
Sulton Saodat majmuasi – Termiz shahrida joylashgan. Musulmon Sharqida payg‘ambarning avlodlari (“ahl ul-bayt”, ya’ni sayyidlar) daxmasi sifatida tanilgan. Ular payg‘ambar Muhammad (s.a.v)ning qizlari Fotima va xalifa Ali nikohidan tug‘ilgan Imom Husaynning avlodlaridir. Majmuada X-XVII asrlar mobaynida Termiz sayyidlarining oila vakillari dafn etilgan. “Sayyid” so‘zi arab tilida “janob” degan ma’noni anglatadi, shuningdek, Muhammad (s.a.v.)ning nevaralari Hasan avlodi “sharif” va Husayn avlodi “sayyid” unvonlari bilan yuritilgan. Sayyidlar Yaqin Sharq va Mag‘rib o‘lkalarida ko‘proq ashraf nomlari bilan mashhur bo‘lishgan.

Tadqiqotchilarning izlanishlariga ko‘ra, Hasan al-Amir 850 yilda o‘z yaqinlari bilan Samarqandga kelib, o‘n bir yil yashagan. Keyin Balxga ko‘chib, taxminan 865 yillarda Termizga kelgach, shu yerda butunlay o‘rnashib qolgan. Shu tariqa bu yerda obro‘li sayyidlar sulolasi shakllangan. Amir Temur hukmronligi davrida ham Termiz sayyidlari xonadonining nufuzi yuqori bo‘lgan. Ulardan Abu-l-Maali va Ali Akbarlar Sohibqironning harbiy yurishlarida qatnashgan. Amir Temur Hindistonga qilgan yurishlarida Termiz sayyidlari xonadonida to‘xtab, ularning mehmoni bo‘lgan. O‘rta asrlardagi davlatlar, xususan, Amir Temur saltanati rivojida Termiz sayyidlarining alohida o‘rni bo‘lgan. Sohibqiron va temuriylar payg‘ambar avlodlariga hurmat ko‘rsatishni sharaf deb bilib, bu yerda xonaqoh va maqbaralar qurdirgan. Keyingi dahmalar o‘z davrining uslubiga mos ravishda barpo etilgan. Shu jihatlari bilan majmua ulkan tarixiy, ma’naviy, madaniy ahamiyatga ega tabarruk joy sanaladi.
Bo‘ o‘ziga xos yodgorlik majmuasi memoriy nuqtai nazardan bir necha asrlar davomida shakllangan. Binoning boshlanishi, alohida maqbaralarda ishlatilgan g‘ishtlarning naqshlariga qo‘ra, X asrga borib taqaladi. Majmua dastlab X asrda qurilgan ayvon turidagi ravoqli qurilmaga ega masjid, darvozaxonadan iborat bo‘lgan. So‘ngra XIV-XVII asrlarda maqbara, xonaqoh va boshqa jami o‘n oltita xo‘jalik binolari qurilgan. Bundan ma’lum bo‘ladiki, Sulton Saodat majmuasining shakllanishi ikki davrni o‘z ichiga olgan.

Sulton Saodot maqbarasi naqshinkor pishiq g‘ishtdan terilgan bo‘lib, devor qismi o‘ziga xos yangi unsurlar bilan boyitilgan geometrik shaklda bezatilgan. Maqbaraning old tomoni sharqqa qaratilgan bo‘lib, turli shakldagi g‘ishtlar bilan ishlangan. Yuqori qismining ikki qatori keng gumbazli bo‘lib, kichik o‘rta gumbaz qismi kirish peshtoqiga ulangan. Maqbaralar peshtoq va gumbazli chorsu xonalar (9×9, 0,5 m va 10m, 15×10,25 m) dan iborat. Shimoli g‘arbidagi maqbaraning qurilma va bezaklari oddiy g‘isht (27x27x5 sm) dan juft-juft holda terilib, mavjli bezak hosil qilingan hamda ichki xona devoralariga hoshiyali bo‘rtma ravoqlar ishlangan. XIV asrda ikki maqbarani bog‘lovchi ravoq qurilib, uning tashqi tomoni kesma havorang g‘ishtchalar bilan bezatilgan. Shu davrda Termiz sayyidlarining boshqa dahmalari ham barpo etilib, ularning aksariyatiga pushtirang buyoq berilgan va gumbaziga aylanma zinapoya ishlangan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2019 yil 6 aprelda Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Sulton Saodat maqbarasini ziyorat qilib, muqaddas qadamjo ulkan ma’naviy meros va tabarruk maskan ekanini qayd etib, uning tarixini mukammal o‘rganish, xalqimizga va chet elliklarga yetkazish, majmua hududini arxeologik o‘rganish asosida obodonlashtirib, Imom Buxoriy, Imom Termiziy maqbaralaridek katta va go‘zal ziyoratgohga aylantirish taklfini kiritgan.
