
Yangilanayotgan O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” degan ezgu shior asosida fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlarini ta’minlash va diniy sohadagi islohotlarni yanada mustahkamlash bo‘yicha bir qator muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda so‘ngi yillarda diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tartibga solish bo‘yicha ko‘plab qonunlar, farmonlar va hukumat qarorlari qabul qilindi. Xususan, 2021-yil 5-iyulda yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun vijdon erkinligi kafolatlarini ta’minlash borasida muhim qadam bo‘ldi. Bu sa’y-harakatlarning tub zamirida yurtimizda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va ijtimoiy totuvlikni ta’minlash kabi ezgu g‘oya yotibdi.
2025-yil 25-fevral kuni “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu konsepsiya vijdon erkinligiga oid huquq va majburiyatlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining dunyoviy davlat ekanligi haqidagi konstitutsiyaviy qoidalarni amalga oshirishni hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadlari, vazifalari, tamoyillari va ustuvor yo‘nalishlarini belgilashni maqsad qilganligi bilan ahamiyatlidir.
Yurtboshimiz tomonidan joriy yil 21-aprel kuni qabul qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni jadalashtirishga, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” g‘oyasini amalga oshirish jarayonida innovatsion texnologiyalarni tatbiq etishga hamda sohaga oid ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilganligi bilan muhim hisoblanadi. Shu bilan bir qatorda, Farmon “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyilini zamonaviy yondashuv asosida amalga oshirish, ayniqsa yoshlar ongida diniy bag‘rikenglik va vatanparvarlik ruhini shakllantirish, salbiy oqimlarga qarshi ma’rifat orqali kurashishni kuchaytirish yo‘lida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Farmonning o‘ziga xos jihatlaridan yana biri unda jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning insonparvarlik, ezgulik, tinchlik va bag‘rikenglik kabi umuminsoniy va oliyjanob g‘oyalarga asoslangan diniy-falsafiy merosini chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib etishga alohida ahamiyat qaratilganligidir. Zero, vatanimizning ilmiy, ma’naviy va madaniy taraqqiyoti yo‘lida muhim omillardan biri – bu buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni chuqur o‘rganish va uning asosida milliy o‘zligimizni, ma’naviy qadriyatlarimizni tiklashdir. Bugungi globallashuv va tez o‘zgaruvchan dunyoda turli yot g‘oyalarga qarshi ma’rifat va bag‘rikenglik g‘oyalarini ilgari surish, bu yo‘lda ajdodlarimizning ma’naviy-ma’rifiy g‘oyalarini keng targ‘ib qilish juda ham dolzarb hisoblanadi.
Xulosa sifatida aytganda, yurtimizda fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi va diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yanada mustahkamlash uchun amaldagi qonunchilik tizimini takomillashtirib borish, sohaga elektron davlat xizmatlarini joriy etish, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” g‘oyasini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abul Muin Nasafiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ allomalarning boy ma’naviy merosidan amaliyotda foydalanish muhim bo‘lib, bu islohotlar mamlakatda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va konfessiyalararo do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqot bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)