XOTIN-QIZLAR RADIKALIZMI: TALQIN VA MOHIYAT

by Matbuot xizmati
15 👁️

Muqaddas dinimizda, uning asosiy manbai – Qur’oni karim va hadisi shariflarda xotin-qizlarga, onaga nisbatan chuqur ehtirom yaqqol namoyon bo‘ladi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning bir hadisi shariflarida shunday deyiladi:

“Mo‘minlarning imon jihatidan komilrog‘i xulqi yaxshi bo‘lganlaridir. Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahlu ayollari bilan yaxshi bo‘lganlaringizdir” (Imom Termiziy rivoyati). Ushbu hadisi sharifdan ham ma’lum bo‘ladiki, ayol zotiga nisbatan go‘zal munosabatda bo‘lish dinimizning asosiy talablaridan biri hisoblanadi. Ammo bugungi kunda din niqobi ostidagi ba’zi bir oqimlar o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida xotin-qizlardan qurol sifatida foydalanmoqda. Bu kabi vayronkor g‘oyalar ta’sirida bugungi davrda radikalizmning yana bir ko‘rinishi – xotin-qizlar radikalizmi paydo bo‘ldi.

Radikalizm – bu mavjud tizimni o‘zgartirish yoki unga qarshi chiqish uchun keskin choralarga intilish jarayoni hisoblanadi. Bugungi kunda xotin-qizlar o‘rtasida radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolish holatlari dolzarb ahamiyat kasb etayotgan masalalardan biri hisoblanadi. Xotin-qizlar radikalizmi – bu ayollar va qizlarning ekstremistik g‘oyalarga moyilligi va radikal guruhlarga qo‘shilishi bilan bog‘liq ijtimoiy hodisa hisoblanadi. Bu jarayon ko‘pincha siyosiy, diniy, iqtisodiy va ijtimoiy omillar bilan bog‘liq bo‘lib, global va mahalliy miqyosda xavfsizlikka jiddiy tahdid soladi.

Xotin-qizlar radikalizmining yuzaga kelishiga bir qancha omillar sabab qilib ko‘rsatiladi:

Diniy ekstremizm – ayollar diniy sabablar natijasida radikal guruhlarga qo‘shiladi;

Ijtimoiy tengsizlik – ta’lim va iqtisodiy imkoniyatlarning yetishmovchiligi ayollarning radikal oqimlar ta’siriga moyilligi oshishiga sabab bo‘ladi;

Oilaviy muhit va zo‘ravonlik – oilaviy zo‘ravonlik yoki kamsitish ayollarning ekstremistik guruhlar ta’siriga tushib qoishiga sabab bo‘luvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi;

Kibermakon ta’siri – ijtimoiy tarmoqlar va radikal targ‘ibot materiallari ayollarning ekstremistik g‘oyalarni qabul qilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bugungi kunga kelib, ekstremizm, terrorizm va radikal g‘oyalarga qarshi ma’rifiy g‘oyalar asosida kurashishni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib olgan xalqaro fondlar, ilmiy-tadqiqot markazlari xotin-qizlar radikalizmining oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida bir qancha chora-tadbirlarni taklif qiladi. Ushbu tadbirlar qatoriga ayollar uchun ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, xotin-qizlar uchun sifatli diniy ma’lumot olish imkoniyatlarini yaratib berish, xotin-qizlar o‘rtasida mediasavodxonlik va axborot madaniyatini rivojlantirish, ayollarning bandligiga ko‘maklashish, oiladagi zo‘ravonlik qurbonlariga huquqiy va psixologik yordam berish, oilaviy va diniy qadriyatlarni mustahkamlash, internet va axborot makonida sifatli ma’rifiy kontentlarni berib borish kabilarni keltirish mumkin.

Umuman olganda, xotin-qizlar radikalizmi murakkab ijtimoiy muammo bo‘lib, unga qarshi kurashish ta’lim, ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni yaxshilash va diniy-ma’rifiy faoliyatni kuchaytirish orqali amalga oshirilishi lozim. Zero, ayollarga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini berish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamiyat barqarorligi, erkin va farovon kelajak barpo etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика