Soxta tariqatchilik – ilmsizlikdir.

by Matbuot xizmati
45 👁️

 (So‘fi Olloyorning “Murodul orifin” asari asosida)

So‘fi Olloyor o‘z davrining yirik olimlaridan bo‘lib, davru davron muammolariga befarq bo‘lmagan faqih zotlardandir. U doimo asarlarida inson hayotiga xavf soladigan muammolarni yechimini topishga intiladi. Saodatga va shaqovatga sabab bo‘luvchi omillarni keng kitobxon ommasiga yetkazish uchun xalqchil uslub bilan o‘z qarashlarini bayon etadi.

         Alloma asarlarining mavzu-munadarijasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, islomiy ilmlarning fiqh, tasavvuf, axloq, kalom yo‘nalishlari bo‘yicha qalam tebratganiga guvoh bo‘lamiz. Sog‘lom e’tiqod borasida So‘fi Olloyordek biron bir mutafakkir o‘z asarlarida ko‘p urg‘u berilmagan. Alloma yashagan zamonda garchi Boborahim Mashrab, Bedil, Sayido Nasafiy kabi zotlar she’riyati keng shuhrat qozongan bo‘lsa ham, biroq islomning e’tiqodiy masalalariga oid asarlarga juda kam urg‘u berilgan. So‘fi Olloyor o‘zi aytganidek “xalqning e’tiqodi buzilgani va turli ixtiloflar xalq orasida yoygani sababli” “Maslakul muttaqin” va “Sabotul ojizin” asarlari yozildi. Ushbu asarlarda fiqhiy masalalar bilan birga e’tiqodiy masalalar yonma-yon turadi. Mutaffakir uslubining ajoyib tomoni shundan iboratki, insonni tarbiyalashda birinchi zohiriy fiqh – ya’ni poklik, namoz, ro‘za, haj, zakot kabi shar’iy mavzularni yoritib, tolibi ilmlarni ushbu mavzularni o‘rganishga chorlaydi. Bu ilmlar qatori aqida bilan bog‘liq bo‘lgan mavzularni Qur’on va sunnatga muvofiq tushuntiradi. Tolibi ilm bu mavzularni o‘rganib olganidan so‘ng, islom dinining muhim mezoni bo‘lgan ruhiy tarbiya – tasavvufni o‘rganishga chaqiradi. Tasavvufni o‘rganishdan oldin Qur’on, hadis, aqida, fiqh va mantiq ilmini bilishni tolibi ilmlarga shart qilib qo‘yadi. Chunki, bu ilmlarni bilmasdan tasavvufni o‘rganiish xatarli ekanligini tushuntiradi. Ilmsiz amal qilishni qoralaydi. Tolibi ilm har bir amali va ibodatini shariat hukmidan tashqariga chiqmasdan bajarishini eslatadi.  “Sabotul ojizin” asarida keltiradiki,

“Shariatsiz kishi uchsa havoga, 

Ko‘ngil berma aningdek xudnamoga”.

         Mana shu mavzuning muhimligini olim his qilgan holda umrining o‘rta va oxrigi yillarida “Murodul orifin” asarini yozishga kirishadi. Albatta, bu asarni yozish sabablarini asarning muqadamisida shunday bayon etadi:

“Ammo nuqsonli bo‘lgan ushbu faqir, eranlar oyog‘ining tuprog‘iga aylangan Tavakkuliy – Olloyor ibn Allohquliy, Alloh isyonlari hamda nuqsonlarini mag‘firat qilsin, o‘zining haqirligiga qaramasdan, do‘stlarning maslahati bilan “Maslak ul-muttaqin” kitobi, so‘ngra “Sabot ul-ojizin”, undan keyin “Maxzan ul-muti’in” asarlarini yozdi. Taqvo ahlidan bo‘lgan do‘stlari tasavvuf va irshod haqida (hanafiy mazhabi va sof e’tiqodi) e’tiqoddan kelib chiqqan holda  asar yozishni talab etdilar. Ushbu layoqatsiz banda tasavvuf va irshod yo‘nalishida hosilsiz hamda ularni tahqiq etishdan bexabar bo‘lsa-da, muhtaram do‘stlar talabi bilan Alloh ta’olodan talab qildiki, ushbu umid gavharini qo‘lga kiritishga yo‘l ochib bersin. E’tiqodga muvofiq bo‘lgan ishonchli kitoblar asosida ushbu kitobni yozishlikni iltimos qildilar. Ilm ahli va kitobxonlarga manzur va bayonlari maqbul bo‘lishi uchun har bir fasl so‘ngida mavzuga xos she’riy bayonlar bitildi. Maqsad, kitobxonga shavqu zavq uyg‘otish va ularni bu yo‘lga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish, e’tiqodini to‘g‘rilash, sayru suluk mohiyatini ilg‘ab olishdan iborat bo‘lgan. Kamina ko‘ksi va muxlislarni shoyad ushbu nazmiy parchalar bilan Alloh taolo ravshan etsin. Do‘stlar va muxlislar taklifiga muvofiq asar nomi “Murodul orifin”, deb nomlandi. Shuning fayzi bilan shoyad aql sohiblari bizga tavajjuh etib, duo va fotihalarida eslab yo‘qlasalar ajab emas”.[1]

Ma’lumki, inson zotini Alloh taolo dunyoda turli sinov va balo-ofatlar bilan irodasini sinaydi. Bu o‘tkinchi imtihonda sabr qiluvchilar hayoti nurga to‘lishi va oxirati obod bo‘lishi ayni haqiqat. Sabrsiz, shoshqaloq, mashaqqat va imtihonlarni o‘ziga jabr deb biluvchi va bunga qarshi isyon qiluvchilar o‘ziga zarar yetkazishdan narigi tomonga o‘tmaydi. Insonning zulmkorligni aynan mana shunda bilinadi. Ilm o‘rganmaslik zulmlarning kattasidir. Chunki ilm najot va hayot garovidir. Ilm bandalikni qanday izhor qilishni bizga tushuntiruvchi vosita demak. Hissiyot va ruhiyat tarbiyasi bilan bog‘liq tasavvuf ilmi ham bugungi mafkuraviy ixtiloflar avj olgan zamonda axloqni to‘g‘rilashda keng imkoniyatlarga ega. Faqat bu sohani o‘rganish uchun yuqorida ta’kidlaganimizdek shariatga muvofiq qadam tashlash lozim. So‘fi Olloyor “Murodul orifin” asarining در علوم صوفیه و حقیقت ایشان[2] (“So‘fiylik haqiqati va uning bayoni haqida” nomli ikkinchi faslida Mustamliy Buxoriyning “Sharhi taarruf” asaridan shunday misolni keltirib, mavzuni boshlaydi: “So‘fiylik ilmi ahvol ilmidir, ahvol ilmi esa amallarning samarasidan hosil bo‘ladi. Bu hol faqat amallarini to‘g‘rilagan kishilarga daxldor.  Amallarning to‘g‘riligi ma’nosi esa – shariatga iqomat va qalbni nopoklikdan poklash bilan bo‘ladi. Bundan shunday ma’no chiqadiki, zohiriy muomalalari pok bo‘lmagan kishining botini ham pok emas. Mabodo, o‘z ruhiyatida biron g‘aroyib ajoyibotlarni sezsa va yoki guvohi bo‘lsa, karomat deb o‘ylaydi. Banda shu holni sezganida shariatning muomala toshini qalbiga ursin. Agar shariat uning shu kabi hollarini qabul qilsa karomatdir, lekin shariat odobiga to‘g‘ri kelmasa, g‘aflat, yolg‘on va g‘ururdan boshqa narsa emas. Bu bilan o‘zining zohirini ham vayron qilishi aniq….[3]

Darhaqiqat, shariat dunyo va oxirat hayotini tartibga soluvchi muhim mezondir. Uni buzgan va noto‘g‘ri talqin qilgan odam zalolatga tushib qolish ehtimoli yuqori. Zero, shariat dunyo hayoti va moddiy boyliklarni qoralamaydi, balki uni ziynat va ehtiyojlar sababini muolaja qiluvchi vosita va xayrli amallar eshigi deb biladi. Inson qalbida vasvasa va turli hollar sodir bo‘lishi mumkin, u darrov “men karomat sohib bo‘ldim”, deb jar solishga hojat yo‘q, balki sir tutib, mutafakkir aytganidek “shariat toshi bilan sinab ko‘rish kerak”. Agar Qur’on, sunnat va mazhabimizga to‘g‘ri kelsa, qabul qilsin. Bu holning aksi bo‘lsa, darrov ilm bilan uni muolaja qilishi zarur. Bunga dalil sifatida mutafakkir Qur’oni Karimdagi Muso alayhisalom va Fir’avn qavmi o‘rtasida sodir bo‘lgan voqeani keltiradi.

قَالَ بَلْ أَلْقُوا ۖ فَإِذَا حِبَالُهُمْ وَعِصِيُّهُمْ يُخَيَّلُ إِلَيْهِ مِنْ سِحْرِهِمْ أَنَّهَا تَسْعَىٰ

(U: «Yo‘q. Sizlar tashlang», dedi. Birdan ularning arqonlari va asolari unga sehrlaridan xuddi harakatlanayotgandek bo‘lib ko‘rindi).

“Ruhiyati sog‘lom bo‘lgan kishi xuddi Muso alayhisalom  asoi kabi haqiqiy ilonga aylanadi. Shunisi aniqki, xayol va shubhada hech qanday samara yo‘q. Agar ko‘ruvchi kishining basirat ko‘zi ochiq bo‘lsa, haqiqatni anglaydi, Fir’avnnig sehrgarlari ham haqiqatni oxirda anglab yetgani kabi. Ammo basirat ko‘zi bo‘lmasa, xayol va kibr bilan ovora bo‘lib, zalolatga kirib qoladi”[4]

So‘fi Olloyor Muso alayhisalom asoini ilonga aylanib, butun sehrgarlarning aldov bilan ilonga aylantirgan narsalarini yo‘tib yuborishini – ilmning doimo jaholatdan ustun kelishiga o‘xshatadi. Garchi surat bilan insonlar hammasi bir-biriga o‘xashasa-da aslida siratlar o‘zgachadir. Agar suratu sirat bir bo‘lganida Muhammad sollallohu alayhi va sallam bilan Abu Jahl maqomi bir xil bo‘lardi. Inson sirati bilan dunyovu oxiratda maqom topadi. Tolibi ilm shunday ustoz topsinki, uning siratu surati yakdil bo‘lsin, amallari bilan qavliga e’tibor qaratsin, toki suratga aldanib, Fir’avning sehrgarlari kabi nadomatga qolmasin.

“Kashfur rumuz” asarida shunday iboralar bor: “Banda hech qachon shayton makridan o‘zini forig‘man deb o‘ylamasin”. Shuning uchun Alloh taolo o‘z habibi – Muhammad sollallohu alayhi va sallamga Qur’on o‘qish asnosida shunday marhamat qildi:

فَإِذَا قَرَأْتَ الْقُرْآنَ فَاسْتَعِذْ بِاللَّهِ مِنَ الشَّيْطَانِ الرَّجِيمِ[5]

(Qur’on o‘qigan chog‘ingda, Allohdan quvilgan shayton(sharri)dan panoh so‘ragin. (Ya’ni, avval «A’uzu billahi minash shaytonir rojiym»ni aytib turib, keyin Qur’on qiroatini boshlagin). 

Butun vasvasalarni daf’ etuvchi oyatlardan biri Qur’oni karimda mana shu oyat sanaladi. Alloh taolo garchi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga xitob qilib aytgan bo‘lsa ham, bu butun ummat uchun umumiy xitob va qoida sanaladi. Tolib shaytoniy vasvasa va fitnalardan o‘zini asrashi uchun ushbu oyatni doimo o‘ziga qurg‘on qilib olsin. Shayton makridan omonda bo‘laman deb, beparvo yurmasin, balki ilm o‘rganish jarayonida shaytonning hiylalaridan o‘zini Alloh himoyasiga olsin. Tolibi ilmni ko‘proq shayton kibrga berilishi va fitnalarga fitnalashish bilan yo‘ldan ozdiradi. Alloh bu hollardan saqlasin. Bunga yo‘liqmaslik uchun ilm o‘rganishda ustozning tarbiyasti muhimdir. Tarbiya odobli va tirishqoq tolibi ilmga komil ustozning darsi orqali o‘tadi. So‘fi Olloyor ushbu mavzu davomida aytadi:

“Ey azizim, muhabbat da’vosini qiluvchi kishilar shuni bilsinki, muhabbatning nishoni Mustafo alayhisalomga ergashishdir, unga ergashishning nishoni esa shariatni aziz tutishdir, muhabbatning tug‘ri bo‘lishi dalili botinning zohirga ergashishidir, botinning to‘g‘riligi zohirning to‘g‘riligisiz bo‘lishi mumkin emas” [6].

         Zohir insonning jismi bo‘lsa, botin esa ruhiyatidir. Jismning sog‘lomligi ruhning sog‘lomligiga bog‘liq. Kasal ruhdan jism ham kasal bo‘lishi muqarrar. Ruhiyatning to‘g‘riligini biz ruh sohibining tashqi olamdagi harakatlari va muvozanati bilan anglab olamiz. Ibodat qilish, ro‘za tutish, haj amalini ado etish, zakot berish, muhtojlarga yordam ko‘rsatish, ota-ona xizmatini qilish, odamlar farovon yashashi uchun dunyoni obod etish va shu kabi amallar jism bilan ado etiladigan amallardir. Endi bu amallar to‘g‘ri va nuqsonsiz Alloh dargohiga qabul bo‘lishi, odamlar amal sohibidan baraka topishi, ruhiyatdagi qasd qilingan niyat bilan vobasta. Agar amal sohibi niyati Allohning rizoligi va odamlarning xushnudligi bo‘lsa, qilingan ishlaridan ham o‘zi va boshqalar manfaat oladi. Muhabbatni da’vo qilish quruq gap va dangasalik bilan bo‘lmasligi barchaga ayon. Muhabbat itoat va sog‘lom e’iqod bilan sharaflangan. Men qalbimda falonchini yaxshi ko‘raman deyish bilan hech kim ishonmaydi. Balki, yaxshi ko‘rishning sabablarini da’vo qiluvchi o‘z hayotida ko‘rsatishi kerak. Inson och qolsa, suv va nonga talpinadi. Mana shu talpinishi uning ochligidan dalolat beradi. Muhabbat ham xuddi shunday, da’vo qiluvchi da’vo qilinuvchi tomonga borishi kerak. So‘fi Olloyor nazarda tutgan muhabbat ham xuddi shunday. Muhabbatning birinchi sharti Allohga itoat qilish, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va  sallamga ergashish, solih olimlarning yo‘lini mahkam tutish, xulqni ziynatlash va zikrga bardvom bo‘lishdan iborat. Bugun tariqat ahlidanman, deyuvchilarning ba’zilari bu mezonga amal qilmasliklari achinarli hol. Meni pirimning gapi gap. Boshqa shayxlar va ilm yo‘lida mashaqqat chekkan olimlarni tan olmasligi og‘riqli hol. Chunki sof tasavvuf ilm o‘rganishni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Alloh taolo Qur’oni karimda O‘zi va Rasuliga itoat qilish bilan birgalikda olimlarga va to‘g‘ri yo‘ldagi rahbarlargi itoat qilishni shunday bayon etadi:

[7]  يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ وَأُولِي الْأَمْرِ مِنْكُمْ ۖ

 (Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Payg‘ambarga va o‘zingizdan bo‘lgan ishboshilarga itoat qiling).

          So‘fi Olloyor aytadi: “Mustafo sollallohu alayhi va sallamni yubdordiki, toki odamlarning ruhiyatidagi e’tiqodi bilan birgalikda zohiriy amallarini isloh etsin. Chunki insonning hayoti jism va ruhdan tarkib topgan. Agar faqatgina botinni poklashni buyurilganida edi, nimaga shariatda ba’zi azoblarni dunyoning o‘zida beriladi va ba’zilari oxiratda qoldiriladi. Solih amalning mukofotini Jannat va O‘zining mislsiz jamolini ko‘rish bilan taqdirlaydi. Allohning bu boradagi qavli shunday:

إِنَّ الَّذِينَ آمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ لَهُمْ جَنَّاتٌ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ ۚ ذَٰلِكَ الْفَوْزُ الْكَبِير[8]ُ

(Albatta, iymon keltirgan va solih amal qilganlarga, ularga, ostidan anhorlar oqib turgan jannat bor. Bu esa nihoyatda ulkan yutuqdir).

[9]  فَمَنْ كَانَ يَرْجُو لِقَاءَ رَبِّهِ فَلْيَعْمَلْ عَمَلًا صَالِحًا وَلَا يُشْرِكْ بِعِبَادَةِ رَبِّهِ أَحَدًا

(Bas, kim Robbiga ro‘baro‘ kelishni umid qilsa, yaxshi amal qilsin va Robbi ibodatiga birontani sherik qilmasin», degin).[10]

         So‘fi Olloyor ushbu oyatlar orqali har bir shariat tolibini dastlab solih amal kimdan qabul bo‘lishini uqtirmoqda. Solih amallar iymon ahlidan qabul qilinib, qiyomat kuni unga hisobsiz ajr berilishini aytadi. Shariat ahlining odobiga ko‘ra, tolib birovga tili, amali va quli bilan ozor bermasligi shart. Ilm o‘rganish bilan birga hilmni ham o‘rganishi muhim. “Shuning uchun zohirning sog‘lomligi botinning sog‘lomligidan dalolat beradi. Anbiyo alayhimussalomning botiniy olamlari barcha xalqning botinidan ko‘ra pok, zohiri esa barchadan ko‘ra odobli bo‘lganini eshitmaganmisan”.[11]

         Payg‘ambarlarning siyrati va surati butun insonlarning sirati va suratidan afzal bo‘lgan. Demak shariat ba’zilar aytganidek, faqat zohriiy amallar emas, balki botiniy amallar maydonidir. Shariat tarozusining bir pallasida zohiriy amallar tursa, ikkinchi pallasida botiniy amallar turadi. Mabodo, tarozuning bir pallasi og‘ir kelib qolsa, o‘lchov miqdori buziladi va muvozanatni yo‘qotadi. Tariqatni da’vo qiluvchilar mana shu mezonga amal qilsagana dunyoda najot va oxiratda saodat topadi. Chunki ibodat ilm va itoat bilan qadrlanadi. 

Jamahmatov Karomiddin – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari,  filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)


[1] Сўфи Аллоҳёр ибни Темур. Муродул орифин/муқаддима ва тасҳиҳу таълиқ Аббосали Вафоий. – Теҳрон: Интишороти сухан, 1387. – С. 43.

[2] Сўфи Аллоҳёр ибни Темур. Муродул орифин/муқаддима ва тасҳиҳу таълиқ Аббосали Вафоий. – Теҳрон: Интишороти сухан, 1387. – С. 59

[3] Сўфи Аллоҳёр ибни Темур. Муродул орифин/муқаддима ва тасҳиҳу таълиқ Аббосали Вафоий. – Теҳрон: Интишороти сухан, 1387. – С. 59

[4] Сўфи Аллоҳёр ибни Темур. Муродул орифин/муқаддима ва тасҳиҳу таълиқ Аббосали Вафоий. – Теҳрон: Интишороти сухан, 1387. – С. 59-60

[5] Наҳл сураси. – 98 оят.

[6] Сўфи Аллоҳёр ибни Темур. Муродул орифин/муқаддима ва тасҳиҳу таълиқ Аббосали Вафоий. – Теҳрон: Интишороти сухан, 1387. – С. 60

[7] Нисо сураси, 59 оятдан.

[8] Буруж сураси, 11 оят.

[9] Каҳф сураси, 110 оятдан.

[10] Сўфи Аллоҳёр ибни Темур. Муродул орифин/муқаддима ва тасҳиҳу таълиқ Аббосали Вафоий. – Теҳрон: Интишороти сухан, 1387. – С. 60.

[11] Сўфи Аллоҳёр ибни Темур. Муродул орифин/муқаддима ва тасҳиҳу таълиқ Аббосали Вафоий. – Теҳрон: Интишороти сухан, 1387. – С. 60.

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика