ISLOM OLAMIDAGI OLIMALAR: SUTAYTA AL-MAHAMALIY

by Matbuot xizmati
52 👁️

IX-X asrlar islom sivilizatsiyasi tarixda “ilm-fanning oltin davri” sifatida tan olinadi. Ayniqsa, Abbosiylar xalifaligi davrida Bag‘dod shahri jahon miqyosidagi ilmiy markazga aylangan bo‘lib, bu yerda fiqh, hadis, falsafa, tibbiyot, astronomiya va matematika kabi fanlar jadal rivojlandi. Mazkur ilmiy muhitda nafaqat erkaklar, balki ayollar ham faol ishtirok etgan. Shunday nodir, ammo ko‘p hollarda yetarlicha yoritilmagan shaxslardan biri – Sutayta bintu al-Mahamaliy (ba’zan Sutayta bintu al-Husayn nomi bilan zikr qilinadi).

Sutayta X asrda Bag‘dodda yashagan bo‘lib, Qur’on, fiqh, matematika, xususan algebra va islomiy meros hisoblari sohasida yuksak darajadagi ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan ayol olima sifatida tarixga kirgan. U haqidagi ma’lumotlar kam bo‘lishiga qaramay, ishonchli tarixiy manbalarda uning ilmiy salohiyati aniq e’tirof etilgan.

Sutayta mashhur qozilardan biri Abu Abdulloh al-Husaynning qizi bo‘lgan. Shu sababli tarixiy manbalarda u ko‘pincha “Husaynning qizi” sifatida tilga olinadi. Uning oilasi Bag‘dodning ilmiy davralariga mansub bo‘lib, bu holat Sutaytaning bolalikdan ilmiy muhitda voyaga yetganini ko‘rsatadi. Amakisi taniqli muhaddis, o‘g‘li esa keyinchalik qozilik martabasiga erishgan.

O‘rta asr islom jamiyatida ilm odatda oila davrasida va ustoz-shogird an’anasi orqali yoyilgan. Sutayta ham ana shu an’ana doirasida bir nechta yetuk olimlardan, jumladan otasidan ta’lim olgan. U arab tili va adabiyoti, Qur’on va uning tafsiri, hadis ilmi, fiqh va matematika fanlarini chuqur o‘rgangan. Ayollar uchun bunday keng qamrovli ta’lim kamyob holat bo‘lsa-da, Bag‘doddagi nisbatan ochiq ilmiy muhit bunga imkon bergan.

Tarjimai hol (tabaqot) asarlarida Sutayta faqih, muftiy va muallima sifatida qayd etilgan. Bu lavozimlarning barchasi uning ilmiy darajasi va salohiyatining nihoyatda yuqori ekanligini ko‘rsatadi. Ayniqsa, muftiy bo‘lish mustaqil ravishda fiqhiy hukmlar chiqarish vakolatini berib, bu esa chuqur ilmiy tayyorgarlik va jamiyatning ishonchiga ega bo‘lishni talab qiladi.

Mashhur tarixchilar Ibn al-Javziy, az-Zahabiy, Ibn Kasir Sutaytani fiqh ilmida, xususan Hanbaliy mazhabi doirasida o‘z davrining eng bilimdon ayollaridan biri sifatida e’tirof etganlar. U ilmiy majlislarda qatnashgan, bahs-munozaralarda faol ishtirok etgan va sahobalar avlodlari bilan bir qatorda ilmiy muhokamalarda fikr bildirgan.

Ibn Kasir uning shaxsiy fazilatlariga alohida urg‘u berib, uni “o‘z zamonasining eng bilimdon, obro‘li va saxiy ayollaridan biri, ezgu amallarda shoshiluvchan” deya ta’riflaydi. Bu baho o‘sha davr tarixchilari ayol olimani faqat bilim emas, balki axloqiy kamolot mezonlari bilan ham baholaganini ko‘rsatadi.

Sutayta al-Mahamaliyning tarixiy ahamiyatini alohida belgilab beruvchi jihat uning matematika va algebra sohasidagi faoliyatidir. U ayniqsa “Ilm al-faroid” “Meros taqsimoti ilmi” bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lgan. “Ilm al-faroid” fiqhiy qoidalarga asoslangan holda murakkab matematik hisoblarni talab qiladi. Vafot etgan shaxsning mulkini farzandlar, opa-singillar, amakilar, xolalar va boshqa qarindoshlar o‘rtasida adolatli taqsimlash uchun ko‘p bosqichli matematik hisob-kitoblar amalga oshiriladi. Sutayta aynan shu sohada yetakchi mutaxassis sifatida tanilgan.

Manbalarga ko‘ra, u nafaqat mavjud masalalarni yechgan, balki umumiy algebraik yechimlar va metodlar ishlab chiqqan. Keyingi matematiklar uning ishlanmalariga murojaat qilganlari bu fikrni asoslaydi. Afsuski, uning aniq matematik formulalari va risolalari bizgacha yetib kelmagan, biroq tarixiy ma’lumotlar uning yuqori darajadagi algebraik tafakkurga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.

Sutayta al-Xorazmiy (vaf. 850) va Abu Kamil (850-930) dan keyingi avlodga mansub bo‘lib, ularning tenglamalarni sinflarga ajratish va umumiy yechimlar topishga qaratilgan algebraik an’anasini davom ettirgan bo‘lishi taxmin qilinadi. Ayrim tadqiqotchilar uning ishlari keyinchalik Ibn al-Hayzam va Umar Xayyom davrida rivojlangan murakkab algebraik masalalarga zamin yaratgan bo‘lishi ehtimoli mavjudligini ta’kidlashadi.

Muhimi shundaki, Bag‘doddagi erkak olimlar murakkab matematik muammolarni hal etishda Sutaytaga murojaat qilganlar. Sutayta al-Mahamaliy shaxsi islom tarixida ayollarning ilmiy faoliyati tasodifiy yoki istisno holat emasligini ko‘rsatadi. U yashagan davrda Bag‘dodda ayol muhaddislar, faqihlar, shoiralar va mutafakkirlar mavjud bo‘lgan. Keyinchalik ijtimoiy-siyosiy omillar ta’sirida bu imkoniyatlar toraygan bo‘lsa-da, Sutayta kabi olimalar islom sivilizatsiyasining dastlabki ilmiy tizimi ochiq bo‘lganini tasdiqlaydi.

Uning hayoti ayollar ilmga layoqatli emas degan xato tushunchalarga tarixiy raddiyadir. Aksincha, u ilmiy muhit, ta’lim va ijtimoiy e’tirof mavjud bo‘lgan taqdirda ayollar eng murakkab nazariy fanlarda ham yuksak natijalarga erisha olishiga yaqqol misol bo‘la oldi.

Sutayta al-Mahamaliy fiqh va algebra sohalarini birlashtirgan, o‘z davrida e’tirof etilgan yirik ayol olimadir. Uning ilmiy merosi to‘liq saqlanib qolmagan bo‘lsa-da, tarixiy manbalarda qayd etilgan maqomi uning yuksak ilmiy salohiyati darajasidan dalolat beradi. Sutayta al-Mahamaliy islom ilm-fani tarixida ayollar nafaqat ishtirok etganini, balki uni faol ravishda shakllantirganini ko‘rsatib bergan buyuk siymodir.

Muxlisa Ergashova – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot

markazi ilmiy xodimi

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика