
Qirqqiz qal’asi O‘zbekistonni janubida Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida joylashgan. Qal’a Somoniylar davridan qolgan memoriy yodgorlik bo‘lib IX-X asrlarda bo‘nyod etilgan.
Sobiq Sovet ittifoqi sharqshunosi, tarix fanlari doktori Professor A. Semyonov XX asr boshlarida Salovotlik mullalar qo‘lidan olingan “Saadiya” nomli qo‘lyozmasiga ko‘ra somoniylar sulolasi Termiz yoki Balx yaqinidagi Somon qishlog‘idan kelib chiqqan. IX asr ikkinchi yarmida aniqrog‘i 865 yilda Termiz sayyidlari asoschisi Hasan al-Amir Balxdan Termizga ko‘chib keladi. Ko‘chib kelishda unga sosoniy sarkarda Bahrom Cho‘binning avlodidan bo‘lgan Arkak yordam beradi. Arkak bunyod etgan Somon qishlog‘ida uning o‘g‘li, somoniylar sulolasi asoschisi Asad Somoniy dunyoga keladi. “Saadiya” da yozilishicha Ismoil Somoniy o‘zining kelib chiqishi va ajdodlarining Hasan al-Amir tomonidan qo‘llab-quvvatlanganligini eslab har yili Termizga kelib turgan. U Sayyidlarga ko‘plab moddiy yordamlar berib turgan. Ushbu aloqalar tufayli keyinchalik Ismoil Somoniy qizi Mohi Simni Termiz sayyidlaridan Amir Abdulloga turmushga bergan. Ularning avlodlari esa xudovanzodalar deb atalgan. A. A. Semyonov ushbu qo‘lyozmada ko‘plab noaniqliklar borligini ta’kidgan. Shunga qaramay ba’zi tadqiqotchilar yuqoridagilarning barchasi tarixiy bo‘lgan voqea va Termizdagi Qirqqiz qal’asi somoniylar avlodlarining qasri bo‘lgan degan fikrlarni ilgari surishadi.

O‘rta asrlarda Termiz shahrining tashqarisida joylashganligi Qirqqiz qal’asi shahar tashqarisidagi qo‘rg‘on vazifasini o‘taganligini ko‘rsatadi. U dunyo tomonlariga moslab qat’iy mujassimotda bunyod etilgan. Qal’a to‘rtburchak tarhli (chizmali) (53,3×54,8 metr), bir qavatli, faqat yo‘laklar umumiy balandlikda ikki qavatli bo‘lib, xom g‘isht (30x30x5 sm)lardan qurilgan 54 ta xujradan iborat. Toq va ravoqlarida shu o‘lchamdagi pishiq g‘ishtlar ham ishlatilgan. Qalin devor bilan o‘ralgan (tashqi devor qalinligi 2-2,5 metr), burchaklari hajmdor burjlar bilan mustahkamlangan; burjlar oralig‘ida toqlar bilan yopilgan ayvonlar joylashgan, shakllariga bir maromda takrorlanuvchi tuynuklar ishlangan. Qal’aning barcha xonalari va markazdagi sahn (maydon) (11,5×11,5 metr) o‘zaro yo‘laklar bilan bog‘langan; markaziy sahn hovli yoki gumbazli zal bo‘lgan deb taxmin qilinadi. Ayvon va yo‘laklar binoni to‘rt qismga bo‘lgan. Bular ikkita bir xil tuzilgan (besh xona va uch tomonidan o‘ralgan yo‘lak, eni 2,1 metr) shimoli – g‘arbiy va shimoli – sharqiy hamda ikkita janubi – g‘arbiy (ikkita yo‘lakcha bilan bog‘langan beshta xona) va janubi – sharqiy (yo‘lakcha bilan bog‘langan ikkita xona va uch ustunli katta mehmonxona) qismlardir. Yo‘laklar va xonalar devordagi tuynuklar orqali yoritilgan. Qirqqiz yopmasida balxi hamda kesishgan gumbazsimon toqlar, boshqa turdagi gumbazlar, toqlar va ravoqlar qo‘llanilgan.

Tadqiqotchilar tomonidan ushbu yodgorlikdan o‘tmishda: “Shahar tashqarisidagi zodagon saroyi, qizlar madrasasi, xonaqoh va karvonsaroy” vazifasida foydalanilganligi haqida turli farazlar mavjud.
Qirqiz qal’asi Surxondaryo viloyatining turistik yo‘nalishiga kiritilgan tarixiy-me’moriy, arxeologik va ekologik ob’ektlaridan biri hisoblanadi. 2001-2002 yillarda Termiz shahrining 2500 yilligi munosabati bilan 2018 yilda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Qirqqiz arxitektura yodgorligida ta’mirlash ishlari olib borilgan.
https://maps.app.goo.gl/x4JY391ZQo42wscD8