USTOZ – MILLATNING MA’NAVIY QAL’ASI

by Matbuot xizmati
33 👁️

Har bir inson hayotida ustozning o‘rni beqiyos. Ustoz nafaqat bilim beradi, balki hayot saboqlarini ham o‘rgatadi. Mehribonlik, sabr-toqat, adolat va halollik kabi insoniy fazilatlarni yosh avlod qalbiga singdiradi. Shu boisdan ham qadimdan ustozlar maqomi ota-onadan keyin turadi, deyiladi.

Har yili yurtimizda 1-oktabr sanasi Ustoz va murabbiylar kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu kun nafaqat ta’lim sohasi xodimlari, balki butun jamiyat uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki ustoz – bilim manbai, ma’rifat chirog‘i va kelajak avlodni voyaga yetkazuvchi buyuk siymodir.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Ustozni e’zozlash – millatni e’zozlash demakdir.” Zero, bugungi barkamol yoshlarning orzulari, erishayotgan yutuqlari va ertangi kun taraqqiyoti zamirida ustozning mehnati mujassamdir.

Ustozlarga ta’rif berar ekanmiz ulug‘ ulamolarimizning ustozlarga naqadar hurmat-ehtirom va tavozeda bo‘lishganiga guvoh bo‘lamiz. Buyuk mazhabboshimiz Abu Hanifa rahimahullohga masjidda kishilar halqa boʻlib fiqh oʻrganishayotgani haqida aytildi. U zot: “Ularning boshi (ustozi) bormi?”, deb soʻradi. “Yoʻq” deyishdi.

U zot: “Ular hech qachon fiqhni oʻrgana olishmaydi”, dedi.

Agar inson biron ishni murabbiy, ustozsiz oʻzi amalga oshirsa, u manmanlikdan xoli boʻlolmaydi. Va: “men jiddi jahd qildim va bunga erishdim” deydi. Ammo bu ishni muvajjih, yoʻllovchi tomonidan qabul qilgan holda bajarsa, u holda: “Agar ushbu muvajjih, yoʻllovchi ustozim boʻlmaganda, men haq va haqiqatni bilmagan boʻlardim”, deydi (Shayx Ahmad Fathulloh Jomiy).

Ibn Hibbon rahimahulloh imom Abdulloh ibn Vahbdan rivoyat qiladi. Ibn Vahb shunday deydi: “Uch yuz oltmishta ulamoni koʻrdim. Agar Molik va Lays boʻlmaganida, ilmda adashib ketgan boʻlar edim”.

Ibn Vahbning yana shunday degani rivoyat qilinadi: “Ilmda toʻrt kishiga ergashdik. Ikkitasi Misrda, yana ikkitasi Madinada edi. Lays ibn Saʼd va Amr ibn Horis Misrda, Molik va Mojisun Madinada. Agar mana shular boʻlmaganda, adashib ketgan boʻlardik” (Ibn Hibbonning “Al-Majruhun” nomli kitobining muqaddimasi).

Shayx, muhaqqiq Muhammad Avvoma aytadilarki, “Ulamolarimiz ilmda oʻziga ustoz tutmagan insonga iltifot qilishmas, unga qiymat berib, eʼtibor qilishmas edi. Shuningdek, u bilan soʻzlashishda ham biron naf bor deb hisoblashmasdi. Sababi, unday kimsa xato va adashish ichradir”.

Sharq mutafakkirlari tarixida ustozga ehtirom alohida o‘rin tutadi. Abu Rayhon Beruniy ilm olishda ustozsizlikni eng katta yo‘qotish deb bilgan. Ibn Sino esa ustozining xizmatini hech qanday boylik bilan o‘lchab bo‘lmasligini yozadi. Alisher Navoiy esa shunday degan: “Ustozsiz shogird, yo‘lsiz yo‘lovchiga o‘xshar.”

Demak, ustoz shogirdga nafaqat bilim beradi, balki uni hayot yo‘lida to‘g‘ri qadamlashga o‘rgatadi.

Bugungi kunda ustoz zimmasidagi vazifalar yanada kengaydi. Endilikda ular faqatgina dars beruvchi emas, balki: yoshlarni mustaqil fikrlashga o‘rgatuvchi, zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga yo‘naltiruvchi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalovchi, jamiyatga foydali shaxs sifatida voyaga yetkazuvchi murabbiydir. Shu ma’noda, ustozlik – kelajakni qurishdek buyuk va mas’uliyatli vazifa hisoblanadi.

O‘zbek xalq og‘zaki ijodida ham ustoz siymosi doimo ulug‘langan. Maqollarda “Ustoz – otangdek ulug‘”, “Ustozdan olgan ta’lim – hayot yo‘liga nur” kabi hikmatli so‘zlar ustozga bo‘lgan yuksak hurmatni ifodalaydi. Shu bois xalqimiz azaldan ustozni ota-onadan keyingi eng aziz inson sifatida qadrlab keladi.

Ustozlik – bu faqatgina kasb emas, balki oliyjanob missiya, jamiyat kelajagini yuksaltirishga qaratilgan muqaddas burchdir. Ustozlar kunini nishonlash – bu bir kunlik bayram emas, balki butun umr davomida ustozlarga hurmat va minnatdorlik bildirishdir.

Muxlisa Ergashova Toʻlqin qiziImom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика