Islom sivilizatsiyasi markazida xalqaro kongress bo‘lib o‘tdi

by Matbuot xizmati
110 👁️

Islom sivilizatsiyasi markazida “Markaziy Osiyo: umumiy ma’naviy-ma’rifiy meros – umumiy kelajak” mavzusida xalqaro kongress bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan forum xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ilmiy va madaniy muassasalar vakillari, shuningdek Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Ozarbayjondan kelgan uch yuz nafarga yaqin olimlar va san’at arboblarini birlashtirdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati (WOSCU), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi hamda Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoevning ishtirokchilarga yo‘llagan qutlovi o‘qib eshittirildi.

Kongressning aynan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilishi ramziy ahamiyatga ega. Bu noyob majmua mintaqaning uch ming yillik tarixi, Renessans davrlari va Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini mujassam etgan.

Kongress boshlanishida ishtirokchilar Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Markaz qurilishi va uning ichki mazmuniga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi.

Shundan so‘ng davlat idoralari, ilmiy muassasalar va madaniyat arboblari o‘rtasida keng muloqot tashkil etildi. Unda umumiy tarixiy merosni asrash, zamonaviy hamkorlik shakllarini izlash va ma’naviyat g‘oyalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Bosh mavzulardan biri yoshlar siyosati bo‘ldi. Yoshlarni ma’naviy yetuklik, vatanparvarlik va ijodkorlik ruhida tarbiyalash, ularning jamiyat hayotida faol ishtirokini rag‘batlantirish masalalari borasida fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi.

Qizg‘in va ko‘tarinki ruhda davom etayotgan kongress mintaqaning tarixiy birligi, madaniy merosi va ma’rifiy salohiyatini yana bir bor namoyon etdi. Taklif etilgan g‘oya va tashabbuslar barqaror taraqqiyot, o‘zaro hurmat va ma’naviy yuksalish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ushbu nufuzli tadbirda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Joniev Muzaffarxon ham ishtirok etmoqda.

Kongress doirasida 15 noyabrga qadar “Yagona o‘tmish – umumiy kelajak”, “Mixxat yozuvidan raqamli arxivlargacha: Markaziy Osiyo kutubxonachiligi istiqbollari”, “Tirik tarix” xalqaro kino forumi hamda “Yoshlar va raqamli davr: qadimiy qo‘lyozmalardan sun’iy intellektgacha” kabi mavzularda sho‘ba yig‘ilishlari bo‘lib o‘tadi.

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика