarini esa yuksak darajada bilib, keyinchalik o‘zining mashhur asarlarini ana shu tillarda ham ijod etgan.

Shuningdek, manbalarda So‘fi Allohyorning aynan shu davrlarda zamonasining otashnafas, ishqiy va irfoniy ruh bilan sug‘orilgan she’riyat sohibi – Boborahim Mashrab (1650–1711) bilan yaqin muloqotda bo‘lgani ham rivoyat qilinadi. Ikki buyuk sofdil shayx va shoirning uchrashuvlari, suhbatlari va ruhiy mushohadalari ularning har ikkalasining ham ma’naviy dunyosida muayyan iz qoldirgani aytiladi. Mashrabning irfoniy muhabbatga asoslangan g‘oyalari va Allohyorning aqidaviy barqarorlikka yo‘naltirilgan ta’limoti o‘zaro mulohazalar orqali yanada boyigani turli tazkira va rivoyatlarda eslatib o‘tiladi.

Manbalarda ta’kidlanishicha, So‘fi Allohyor o‘zbek va fors tillarida bir qator nodir, ilmiy va irfoniy ahamiyatga molik asarlar yaratgan. Ular orasida quyidagilar alohida o‘rin tutadi:

1. «Maslakul muttaqiyn» («Taqvodorlar maslagi»). Bu asar allomaning shoh asari sifatida e’tirof etilgan. Fors tilida yozilgan ushbu kitobda taqvo egalari yo‘li, axloqiy-irfoniy masalalar, insonning ruhiy kamolga intilishi kabi mavzular chuqur bayon qilingan. So‘fi Allohyorning ilmiy-pedagogik qarashlari aynan shu asarda to‘la namoyon bo‘ladi.

2. «Murodul orifiyn» («Oriflar murodi»). Mazmuni bilan «oriflar orzusi» yoxud «irfon egalari maqsadi»ni anglatadigan bu asar ham fors tilida ta’lif etilgan. U o‘n besh fasldan iborat bo‘lib, o‘ttizga yaqin risola asosida yozilgan. Kitobda tasavvuf ilmiga oid keng qamrovli masalalar: nafs tarbiyasi, ruhiy mashqlar, zikr odoblari, shayx-murid munosabatlari kabi mavzular sharhlangan. Asarning ko‘plab qo‘lyozma nusxalari mavjud. Shulardan biri O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida 1716 raqam bilan saqlanmoqda.

3. «Maxzanul mutiy’iyn» («Itoatkorlar xazinasi», «Itoatkorlar zaxirasi»). Fors tilida yozilgan bu asar ikki asosiy bo‘limdan iborat. Birinchi bo‘limda aqidaviy masalalar, insonning e’tiqodi, islomiy qarashlar poydevori haqida so‘z yuritilgan. Ikkinchi bo‘limda esa fiqhiy masalalar, amaliy ibodatlar, odob-axloq qoidalari bayon qilinadi. Kitobning o‘ziga xosligi shundaki, u aqiyda va fiqhni bir asarda uyg‘un tarzda qamrab olgan.

4. «Sabotul ojiziyn» («Ojizlar saboti», «Ojizlar matonati»). Ushbu asar aqoid ilmiga bag‘ishlangan bo‘lib, turkiy tilda nazmiy uslubda yozilgan. Muallif bu asarni «Maslakul muttaqiyn»dan keyin yozgan. Fors tilida yozilgan «Maslakul muttaqiyn» keng omma tomonidan katta muhabbat bilan kutib olingach, So‘fi Allohyorning yaqinlari va shogirdlari uni ona tilida ham yozib berishini so‘raydilar. Haq taologa tavakkul qilib, u zot bu iltimosni qabul qiladi va «Sabotul ojiziyn»ni qisqa vaqtda ijod etadi. Asar xalq orasida shiddat bilan tarqalgan, madrasalarda darslik sifatida o‘qitilgan va asrlar davomida musulmonlar uchun muhim ma’naviy dasturilamal vazifasini o‘tab kelgan.

«Sabotul ojiziyn» asari o‘z paydo bo‘lgan davridanoq keng kitobxonlar ommasi tomonidan katta mamnuniyat bilan qabul qilingan. Uning oddiy xalq tilida ham yodlab yurilishi, dasturxon atrofida, masjid va madrasalarda ohang qilib qilib o‘qilishi – asarning xalq qalbida qanday chuqur o‘rin egallaganini yaqqol ko‘rsatadi. Mazkur asarning xalq orasida tez ommalashgani, uning mazmuni oddiy, ravon va ta’sirli tili bilan birga, aqidaviy masalalarni jonli, tushunarli tarzda bayon etgani bilan ham bog‘liqdir.

«Sabotul ojiziyn» yuzlab yillar davomida, aniqrog‘i, uch yuz yildan ortiq vaqt mobaynida maktab va madrasalarda darslik sifatida o‘qitib kelingan. U tolibi ilm uchun qo‘llanma, taqvo va odob-axloq istaganlar uchun esa ma’naviy dasturilamal vazifasini o‘tagan.

Bu asarning nufuzi faqat Movarounnahr bilan cheklanib qolmagan. «Sabotul ojiziyn» Pokiston, Hindiston, Eron, Iroq, Afg‘oniston, Tatariston, Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Xitoy, Vengriya va Rossiya kabi ko‘plab davlatlarda nashr etilgan. Asarning bu qadar keng hududlarda tarqalishi uning ilmiy va ruhiy qimmatini yanada oshiradi. Shu bilan birga, uning tarqalishi moturidiya aqida maktabining mazkur yurtlarda mustahkamlanishi va ommalashuviga ham xizmat qilganini aytish o‘rinlidir.

Ba’zi tadqiqotchilar va adabiyotshunos olimlar So‘fi Allohyor merosini o‘rganar ekan, unga tegishli deb qayd etilgan yana bir nechta asarlarga e’tibor qaratadilar. Jumladan, «Najotut tolibiyn», «Favzun najot» kitoblari hamda «Mevalar munozarasi» nomli manzuma ayrim manbalarda So‘fi Allohyor qalamiga mansub ekani aytilgan. Garchi bu asarlarning muallifligi haqida bahslar mavjud bo‘lsa-da, ularning uslubiy xususiyatlari, mazmun-mohiyati va tasavvufiy ruhi So‘fi Allohyor ijodiga yaqinligi bois, bir qator olimlar ularni shu ulug‘ zot nomi bilan bog‘laydilar.

Oktyabr inqilobiga qadar So‘fi Allohyorning asarlari forsiy va turkiy tilda so‘zlashuvchi har bir mo‘min va musulmon uchun aziz va muqaddas ma’naviy meros sifatida qadrlanib kelgan. Har bir xonadon, har bir madrasa va ilmiy muhitda bu asarlar ehtirom bilan o‘qilgan, yosh avlod ular orqali aqida, odob va tasavvuf ta’limotini o‘zlashtirgan. Shunga muvofiq, asarlarga arabiy, forsiy va turkiy tillarda sharhlar yozilgan, mazmunni yaxshiroq anglash uchun maxsus lug‘at va ko‘llanmalar tuzilgan.

Afsuski, sobiq sho‘rolar davridagi mafkuraviy bosim va diniy merosga nisbatan salbiy siyosat natijasida So‘fi Allohyorning boy ilmiy-irfoniy merosi ta’qiqga uchradi. U zot haqida asossiz gap-so‘zlar, soxta ayblovlar tarqatildi, asarlari tanqid qilindi va ularga nisbatan munosabat sun’iy ravishda yomonlashtirildi. Natijada, uzoq yillar davomida bu ulug‘ allomaning nomi va merosi haqiqatdagi qadru qimmatidan uzoqlashtirildi.

Qayta qurish va oshkoralik davri, ayniqsa, Vatanimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng So‘fi Allohyorning nurli merosi yana o‘z qadriga qayta boshladi. Diniy-ma’naviy merosga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi, asrlar davomida xalq qalbida yashab kelgan, ammo ta’qiqlar oqibatida cheklangan bu buyuk zotning asarlari qayta targ‘ib etildi. Uning bir qator nodir kitoblari nashr etildi, yangi tadqiqotlar, ilmiy tahlillar, sharh va izohlar yozildi.

So‘fi Allohyorning hayoti va ijodiyotini o‘rganish yo‘lida ko‘plab salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ulamolarimiz tomonidan asarlari qayta o‘rganilib, sharhlandi, ziyolilar, muhaqqiqlar va adabiyotshunoslar tomonidan yangi ilmiy izlanishlar olib borildi. Natijada, xalqimiz yana bu asarlarni sevib mutolaa qiladigan, ulardan ma’naviy ozuqa oladigan bo‘ldi. So‘fi Allohyor merosi yana bir bor o‘zining haqiqiy qiymati, irfoniy qudrati va axloqiy ahamiyati bilan yurt ahli uchun ma’naviy manbaga aylandi.

So‘fi Allohyor nafaqat buyuk shoir va tariqat shayxi, balki yirik faqih, shariat ilmlarining mahoratli olim va samarali targ‘ibotchisidir. Uning barcha asarlari insonni haqiqiy islomni tushunishga, dinu diyonatga sadoqat bilan yo‘naltirishga qaratilgan. Muallif asarlari orqali odob-axloq, axloqiy tarbiya va fiqhiy bilimlarni oddiy va tushunarli tarzda bayon qilib, har bir insonni sof tasavvuf yo‘liga qadam qo‘yishga chaqiradi.

Shu bilan birga, So‘fi Allohyor ijodi nafaqat aqliy tafakkur, balki qalb va ruhni poklash, insonni ma’naviy yetuklikka erishtirish yo‘lida ham xizmat qiladi. Uning asarlari har davrda ham kishini ma’naviy boylikka, ibodat va axloq yo‘lida barkamollikka chorlaydigan ustozlik maqomida qadrlangan.

U zot o‘z asarlarida insonlarni Qur’oni karim va hadisi shariflarda buyurilgan amallarni sidqidildan bajarishga da’vat qilish bilan birga, halollik, poklik, muruvvat va odamiylikka erishishga o‘rgatadi. Muallif insoniy fazilatlar bilan bezanish, sabr-toqatni ushlash, axloqni tuzatish va go‘zal xulqni shior qilish, shukronalik tuyg‘usini rivojlantirish, e’tiqodni pok tutish va ilmga amal qilishga chorlaydi.

Shu bilan birga, So‘fi Allohyor bid’at va xurofotdan yiroq bo‘lish, xavfu rajo orasida yashash, siylai rahm qilish, bir-biriga yordam ko‘rsatish, do‘stona munosabatlar, saxiylik va kamtarlikka moyillikni targ‘ib etadi.

Allomaning ijodi asosan xalq orasida islom ma’rifatini keng yoyish, risoladagidek hayot kechirishga da’vat etish, oxiratni o‘ylash va hisob-kitobga tayyor turish, jannat ilinjida yashash va jahannam azobidan saqlanish, gunohdan tiyilish, hamda tasavvufning inson kamoloti bilan bog‘liq g‘oyalarini targ‘ib qilishga qaratilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, So‘fi Allohyor oyat va hadis ma’nolarini she’riy uslubda kitobxonga yetkazadi, ularning qalb torini chertadi, ruhiyatini ko‘tarib, oxiratga bo‘lgan qiziqish va tayyorgarligini kuchaytiradi.

Umrining asosiy qismini haq yo‘liga, irfoniy bilimlar targ‘ibiga va tasavvuf ta’limotini keng xalq ommasiga singdirishga safarbar etgan So‘fi Allohyor, zulm, zo‘ravonlik, takabburlik, sudxo‘rlik, vafosizlik, loqaydlik, tamagirlik, tanballik va behunarlik, mansab va mol-dunyoning ortidan erishayotgan g‘am-g‘ussa kabi illatlarni qat’iy ravishda qoralab, ularga nisbatan pand-nasihatlar beradi.

Shoir kishilarni kibru havodan voz kechib, hamjihatlik va birodarlikda yashashga, do‘stlik va sadoqatda bir-biriga naf yetkazishga, bir-biridan bahramand bo‘lishga da’vat etadi. U insonga aqli yetadigan ishni qilishi, qo‘ldan keladigan yumushni ado etishi, va’dasiga vafodorligi va ahdida sadoqatli bo‘lishi zarurligini uqtiradi.

So‘fi Allohyor ayni paytda insonga bajara olmaydigan, eplay bilmaydigan ishga qo‘l urmaslik, bergan va’dasini buzmaslik, dunyoga ortiqcha muhabbat qo‘ymaslik kerakligini eslatib o‘tadi. Chunki bu holat insonni har ikki olamda ham badnom va el ichida sharmisor qilishi mumkin.

Uning pand-nasihatlari nafaqat shaxsiy axloqni tarbiyalashga, balki xalq orasida hamjihatlik, insoniylik va sof tasavvuf g‘oyalarini mustahkamlashga qaratilgani bois, So‘fi Allohyorning merosi har doim barkamol va ma’naviy yo‘l ko‘rsatuvchi yo‘lnamo sifatida qadrlanadi.

So‘fi Allohyor kishilarni bilim egallashga, kasb-hunar o‘rganishga da’vat etar ekan, ularni halol mehnat bilan, peshona terini to‘kib rizqu ro‘zini topib yeyishga, pok va pokdomon yashashga undaydi. U har bir insonga birovlar minnati va jabrini tortmaslik, sabr va qanoat bilan yashash, hayotda tamagirlik va beqarorlikka yo‘l qo‘ymaslikni ta’kidlaydi.

So‘fi Allohyorning bu ta’limotlari nafaqat shaxsiy axloqni tarbiyalash, balki xalq orasida adolatli, mehnatkash va insoniy fazilatlarga ega avlodni shakllantirishga xizmat qiladi.

So‘fi Allohyorning she’rlari kitobxonni halollik, poklik, rostgo‘ylik, mehnatsevarlik va odamoxunlikka chaqiradi. U yoshlikdan ilm va ma’rifat egallash, sadoqatli, qanoatli va rizoli bo‘lish, ta’zim va tavozu’ bilan yashash, iymon va e’tiqodda mustahkam turish kabi fazilatlarga tarbiyalaydi.

Shoirning asarlari shu bilan birga g‘ayriinsoniy va g‘ayrishar’iy ishlardan parhez qilish, hayotni ma’naviy toza yo‘lda o‘tkazishga da’vat etadi. Bu fazilatlar insonning komilligi va ma’naviy yetukligining asosiy belgilaridir.

So‘fi Allohyorning she’riy merosi insondo‘stlik va islomiy ma’rifatparvarlik g‘oyalari bilan to‘la bo‘lib, kitobxonning qalbini tarbiyalab, ruhini yuksaltirishga xizmat qiladi.

So‘fi Allohyor bobomiz dinimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan, o‘z qimmatli asarlari orqali moturidiya ta’limotining Movarounnahr va undan tashqari boshqa yurtlarga keng tarqalishiga xizmat qilgan buyuk ulamolardan biridir. Uning ilmiy va ma’naviy merosi xalqimiz va musulmon olami uchun nafaqat qadrli, balki ma’rifat va tasavvuf yo‘lining barkamol dasturi sifatida ham xizmat qiladi.

So‘fi Allohyor Kattaqo‘rg‘onda tavallud topgan bo‘lsa-da, uzoq yillar Buxoroda istiqomat qilgan, keyinchalik Kattaqo‘rg‘on va G‘uzorda yashagan. U oila qurib, farzandlarining tarbiyasiga alohida e’tibor qaratgan, minglab shogirdlar tarbiyalab, xalqning ma’naviy-ma’rifiy yuksalishiga munosib hissa qo‘shgan.

Umrining oxirida Surxondaryo viloyati, Denov (hozirgi Oltinsoy) tumaniga qarashli Katta Vaxshivor qishlog‘iga borib joylashgan. Bu yerda o‘zbek mumtoz adabiyoti va tasavvuf ilmi an’analarining davomchisi sifatida o‘ziga xos maktab yaratgan.

So‘fi Allohyor 1721 (ayrim rivoyatlarda 1724) yili ushbu qishloqda olamdan o‘tgan. Hozirda uning ko‘plab avlodlari ham shu joyda yashab kelmoqda. Yerli aholi bu joyni avliyoning qadamjosi deb bilgan va uning yaqinida kichik masjid bunyod etgan. Natijada bu masjid va atrofi tarixiy ziyoratgohga aylangan va xalq orasida muqaddas va qadrli makon sifatida e’zozlanadi.

«Sabotul ojizin» asari

Naqshbandiya tariqatining vakillaridan biri sanalgan So‘fi Allohyor arab, fors va o‘zbek tillarida nodir kitoblar yozib qoldirgan, dinimiz va adabiyotimiz tarixidan munosib o‘rin egallagan ulkan ijodkordir. Uning «Sabotul ojizin» kitobi she’riy uslubda yozilgan bo‘lib, o‘zbek va tojik xalqlari orasida juda-juda mashhur. Bu asar qadimdan madrasalarda darslik sifatida o‘qitib kelingan.

Kitobning bir qancha musulmon davlatlarida nashr etilgani va bu asarga maxsus lug‘atlar, hatto arabcha sharhlar bitilgani ham yuqoridagi fikrlarimizga dalildir. So‘fi Allohyor masalalarni bayon qilish jarayonida oyat va hadislardan dalillar keltiradi. Har bir masalaga to‘xtalar ekan, taqvo hamda odob jihatlarini ham eslatib o‘tadi.

Shubhasiz, So‘fi Allohyor bu asarini ilm va tajriba orttirib, xolis niyat bilan yozgani uning fikru mulohazalaridan bilinib turadi. Madrasalarda maxsus o‘qitilgan ushbu asarni tolibi ilmlar qisqacha «So‘fi Allohyor» deb ataganlar. Asarning toshbosma va qo‘lyozma nusxalari O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston va boshqa mamlakatlarga keng yoyilgan.

O‘zbek falsafiy didaktik adabiyotining yetuk namunasi bo‘lmish ushbu asarda tasavvuf ta’limotining ma’naviy-axloqiy masalalarini keng yoritish bilan u turkiy tasavvuf adabiyoti rivojiga katta hissa qo‘shgan. Asarlarida islom ahkomlari, tariqat talablari, insoniy komillik shartlarini birma-bir ta’riflab bergan. Axloqiy-ta’limiy ahamiyati jihatidan, xususan, «Maslakul muttaqiyn» va «Sabotul ojiziyn» asarlari maktab va madrasalarda asosiy darsliklar qatorida o‘qitilib kelgan. Uning diniy-tasavvufiy ruhdagi pandu hikmatga yo‘g‘rilgan asarlari nafaqat Turkiston, balki Qashqardan tortib Etel (Volga), Yoyiq (Ural) daryolari vohalari, Hojitarxon (Astraxan), Bulg‘or, Orenburg va boshqa mintaqalarda yashovchi xalqlar orasida ham keng tarqalgan. Ular ko‘p nusxalarda ko‘chirilgan. XIX asrning oxirlariga kelib esa Toshkent, Qozon, Boku, Istanbul va boshqa shaharlarda toshbosma yo‘li bilan bir necha marta bosilib chiqqan.

So‘fi Allohyorning «Sabotul ojizin» asari o‘z turidagi boshqa kitoblardan farqli ravishda o‘quvchini zeriktiradigan uzun ham, ma’lumoti oz ham emas, balki o‘rtacha shaklda yozilgan kitobdan iboratligi, asar lafzi yorqinligi, iboralari yengilligi, kerakli ma’lumotlarni qisqa lafzlar bilan o‘zida mujassam etgani hamda aqida ilmini to‘liq tushunish va terminlarini yodlab qolishni osonlashtirgani aniqlangan.

So‘fi Allohyor mazkur asarda boshqa asarlaridagi kabi e’tiqod sofligi, aqidaviy masalalarga doir ko‘plab muhim ma’lumotlar berib o‘tgan. Xususan, allomaning fikricha, aqidani bilish, o‘rganish, hayotga tadbiq etish, o‘ziga shior qilib olishga alohida e’tibor qaratish kerak. Buni alloma bir og‘iz so‘z bilan quyidagi uslubda bayon qilgani fikrimiz tasdig‘idir:

Aqida bilmagan shaytona eldur,

Agar ming yil amal deb qilsa, yeldur.

Demak, aqidani yaxshi o‘rganib, tushunib, anglab, aslini so‘rab-surishtirib, so‘ng uning qiymatiga baho berish kerak.

«Sabotul ojizin»asari fiqhiy, aqidaviy ilmiy-nazariy va tarixiy-tadrijiy asoslarini o‘rganuvchi muhim manbaligi isbotlanib, ixtilofga sabab bo‘lgan bir qancha fiqhiy va aqidaviy masalalarning yechimi ochib berilgan.

Mazkur asar mustabid tuzum davrida ayrim shaxslar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingan. Unga ateistik nuqtai nazardan baho berilgan. Undagi ma’lumotlar o‘quvchini yo‘ldan ozdirishi, bir taraflama fikrlaydigan qilib qo‘yishi, yo‘ldan ozdirishi aytib o‘tilgan.

So‘fi Allohyor aqidaga oid masalalarni ishonchli dalillar asosida keltirib o‘tgan va bunda oyat va hadislardan o‘rinli foydalangan. O‘rni kelganda, oddiy lafzlarga qarab emas, balki azal-azaldan o‘lkamizda tadbiq qilib kelinayotgan o‘lmas qadriyat va urfiy amalni asos qilib olib, bu masaladagi mavjud ixtiloflarni ilmiy yo‘l bilan yechib berganligi asoslantirilgan.

«Sabotul ojizin» asari ahli sunna val jamoa e’tiqodini nazmiy uslubda bayon etgan mo‘tabar asar hisoblanadi. Shuning uchun ham ulug‘ ustozlardan biri bu asarni: «Sabotul ojizin» mag‘zi Qur’ondir», deya ta’riflagan.

«Sabotul ojizin» asari ahli ilmlarni doimo o‘ziga jalb qilib kelgan. Shu sababli unga ko‘plab sharhlar yozilgan va yozilmoqda. Jumladan «Risolai Aziza», «Irshod ul-’oiziyn» va «Hidoyat ut-tolibin» singari asarlar «Sabotul ojizin»ning eng mashhur sharhlari hisoblanadi.

Xalqimiz orasida alohida «Olloyorxonlik» kechalari o‘tkazilishi, uning baytlari hatto oddiy xalq tillarida yoddan o‘qib yurilishining o‘zi uning manzur bo‘lganiga va xalq ko‘nglidan joy olgan muhim asar ekaniga yaqqol dalildir. Shuning uchun ham bu asar turli davrlarda ko‘plab davlatlarda qayta-qayta nashr qilingan:

Toshkentda 1882, 1884, 1905, 1915 yillarda, Qo‘qonda 1890 yilda, Kogonda 1910 yilda, Toshkentda yana 1991, 2007 yillarda qayta nashr qilingan.

Bulardan tashqari «Sabotul ojizin» asari Pokiston, Hindiston, Eron, Iroq, Afg‘oniston, Tatariston, Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Xitoy, Vengriya va Rossiya davlatlarida ham nashr etilgan. Bu esa asarga talab juda katta bo‘lganiga dalolat qiladi.

«Sabotul ojizin» asarining saqlanayotgan nusxalari orasida turli tafovutlar mavjuddir. Shunga ko‘ra O‘zbekistonda taniqli olim Rashid Zohid tomonidan 94 qo‘lyozma va 61 toshbosma matnlarini o‘zaro qiyoslab asarning eng ishonchli matni tayorlangan. Bu matn hozirda nashr etilgan.

Tabiyki «Sabotul ojizin» asari qo‘lma-qo‘l o‘tib o‘qib yuriladigan mashhur asar bo‘lganidan unga ko‘plab sharhlar yozilgan. Hozircha bizga ma’lum bo‘lgan sharhlar quyidagilardir:

1. Qozonlik olim Tojuddin Yolchiqul o‘g‘li hijriy 1221/1806 yilda «Sabotul ojizin» asariga «Risolai Aziza sharhu «Sabotul ojizin» nomli sharh yozgan. Bu sharh 1835 yilda «Qozonda, 2000 yil O‘zbekistonda nashr etilgan. Bu «Sabotul ojizin»ga yozilgan birinchi sharh kitobi bo‘lgani uchunmi unda matn tarixi, matn talqini bilan bog‘liq nuqsonlar uchraydi. Sharh muqaddimasida So‘fi Allohyorning tarjimai holi haqida keltirilgan ma’lumotlarning tarixiy asosga ega emasligini ko‘rish mumkin. Shunday to‘qima rivoyatnoma faktlar ayrim baytlar sharhida ham kuzatiladi.

2. Salohiddin ibn Rovil Salimiy Qozoniy «Irshod ul-’oiziyn». Bu sharh 1911 yilda Qozonda nashr etilgan. Ushbu asarning toshbosma nusxasi O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida 9320 raqami ostida saqlanmoqda.

3. Sayyid Habibulloh ibn Sayyid Yahyoxon Farg‘oniy, Qobuliy «Hidoyatut tolibiyn sharhu «Sabotul ojizin So‘fi Allohyor». Bu sharh 1928 yilda Pokistonda, 2009 yilda Toshkentda nashr etilgan.

4. Shayx Muhammad Sa’iyd Turkistoniy «Sabotul ojizin sharhi». Bu sharh Damashqdagi «Taraqqiyot» matbaasida 1967 yilda nashr etilgan.

5. To‘raxo‘ja ibn mulla Soriyxo‘ja O‘zgandiy «Sharhu sabotul ojizin».

Bu sharh arab tilida yozilgan. O‘zbek tilidagi asarni arab tilida sharhlaganining sabablari haqida muallif quyidagilarni yozgan:

«Xalil (sollallohu alayhi vasallam) millatining chirog‘i, komil shayxga nisbat berilgan «Sabotul ojizin» kitobi tolibi ilmlar qo‘llarida qo‘lma-qo‘l bo‘lgan, ko‘plab nasihatlar va latif so‘zlarni o‘zida jamlagan, ulug‘vor arab tilidagi hamda yoqimli tillar bo‘lgan fors va turkiy tillardagi so‘zlar bilan bitilgan kitob bo‘lgani uchun ba’zi do‘stlar bu zaif bandadan ushbu kitobning tilini bayon qilib beradigan, undan iroda qilingan ma’nolarini ochib beradigan sharh yozishni iltimos qildilar. Men bu kitobni arab tilida sharhladim. Chunki arab tili bayoni ochiq-oydin bo‘lgan va Qur’on nozil bo‘lgan tildir…(qisqartirib olindi)»

Arab tilida yozilgan ushbu sharhning qo‘lyozma nusxasi O‘zbekiston musulmonlari idorasining kutubxonasida 1427 raqam ostida saqlanmoqda.

Asarning markazida – inson va uning ma’naviy komillik sari intilishi turadi. Bu komillikning asosiy sharti – nafsdan poklanish, dunyoviy manfaatlardan voz kechish, va Alloh muhabbatiga yetishishdir. Muallif sufiy ta’limotga tayanadi va uning asosiy bosqichlarini shunday aks ettiradi.


Oyatulloh Ayniddin

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziy bo‘lim boshlig‘i,

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика