
Zamonaviy dunyoda radikalizm va ekstremizm insoniyat tinchligiga, jamiyat barqarorligiga va millatlararo totuvlikka jiddiy xavf tug‘dirayotgan hodisalardir. Bu tahdidlar, ayniqsa, yoshlar ongiga turli yo‘llar bilan singdirilmoqda. Shuning uchun radikalizmga qarshi kurashda kuch ishlatish yoki ma’muriy choralar emas, balki ilm va ma’rifat asosidagi yondashuv eng samarali vosita sifatida qaraladi. Chunki jaholat ildiz otgan joyda ekstremizm tez yoyiladi, ma’rifat esa inson tafakkurini yoritadi va uni bu xatarli g‘oyalardan himoya qiladi.
Ma’rifatli jamiyat radikalizmni rad etadi, bilimli inson har qanday fikrni tanqidiy tahlil qila oladi, har bir g‘oyaning mohiyatini anglaydi. Radikal qarashlar ko‘pincha mutaassiblik, bag‘rikenglikning yo‘qligi, boshqalarning fikrini inkor etish, diniy yoki siyosiy g‘oyalarni zo‘rlik bilan singdirishga urinish, jamiyat qonun-qoidalarini rad etish hamda “faqat biz haqmiz” degan bir yoqlama dunyoqarash shaklida namoyon bo‘ladi. Ma’rifat esa insonni mantiqiy fikrlash, dalil-isbot asosida qaror qabul qilishga o‘rgatadi. Shu boisdan, yosh avlodni radikal g‘oyalardan himoya qilishning eng to‘g‘ri yo‘li — ularni to‘g‘ri, chuqur va keng qamrovli bilim bilan qurollantirishdir.
Ta’lim tizimi bu jarayonda muhim o‘rin tutadi. Maktab va oliy ta’lim muassasalari faqat bilim berish bilan cheklanmasdan, yoshlarning dunyoqarashini shakllantiruvchi, ularda tanqidiy tafakkur, tolerantlik, bag‘rikenglik kabi insoniy qadriyatlarni mustahkamlovchi markazlarga aylanishi zarur. Har bir o‘quv dasturi insonparvarlik, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, fuqarolik mas’uliyati kabi tamoyillarni o‘z ichiga olishi kerak.
Shuningdek, diniy ta’lim va ma’naviy tarbiya ham radikalizmga qarshi kurashning muhim omilidir. Dinning asl mohiyatini, insonparvarlik, tinchlik va adolat tamoyillarini chuqur tushuntirish orqali yoshlar orasida noto‘g‘ri diniy talqinlarga qarshi immunitet hosil qilinadi. Haqiqiy diniy bilim insonni ezgulikka, mehr-oqibatga, mehnatsevarlik va bag‘rikenglikka chorlaydi. Shu sababli, diniy-ma’rifiy ta’lim tizimini zamon talablari asosida rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Radikalizmning ildizida ko‘pincha ijtimoiy adolatsizlik, ishsizlik, ma’naviy bo‘shliq, hayotda o‘z o‘rnini topa olmaslik kabi omillar yotadi. Ilm esa insonni o‘z hayot yo‘lini anglashga, jamiyatda foydali shaxs sifatida shakllanishga undaydi. Ma’rifat orqali inson o‘zining qadri, maqsadi va imkoniyatlarini anglaydi. Uni turli yot g‘oyalarga berilishdan saqlaydi.
Shuningdek, axborot texnologiyalari davrida yoshlar internet orqali turli mafkuraviy oqimlarning ta’siriga tushishi mumkin. Shu bois raqamli savodxonlik, axborot madaniyatini oshirish ham ma’rifatning ajralmas qismidir. Yoshlar internetdagi har qanday ma’lumotga tanqidiy yondasha olsalar, radikal targ‘ibot vositalariga ishonmasdan, ularni tahlil qila olsalar, bu o‘z-o‘zidan radikalizmga qarshi kuchli himoya tizimini yaratadi.
Ma’rifat orqali kurashish, bu — fikr va tafakkur maydonida g‘alaba qozonish demakdir. Chunki insonni kuch bilan emas, bilim bilan o‘zgartirish mumkin. Ilmli inson nafaqat o‘z hayotini, balki atrofdagilarni ham yuksak maqsadlarga yo‘naltira oladi. Shu bois davlat, jamiyat, oila va ta’lim muassasalari birgalikda yosh avlodni ma’naviy jihatdan yetuk, bilimli va tafakkuri keng insonlar sifatida tarbiyalashga alohida e’tiborbermog‘i darkor.
Xulosa qilib aytganda, radikalizmga qarshi kurashning eng samarali yo‘li bu — ma’rifatni kuchaytirish, ilmni qadrlashdir. Ma’rifatli jamiyat hech qachon jaholat va radikalizm domiga tushmaydi. Aksincha u tinchlik, taraqqiyot va barqarorlikning eng mustahkam poydevorini yaratadi.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi
ABDUVAXIDOV ABDULLAZIZ ABDUSATTOR O‘G‘LI