GLOBALIZATSIYA VA YOSHLAR ONGIDA DINIY XATARLAR

by Matbuot xizmati
5 👁️

Bugungi kunda insoniyat global o‘zgarishlar, axborot oqimlari, madaniy va mafkuraviy jarayonlarning shiddat bilan rivojlanayotgan davrida yashamoqda. Globalizatsiya – bu jahonda davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy, siyosiy, madaniy va axborot aloqalarining kuchayishi jarayonidir. U jamiyat hayotining barcha sohalariga chuqur kirib bormoqda. Shu bilan birga, globalizatsiya jarayoni nafaqat taraqqiyot va yangilanishni olib keladi, balki ayrim hollarda yoshlarning ongiga salbiy ta’sir etuvchi diniy va mafkuraviy xatarlarni ham yuzaga keltiradi.

Globalizatsiya tufayli dunyo xalqlari bir-biri bilan yaqinlashdi, ilm-fan, texnologiya, axborot almashinuvi tezlashdi. Yoshlar xorijiy tillarni o‘rganish, zamonaviy bilim va kasblarni egallash, xalqaro tajribadan bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali dunyoviy madaniyat, adabiyot, san’at, siyosat va iqtisodiyot haqida tezkor axborot olish imkoniyati kengaydi.

Ammo bu jarayonning ijobiy tomonlari bilan bir qatorda, yoshlar ongiga tahdid soluvchi diniy, mafkuraviy va axloqiy xavflar ham paydo bo‘lmoqda.

Global axborot makonining cheksizligi tufayli, yoshlar turli manbalar orqali har xil diniy oqimlar, g‘oyalar va targ‘ibotlarga duch kelmoqdalar. Afsuski, bu axborotlarning barchasi to‘g‘ri, ishonchli va sog‘lom manbalardan olinmaydi. Ba’zi ekstremistik yoki radikal oqimlar internet orqali yoshlarning ongiga ta’sir o‘tkazish, ularni chalg‘itish, hatto o‘z saflariga jalb etish uchun zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanmoqda.

Radikalizm va ekstremizm g‘oyalari ko‘pincha diniy shiorlar niqobi ostida yoyiladi. Ular yoshlarni diniy hissiyotlarga berilib, aql-idrokni chetga surishga, jamiyatdagi tinchlik va barqarorlikni buzishga undaydi. Bu nafaqat yoshlarning kelajagiga, balki butun jamiyat tinchligiga jiddiy xavf tug‘diradi.

Yoshlar ongida bunday diniy xatarlarning oldini olishda eng muhim omil — ma’naviy immunitetni shakllantirishdir. Ma’naviy immunitet — bu insonning har xil salbiy g‘oyalar va ta’sirlarga nisbatan mustahkam e’tiqodi, to‘g‘ri dunyoqarashi va mustaqil fikrlash qobiliyatidir.

Yoshlar o‘z milliy qadriyatlarini, dinning asl insonparvarlik mohiyatini, Vatan va jamiyat oldidagi burchini to‘liq anglab yetgan taqdirdagina, ularning ongiga yot g‘oyalar kirib kelolmaydi. Shu ma’noda, oila, maktab, oliy ta’lim muassasalari va diniy idoralar hamkorlikda yoshlar ongini sog‘lom ruhda tarbiyalashi zarur.

Islom dini – tinchlik, bag‘rikenglik, insonparvarlik va adolat dini. U hech qachon zo‘ravonlik, adovat yoki buzg‘unchilikni targ‘ib etmaydi. Afsuski, ayrim kuchlar Islom nomidan foydalanib, yoshlarni chalg‘itishga, dindan siyosiy yoki shaxsiy maqsadlarda foydalanishga urinmoqdalar.

Shuning uchun har bir yosh o‘z diniy bilimini ishonchli manbalardan olishi, diniy masalalarda tajribali ulamolar fikriga tayanishi lozim. Shuningdek, diniy savodxonlikni oshirish orqali, inson o‘z e’tiqodini mustahkamlab, turli buzg‘unchi oqimlarning ta’siriga tushmaydi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak globalizatsiya jarayoni zamonaviy dunyoda yashayotgan har bir inson, ayniqsa, yosh avlod uchun sinovdir. Bu jarayondan to‘g‘ri foydalanish – taraqqiyot, noto‘g‘ri yondashish esa — halokatga olib kelishi mumkin. Shu bois, yoshlar global axborot oqimida o‘z e’tiqodi va milliy qadriyatlariga sodiq qolgan holda, ongli, bilimli va tanqidiy fikrlovchi shaxs bo‘lishlari zarur.

Yoshlar ongida diniy xatarlarning oldini olish – bu faqat bir soha vakillarining emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir. Chunki sog‘lom e’tiqod, toza ma’naviyat va mustahkam iymon – millat va davlat barqarorligining eng asosiy poydevoridir.

Imom Termiziy хalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi

ABDUVAXIDOV ABDULLAZIZ ABDUSATTOR O‘G‘LI

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика