
Abu Mansur Imom Moturidiy o‘z davrining yirik mutakallimi va islom olamining mashhur olimi sanaladi. Alloma o‘zining noyob asarlari bilan islom dinidagi sog‘lom e’tiqodni saqlash uchun ko‘plab asarlar yozgan. Ahli sunna val jamoa aqidasining yirik tarmog‘i bo‘lgan – moturidiylik ta’limotini butun dunyo musulmonlariga islomning tayanchi sifatida o‘rgatilishi allomaning rabboniy olim ekanligidan dalolat beradi.
Imom Moturidiy butun Islom olamida o‘zining serqirra va boy ilmiy merosi bilan zamondosh va keyingi davr ulamolarini hayratga solgan. Imom Moturidiyga Alloh taolo ilm yo‘lida shunday farosat, aql va zakovatni berganki, asarlari asrlar osha musulmon o‘lkalarida darslik sifidatida o‘qitilib kelinadi. Turli xil fitna va buzuq g‘oyalarga aqliy va naqliy asosda Imom Moturidiy o‘z zamonida adashganlarga raddiya bergani u kishining ilmga bo‘lgan iste’dodidan darak beradi. “Ta’vilot al-Qur’on” asari butun musulmon olamida ixtiloflarga yechim topuvchi muhim aqidaviy asarlardan biridir. Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” asari haqida buyuk vatandoshimiz Abu Muin Nasafiy shunday deydi: “Ta’vilot al-Qur’on” – unga hech bir kitob teng kela olmaydigan asardir. Bu fan bo‘yicha bundan avvalgilar yozgan kitoblarning birortasi ham unga yaqin kela olmaydi”.[1]
Darhaqiqat, Imom Moturidiyning asarlari o‘zining noyobligi va islom dinidagi sof e’tiqod masalasiga bag‘ishlangani bilan boshqa islomiy asarlardan ajralib turadi. Alloma har bir fikr va qarashlarini Qur’on, sunnat va mazhab ra’yi bilan tayanib bayon etadi. Bundan tashqari xalqning ijtimoiy kelib chiqishidan kelib chiqib e’tiqodini to‘g‘irlashga intiladi. E’tiqod bilan bog‘liq bo‘lgan har bir mavhum masalani yoritishda ilmiylik asosida yondashadi.
Tarixdan ma’lumki, Imom Moturidiy asarlariga atab dunyoning ko‘plab olimlari sharhlar yozgan. Ayniqsa, Moturidiy ta’limoti Movarounnahr, Xuroson mamlakatlariga keng yoyilishiga sabab bo‘ldi. Bunga Imom Moturidiyning izdoshlari ilmiy faoliyati hissasi beqiyosdir. Bu zotning ilmiy merosi haqida keyingi davr ulamolari ko‘plab fikr-mulohazalar bildirishgan. Toshko‘prizoda “Miftahu-ssaoda” asarida Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosiga shunday baho bergan: “Ahli sunna val jamoaning kalom ilmidagi rahnamolari ikki kishidir. Biri hanafiy bo‘lsa, ikkinchisi shofeiydir. Hanafiy rahnamo Abu Mansur Muhammad ibn Mahmud Imomu-l-huda, Rais ahli sunna val jamoa Abu Mansur Moturidiydir. Shofeiy rahnamo esa Shayx ahli sunna, Raisu-l-jamoa, Imomu-l-mutakallimin Abul Hasan Ash’ariy Basriydir”. [2]
Albatta, Imom Moturidiy asos solgan maktab bugun Movarounnahrda Moutridiylik ta’limotiga zamin yaratdi. Bu zot o‘zining “Kitobut tavhid” va “Ta’vilot-al Qur’on” asarlari bilan dunyoga moturidiylikning keng tarqalishiga zamin yaratadi.
Moturidiylik ta’limoti yoyilishiga uning shogirdlari Abul Hasan Rustug‘faniy (vaf. 350/961 y.), Abu Salama Samarqandiy, Abu Isma Buxoriy, Abu Ahmad Iyodiy, Abu Bakr Iyodiy, Abdulkarim Pazadaviy, Hakim Samarqandiy, Abul Muin Nasafiy, Abdulyusr Pazdaviy kabi ulug‘ zotlarning ilmiy faoliyati tahsinga sazovor. Keyingi davr mutafakkirlari Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy o‘z asarlarida “zamonning a’lam ulamosi”, “sultonul muizzin” nomlari bilan tilga olganlar. Moturidiyning ilmiy faoliyati haqida bu kabi tavsiflar bo‘yicha juda ko‘p misol keltirish mumkin.
Ma’lumki, Movarounnahr ulamolari islom dinini ilmu ma’rifat dini sifatida targ‘ib qilib kelishgan. Shuning uchun Termiziylar, Chag‘oniylar, Nasafiylar, Shoshiylar, Samarqandiylar va Buxoriylar taxallusi bilan yozilgan minglab asarlar dunyo yuzini ko‘rdi. So‘fi Olloyor ham Imom Moturidiyning yetuk izdoshi sifatida o‘z asarlarini tasavvuf, fiqh, kalom yo‘nalishida yozdi.
So‘fi Olloyor aqida va kalom yo‘nalishida yozilgan “Sabotul ojizin” asarida Moturidiylik ta’limoti, ahli sunna val-jamoaga ergashish zarurati haqida to‘xtalib o‘tadi:
Jamaot ahli sunnat tuzgan erlar,
Derlar: turfa nozikdur bu yo‘llar.
Ulug‘ yo‘lni qo‘yib o‘lguncha ey yor,
Qadam qo‘yma toyar yerlarga zinhor.[3]
Bu yerdagi ulug‘ yo‘ldan murod – “ahli sunna val jamoa” yo‘lidir. Ahli sunna val jamoaga ergashish ilohiy rahmatga sabab bo‘lishi hamda aqoid ilmi ulamolarining fikri bo‘yicha “jamoat bilan birga bo‘lishda ilohiy rahmat va savob borligi, jamoadan ayro bo‘lib yo‘rishda toyilish borligi aytib o‘tilgan”. Imom Moturidiy ahli sunna val-jamoa yo‘lini mustahkam, ishonchli, sof yo‘l sifatida asarlarida tushuntiradi.
So‘fi Olloyor o‘z asarlarini Imom Moturidiyning moturidiylik ta’limoti asosida shakllantirganini quyidagi mutanosiblik jihatlardan aniqlash mumkin.
Xalqul af’ol – Alloh taolo bandalarning fe’lini o‘zi yaratgan. Banda o‘z fe’lini yaratishga qodir emas. Balki Alloh taolo yaratgan fe’lni kasb etadi. Bunday olganda, Alloh fe’llarning xoliqi bo‘lsa, bandalar uning kosibidir. So‘fi Olloyor aytadi:
Xaloyiqning jam’i fe’lu qavli,
Emas bir zarrai betaqdiri Mavli.
Imom Moturidiy “Ta’vilot” asarida bandaning fe’lini Alloh taolo yaratishini ochiq-oydin bayon etib, o‘z davrida adashgan oqimlarga naqliy va aqliy dalillar bilan raddiya beradi.[4]
Zarardur, naf’dur yo xayr shardur,
Yaqin bilgil qazo birla qadardir.[5]
“Fiqhul akbar” sharhida Mulla Ali Qori qazo va qadarni shunday ta’riflaydi: “Qazo va qadar yaratish ma’nosidadir. Yaxshini ham, yomonni ham Alloh taolo yaratadi. Yaxshining yaxshiligi, yomonning yomonligi, achchiqning achchiqligi, shirinning shirinligi Allohdan bo‘ladi”.[6]
Imonning ko‘payishi va kamayishi borasida So‘fi Olloyor moturidiylik e’tiqodini o‘ziga xos bir nazmiy uslubda keng kitobxonga tushuntirishga intilgan.
Yaqin bilgilki, iymon bo‘lmagay kam,
Erur birdek, ziyoda bo‘lmagay ham.
Bu so‘zdir ahli sunnatni tariqi,
Jadal etdi bu so‘zda har fariqi.
Bo‘lur ammo amal zoyidu nuqson,
Topar yaxshi amaldin ajr inson[7].
Imom Moturidiyning keyingi izdoshlari Mula Ali Qori “Fiqh ul-akbar” sharhida aytadiki: “Imon ko‘paymaydi ham, kamaymadi ham. Chunki imon qalb bilan tasdiqlash va til bilan iqror bo‘lishdir”.[8]
Allohning ism va sifatlari haqida Imom A’zam shunday deydi: “Alloh taolo O‘zining ismlari va sifatlari bilan hamisha bo‘lgan va hamisha bo‘ladi. Uning hech bir ismi va sifati keyin paydo bo‘lmagan”.[9] So‘fi Olloyor o‘z asarida Alloh taoloning barcha sifatlari azaliy ekanligi, O‘z ilmi bilan hamisha olimligi, qudrati bilan qodirligi, kalomi bilan Mutakallimligi, Uning sifatlari abadiy o‘zgarmasligini masnaviy janridagi she’rlar bilan tushuntiradi.
Hayotu ilmu qudrat ham basar, sam’,
Irodavu kalom, takvindur, ey sham’.[10]
Basar ham sam’ aning vasfi biloshak,
Basar ma’nisi ko‘rmak, sam’ – eshitmak.
Quloq, ko‘z bandaga hojat erur bas,
Xudo hech qaysining muhtoji ermas.[11]
Imom Tahoviy “Aqidai Tahoviyya” asarida keltirishicha: “Alloh taolo O‘z zotida ham, sifatlarida ham, ismlarida ham, ishlarida ham, hukmlarida ham yolg‘izligi, sherigi yo‘qligiga imon keltirish…”.[12]
Jabr va ixtiyor mavzusi haqida kalom ilmi olimlari tomonidan turli xil ta’riflar berilgan. Biroq eng mo‘tadil va to‘g‘risi moturidiylar va ash’ariylar tomonidan bayon etilgan. Ma’lumki, moturidiylik ta’limotida Imom A’zamning “Fiqhul akbar” asari ta’siri benihoya. Jabr va ixtiyor masalasida shunday deyilgan: “Alloh taolo bandalaridan birortasini kufrga ham, imonga ham majburlamagan. Ularni mo‘min yoki kofir etib yaratmagan. Lekin ularni shaxs qilib yaratgan. Imon va kufr bandalarning fe’lidir”.[13] So‘fi Olloyor aytadiki, bizga Alloh taolo ixtiyor ne’matini bergan, banda o‘z ixtiyori bilan yaxshilik yoki yomonlikka qarab yo‘l olishi mumkin. Yaxshilikka intilsa, Allohning roziligi, yomonlikka intilsa, Allohning g‘azabiga giriftor bo‘ladi.
Agarchendeki qo‘ymas erkimizga,
Beribdir ixtiyori juz’iy bizga.[14]
Bandalarning amallarini Alloh taolo O‘zi yaratadi, biroq juz’iy ixtiyorni ularga beradi. Tanlash insonning o‘ziga bog‘liq. Soddaroq qilib tushutiradigan bo‘lsak, Alloh taolo bandalar fe’lining Xoliqi va insoniyat esa kosibdir. Bandalarning barcha amallari harakat va turishlari haqiqatda ularning kasblaridir.
Alloh bandalariga hech qachon zulm qilmaydi. Balki bandaning toqatiga qarab uni mukallaf qiladi. To‘g‘ri va noto‘g‘ri yo‘lni O‘z Kitobi bilan ochiq-oydin ko‘rsatdi. Banda toqatidan kelib chiqib unga rioya etishi zarur. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi:
يُرِيدُ اللَّهُ بِكُمُ الْيُسْرَ وَلَا يُرِيدُ بِكُمُ الْعُسْرَ[15]
(Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinchilikni xohlamaydi.)
So‘fi Olloyor o‘z asarida sog‘lom e’tiqod bilan bog‘liq barcha masalalarni she’riyat uslubi bilan xalq tilida tushuntirishga erishgan. Imom Tahoviy aytadi: “Alloh taolo ularni toqatlari yetadigan narsadan boshqaga taklif etmagandir. Ular U Zot taklif qilgan narsagagina toqat qilurlar”.[16]
Xudo zulm etmadi hech bandalarga,
Vale tuz yo‘lni ko‘rsatdi alarga.[17]
Alloh taolo yaxshilik va yomonlikni O‘zi yaratadi. Yaxshi ish fazilat va oliy mukofotlarga sabab bo‘lishi hamda yomon ish razillik va jazoga vosita bo‘lishi Kitob va Sunnat asosida ochiq aytib o‘tilgan. Alloh taolo olamni yaratishida ilohiy hikmat borligi ma’lum. Yaxshi ishning ham, yomon ishning ham hikmati oxirida ma’lum bo‘ladi. Yaxshi ish deb o‘ylagan narsalar ba’zida yomon ish bo‘lib chiqishi mumkin. Yomon deb qaralgan narsa aslida yaxshi bo‘lishi ham mumkin. Shuning uchun Imom Moturidiy aytadi: “Buning asli shuki, olamdagi biror narsani ko‘rsangiz, albatta, unda ajib hikmat, go‘zal dalil bor. Hakimlar uning mohiyatini idrok qilish va qanday qilib bunday bo‘lib qolganini anglashdan ojiz qoladilar”.[18]
Munosib ish erur yo nomunosib,
Ani qilmoqqa banda bo‘ldi kosib.
O‘shancha ixtiyori juz’iydin boz,
Topar banda jazo ko‘p qilsa yo oz.
…Xudo rozi emas isyonimzga,
Rizosidir Ani ehsonimizga.[19]
So‘fi Olloyor “Sabotul ojizin” asarida musulmon kishining e’tiqodini ahli sunna val jamoa ulamolarining asarlari asosida teran xulosalar va muxtasar bayonlar bilan nazmiy uslubda qayd etadi. Asarda kelgan navbatdagi baytlarda ham mutafakkir nazm yo‘li bilan e’tiqodiy masalalarni keng yoritib beradi.
Iroda borasida Imom Moturidiy “Tavhid” kitobida keltiradi: “Bizning nazdimizda irodaga dalolat bu – haqiqati bir-biridan tafovut qilishiga qaramasdan, hikmatga, Allohning yagonaligiga dalolat qilgan holda maxluqotning yuzaga chiqishidir. Bu esa bir narsaning qanday bo‘lsa, shunday holida bo‘lishini iroda etishga dalolat qiladi”.[20]
Iroda qilsa ul Hayyi tavono,
Qilur bir lahzada bilmasni dono.[21]
Allohning irodasi bilan butun dunyo nizomi tartibga kelgani hamda maxluqotlar Allohning irodasidan tashqariga chiqmasligi ayni haqiqatdir. Narsa qanday bo‘lsa, shunday holida bo‘lishni U zot iroda qiladi. Hatto inson oyog‘iga qadalgan tikan ham Uning irodasidan tashqarida emas.
Qadalsa bir tikan yo tushsa bir qil,
Irodasiz emas hech ish – yaqin bil.[22]
Allohning qudrati tafakkur qilinadi, biroq Uning zoti tafakkur qilinmaydi. Chunki U Zot hech bir maxluqotga o‘xshamaydi. U tengi yo‘q bo‘lgan Yagona ilohdir. So‘fi Olloyor ham aytadiki, ey inson farzandi Uning qudrati va san’atini tafakkur et, lekin Zotini tafakkur etma.
Vale fikr et Xudoning qudratiga,
Ajoyib ishlariga, san’atiga.[23]
Alloh taologa qul, makon va boshqa maxluqotlarga xos bo‘lgan jihatlar bilan jismu makonni nisbat berishni ahli sunna val-jamoa ulamolari qattiq tanqid qilgan. Imom Moturidiy bu borada shunday deydi: “Insonning “U qaerda?” deb so‘rashi makon haqida so‘rash hisoblanadi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, U Zot bundan pokdir. Alloh taolo narsalarga masofa jihatidan “yopishish” yoki ulardan “ajrash”, shuningdek, ularning ichiga “tushish” va ulardan “chiqish” kabi sifatlar bilan sifatlanmaydi”.[24] Shu sababli, narsaga dalolat qiluvchi narsa bilan Alloh sifatlanmaydi. “Yad” masalasining qandayligi, uning kayfiyatiga kirishilmaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda nimani iroda qilgan bo‘lsa, biz shunga imon keltiramiz.
Na etsa, erki boru qudrati bor,
Qo‘li birla yaratdi, dema zinhor.[25]
Allohning mislsiz jamolini ko‘rish bayonida “Fiqhul akbar” sharhida “Bu dunyoda Alloh taoloni ayon ko‘rish mumkin emas. Chunki bu dunyo foniydir. Oxirat esa boqiydir. Ahli sunna olimlari bu dunyoda hech kim Alloh taoloni ko‘rolmaydi, deyishgan” Ardabiliy “Al-Anvar” asarida bunday deydi: “Bir kishi agar dunyoda “Men Allohni ko‘zim bilan ko‘ryapman” yoki “Alloh men bilan so‘zlashmoqda” desa, haqiqatda dindan chiqar. Ya’ni unday kimsa yo‘ldan adashgan, ozgandir, yomonlardandir”. Darhaqiqat bu kabi so‘zlarni aytish uchun inson sog‘lom aql sohibi bo‘lmasligi kerak. Alloh taoloni inson zoti bu dunyoda ko‘rolmasligini So‘fi Olloyor qisqa bayonlar bilan izoh berib o‘tadi:
Tirilsang oxiratda ey xaridor,
Xudoyim ko‘rsatur do‘stlarga diydor
Vale ko‘rmakni bechunu chunon bil,
Jihatsiz, mislsiz bil, bemakon bil.[26]
Qiyomat kuni bandalar jannatga kirganida Allohning jamolini ko‘rishini ahli sunna olimlari yakdil ittifoq qilishgan. Inson bu dunyoda Allohning jamolini ko‘rolmasligi bo‘yicha ochiq bayonlar ko‘rsatilgan. Mutafakkir Alloh “diydor”ini ko‘rishni kayfiyatsiz, o‘xshashsiz va jismdan xoli holda tasavvur qilishni uqtiradi. Zero Alloh maxluqotlarning barcha sifatlaridan munazzahdir. U Zot yagona, pok va oliydir.
Xulosa qilib aytish mumkinki, So‘fi Olloyor XVII-XVIII asrlarda Movarounnahr zaminida moturidiylik maktabida shakllangan ta’limotni nazm va nasr yo‘li bilan xalqchil tilda bayon etishga erisha olgan ulug‘ olimlardandir. Uning qalamiga mansub “Maslakul muttaqin”, “Sabotul ojizin”, “Murodul orifin”, “Maxzanul mute’in” asarlari sog‘lom e’tiqodni tasavvufiy, fiqhiy, e’tiqodiy va tarixiy nuqtai nazardan yoritgan.
Imom Moturidiy ta’limotini So‘fi Olloyor nazm yo‘li bilan bayon etishidagi yana bir hikmat – sog‘lom e’tiqodning avom xalq orasida keng yoyilishiga intilganidir. Buni mutafakkir xalq qalbiga tez kirib boradigan uslub – she’riyatdan va badiiy san’atlardan unumli foydalanganida ko‘rish mumkin.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari – Jamahmatov Karomiddin Aynillo o‘g‘li
[1] Abu Mansur Moturidiy. Ta’vilot al-Qur’on (30 juz). Tarjimonlar: Alouddin Hofiy va boshqalar. – Samarqand: “Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi” nashriyoti, 2021. – B. 7.
[2] Imom Moturidiy [Matn] : risola / Sh.Ziyodov. – Toshkent: «O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi» nashriyot-matbaa birlashmasi, 2022. –
[3] Risolai aziza. Sabotul ojizin sharhi/nashrga tayyorlovchi B. Hasan. – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashri, 2000. – B. 34.
[4] Imom Moturidiy. Ta’vilotu ahlis sunna. / 10 jild. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya. – S. 114-115.
[5] Risolai aziza. Sabotul ojizin sharhi/nashrga tayyorlovchi B. Hasan. – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashri, 2000. – B.5.
[6] Mulla Ali ibn Sulton Muhammad Qori. Al-fiqh ul-akbar/arab tilidan o‘zbek tiliga tarjima qiluvchi Muhammad Sharif Juman va sharhlovchti Yo‘ldosh Eshbek. – Toshkent: Munir, 2021. – B. 38.
[7] Risolai aziza. Sabotul ojizin sharhi/nashrga tayyorlovchi B. Hasan. – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashri, 2000. – B. 35.
[8] Mulla Ali ibn Sulton Muhammad Qori. Al-fiqh ul-akbar/arab tilidan o‘zbek tiliga tarjima qiluvchi Muhammad Sharif Juman va sharhlovchti Yo‘ldosh Eshbek. – Toshkent: Munir, 2021. – B. 264.
[9] https://madrasa.uz/books/fiqhul-akbar-1.pdf