HANAFIY MAZHABINING MOVAROUNNAHRGA KIRIB KELISH JARAYONI

by Matbuot xizmati
16 👁️

Movarounnahrga Islom dini kirib kelganidan so‘ng juda ko‘pchilik Kufaga borib, Imomi A’zam Abu Hanifa (rahimahulloh)ning ta’limoti bilan tanishdi va safarining samarasi o‘laroq uning so‘zlari va fatvolarini o‘z yurtiga olib keldi. Shu tariqa Xuroson va Movarounnahr hududlari Abu Hanifa (rahimahulloh)ning ta’sirida shakllangan alohida ta’limotni qabul qildi.

Hanafiy mazhabi tarqalishi jarayoniga dastlab, Balx va Ray 145 shaharlarida asos solindi. 142/759-60 yildayoq Abu Hanifa (rahimahulloh)ning shogirdlaridan biri Abu Bakr ibn Abdulloh Umar ibn Ahmad ibn Dovud (vaf. 171/787-788 y.) Balx shahri qozisi bo‘lgan. Hatto uning vafotidan keyin ham hanafiylar u yerda o‘z ta’sirini saqlab turdi.

Balx muhim tijorat yo‘li bo‘yida barpo qilingan Afg‘onistonning shimolida joylashgan viloyatdir. Bag‘dodga ilm olish maqsadida kelganlar Abu Hanifa (rahimahulloh)dan dars olishdi. Keyin o‘z yurtlariga qaytib borib, Abu Hanifa (rahimahulloh)ning mazhablarini yoyganlar. Haqiqatda manbalarda shaxsan Abu Hanifa (rahimahulloh)ning o‘zidan yoki shogirdlaridan ta’lim olgan balxlik ko‘plab ulamolar haqida bahs yuritiladi. Jumladan, Abu Is’hoq Ibrohim ibn Sulaymon ibn Ziyod (vaf. h. ІІ yarmi), Abu Umar Muhammad ibn Maymun ibn Bahr ibn Sa’d ibn Rammoh (vaf. 171/787 y.), Abu Muhammad ibn Salim ibn Solim Balxiy (vaf. 194/809 y.), Abu Mute’ Hakam ibn Abdulloh Balxiy (vaf. 199/814 y.) va Abu Muoz Xolid ibn Sulaymon Balxiy (vaf. 199/814 y.). Bu ulamolar Abu Hanifa (rahimahulloh)ning mazhablarini Xurosonda, xususan Balxda tarqatgan.

Hanafiy mazhabi bo‘yicha yetishib chiqqan ushbu ulamolar yuqori lavozimlarga tayinlangan. Bulardan biri Abu Mute’ Hakam Balxiy Abu Hanifa (rahimahulloh)ning do‘sti va yetuk shogirdi bo‘lib, «al-Fiqh al-avsat» asarini u zotdan rivoyat qilgan. U yigirma yildan ortiq Balx qozisi bo‘lgan Abu Umar Muhammad ibn Maymun ibn Bahr ibn Sa’d ibn Rammohdan (vaf. 171/787 y.) keyin o‘n olti yil qozilik qilgan va hanafiy fiqhini ta’lim berib, yoygan. Abu Mute’ Balxiy ustozi Abu Hanifa (rahimahulloh)ning e’tiqodiy masalalarga bag‘ishlangan “Kitabul olim val-mutaallim (Ustoz va shogird)” asarini Abu Muqotil Samarqandiydan rivoyat qilgan.

Balxdan keyin hanafiy mazhabi keng tarqalgan hudud Ray shahridir. Abbosiy xalifalari Horun (786-809) va Ma’mun (813-833) Tabaristonda faoliyatlarini jadallashtirgan zaydiylar[1] va shialarga[2] qarshi o‘laroq o‘lkalarda qozilik mansabiga hanafiy ulamolarni tayinlash orqali hanafiylarni qo‘llab-quvvatlagan. Bunga misol abbosiy xalifalari Ray shahriga Abu Yusuf (rahimahulloh)ning shogirdi marvlik Fazl ibn Gʻonim Xuzoiyni (vaf. 236/850), undan so‘ng Abu Mute’ Balxiyning shogirdi Muhammad ibn Muqotil Roziyni (vaf. 248/862 y.) qozilikka tayinlagan. Mazkur siyosiy qo‘llab-quvvatlash natijasida Abu Hanifa (rahimahulloh)ning shogirdlari va tarafdorlari ustozlarining e’tiqodiy va fiqhiy qarashlarini butun Xurosonda yoydilar.

Dastlab Balxda qabul qilingan hanafiy mazhabi qisqa vaqtda o‘lkadagi boshqa shaharlarda ham yoyildi. Bu shaharlarda yetishib chiqqan hanafiy ulamolari davlat tomonidan qozilik va boshqa yuqori lavozimlarga tayinlana boshlanishi hanafiylarning o‘lkada izchil tarzda kuchayishini ta’minladi. Abu Hanifa (rahimahulloh)ga taklif etilgan qozilik mansabini rad etishiga qaramasdan, uning shogirdlari qozi, muftiy va mudarrislikka rozi bo‘lishlari muhim rol o‘ynadi. Haqiqatda, u zotning shogirdlaridan 28 tasi qozi, 6 tasi muftiy va 2 tasi esa ta’lim dargohida bosh mudarris bo‘lishgan. Abu Hanifa (rahimahulloh)ning shogirdlari bu shaklda faoliyat yuritishlari u zotning qarashlarini boshqa o‘lkalarda yoyilishiga yordamchi bo‘lgan. Abu Hanifa (rahimahulloh)ning xurosonlik va movaroun-nahrlik juda ko‘plab shogirdlari nufuzli lavozimlarga tayinlanishi hanafiy mazhabining yoyilishiga katta yordam bergan.

Bag‘dodga borib Abu Hanifa, Abu Yusuf va Muhammad Shayboniydan ta’lim olgan shogirdlari ustozlarining yo‘lini Balx va Raydan tashqari, Samarqand va Buxoro kabi shaharlarda ham tarqatishga harakat qildilar. Abu Hanifa (rahimahulloh)dan ta’lim olgan va u zotning mazhabini Samarqandda yoygan ulamolar Abu Muqotil Hafs ibn Salim Fazzoriy, Nasr ibn Abu Abdulmalik Atakiy, Sharik ibn Abu Muqotil, Ma’ruf ibn Abu Hasan, Yunus ibn Sobih va Is’hoq ibn Ibrohim Hanzaliylardir. Bular orasida eng mashhuri shubhasiz, Abu Muqotil Samarqandiydir.

Abu Hanifa (rahimahulloh) shogirdlarining Movarounnahrning yirik shaharlaridan biri Samarqandda olib borgan, ta’lim va qozilik faoliyatlari uzoq vaqt davom etdi. 150/767 va 300/912 yillar oralig‘ida taxminan – bir yarim asr mobaynida Samarqandda muhim rivojlanishlar qayd etildi va natijada mazkur o‘lkada Samarqand kalom maktabi kabi muhim yo‘nalishlar paydo bo‘ldi. Boshqa shaharlarda bo‘lgani kabi Samarqandda ham qozilik mansablariga hanafiy ulamolari tayinlandi. Samarqandda qozilikka tayinlangan hanafiy ulamolari quyidagilar:

1. Muqotil ibn Hayyon (vaf. 150/767 yildan so‘ng) Abu Hanifa (rahimahulloh)ning do‘sti bo‘lib, Samarqandda tayinlangan ilk hanafiy qozidir. U qozilik faoliyati bilan birgalikda talabalarga dars bergan va Abu Hanifa (rahimahulloh)ning mazhabini Samarqandda yoyilishiga harakat qilgan. U Horis ibn Surayj 48 voqeasida ham katta rol o‘ynagan;

2. Is’hoq ibn Ibrohim Hanzaliy (203-209/818-824) ham Abu Hanifa (rahimahulloh)ning shogirdi bo‘lib, Muqotildan so‘ng Samarqand qozisi bo‘lgan. U Abu Hanifa (rahimahulloh)dan tashqari molikiy mazhab asoschisi Molik ibn Anas (712-795) va Abdulloh ibn Muborak kabi ulamolardan ham ta’lim olgan hamda Haysam ibn Junayd Qoziy va Abu Hafs Sanjidizakiy kabi juda ko‘plab samarqandlik shogirdlarga ta’lim bergan;

3. Abu Usmon Salim ibn Abu Muqotil Fazzoriy Samarqandiy (vaf. 211/826 y.) ham Anas ibn Molik, Abdulloh ibn Muborak, Muhammad ibn Hasan, Hammod ibn Salama, Sharik ibn Abdulloh kabi muhaddis va ulamolardan ta’lim olgan. U ham o‘z navbatida Ahmad ibn Nasr Atakiy kabi juda ko‘plab shogirdlarga ta’lim bergan. Uzoq muddat Samarqand qozisi bo‘lgan Abu Usmon ushbu mansabda 211/826 yilda vafot etgunga qadar faoliyat ko‘rsatgan. Uning janozasini somoniylar amiri Ahmad ibn Asad o‘qigan.

4. Umar ibn Abu Muqotil Fazzoriy Samarqandiy (vaf. 214/834 y.) 211/826 yilda akasi Abu Usmon Salimdan keyin uning o‘rniga qozilikka tayinlangan. U Abdulloh ibn Muborak va Yahyo ibn Ubayd kabi ulamolardan ta’lim olgan. Undan esa Ahmad ibn Nasr Atakiy, Qozi Abu Hafs Umar ibn Ya’qub Sanjidizakiy va Ahmad ibn Hishom Ishtihoniy kabi ko‘plab shogirdlari ta’lim olgan. Abu Hafs 219/834 yilda vafot etgunga qadar yetti yil qozilikda faoliyat yuritgan. Uning janozasini somoniylar amiri Nuh ibn Asad (942-954) o‘qigan;

5. Abu Hafs Umar ibn Ya’qub Sanjidizakiy Samarqandiy (vaf. 240/854 y.) Umar ibn Abu Muqotilning vafotidan keyin 214/819 yili ustozining o‘rniga qozilikka tayinlanadi. U zot Abu Muqotilning ikki o‘g‘li va Ali ibn Is’hoq kabi hanafiy ulamolaridan ta’lim olgan. Umar ibn Ya’qub ustozlari kabi qozilik bilan birga ta’lim faoliyatini ham yuritgan. Hanafiy mazhabi qozisi Muhammad ibn Jinnah Sanjidizakiy kabi ko‘plab ulamolarga ustozlik qilgan Abu Hafs Umar ibn Ya’qub 240/854 yilda Samarqandda vafot etgan. Uning janozasini somoniylar amiri Ahmad ibn Asad o‘qigan;

6. Abu Abdulloh Muhammad ibn Aslam ibn Abdulloh ibn Mug‘iriy (vaf. 286/881 y.) Umar ibn Ya’qubdan so‘ng uning o‘rniga qozilikka tayinlangan. U Abu Sulaymon Juzjoniy va murjiiylardan bo‘lgan Shaddod ibn Hakimdan fiqh ilmini o‘rgangan. Abu Mu’in Nasafiy Abu Abdullohning somoniylar amiri Nasr ibn Ahmad davrida qozilik qilganini va 286/881 yil rabiul avval oyida vafot etganini xabar bera-di 151. Lekin uning necha yil qozilik qilgani ma’lum emas;

7. Abu Nasr Iyodiy (vaf. 279/892 yildan keyin). Manbalarga ko‘ra, Muhammad ibn Aslamning vafotidan keyin Samarqand qozisi kim bo‘lgani ma’lum emas. Ehtimol, bu lavozimga Abu Nasr Iyodiy tayinlangan bo‘lishi mumkin. Chunki Abu Nasr Iyodiy yigirma yoshidayoq ta’lim berish faoliyatlarini boshlagani va qozilik qilgani manbalarda zikr etilgan.

Yuqorida bayon qilinganidek, somoniylar davlatining paydo bo‘lishi va rivojlanishi davrlarida Samarqand qozilari butunlay hanafiy ulamolaridan tayinlangan. Qozilik lavozimiga tayinlangan ulamolar rasmiy ishlari bilan birga qizg‘in ilmiy faoliyatlar olib borib, Abu Hanifa (rahimahulloh)ning mazhabini tarqatishga harakat qilganlar. Bulardan tashqari, rasmiy mansabda bo‘lmagan boshqa ulamolar ham keng ko‘lamda ilmiy faoliyatlar olib borgan. Bu xususda Abu Muin Nasafiy bunday deydi: “Marv, Balx va boshqa butun Xuroson va Mavarounnahr o‘lkasidagi Abu Hanifa (rahimahulloh) tarafdorlari e’tiqodiy va fiqhiy masalalarda u zotning mazhabida bo‘lganlar”.

Ibn Yahyoning “Sharhu jumali usulid din” asarida shunga o‘xshash ma’lumot keltirilgan: “Yangi musulmon bo‘lgan bir kishi musulmonlarning yetmish uch firqaga bo‘linganini ko‘rdi. Shu sababdan qadariy-moʻtaziliylarning vakilidan insonning fe’llari haqidagi e’tiqodlarini so‘radi. Qadariy-moʻtaziliy aytdi: “Ko‘nglimga kelgan ishni qilaman va har bir narsaga kuchim yetadi”. Yangi musulmon bo‘lgan kishi: “Men bu mazhabga kirmayman. Chunki bu e’tiqodga ko‘ra, Allohdagi qudrat menda ham bo‘ladi”, deya bu so‘z dinga mos emasligini aytadi. Qadariy esa: “Agar mening so‘zimni qabul etmasang, ahli sunna val jamoa mazhabiga kir”, dedi. U kishi esa yetmish uch firqaning har biri bilan uchrashib, ularning bu mavzudagi qarashlarini so‘rar edi. Hech birining qarashi unga ma’qul kelmadi. Har bir firqa vakillari: “Agar bizning mazhabimizga kirmasang, ahli sunna val-jamoa mazhabiga kir”, deb javob berardi. U esa ahli sunna val jamoa kimlar ekanini so‘raganida ahlul ahvo (adashgan firqa vakillari) unga: “Ular har bir shaharda ahli sunna val jamoa nomi bilan tanilishgan. Ular Samarqandda Dorul juzjoniya va Dorul iyodiya maktabiga mansublar, Buxoroda Abu Hafs izdoshlari va Balxda Nusayr ibn Yahyoning tarafdorlaridir», deb javob berar edi”.

Yuqoridagi Ibn Yahyo keltirgan ma’lumotidan Samarqandda hanafiy mazhabining Dorul juzjoniya va Dorul iyodiya ikki maktabi keng ko‘lamda faoliyat ko‘rsattani ma’lum bo‘ladi. III/ІX asrda Samarqandda hanafiylarning eng muhim ta’lim markazi Dorul juzjoniya bo‘lgan. Bunda Abu Mansur Moturidiy, u zotning ustozlari va shogirdlari faoliyat yuritgan. Dorul iyodiya Abu Ahmad Iyodiy va Abu Bakr Iyodiy kabi ulamolar faoliyat yuritgan ta’lim markazi bo‘lgan. O‘sha vaqtda Xuroson, Suriya, Iroq va Onado‘li kabi o‘lkalardan talabalar Samarqandga ilm tahsil qilish uchun kelganlar.

Dorul juzjoniya Samarqandda Abu Hanifa (rahimahulloh)ning mazhabida faoliyat ko‘rsatgan muhim ilmiy markaz bo‘lgan. IV/X asr o‘rtalariga qadar ahli ra’y (hanafiy mazhabi) yo‘nalishida, undan so‘ng as’hobul hadis (shofi’iy mazhab) yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatgan bu markazdan Abu Mansur Moturidiy va ko‘plab ulamolar yetishib chiqqan.

Dorul juzjoniya ilm dargohi hijriy II asrda Abu Muqotil Samarqandiy tomonidan qurilgani ehtimol qilinadi. Undan keyin bu maktabni Abu Sulaymon Juzjoniy va Abu Bakr Ahmad ibn Is’hoq ibn Sabih Juzjoniy rivojlantirgan. Abu Muqotil Samarqandiy Abu Hanifa (rahimahullohning yonida ta’lim olgandan so‘ng Samarqandga qaytib kelib, ustozining mazhabini yoydi. Abu Hanifa (rahimahulloh)ning e’tiqodiy qarashlari bayon qilingan “Kitabul olim val mutaallim” nomli asarini Samarqandga olib keldi va u yerda ilmiy faoliyat yuritdi. Mazkur asar ustoz va shogird o‘rtasida dialog shaklida yozilgan.

Bir rivoyatga ko‘ra, xalifa Ma’mun (813-833) Xurosonda bo‘lgan vaqtda muhim bir masala o‘rtaga chiqadi. Bu sababdan xalifa Ma’mum Xuroson ulamolarini to‘playdi. Lekin ularning birortasi masalani hal qilmaydi. U yerda hozir bo‘lgan ulamolar bu masalani faqat Abu Muqotil Samarqandiy yoki Abu Hanifa Balxiy hal etishini aytadi. Keyin xalifa ushbu masalani Abu Muqotilga havola etadi. Manbalarda bu masalaning nima ekani haqida batafsil zikr qilingan. Ushbu voqea mintaqada Abu Muqotilning katta ta’siri bo‘lganini tasdiqlaydi.

Ibn Yahyoning bergan ma’lumotiga ko‘ra, Dorul juzjoniya ta’lim markazi ulamolarning ustozlik shajarasi quyida gicha: Abu Hanifa (vaf. 150/767 y.) – Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Hasan Shayboniy (vaf. 189/804 y.) – Abu Sulaymon Muso ibn Sulaymon Juzjoniy (vaf. 200/816 y.) – Faqih Imom Abu Abdulloh ibn Juzjoniy – Shayx Faqih Abu Bakr Ahmad ibn Is’hoq Juzjoniy (vaf. 250/864 y.) – Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyodiy (vaf. 275/888 y.) – Abu Mansur Moturidiy (vaf. 333/944 y.)

Mazkur ustozlar silsilasida uchta “Juzjoniy”[3] nisbalik ulamo mavjud. Ushbu jihatdan mazkur ta’lim dargohi “Dorul juzjoniya” nomi bilan tanilgan bo‘lishi mumkin. Abu Nasr Iyodiydan boshqa barcha ustozlar o‘zlarini butunlay ilmiy faoliyatga bag‘ishlaganlar. Abu Nasr Iyodiy esa yuqorida aytib o‘tilganidek, ilmiy faoliyat bilan birga qozilik qilgan hamda vaqti-vaqti bilan safarlarga chiqqan. Dorul juzjoniya maktabini yaqindan tanish uchun unda rahbarlik qilgan ustozlarni davriy jihatdan o‘rganish to‘g‘ri bo‘ladi.

1. Abu Sulaymon Muso ibn Sulaymon Juzjoniy (vaf. 200/816 y.) Abu Yusuf va Muhammad Shayboniyning shogirdi bo‘lgan. U hanafiy mazhabining asosiy kitoblarini yuqorida zikr qilingan ikki ustozidan rivoyat qilgan. Haqiqatdan ham, Imom Muhammadning “Al-Asl (Al-Mabsut)” nomli asarini eng ishonchli nusxasi uning rivoyat qilgan nusxasi deb qabul qilingan. Taqvo va ra’y sohibi bo‘lgan Abu Sulaymon Juzjoniy xalifa Ma’munning qozilik taklifini o‘zini asabiy bir kishi ekani sababidan rad etadi. Yuqorida kelgan silsilaga ko‘ra, Abu Sulaymon Juzjoniy Dorul juzjoniya markazining birinchi ustozi bo‘lgani ma’lum bo‘ladi.

2. Abu Bakr Ahmad ibn Is’hoq ibn Subayh Juzjoniy (vaf. 250/864 y.) Abu Sulaymon Juzjoniydan keyin Dorul juzjoniyaga boshliq bo‘lgan. Abu Bakr Juzjoniy ham Imom Muhammadning shogirdlaridan bo‘lib, Abu Sulaymon Juz-joniydan ham dars olgan. Fiqh va kalom fanining yetuk bilimdoni Abu Bakr Juzjoniy Abu Nasr Iyodiy va Abu Mansur Moturidiy kabi shogirdlar yetishtirib chiqardi. U barcha ilm sohalarida cho‘qqiga yetgan bo‘lib, “Al-Farq vat-tamyiz” kabi qimmatli asarlar yozib qoldirgan. Abul Muin Nasafiyning aytishicha, Ahmad ibn Is’hoq Juzjoniyning asarlarini ko‘rgan oddiy odam ham uning buyukligini fahmlashi mumkin. Manbalarda Is’hoq Juzjoniyning vafoti sanasi keltirilmagan. Abu Mansur Moturidiy uning shogirdi bo‘lganiga ko‘ra, hijriy III asr o‘rtalariga qadar yashagan bo‘lishi mumkin.

3. Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyodiy (vaf. 275/888 y.). Abu Bakr Juzjoniydan keyin Dorul juzjoniyaga eng yetuk shogirdi Abu Nasr Ahmad Iyodiy boshliq bo‘ladi. Ziyrak, aqlli, sabrli, fahm-farosatli alloma Abu Nasr Iyodiy yigirma yoshidayoq ta’lim markazi va ulamolarning boshlig‘i bo‘lgan. Usul va furu’ ilmida o‘z davrining imomi deb qabul qilingan. U Samarqandda bo‘lgan chog‘ida muxolif kishilar bilan juda ko‘plab tortishuvlarda ishtirok etdi va o‘z qarashlarini muvaffaqiyatli shaklda himoya qildi. Abul Muin Nasafiy allomaning Allohning sifatlari xususida kitobi mavjudligini zikr qilgan. Mazkur asarda moʻtaziliy va najjoriylarning qarashlarini tanqid qilgani hamda ahlul haq (ahli sunna val jamoa)ning qarashlarini to‘g‘riligi borasida keltirgan dalillariga qarab, allomaning qanchalik chuqur ilm sohibi bo‘lgani bilinadi.

Abu Nasrdan oldin Dorul juzjoniya ta’lim markaziga rahbarlik qilgan ulamolar rasmiy lavozimlardan uzoq bo‘lgan va Samarqand chekkasida qurilgan g‘oziylar rabotida (g‘aribxona, karvonsaroyda) faoliyat ko‘rsatganlar. Abu Nasr Iyodiy esa ustozlaridan farqli ravishda somoniylar amiri Nasr ibn Ahmad (913-942) bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Abu Nasrning bu xatti-harakati somoniylar siyosatiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Chunki 263/876 yilda somoniylar tohiriylarga bog‘liq bo‘lmagan mustaqil davlat qurdi. Somoniylar rasman abbosiylar davlatiga bo‘ysunsa-da, ichki ishlarida to‘laqonli mustaqil davlat edi. Ehtimol somoniylar davlatining birinchi amiri Nasr ibn Ahmad hokimiyatini mustahkamlash uchun Abu Nasr Ahmad Iyodiydan foydalangan bo‘lishi mumkin.

4. Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy; Abu Nasr Iyodiydan keyin Dorul juzjoniyaga eng sevikli va tirishqoq shogirdi Abu Mansur Moturidiy boshchilik qiladi. Bir muddat Abu Ahmad Iyodiy ham bosh ustozlik qilgan bo‘lsa-da, Abu Ahmad Iyodiy rahbarlik davrida uning asl ustozi Moturidiy bo‘lgan. Zero, Abu Nasr shahid bo‘lganida uning o‘g‘li Abu Ahmad hali yosh bola edi. Moturidiy esa bu vaqtda tahsilni tamomlagan edi va umrining oxirigacha mazkur dargohda ustozlik qiladi. Ustozining muhabbati va ishonchini qozongan Abu Mansur Moturidiy kelgunicha ustozi Abu Nasr Iyodiy darsni boshlamas, uzoqdan uning kelayotganini ko‘rganida, uni kutib olar edi.

Ibn Yahyoning bergan ma’lumotiga ko‘ra, Abu Nasrdan keyin Dorul juzjoniyada Abu Mansur Moturidiy dars bera boshladi. Moturidiy u yerda dars berarkan, Abu Nasrning o‘g‘li Abu Ahmad Iyodiy asirlikdan qutulib, Samarqandga qaytadi va otasi shahid bo‘lishidan oldin ushbu ta’lim markaziga o‘zini boshchilik etishini vasiyat qilganini aytadi. Shu sababdan Abu Mansur Moturidiy, Abul Qosim Samarqandiy va boshqa ulamolar Dorul juzjoniyada to‘planib ustozlarining so‘zini e’tiborga olib, Abu Ahmad Iyodiyni otasining o‘rniga bosh ustozlikka tayinlaydi va unga hurmat ko‘rsatadi. Dastlab ta’limni Moturidiydan olgan Abu Ahmad Iyodiy u yerdagi boshqa ulamolardan ham ta’lim olib, qisqa muddatda faqihlik martabasiga yetishadi. U rasman markazning boshlig‘i bo‘lsa-da, Abu Mansur Moturidiyni ustoz deb bilardi va juda hurmat qilar edi. Chunki Abu Mansur Moturidiy ilm, fikr va mazhablar borasida o‘sha vaqtning eng yetuk olimi edi.

Abu Ahmad Iyodiy ustozi Abu Mansur Moturidiyning soyasida Dorul juzjoniyada bir muddat bosh ustozlik qildi va keyin Dorul iyodiyaga o‘tib ketgan. Abu Mansur Moturidiy esa umrining oxiriga qadar ko‘plab shogirdlarga bu markazda dars berdi. Abu Mansur Moturidiy Abul Hasan Ali ibn Said Rustufag‘niy bilan birga ko‘plab shogirdlariga Imom Muhammadning “Al-Mabsut” asaridan dars berarkan, taxminan yuz yosh atrofida vafot etadi.

Abu Mansur Moturidiydan keyin uning qarashlarini Abul Hasan Ali ibn Said Rustufag‘niy, Abu Salama Samarqandiy va Ibn Yahyo kabi ulamolar bayon qilib berishdi. Mazkur uch ulamodan Rustufag‘niy Moturidiyning shogirdi bo‘lgan, qolgan ikkisi Moturidiyning yetuk shogirdidan ta’lim olgan. Abu Salama Abu Ahmad Iyodiydan va Ibn Yahyo esa Rustufag‘niydan ta’lim olgan. Bu shaxslar Abu Mansur Moturidiy kabi xalq orasida sodda hayot kechirgan. Mutashobeh oyat va hadislarning ta’vilini zaruriy deb bilib, aqldan foydalanishni zarurligini himoya qiladilar. Bu jihatdan Rustufag‘niy, Abu Salama va Ibn Yahyo Moturidiyning ilk izdoshlari hisoblanadi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, Dorul juzjoniya maktabida Abu Hanifa (rahimahulloh)ning fikrlari va uslubini aynan o‘zlashtirgan va davom ettirgan hanafiy ulamolar maydonga kelgan. Bu maktabning eng mashhur vakili shubhasiz Abu Mansur Moturidiydir.

Dorul iyodiya maktabi (IV-V/XІ XI asr orasi) qachon qurilgani haqida manbalarda biror bir ma’lumot uchratilmadi. Lekin tadqiqot davomida shunday fikrga borildiki, ehtimol Dorul iyodiya hijriy IV asr boshlarida ustozlarining psixologik hujumlaridan qutulishni istagan Abu Ahmad Iyodiy tomonidan Dorul juzjoniyaga muqobil tarzda Samarqandda qurilgan bo‘lishi mumkin. Abu Mansur Moturidiy yashagan davrda hanafiylar orasida o‘rtaga chiqqan Dorul iyodiya maktabi vakillari mutashobehot (ma’nosi noaniq oyat va hadis)larning ta’vil qilishga va aqldan dalil sifatida foydalanishga qarshi chiqdilar. Dorul iyodiya maktabi vakillari ushbu ikki nuktada ahli raydan ayrilib, ahli hadis tomonga moyil bo‘ldilar. Bulardan ahli hadisga moyil bo‘lgan Dorul iyodiya maktabi vakillarining yetakchisi Abu Ahmad Iyodiy ekani ma’lum bo‘ladi.

Abu Ahmad Iyodiy Moturidiyning ustozi Abu Nasr Iyodiyning o‘g‘li bo‘lib, Dorul juzjoniyada Imom Moturidiydan ta’lim oldi va qisqa muddatda faqih bo‘lib yetishdi. Abul Muin Nasafiy, Qurashiy va Laknaviy kabi ulamolar Abu Ahmad haqida yaxshi fikr bildirmagan. Hosiriy naql etgan bir rivoyatga ko‘ra, Hakim Samarqandiy bir kun Abu Ahmadni ziyofat berish uchun uyiga chaqiradi. Abu Ahmad bu chorlovni qabul qilib, u yerga borganida Hakim Samarqandiy undan bir kishi tahorat olgan suv bilan ikkinchi marta tahorat qilish mumkinmi, deb so‘raydi. U: “Joiz emas”, deb aytadi. Bu sababdan Hakim Samarqandiy: “Ilm ham shunday bo‘ladi, dunyoviy narsaga vosita bo‘lish uchun foydanilsa, oxiratda biror foydasi bo‘lmaydi. Sen bu ilmni boylik va boshliqlik kabi dunyoviy ishlarga vosita qilmoqdasan. Ilmingni badalini dunyoda olding”, deydi. Abu Ahmad darhol o‘rnidan turadi va hozirlangan dasturxondan biror narsa yemasdan, u yerdan ketadi

Agar bu rivoyat to‘g‘ri bo‘lsa, Abu Ahmad ilk yillarda madh etilgan, keyingi yillarda tanqid qilingan. Chunki u navqiron yoshidayoq mashhur ekanini mansab va shuhrat orqasidan quvishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin. Muhim mansabda bo‘lgani va obro‘li otaning farzandi bo‘lganiga qaramasdan, nufuzli ulamolarning tanqid qilishi uning “Dorul juzjoniya”dagi ustozlari tarafidan quvilganiga ishora qiladi. Bu va shunga o‘xshash sabablar tufayli Abu Ahmad Iyodiy “Dorul juzjoniya”dan boshqa bir yerda “Dorul iyodiya” nomli ilmiy markaz ochib, unga ko‘chib o‘tadi. Boshqacha qilib aytgan-da, u diniy va dunyoviy qarashlari jihatidan boshqa fikrda bo‘lgan ustozi Moturidiyning ruhiy bosimidan qutulishni o‘ylagan bo‘lishi mumkin.

Bundan ma’lum bo‘ladiki, shundan so‘ng Samarqandda Dorul iyodiya maktabi vakillarining faoliyatlari somoniylar davlati tugagunga qadar davom etgan. Bu guruhga somoniy amirlari bilan aloqalari yaxshi bo‘lgan Hakim Samarqandiy va Abu Bakr Iyodiy kabi ulamolarni kiritish mumkin. Haqiqatda somoniy amiri tomonidan yozdirilgan Hakim Samarqandiyning “As-Savod al-a’zam” asarining oxirida o‘sha davrdagi samarqandlik ulamolar zikr etilishiga qaramasdan, Imom Moturidiy zikr etilmagan. Holbuki, Imom Moturidiy Hakim Samarqandiyning dars olishdagi sherigi yoki ustozi bo‘lganiga doir bir qancha rivoyatlar bor. Abu Bakr Iyodiy Abu Ahmad Iyodiyning ukasi bo‘lib, uning kalom ilmiga oid “Masoilul asharil iyodiya” nomli asari bor. Bu asarni turk tadqiqotchisi Shukru O‘zen tahqiq va tadqiq etib, turkchaga tarjima qilgan va nashr ettirgan. Alouddavla tomonidan ba’zi rasmiy lavozimga tayinlangan Abu Bakr Iyodіy Moturiydan so‘ng, Abu Salamadan oldin 361/971 yilda vafot etgan. Imom Moturidiyning zamondoshi va Samarqandning nufuzli ulamolaridan biri bo‘lgan Abu Bakr Iyodiy xalqning muhabbatiga sazovor bo‘lgan e’tiborli kishi edi.

“Sharhu jumali usulid din (Din asoslarining qisqacha sharhi)” asarida kelgan bir rivoyatga ko‘ra Abu Bakr Iyodiy vafot etganida faqih Abdussamad ibn Ahmad Arbinajiy (vaf. 369/979 y.) Moturidiyning u haqdagi ushbu so‘zini naql etadi: “Diniy ilmlar va hukmlar o‘rgatish xususida bu ummatning ulamolari o‘tgan payg‘ambarlar kabidir. O‘tmishda bir payg‘ambar davri so‘ngida chuqur tahlil etilish kerak bo‘lgan masala o‘rtaga chiqsa, bu masalani hal qiladigan biror bir olim qolmaganida yangi bir payg‘ambar jo‘natilgani kabi, bu ummatning ichida har bir asrda vafot etgan faqihlar o‘rniga yangi ulamolar keladi. Bu hol qiyomatgacha davom etadi. Alloh insonlarni yo‘l ko‘rsatuvchilardan mahrum etmaydi”.

Hoviy asarida kelgan bir rivoyatga ko‘ra, Abu Bakr Iyodiy: bir kishining Ahli sunna val jamoa mazhabida ekanini qanday bilish mumkin, degan savoliga bunday javob beradi: “Uning ilmi Alloh taoloning kitobi, Rasulining sunnati va salafi solihlarning so‘zlariga muvofiq kelsa, u ahli sunna val jamoa mazhabidandir”. Shu sababdan Ibn Yahyo Abu Bakr Iyodiyni ahli sunna val jamoaning bayroqdori bo‘lgan, deya eslaydi. Mazkur barcha rivoyatlar Abu Bakr Iyodiyning Samarqand hanafiylari ichida alohida o‘rin egallaganini ko‘rsatadi.

Abu Bakr Iyodiyning ba’zi e’tiqodiy masalalarni o‘z ichiga olgan “Masoilul ashril iyodiya (Iyodiylarga oid o‘nta masala)” nomli asarini vafotidan ozgina oldin yozadi va xalq uni o‘qib o‘rganib bid’atlardan, xususan, moʻtaziliylarning botil e’tiqodlaridan uzoq bo‘lsin deya Samarqand ko‘chalarida e’lon qildirgan. Bu asarda bayon qilingan o‘nta masala o‘sha davr Samarqand hanafiylarining asosiy tamoyillari deb qabul qilingan va bularga ishonmaydiganlarni esa “Sohibush sharr val bid’a (yomonlik va bid’at sohiblari)” deya baholangan.

Eshboyev Shaxzod – “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi

Adabiyotlar ro‘yxati

1. Aminov H., Primov S. Hanafiy fiqhi tarixi, manbalari va istilohlari. Toshkent: Movarounnahr nashriyoti, 2017.

2. Nasafiy Abu Hafs Umar ibn Muhammad. Al-Qand fiy zikri ulamoi Samarqand. Saudiya Arabistoni: “Maktabatul Kavsar”, 1991.


[1] Shialarning bir guruhi bo’lib, Zayd ibn Ali ibn Husaynni imom deb e’tiqod qiladi

[2] “Shia” so’zi “tarafdor” ma’mosini anglatadi. Ularning e’tiqodiga ko’ra, Ali (roziyallohu anhu)ga Payg’ambar (sollallohu alayhi va sallam) vasiyat qilganlar va shunga ko’ra Ali (roziyallohu anhu) u zotning o’rinbosaridir.

[3] Bugungi Afg’oniston hududida joylashgan viloyat bo’lib, Xuroson va Movarounnahrni bog’laydigan yo’l ustida joylashgan

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика