IJTIMOIY TARMOQLARNING OILAVIY QADRIYATLARGA TA’SIRI

by Matbuot xizmati
35 👁️

Bugungi kunda insoniyatning turli jamiyatlarida ko‘zga tashlanadigan muhim o‘zgarishlardan biri ijtimoiy tarmoqlarning hayotimizga chuqur kirib kelishidir. Facebook, Instagram, TikTok, Telegram kabi platformalar odamlarning muloqot tarzini, ma’lumot olish usulini va hatto oilaviy munosabatlarini ham tubdan o‘zgartirib yubordi. Musulmon jamiyatlari uchun bu masala ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi, chunki Islom oilani jamiyatning poydevori deb biladi va uning barqarorligini ta’minlash uchun aniq me’yorlar belgilab bergan.

Savollar turli jabhalardan ko‘tarilmoqda: ijtimoiy tarmoqlar oilaviy aloqalarni mustahkamlaydimi yoki zaiflashtiradimi? Ular qarindoshlik rishtalarini saqlashga yordam beradimi yoki aksincha, uzilishga sabab bo‘ladimi? Nikoh muqaddasligi va er xotin o‘rtasidagi ishonch texnologiya oqimida qanchalik mustahkam turoladi? Ushbu savollarga javob topish uchun Qur’oni karim oyatlari, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning hadislari hamda zamonaviy ilmiy tadqiqotlarga murojaat qilamiz.

Islom ta’limotida oilaga berilgan ahamiyat beqiyosdir. Qur’oni karimda Alloh taolo insonlarni juft-juft yaratganini va nikohni ularning tinchlik va sukunat topishlari uchun vosita qilib belgilaganini ta’kidlaydi. Rum surasining 21-oyatida shunday deyiladi: «Va sizlarga sokinlik topishingiz uchun o‘zingizdan juftlar yaratganligi va oralaringizda sevgi va marhamatni solib qo‘ygani (ham) Uning oyat-belgilaridandir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavmlar uchun oyat-belgilar bordir». Bu oyatda oilaviy hayotning uchta asosiy ustuni ko‘rsatilgan: sukunat, ya’ni tinchlik va oromlik; muhabbat, ya’ni chuqur mehr; rahmat, ya’ni shafqat va marhamat.

Qarindoshlik rishtalarini saqlash ham Islom shariatida alohida o‘rin tutadi. Niso surasining 1- oyatida shunday deyiladi:  «Ey odamlar! Sizlarni bir jondan yaratgan va undan uning juftini yaratib, ikkovlaridan ko‘plab erkagu ayollar taratgan Robbingizdan qo‘rqinglar!» Alloh taolo odamlarga o‘z Parvardigoridan qo‘rqishni va tug‘ishganlik rishtalarini hurmat qilishni buyuradi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qarindoshlik aloqalarini uzgan kishi jannatga kirmasligini ogohlantirganlar. Buxoriy va Muslim rivoyatlari bu haqda guvohlik beradi. «Rasululloh  (s.a.v) dedilar: «Kim qarindoshlik rishtalarini uzsa, u jannatga kirmaydi». Demak, Islom nazarida oilaviy qadriyatlar shunchalik muhimki, ularni saqlash e’tiqod darajasida talab etiladi.

Ijtimoiy tarmoqlar ham katta imkoniyatlar, ham jiddiy xavflarni mujassamlashtiradi. Bu platformalar orqali odamlar dunyoning istalgan nuqtasidagi yaqinlari bilan bir zumda bog‘lanishlari, ma’lumot almashishlari, hatto video qo‘ng‘iroqlar orqali yuzma yuz ko‘rishlari mumkin. Uzoq masofada yashayotgan oila a’zolari uchun bu juda qulay imkoniyatdir. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar islomiy bilimlarni tarqatish, xayrli ishlarga chaqirish va diniy ma’rifatni kengaytirish uchun ham keng foydalanilmoqda.

Biroq medianing ikkinchi tomoni ancha qorong‘i. Turli mamlakatlarda o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlar ijtimoiy tarmoqlarning oilaviy munosabatlarga salbiy ta’sirini yaqqol ko‘rsatmoqda. Pokiston, Saudiya Arabistoni va boshqa musulmon mamlakatlarida olib borilgan izlanishlarda respondentlarning katta qismi ijtimoiy tarmoqlar oilaviy aloqalarni susaytirganini tan olgan.[1] Eng tashvishli tomonlardan biri shuki, oila a’zolari bir xonada o‘tirishlariga qaramay, har biri o‘z telefoni ekraniga tikilib, bir biridan uzilib qolishmoqda.

Qur’oni karimda Mu’minun surasining 3-oyatida shunday deyiladi:  «Ular behuda narsalardan yuz o‘girguvchilardir». Oyatda mo‘minlarning bema’ni so‘zlardan yuz o‘girishlari ta’riflanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda soatlab ma’nosiz kontentlarni tomosha qilish va tinimsiz skroll[2] qilish aynan shu ma’noga to‘g‘ri keladi. Bu vaqt farzand tarbiyasi, ota-onaga xizmat, turmush o‘rtoqqa e’tibor va ilm olish uchun sarflanishi lozim edi. Agar kishi ijtimoiy tarmoqda o‘tirganligi sababli oilasiga berishi kerak bo‘lgan vaqt va e’tiborni bera olmasa, u holda bu platformalar tinchlik va orom berish o‘rniga, oila a’zolarini bir biridan uzoqlashtiradi.

Zamonaviy tadqiqotlar yana bir tobora kuchayayotgan muammoni ochib berdi: ijtimoiy tarmoqlar orqali oson tanishuvlar, maxfiy muloqotlar va emotsional aloqalar ko‘payishi natijasida nikohda ishonch krizisi yuzaga kelmoqda. Ko‘plab oilalarda turmush o‘rtoqlarning ijtimoiy tarmoqdagi faoliyati, begona odamlar bilan yozishmalari va vertual dunyodagi munosabatlari tufayli janjal va shubhalar paydo bo‘lmoqda. Bu esa ajrashishlar sonining oshishiga olib kelmoqda.[3]

Islom dinida esa g‘ayrat va hayo nikohning muhim ustunlaridan hisoblanadi. Imom Buxoriy va Imom  Muslim rivoyat qilgan hadisda: Rasululloh (s.a.v) dedilar: «Hayo faqat yaxshilikka olib boradi». Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hayoning faqat yaxshilikka olib borishini ta’kidlaganlar.

Ijtimoiy tarmoqlarda nomahram bilan erkin yozishish, shaxsiy suratlarni oshkora qilish, begona odamlarning postlariga muhabbat bildirish va sharhlar orqali romantik yoki jozibador munosabat o‘rnatish Islom shariatida qattiq taqiqlangan. Qur’oni karimning Isro surasining 32-oyatida shunday deyiladi:  «Zinoga yaqin ham bormanglar! Albatta, u fohishalik va yomon yo‘ldir». Alloh taolo zinoga yaqin ham bormanglar, chunki u fohishalik va yomon yo‘ldir, deb ogohlantiradi. Zamonaviy islomiy olimlar bu hukmga zinoning sabablari ham kirishini ta’kidlamoqdalar. Ma’naviy xiyonat, maxfiy onlayn munosabatlar va nomaqbul kontentlarni tomosha qilish ham ana shu kategoriyaga kiradi.

Ijtimoiy tarmoqlarning yana bir jiddiy salbiy ta’siri bolalar va yoshlarga qaratilgan. Turli mamlakatlarda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ijtimoiy tarmoqlar bolalar tafakkuriga, axloqiga va qadriyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Nomuvofiq kontentlar, fahsh materiallar, zo‘ravonlik ko‘rinishlari va dunyoviylashgan turmush tarzining ideallashtirilishi bolalarning ruhiy sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda. Bolalar ota ona nazoratidan yashirin holda onlayn dunyoga kirib ketishmoqda va u yerda ularga zararli ta’sir ko‘rsatilmoqda.[4]

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar bolalarni kitob o‘qishdan, ilm olishdan va ibodatdan chalg‘itmoqda. Ko‘plab yoshlar haqiqiy hayotiy maqsadlar o‘rniga layk to‘plash va obunachilar sonini ko‘paytirishni ustuvor qilmoqda. Bu esa ularning shaxsiy rivojlanishiga va kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ijtimoiy tarmoqlar zamonaviy dunyoning voqeliklaridan biridir va ulardan butunlay voz kechish mumkin emas.  Keling, Qur’on va Sunnat mezonida, zamonaviy tadqiqotlar bilan taqqoslab, bir qator muhim xulosalarga keltiramiz.

Birinchidan, ijtimoiy tarmoqlar neytral vositadir va ularning hukmi foydalanish maqsadi hamda usuliga bog‘liq. Agar ular Qur’on targ‘ib qilgan sukunat, muhabbat, rahmat va qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasa, bu ma’quldir. Agar bu qadriyatlarni yemirsa, xatarli va gunohga aylanishi mumkin.

Ikkinchidan, oilaviy qadriyatlar islomiy jamiyatning markazi bo‘lib qoladi. Qur’on oilani “orom maskan” deb ataydi. Ijtimoiy tarmoqlar bu rishtani zaiflashtirayotgani haqida ko‘plab empirik tadqiqotlar ogohlantirmoqda.

Uchinchidan, asosiy vazifa me’yorni topishdir. Virtual dunyo real oilaviy hayotni bosib ketmasligi kerak. Oila a’zolarining bir-biri bilan yuzma-yuz suhbati, birga ibodat, birga dasturxon va birga dam olish ekrandagi har qanday laykdan ustun turishi shart.

To‘rtinchidan, ijtimoiy tarmoqlarni yaxshilikka burish mumkin. Ular orqali oilaviy aloqalarni mustahkamlash,  ilm  o‘rganish va farzand tarbiyasida zamonaviy vosita sifatida foydalanish mumkin. Lekin bu faqat odob va oila ichidagi ochiq muloqot bilan birgalikda bo‘lgandagina samarali bo‘ladi.

Faxritdin Xaitovich Xudoynazarov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqot bo‘limi xodimi


[2] Скролл — бу интернетда, компютерда ёки телефонда маълумотларни кўриш учун экранда юқори-пастга ёки чап-ўнгга ҳаракатлантириш ҳаракати.

[3]https://dsr.ju.edu.jo/djournals/index.php/Hum/article/view/5413   

[4] https://www.ijcrt.org/papers/IJCRT2010428.pdf

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика