IMOM TERMIZIY ASARLARI – ISLOM DINI VA PAYG‘AMBARIMIZ TARIXINI O‘RGANIShDA BEBAHO MANBA

by Matbuot xizmati
17 👁️

Annotatsiya. Maqola chuqur tahliliy asosga ega bo‘lib, hadislarda ilm va ma’rifat muammosining mohiyati analiz qilingan.

Kalit so‘zlar: Alloh, payg‘ambar, Qur’on, Hadis, islom, so‘z, ilm, ruh, aql, tafakkur, ma’rifat, ta’lim, tarbiya, ajdodlar o‘giti, hikoyatlar, tamsillar, sog‘lom aql, axloq, adolat, sabr, qanoat, g‘oyaviy e’tiqod, mo‘jiza va b.q.

Abstract. The article analyzes the essence of the problem of knowledge and enlightenment in hadiths on a deep analytical basis.

Keywords: The god, prophet, fortress, hadith, Islom, word, knowledge, spirit, mind, thinking, enlightenment, education, upbringing, extinction of ancestors, stories, wisdom, common sense, morality, justice, patience, satisfaction, ideological belief, miracle and e.t.c.

Ma’lumki, bundan roppa-rosa 34 yil ilgari-ya’ni 1990 yili avvalo, islom dunyosi, so‘ng, butun dunyo musulmonlarining talabiga asosan, O‘zbekiston zaminida buyuk muhaddis Imom Termiziy tavalludining 1200 yillik yubileyini nishonlanishiga rozilik berilishi so‘ralgan edi.

U paytda: Birinchidan, O‘zbekiston totalitar tuzum iskanjasida bo‘lib,

«paxta ishi», «o‘zbeklar ishi», qatag‘on davri davom etmoqda edi.

Ikkinchidan, xudosiz sho‘rolar mafkurasi hali hukmronligini davom ettirmoqda edi.

Uchinchidan, Imom Termiziy va boshqalar nomi tarix sahifasidan o‘chirilgan, maqbarasi qarovsiz, tashlandiq holatda bo‘lib, hech qanday 

tayyorgarlik yo‘q edi. Ammo, butun dunyo musulmonlari osonlikcha taslim bo‘lishmadi…

Natijada o‘z obro‘sini saqlash maqsadida, «katta hokimiyat» jumladan, sobiq CSSRning birinchi va oxirgi Prezidenti Mixail Gorbachev ham, O‘zbekiston rahbariyati ham yubileyni o‘tkazishga rozilik berishga majbur bo‘lishdi. Yubileyni o‘tkazish uchun shoshilinch choralar ko‘rildi. Termiz shahridagi «Murch bobo» masjidi kapital ta’mirlandi, Hakim Termiziy maqbarasi, Sheroboddagi Imom Termiziy maqbarasi ta’mirlandi. Obodon- chilik ishlari olib borildi.

1990 yil sentyabrida jahonning 96 mamlakatidan ishtirok etgan dele- gatsiya o‘tirgan maxsus samolyot Toshkent aeroportiga kelib qo‘ndi. Delega- siyani o‘sha paytdagi O‘zbekistonning birinchi rahbari Islom Karimov shaxsan kutib oldi.

Reys Termizga qarab yo‘l oldi. Aeroportdan maxsus avtobuslarga joy- lashgan delegatsiya «Murch bobo» masjidida toat ibodatini qilib, yo‘l- yo‘lakay Hakim Termiziy maqbarasini ziyorat qilib, Sherobodga qarab yo‘l olishdi. Tunni Imom Termiziy ziyoratgohida o‘tqazishib ertasi Termizga qarab yo‘l olishdi. Termizda xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi. Jonli guvoh sifatida aytishim joizki, Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligi juda yuqori saviyada o‘tgan edi. Surxon diyori tarixida buyuk shodiyonaga aylandi. Ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ibot ishlari olib borildi.

Dunyoning 96 mamlakatidan kelgan delegatsiya Tojikiston Respublikasi rahbariyatining taklifiga binoan Dushanbe shahrida o‘tkazilgan tadbirga ishtirok etishdi. Eng muhimi, sobiq ittifoqning birinchi va oxirgi Prezidenti Mixail Gorbachev taklifiga binoan delegatsiya Moskvada bo‘lishdi. Izzat ikrom ko‘rsatildi.

Bu yubileyning o‘tkazilishi bir tomondan, millatni uyg‘onishi o‘zlikni anglashi uchun juda katta ma’naviy turtki bo‘lgan edi.

Ikkinchi tomonidan, mustabid tuzum davrida taqiqlangan ko‘plab buyuk ajdodlar merosi o‘z egasiga-ya’ni xalqimizga qaytarilishi uchun imkon yaratildi. Jumladan, Imom Buxoriyning 4 jildlik «Hadis»i, Imom Termiziy, Imom Abu Mansur Moturidiy, Ahmad Yassaviy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Najmiddin Kubro, Xoja Ahror Ubaydulloh, jadidlar merosi, Alixonto‘ra Sog‘uniy asarlarining nashr etilishi aynan 1990-1991 yillarga to‘g‘ri kelishi ham bejiz emas. 

Kezi kelganda, xolisona e’tirof etish kerakki, 1990 yilning sentyabrida o‘tkazilgan Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan yubiley keyinchalik buyuk bobokalonlarimiz Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Hakim Termiziy, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Najmiddin Kubro, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Amir Temur va boshqalarning yubileylarini o‘tkazish uchun o‘ziga xos tajriba maktabi bo‘ldi.

Uchinchidan, millatni o‘z-o‘zini anglashga, uyg‘onishga, erkka, mustaqil- likka chorlovchi jo‘shqin adabiyot paydo bo‘ldi.

Mustaqillik va erk jarchisi Erkin Vohidov o‘zining «Iztirob» deb nomlangan mashhur she’rida da’vat etgan edi:

Betavfiq rahbarni so‘kkanim uchun Uch yil yotar bo‘lsam yotganim bo‘lsin. Uning yo‘q obro‘sin to‘kkanim uchun

To‘lov bersam borim sotganim bo‘lsin. Xalqimga qadringni bil, desam agar, Kurash, haqni oshkor qil, desam agar, Bu qutqu atalsa davlatga zarar

Qancha azob bo‘lsa tortganim bo‘lsin. Amaldor der esa; tuzum men o‘zim, Farmon-farmonimdir, so‘z-mening so‘zim. Men bunday tuzumdan o‘uirib yuzim, Tamom jinoyatga botganim bo‘lsin.

Tiflisda xalq uzra tank yuborgan zot Sha’nin qilar bo‘lsa qonun ehtiyot, O‘sha zot, kommunist bo‘lsa, men, hayhot, Firqa daftarchamni otganim bo‘lsin!

Xudosizlikka asoslangan, yolg‘on sho‘rolar mafkurasining mohiyati fosh etilishiga zamin yaratildi. Bu borada E.Vohidovning «Yolg‘on haqida» nomli she’rida bayon etilgan otashin misralarga e’tibor bering:

Rostu yolg‘onlarning hisobi bordir, U dunyo, bu dunyo javobi bordir.

Yolg‘onchi olamda gunohimiz ko‘p, Kechirguvchi tanho Parvardigordir. Jahonda yolg‘on bor, lekin eng yomon — Elni jaholatga boshlagan yolg‘on.

U xalq yuragiga otilgan o‘qdir, Unga ikki olam Mag‘firat yo‘qdir 

Surxon diyorining otashin kuychisi, dilbar shoiri Shafoat Rahmatullo Termiziyning «Imom Termiziyga munojot» she’riga e’tibor beraylik.

Shoir kuylaganidek:

U yo‘llar makruhdir izga qaytaman, Sunnati haqiqat so‘zga qaytaman, Ahli mo‘min sizga, o‘zga qaytaman, Men izga qaytaman-o‘zga qaytaman

Yo Imom Termiziy Sizga qaytaman.

Yo‘q edim to‘liqmi, yarim asr men, Ko‘r edim to‘liqmi yarim basir men, Telbami, manqurtmi, aqli qosir men, Men izga qaytaman-o‘zga qaytaman

Yo Imom Termiziy Sizga qaytaman

«Uchlik» shapkasiga sallamni berdim So‘ng kalom, imlomni, kallamni berdim, Arbobu adibu mullamni berdim.

Men izga qaytaman-o‘zga qaytaman Yo Imom Termiziy Sizga qaytaman.

Merosni toptash madaniyatmi, Ajdodni toptash ham ma’naviyatmi, Yolg‘onni maqtash ham aynul hayotmi? Men izga qaytaman-o‘zga qaytaman

Yo Imom Termiziy Sizga qaytaman.

Falsafa onasi kitobi Karim Qolib kufur darsin oldi bu sarim.

Menda iymon yo‘qdir, bo‘lsa ham yarim, Men izga qaytaman-o‘zga qaytaman

Yo Imom Termiziy Sizga qaytaman.

Tuf yolg‘on dunyoga, asl qaydasan,

Sharq fikri jam etgan hosil qaydasan, Haqqa yetaklovchi Rasul qaydasan?

Men izga qaytaman-o‘zga qaytaman

Yo Imom Termiziy Sizga qaytaman.

O‘ylaymizki, bu mustaqillik tufayli o‘zlikni anglashimiz uchun, yangi O‘zbekiston uchun, «Milliy tiklanishdan-milliy yuksalish sari» taraqqiyot strategiyamizni belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. Buyuk bobokalon- larimiz merosi biz uchun yorug‘ yo‘l-harakat dasturidir.

O‘rni kelganda mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, Yangi O‘zbekiston Konsepsiyasining me’mori, muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev, 2024 yil 15 avgustdagi «Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida», deb nomlangan olamshumul tarixiy qarorga imzo chekish bilan nainki xalqimiz, Markaziy Osiyo mintaqasi, Islom olami, qolaversa dunyo xalqlari oldida, abadul-abad tarixning oltin zarva- raqlarida, oltin harflar bilan muhrlanadigan missiyani ado etdilar.

Tarixiy qarorda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan juda ko‘p (kompleks) vazifalar qatorida: «Imom Termiziyning «Ash-Shamoilul Muhammadiya» va

«Sunani Termiziy» asarlarini moturidiylik aqidasi va hanafiylik mazhabiga tayangan ko‘p jildlik akademik tarjima va sharhini tayyorlash hamda ularni nashr etish» vazifasi qo‘yilgan.

Islom olamida, XX asrning Imom Buxoriysi deya e’tirof etilgan buyuk qomusiy olim, islomshunos, insonshunos, Alixonto‘ra Shokirxonto‘ra o‘g‘li Sog‘uniy o‘zining shoh asari bo‘lmish «Tarixi Muhammadiy»ning so‘z boshisidayoq ta’kidlagan ediki:

«Bilmak kerakki, har bir musulmon bolasi, xohi er kishi, xohi xotun kishi, xohi yosh, xohi qari, mana shu tubandagi to‘rt narsaning tarixini bilishi albatta lozimdur.

  1. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom tarixlari
  2. Qur’oni karim tarixi
  3. Dini Islom tarixi
  4. Ka’batulloh tarixi».

Shu bois, payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam tarixlarini o‘rganish doimo islomshunos olimlarning diqqat e’tiborini qozonib kelgan.

Bu borada ko‘hna va hamisha navqiron Surxon diyoridan chiqib, ja- honshumul ahamiyatga ega asarlar yaratgan buyuk allomalardan biri, mashhur muhaddis Abu Iso Muhammad Termiziyning xizmatlari tahsinga loyiqdir.

Imom Termiziy ko‘plab qimmatbaho asarlar yozib qoldirganlar. «Ash- Shamoilul Muhammadiya» («Payg‘ambarning alohida fazilatlari») nomli asari esa uning eng mashhur asarlaridan hisoblanadi.

Ushbu asarda Muhammad alayhissalomning tashqi qiyofalari va axloqiy sifatlari, fazilatlari haqida 326 hadis jam etilgan.

Xalqimizda komil inson degan purma’no tushuncha bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ana shunday ibrat namunasi bo‘lganlar. Afsus nadomatlar bo‘lg‘aykim, sho‘rolar davrida voyaga yetgan avlod payg‘amba- rimizning siymosi, qilgan ishlari, xulq odoblari, yurish-turishlari, ma’naviy dunyosi haqida juda kam ma’lumotga ega edi.

Buyuk bobokalonimiz Imom Termiziyning «Ash-Shamoilul Muhammadiya» asari bu borada kitobxonga ko‘p ma’lumot beradi va birinchi manba vazifasini o‘taydi.

Asarning birinchi qismidagi hadislarda payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning tashqi qiyofalari (suvratlari) tavsif qilinadi. Imom Termiziy ta’rificha, u o‘rta bo‘yli, yelkalari keng, qo‘llari go‘shtdor, serjun, kaftlari bo‘lali, qirg‘iy burun, peshonasi keng, jismlari chiroyli, kelishgan, sochlari na buralgan va na yozilgan, chehralari bug‘doyrang, ko‘zlari katta-katta kishi bo‘lgan.

Asarning ikkinchi qismi Muhammad alayhissalomning siyratlariga, ya’ni ichki dunyosiyu axloqiy fazilatlariga bag‘ishlangan. Imom Termiziyning tasvirlashicha, Payg‘ambarimiz axloqiy jihatlardan namunaviy bir zot bo‘lganki, kattayu-kichik, erkagu ayol, badavlatu kambag‘al bilan bir xil muomalada bo‘lgan. Ro‘zg‘or va oila yumushlarida o‘z xotinlariga har tomonlama yordam va ko‘mak ko‘rsatgan. Gunohkor kishi kechirim so‘raganda uning gunohidan o‘tgan. Barcha kishilar bilan o‘ta latofatda va xushmuomalada bo‘lgan, yo‘lida uchragan har qanday kishiga birinchi bo‘lib salom berib so‘rashish, hatto sahobalaridan keyinda yurish uning asosiy odatlaridan bo‘lganligi qayd qilinadi. Ayniqsa, u kishining hamisha ummatlari g‘amini yegani tahsinga loyiqdir. Payg‘ambarimiz juda qanoatli inson bo‘lgan ekanlar. U kishining «vafotlariga qadar xonadon ahli va ayollari arpa unidan bo‘lgan nonga qorinlari to‘ymagan» ekan. U kishi darveshona hayot kechirgan. Umrida hech kimdan shaxsiy o‘ch olmagan. Shu bilan birga, tadbirkor, ya’ni har bir hodisaning ilojini qilishdan avval ko‘rib qo‘yadigan zukko inson o‘tgan ekanlar. «Tamomi insonlarning xushxulqi» bo‘lgan payg‘ambarimiz Qur’oni karimni nihoyatda sof va dona-dona qilib, ovoz chiqarib yoqimli o‘qir ekanlar.

Imom Termiziy o‘zlarining «Ash-Shamoilul Muhammadiya» asarlarida Rasul akramning xulq va fazilatlarini bayon qiluvchi Hadisi shariflarni 

jam qilganlar. Bu mashhur kitob siz va biz musulmonlarga xushxulq bo‘lishlikka intilishimizda yordam berishligidan umidvormiz.

Hijriyning III asri boshlariga kelib hadis kitoblarini yozish kuchaygan. Tarixchilar bu asrni hadis ilmining «Oltin davri» deb tasvirlaganlar. Bu asrda Imom Ismoil Buxoriy, Imom Muslim ibn Xattot, Imom Abu Iso Termiziy, Imom Abu Dovud, Sulaymon Sijistoniy, Imom Ahmad Nasaiy, Imom ibn Moja Qazviniy kabi mashhur muhaddislar o‘ta samarali mehnat qildilar va boshqa ko‘plab mualliflar qatori, o‘zlarining

«al-Jome’us sahih» («Ishonchli hadislar to‘plami») yoki «As-Sunan» («Payg‘ambarning sunnatlari») nomli shoh asarlarini qoldirganlar. Bu asarlar «Qutubi sitta» («Olti kitob») ya’ni butun islom dunyosida eng nufuzli manbalar deb tan olingan oltita ishonchli hadislar to‘plamidir.

Ma’lumki, avvallari hadisshunoslar o‘z asarlariga o‘zlari eshitgan hadislarni tanlab o‘tirmay qatorasiga kiritaverardilar. Natijada ko‘plab xato, soxta hadislar ham paydo bo‘lgan edi. IX asrga kelib ko‘plab muhad- dislarning sa’y-harakati bilan hadislar boblarga va toifalarga bo‘linib, ularning to‘g‘ri va ishonchli (sahih)lari alohida ajratilib yaxlit bir to‘p- lamlar yaratildi. Bu borada Imom Abu Iso Termiziyning «Sunani Termiziy» nomli hadislar to‘plami nihoyatda mashhurdir.

Undagi hadislar uch guruhga bo‘linadi: 1) sahih (to‘g‘ri, ishonchli); 2) hasan (yaxshi, ma’qul); 3) zaif (bo‘sh).

Jahon hadisnavislari sultoni Imom Buxoriy har bir hadisning sahihligini aniqlashda barchadan ustun bo‘lsa, Imom Termiziy hadisning darajasini aniqlashda «sahih» ustiga «hasan» belgisini kiritdiki, bu

«juda sahih» yoki «beshak sahih» demakdir.

Imom Termiziyning «Qutubi sitta» («Olti kitob») mualliflari orasida tutgan o‘rnini belgilash borasida ko‘pchilik ulamolar o‘z fikr va mulohazalarini bayon qilganlar. Jumladan turk olimlaridan professor Tal’at Ko‘jiyitning ko‘rsatishicha: «Termiziyning «Sunan» kitobi hadischi olimlardan bo‘lmish Nasaiy va Abu Dovudning kitoblaridan keyin uchinchi o‘rinda turadi».

Birinchi va ikkinchi o‘rinlarni Buxoriy va Muslimning «al-Jome’us sahih» kitoblari olsa, tabiiyki, Termiziyning «Sunan»i to‘g‘ridan-to‘g‘ri mazkurlardan keyingi kitob hisoblanadi.

Bu fikrni mashhur «Kashfuz zunun» («Ikkilanishlar pardasini ochish») asarida Hoji Xalifa tasdiqlaydi va «Jomi’» («Sunan») Termiziy

«Qutubi sitta»ning uchinchisidir» deydi. 

Imom Abu Ismoil Abdulloh ibn Muhammad Ansoriy Termiziyning kitobini Buxoriy va Muslimning kitoblaridan yuqori qo‘yadi. Zero, uning aytishicha, Buxoriy va Muslimning kitoblaridan faqat olimlargina foy- dalanadilar Termiziyning kitobi esa har bir oddiy inson uchun foyda- lidir.

Taniqli muhaddislarning ko‘plari Imom Termiziyning hadis ilmini takomillashtirish va uni kelgusi avlodlarga sof holda yetkazishdagi xiz- matlarini yuqori baholaganlar. Hadis imomlaridan Abdurahmon ibn Muhammad Idrisiyning ta’biricha, Termiziy «Hadis bobida iqtido qili- nadigan imomlardan biridir».

Unutmaslik kerakki, islom ta’limoti bo‘yicha, har bir insonning uchta, ya’ni: 1) Parvardigor; 2) ota-ona va 3) ustozlar oldidagi qarzlari bor.

Ko‘xna tarixga murojaat qiladigan bo‘lsak, ustozlar o‘gitisiz inson kamoloti, usiz esa jamiyat taraqqiyoti bo‘lmagan.

Jahon Hadis ilmining sultoni deb nom olgan buyuk bobomiz Imom Buxoriy va Imom Termiziy orasida ibratona ustoz-shogirdlikni qarang. Imom Termiziy bobomiz o‘zlarini doimo Imom Buxoriy bobomizning shogirdlari deb hisoblaganlar. Ustoz Imom Buxoriy esa u kishiga qarata:

«Garchand Siz meni ustoz deysiz-u, ammo, Sizga o‘rgatganlarim bilan Sizdan o‘rganganlarimni taqqoslaydigan bo‘lsak, men o‘rgatgan narsalar juda kamlik qiladi», degan ekanlar.

Imom Buxoriy bobomiz Imom Termiziy bobomizning kaftlarida jon berganlar va oq fotihalarini olish baxtiga muyassar bo‘lganlar.

Ustoz Imom Buxoriy vafotlaridan keyin shogird Imom Termiziy bobomiz ayriliqqa chiday olmaganlar va qolgan umrlarini yig‘lash bilan o‘tkazgan ekanlar. Natijada Imom Iso Termiziy bobomizning ko‘zlari ojiz bo‘lib qolgan ekan.

O‘ylaymizki, bu hozirgi yoshlarimiz va kelajak avlod tarbiyasi uchun tengsiz «ibrat maktabi»ning klassik namunasi bo‘lib qolajak.

Shomat Samatov,

Termiz davlat universiteti professori,

falsafa fanlari doktori

FOYDALANILGAN ADABIYoTLAR RO‘YXATI:

  1. Qur’on karim (tarjimon va izohlar muallifi Alouddin Mansur). – T.: Cho‘lpon, 2006.
  2. Muhammad payg‘ambar alayhissalom qissasi. Hadislar. –T.: Kamalak, 1991.
  3. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. –T.: O‘zbekiston, 2023.
  4.  
  5. Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori. 2024 yil 15 avgust // Xalq so‘zi. 2024 yil 20 avgust.
  6. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Hadis. 1-2-3-4- tomlar. –T.: Qomuslar bosh tahririyati, 1991-1997.
  7. Imom Buxoriy. Al-Adabul mufrad (Adab durdonalari). –T.: Movarounnahr, 2006.
  8. Abu Iso Termiziy. Ash-Shamoil an-nabaviya. –T.: Cho‘lpon, 1993.
  9. Abu Iso Termiziy. Sahihi Termiziy: Tanlangan hadislari. –T.: G‘.G‘ulom, 1993.
  10. Alixonto‘ra Sog‘uniy. Tarixi Muhammadiy. Birinchi kitob. – T.: 1991.
  11. Alixonto‘ra Sog‘uniy. Tarixi Muhammadiy. Ikkinchi kitob. – T.: 1991.
  12. Alixonto‘ra Sog‘uniy. Turkiston qayg‘usi. Birinchi kitob. –T.: Sharq, 2003.
  13. Alixonto‘ra Sog‘uniy. Baxtlik nedur?: She’rlar to‘plami. – T.: Munir, 2021.
  14. Buyuk yurt allomalari (uchinchi nashr. Tuzuvchi va nashrga tayyorlovchi U.Uvatov). – T.: O‘ZBEKISTON, 2020.
  15. Vohidov E. Iztirob // Fan va turmush. – №12.1991.
  16. Vohidov E. Yolg‘on haqida // Mahalla, 2018 yil 12 aprel.
  17. Kenjabek Mirzo. Buyuk Termiziylar: Termiz tazkirasi. –T.: O‘zME, 2017.
  18. Ma’naviyat yulduzlari (mas’ul muharrir: M.M.Xayrullaev). –T.: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashr, 1999.
  19. Samatov Sh.B. Imom Termiziy yoxud Muhammad Payg‘ambar tarixi
  20. //Baqtriya-Tohariston qadimgi va o‘rta asrlarda. – Samarqand: Arxeologiya instituti nashriyoti, 1993.
  1. Samatov Sh.B. Hadis ilmi rivojida Abu Iso Termiziyning tutgan o‘rni // Baqtriya-Toharistonning shahar madaniyati. – Samarqand. Arxeologiya instituti nashriyoti, 1995.
  2. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot: Yaxshilik va axloq kitobi. – T.: Sharq, 2008.
  3. Shayx Muhammad Xoyr Sha’ol. Islomda yoshlar tarbiyasi. – T.: 2021.
  4. Shafoat Rahmatullo Termiziy. Imom Termiziyga munojot // Ozod so‘z: Saylanma. –T.: Yangi asr avlodi, 2003.
  5. Hoji Ismatulloh Abdulloh. Markaziy Osiyoda Islom madaniyati. – T.: Sharq, 2005.

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика