
Ona tili – millatning ruhi, or-nomusi, ma’naviy qiyofasi va orzu-umidlarining ifodasidir. U millatning birligi, birdamligi hamda o‘zligini namoyon etuvchi timsoldir. Til millatni yagona xalq sifatida birlashtiradi, uning mavjudligini ta’minlaydi. Har bir millatning o‘z vatani, oilasi bo‘lgani kabi, o‘ziga xos va betakror ona tili ham mavjud. Inson uchun vatani, ota-onasi va oilasi qanchalik aziz bo‘lsa, uning ona tili ham shunchalik muqaddasdir. Go‘dak o‘z vatani, ota-onasi va dunyoni aynan ona tili orqali anglaydi. Farzand tarbiyasida onaning o‘rni beqiyos bo‘lganidek, insonning kamolotga erishuvida ham tilning ahamiyati beqiyosdir. Shu boisdan ham uni “ona tili” deb ataymiz.
Til inson vujudiga qon singari singadi. Barcha ezgu fazilatlar, avvalo, ona allasi va ona tilining jozibasi orqali qalbga kiradi. Inson yuragida ona tiliga nisbatan mehr-muhabbat va sadoqat uyg‘onadi. Turk dunyosining buyuk ma’rifatparvari Ismoilbek G‘aspirali shunday degan edi: “Millatning ikki asosi bordur: bu – tili va dinidur. Agar shu ikkisidan biri yo‘qolsa, millat tanazzulga yuz tutadi.”
Tarix guvohki, ming yillardan buyon o‘zbek tili o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. O‘zbek tili – shirali, jarangdor va quloqqa yoqimli til. Shoir Mirtemir aytganidek, u bolalikdan qulog‘imizga, yuragimizga singib ketgan. Onalarimizning allalari, bobo-buvilarimiz ertak va rivoyatlari orqali tilimiz bizning qalbimizga kirib borgan, unda Vatanga va xalqqa muhabbat uyg‘otgan. O‘zbekiston fuqarolari o‘z ona tilini sevadi, hurmat qiladi va e’zozlaydi. Chunki til orqali millatning taraqqiyot darajasini, ma’naviy holatini anglash mumkin. Shu bois “Til – millat ko‘zgusi” deyiladi.
Til – millatning mavjudlik sharti. Suvsiz daryo bo‘lmagani kabi, tilsiz millat ham bo‘lmaydi. Lutfiy, Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar o‘zbek tilining rivojiga beqiyos hissa qo‘shganlar. Navoiy XV asrda yashab, turkiy tilning imkoniyatlarini amalda isbotladi. U “Hamsa” kabi asarlarini turkiy tilda yaratib, bu tilning buyukligini butun dunyoga ko‘rsatdi. Haqiqatan ham, buyuk adabiyoti bor xalqning tili ham buyuk bo‘ladi.
Til – millatning bebaho xazinasi, ma’naviy boyligidir. Chunki millatning tarixi, madaniyati, urf-odatlari va an’analari unda mujassam. Shu bois biz ona tilimizni asrab-avaylashimiz, uni boyitib, avlodlarga to‘la holda yetkazishimiz lozim. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek: “O‘zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy bog‘liqlik til orqali vujudga keladi.”
1989-yil 21-oktabrda “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Shu bilan ona tilimiz qonuniy himoya ostiga olindi. Keyinchalik Konstitutsiyada ham bu maqom mustahkamlandi. 2019-yilda Prezident farmoni bilan Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Bu – tilimizni yanada rivojlantirish va amalda qo‘llanishini ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Milliy tilga e’tibor tarix davomida ham doimo dolzarb bo‘lib kelgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy shunday degan edi: “Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurgan oynai hayoti – til va adabiyotdir. Milliy tilni yo‘qotmak, millat ruhini yo‘qotmakdur.” Bu fikr bugungi globallashuv davrida yanada dolzarbdir. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rasul Hamzatov singari adiblar ham tilning muqaddasligini turlicha ifoda etganlar. Ularning barchasi bir fikrda: ona tili – millatning ruhi.
Bugungi kunda yosh avlodni milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashda ona tilining o‘rni beqiyosdir. O‘zbek tili tobora nufuz qozonib, xalqaro maydonda tan olinmoqda. Biz yoshlar tilimizning sofligini asrash, uning nufuzini oshirish uchun harakat qilishimiz kerak. Abdulla Qodiriy bejiz aytmagan: “O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al.”
Til – nafaqat muloqot vositasi, balki xalqning madaniyati, urf-odati, turmush tarzi va tarixidir. Har bir xalq o‘z tilini asrasa, bu tinchlik va o‘zaro hurmatning kafolatidir. Olimlarning fikricha, til yashab qolishi uchun undan kamida bir million kishi foydalanishi kerak. Quvonarlisi, o‘zbek tili ana shunday yashovchan tillar sirasidadir.
Tilni sevish va asrash – millatni sevish va asrashdir. Xalqning tarixi, madaniyati va qadriyatlari tilda aks etadi. “Til yashasa, millat yashaydi.” Biz ona tilimizning go‘zalligini, boyligini butun dunyoga ko‘rsatishimiz, uni kelajak avlodlarga meros qilib qoldirishimiz kerak. Chunki tarixchi Shobelev ta’kidlaganidek: “Millatni yo‘q qilish uchun unga qurol ko‘tarish shart emas – uning tilini, ma’naviyatini yo‘q qilish kifoya.”
Muxlisa Ergashova To‘lqin qizi – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi