
Annotatsiya. Mazkur maqolada Imom Termiziyning mashhur asari “al- Jomiʼus sunan” asarining sharhlari va uning qisqartirilgan variantlari toʻgʻrisida maʼlumotlar berilgan. Jumladan, “Sunani Termiziy” nomi bilan shuhrat qozongan ushbu asarning 25 ta sharhi haqida soʻz yuritilgan.
Kalit soʻzlar: hadis, sharh, muxtasar, qoʻlyozma, toshbosma, urdu, muhaddis.
Abstract. This article provides information about the commentaries on the famous work of Imam Tirmidhi “Al-Jameh al-Sunan” and its abridged versions. In particular, 25 commentaries are mentioned on this work, known as Sunan at- Tirmidhi.
Keywords: hadith, commentary, summary, manuscript, lithograph, Urdu, muhaddith.
Imom Termiziy rahimahullohning «Jomiʼus sunan» asariga Alloh taolo maqbullik bagʻishlagan boʻlib, u keyingi davr olimlari, ahli ilmlari tomonidan qayta-qayta oʻrganilgan, tadqiq va tahlil qilingan. Hozirgacha bu muqaddas anʼana davom etib kelayotgani quvonarlidir. Asrlar davomida
«Jomiʼus sunan» qoʻlyozmalari dunyoning turli tomonlariga tarqab ketgan. Mashhur va mohir xattotlar uni qayta-qayta kitobat qilganlar. Jumladan, Quddusda yashagan Abu Nasr Moʻtaman Sojiy (445-507/1053-1113) muhaddis bobomizning mazkur toʻplamini olti marta toʻliq koʻchirib chiqqani naql qilingan.
Imom Termiziyning «Jomiʼus sunan» asari matni ilk bor Misrning Buloq shahrida 1292/1875 yili nashr qilingan boʻlib, uning hoshiyasida «al- Azhar»ning ulamolaridan Ahmad Rifoʻiy Molikiy rahimahullohning izohlari oʻrin olgan edi. Shundan soʻng Dehlida bir necha bor nashr qilingan.
«Jomiʼus sunan»ga qanchadan-qancha tajridlar, mustaxrajlar, hoshiyalar, muxtasarlar tuzilgan. Jumladan, Ibn Qaysaroniy (448-507/1057- 1114) rahimahulloh «Sunani Termiziy»ning «atrof»lariga bagʻishlangan 10 jildli manba yaratgan. «Atrof» hadis kitoblarining bir turi boʻlib,
bugungi kundagi koʻrsatkichlar turkumiga kiritish mumkinligini oldin qayd qilib oʻtgan edik.
«Jomiʼus sunan»ga bitilgan sharhlarning sanogʻini aniqlash imkonsiz. Mazkur sharhlar oʻrganilar ekan, ularni nashr etilgan; qoʻlyozma shaklida mavjud, lekin chop etilmagan hamda bugungi kungacha saqlanib qolmagan kabi uchta turkumga tasnif qilib oʻrganish mumkin. Olimlarning asarlarni sharhlashda qoʻllagan uslub va shartlari ularning ommalashuvi va eʼtirof etilishida muhim omil hisoblanadi. «Sunani Termiziy»ga nafaqat ahli sunnat va jamoat olimlari, balki undan tashqari boʻlgan toifa vakillari tomonidan ham sharh va taʼliqlar bitilganini aytib oʻtish oʻrinli. Lekin asarga bitilgan sharh va taʼliqlarning koʻpchiligi ahli sunnat va jamoatning eng katta va salmoqli mazhabi – hanafiylik olimlari hissasiga toʻgʻri keladi. Sharhlarning aksariyati borasida bu yerda maʼlumot berishni lozim topdik:
«Sharh Jomiʼ at-Termiziy». Uning muallifi «al-Hokimul Kabir» laqabi bilan tanilgan Abu Ahmad Muhammad ibn Muhammad Naysoburiy Karobisiy (285-378/898-988)dir. Ushbu sharh bizning kunimizgacha yetib kelmagan boʻlib, «Jomiʼus sunan»ga bitilgan ilk sharhlardan biri hisob- lanadi. Hokim Kabir Naysoburiy bir muddat qadim Shosh – Toshkentda qozikalon boʻlib faoliyat olib borgan.
«Orizatul ahvaziy bi sharh Sahihi Termiziy». Bu sharhning muallifi molikiy mazhabining taniqli faqihi va muhaddisi Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Ahmad ibn Arabiy Muofiriy Ishbiliy (468-546/1076-1151) boʻlib, u zot «Ibn Arabiy Molikiy» nomi bilan tanilgan. Sharh ancha batafsil boʻlib, asosan, unda muallif Abu Iso Termiziy rahimahullohning fiqhga oid fikrlarini sharhlashga va ularni toʻldirishga eʼtibor bergan. Shuningdek, sharhda har bir hadis toʻrt jihatdan tahlil qilingan. Hadis isnodi tahlil qilingan; hadis matni nahviy jihatdan koʻrib chiqilgan; hadisdan olinadigan fiqhiy hukmlar tahqiq etilgan; aqidaviy jihatiga eʼtibor qaratilgan. Shuning uchun keyingi davrning barcha muhaddis shorihlari ushbu asarga murojaat etgan.
Shuningdek, «Orizatul ahvaziy»da «al-Ilalus sagʻir» asari ham sharhlangan.
Kitob 1299/1882 yili va 1350-1352/1931-1933 yillarda Konipur va Qohira shaharlarida 13 jildda hamda 1997 yili Bayrut shahrida joylashgan mashhur «Dorul kutubil ilmiya» nashriyotida 14 jildda chop qilingan.
«An-Nafhush shaziy fi sharh «Jomiʼit Termiziy». Bu sharhning muallifi Hofiz Abul Fath Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad
Yaʼmuriy (671-734/1273-1334) boʻlib, u Ibn Sayyid Noss Andalusiy nomi bilan mashhur. Bu sharh keng tarqalgan boʻlsa-da, muallif uni oxiriga yetkaza olmagan (Hoji Xalifa. Kashfuz zunun. 1-jild. – Bayrut: Dor ehyoit turosil arabiy, 2004. – B. 320.).
Yaʼni Ibn Sayyid Noss “Jomiʼut Termiziy”ni boshidan 316 ta hadisni sharhlashga ulgurgan. Tadqiqotchilar mazkur sharh agar oxiriga yetkazilganida, “Jomiʼus sunan”ning eng mukammal va eng mufassal sharhlaridan biri boʻlar edi deganlar.
“Takmila «an-Nafhush shaziy”. Ushbu sharh yuqorida aytilgan Ibn Sayyid Nossning “an-Nafhush shaziy” nomli sharhining toʻldiruvchisi hi- soblanadi. Asar Zaynuddin Abdurahmon ibn Husayn Iroqiy Kurdiy (725- 806/1325-1404) qalamiga mansub. Zayniddin Iroqiy mazkur sharhni haqiqiy shorihning uslubida davom ettirib, oxiriga yetkazishga harakat qilib koʻrgan. Lekin u zot ham uddasidan chiqa olmagan, vafoti tufayli bu sharh ham oxiriga yetmagan.
“Sharh zavoidit Termiziy alas Sahihayn”. Ushbu sharh muallifi Sirojuddin Abu Hafs Umar ibn Ali ibn Ahmad Ansoriy Andalusiy (723- 804/1323-1402) Ibn Mulaqqin kunyasi bilan tanilgan. Kitobda Imom Buxoriy va Imom Muslimning sahih hadislar toʻplamlarida keltirilmagan hadislar sharh qilingan. Shuningdek, “Sunani Abu Dovud”da kelmagan hadislar sharhiga katta eʼtibor qaratilgan.
“Sharhul Hofiz Ibn Hajar”. Bu sharh taniqli muhaddis, oʻzining
“Sahihi Buxoriy”ga bitgan “Fathul Boriy” nomli mukammal va mufassal sharhi bilan shuhrat qozongan olim Ibn Hajar Asqaloniyning qalamiga mansub. U zot “Fathul Boriy” asarida mazkur sharhini eslatib oʻtganlar (Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy. 1-jild. – Riyoz: Doru Tayyiba, 2005. – B.563.).
Lekin hozirgacha ushbu mashhur sharhning qoʻlyozmasi topilib, nashr qilingan emas. U allomaning “al-Lubob fi sharh qavlit Termiziy va fil bob” nomli asari ham boʻlishi mumkin. Maʼlumki, Imom Termiziy rahi- mahulloh tomonidan har bir mavzuda kimlar hadis rivoyat qilganiga ishora qilib ketilgan. “Al-Lubob” ushbu ishora qilingan hadislar taxriji va sharhiga bagʻishlangan.
- Bulqiniy». Abu Hafs Sirojuddin Umar ibn Ruslon ibn Nasir Misriy Kinoniy Asqaloniy Bulqiniy (724-805/1324-1403) asari boʻlib, Misrda qozi va muftiy boʻlgan. Sharh «al-Arfush shaziy ala
“Jomiʼut Termiziy” deb atalgan. Biroq u oxiriga yetkazilmay qolgan.
Muallif shofiʼiy mazhabi ulamolaridan boʻlib, Ibn Hajar Asqaloniyning ustozi hisoblanadi.
“Sharh Ibn Rajab”. Bu asar hanbaliy mazhabi olimi Zaynuddin Abdurahmon ibn Ahmad ibn Rajab Hanbaliy (736-795/1336-1393)nikidir.
“Tabaqoti hanobila” hamda “al-Qavoidul fiqhiya” asarlari bilan ham shuhrat qozongan. “Kashf az-zunun” asarida aytilishicha, ushbu sharh yigirma jild boʻlgan va fitna paytida yonib ketgan (Hoji Xalifa. Kashfuz zunun. 1- jild. – Bayrut: Dor ehyoit turosil arabiy, 2004. – B.559.).
Mazkur sharhning bir qismi va “Sunani Termiziy”ning ilovasi boʻlmish “al-Ilalus sagʻir”ga bitilgan sharh saqlanib qolgan.
“Qutul mugʻtaziy”. Jaloliddin Suyutiyning ushbu asari “Sunani Termiziy”ga yozilgan sharhlarning eng ixchamlaridan hisoblanadi. Uning Hindiston va arab diyorlarida bir qancha nashrlari mavjud. Magʻrib ula- molaridan Ali ibn Sulaymon Dimnoniy (1234-1306/1819-1888) “Qutul mugʻtaziy”ga hoshiya yozib, keng izohlab chiqqan.
“Sharh Jomiʼit Termiziy”. Bu sharhning muallifi “Muhyiyus sunna” va “al-Farro” laqablari bilan tanilgan Abu Muhammad Husayn ibn Masʼud Bagʻaviy (436-510/1044-1117)dir. U zot “Mishkotul masobih”ning asli boʻlmish “Masobihus sunna” asari bilan shuhrat qozongan. Shuningdek, tafsirga oid “Maolimut tanzil” nomli tafsiri mashhur. Olimning
“Sunani Termiziy”ga bitgan sharhi aytilgan boʻlsa-da, haligacha topilib nashr qilinmagan.
“Sharh Muhammad ibn Tohir Fattaniy”. Majduddin Muhammad ibn Tohir ibn Ali Hanafiy Fattaniy Gujarotiy (913-986/1508-1579)ning sharhi. U hindistonlik taniqli muhaddislardan biridir. U zot oʻzining mavzuʼ hadislarga bagʻishlangan “Tazkiratul mavzuot” asari bilan shuhrat qozongan. U zot “Sihohi sitta”ning gʻarib, nodir va noyob soʻzlari sharhiga bagʻishlangan “Majmaʼ bihoril anvor fi gʻaroibit tanzil va latoifil axbor” nomli kitobida Imom Termiziy rahimahullohning “Jomiʼus sunan” asariga alohida sharh bitganini qayd qilib qoldirganlar. Biroq bu sharh hozirgacha topilgan emas.
“Sharhus Sindiy”. Abu Tayyib Rahmatulloh Sindiy (vaf. 993/1585) tomonidan bitilgan sharh. U zot “Lubobul manosik” asari bilan shuhrat qozongan. “Jomiʼus sunan”ga bitgan sharhi Misrda nashr qilingan.
“Sharh Siroj Ahmad”. Mazkur sharh 1230/1815-yilda vafot etgan Shayx Siroj Ahmad Sarhindiy Hanafiy qalamiga mansub boʻlib, Konipurda 1295/1878-yili nashr etilgan. U fors tilida bitilgan sharh hisoblanadi.
“Tuhfatul ahvaziy”. Abdurahmon Muborakfuriy asari. U bugungi soxta salafiylar orasida juda mashhur kitoblardan biri hisoblanadi. Uning muqaddimasida hadis ilmiga oid muhim maʼlumotlar keltirilgan. Biroq muallif bemazhablikka moyil boʻlib, mazkur asarida hanafiylarga insof chegarasidan tashqari chiqib taʼna va raddiyalar berib ketgan. Imom Shavkoniy ham “Naylul atvor”da ushbu asardan unumli foydalangan. Agar hanafiylarga qarshi mutaassibona fikrlari boʻlmaganda edi, mazkur sharh juda foydali asarlardan boʻlib qolardi.
“Al-Kavkabud durriy”. Rashid Ahmad Ganguhiy tomonidan shogird- lariga imlo qildirib tuzilgan sharh hisoblanadi. U zot Devband “Dorul ulum” ulamolaridan boʻlib, 1246-1322/1831-1905-yillarda yashagan. Mazkur sharhga shogirdlar tomonidan bir qator hoshiyalar ham yozilgan. Mazkur sharhda “Sunani Termiziy”ni hanafiylik mazhabiga muvofiq tushunishda zarur maʼlumotlar keltirilgan.
“Al-Vardush shaziy”. Shayxul Hind unvoniga ega, 1268-1339/1852-1921-yillarda yashab oʻtgan Mavlono Mahmud Hasan tomonidan bitilgan sharh. Lekin u ham Alloma Suyutiy asari kabi muxtasardir.
“Sharh Sunani Termiziy”. Abu Abdulloh Muhammad ibn Idris Qodiriy Husayniy Magʻrib ulamolaridan boʻlib, 1350/1931-yili vafot etgan. U zot “Obi Zamzam” toʻgʻrisida ham alohida risola bitgan.
“Al-Arfush shaziy taqrir «Jomiʼut Termiziy”. Ushbu sharh muallifi Muhammad Anvarshoh ibn Muazzamshoh Hanafiy Kashmiriy boʻlib, u zot 1292-1352/1875-1933-yillarda yashagan. Bu hanafiy mazhabidagi muhim sharhlardan hisoblanadi. Muallif “Sunani Termiziy”ni sharhlashda oʻziga xos yoʻl tutib, hanafiy va shofeʼiy mazhablarining muayyan masala doirasidagi dalil va fikrlarini qiyosiy oʻrgangan hamda hanafiy mazhabining dalil va fikrlari ustunroqligini koʻrsatgan. Shorih hadis sanadi, matnning leksik tahlili va undan chiqariladigan fiqhiy hukmini qisqacha tahlil qilib chiqqan.
Anvarshoh Kashmiriy “Sunani Termiziy” asari oxirida keltirilgan
“al-Ilalus sagʻir” asariga ham “Shifoul gʻilal fi sharh Kitobil ilal” nomli sharh bitgan.
Kitob 1244/1828-yili Hindistonda, 2004-yili Bayrutda “Doru ehyoit turosil arabiy” nashriyotida besh jildda chop etilgan.
“Maʼorifus sunan”. Ushbu sharh muallifi Muhammad Yusuf ibn Muhammad Zakariyo Husayniy Hanafiy Bannuriy boʻlib, 1326-1397/1907-1977-yillarda yashagan. Olim uni oʻzining ustozi Anvarshoh Kashmiriyning dars
jarayonida bayon etgan fikrlariga asoslanib yozgan. Ushbu kitob ham hanafiy mazhabidagi muhim sharhlardan biri hisoblanadi. Muallif “Sunani Termiziy”dagi hadis sanadiga toʻxtalmasdan, matnning nahviy tahlili va undan chiqariladigan fiqhiy hukmda ahli sunnat va jamoatdagi toʻrtta fiqhiy mazhab imomlari fikrlarini qiyosiy tahlil etganlar. Shuningdek, muayyan hadis boshqa hadis toʻplamlarida ham rivoyat qilingan boʻlsa, ular sanab oʻtilgan. Qolaversa, Abu Iso Termiziy rahima-hullohning muayyan hadis borasida qoʻllagan hadis atamalariga ham izohlar berilgan. Biroq asar
“Haj kitobi”gacha boʻlib, shuning oʻzi 6 jildda nashr qilingan.
“Al-Miskuz zakiy” va “Taqriri Termiziy”. Mazkur ikki asar muallifi 1280-1362/1863-1943-yillarda yashagan Ashraf Ali Tahonaviy boʻlib, Pokistonning taniqli hanafiy olimlaridan biridir. “Hakimul umma” (“Ummat donishmandi”) degan faxriy unvonga ega boʻlgan. 1500 ga yaqin asar meros qoldirgan.
“Sharh Sunani Termiziy”. Magʻrib ulamolaridan biri, Rabotning qoʻlyozmalar jamgʻarmasi asoschisi, taniqli manbashunos olim Abdulhay Kattoniy (1305-1382/1888-1962) tomonidan “Jomiʼus sunan”ga mazkur nomda sharh bitilgan.
“Darsi Termiziy” va “Taqriri Termiziy”. Ushbu sharh muallifi zamonamiz faqih va muhaddislaridan biri Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh boʻlib, u urdu tilida yozilgan. Uning birinchi jildi muqaddimasida hadis ilmi, uning tarixi, Imomi Aʼzam Abu Hanifa rahmatullohi alayh va muhaddislar haqida oʻta muhim maʼlumotlar keltirilgan. Shuningdek, shorih Abu Iso Termiziy rahimahullohning hayoti va ilmiy merosiga ham alohida toʻxtalib oʻtgan. Sharhning muhim xususiyatlaridan biri hanafiy mazhabi doirasida tahlil qilinganidir. Unda hanafiylik mazhabi dalillari mufassal berilgan, hanafiylikka yetkazilgan taʼnalar va eʼtirozlarga mukammal javoblar aytilgan. Asarning avvalgi 3 jildi “Darsi Termiziy” deb atalgan boʻlib, ibodat mavzularidagi hadislar sharh qilingan. Keyingi 2 jildi “Taqriri Termiziy” nomi bilan muomala masalalari, ijtimoiy muammolarga bagʻishlangan hadislar izohlangan.
Mazkur “Darsi Termiziy” urdu tilida, balki arab tilida ham bitilgan barcha sharhlardan oʻzining kengligi, hanafiy mazhabining dalillarini oʻzida toʻplagani, boshqa mazhablarning fikrlari va ularning dalillariga qoniqarli javoblar berilgani bilan ustun hisoblanadi. Mazkur sharh hanafiy mazhabining hadis boʻyicha dalillarini oʻrganishda juda muhim ahamiyat kasb etadi. Muhammad Taqiy Usmoniyning 50 dan ortiq asarlarimavjud boʻlib, ulardan aksariyatining mavzusi zamonaviy fiqhiy masalalarga, jumladan, bank va boshqa iqtisodiy masalalarga yoʻnaltirilgan. Shuning uchun olim butun dunyoda islomiy iqtisod boʻyicha eng yetuk mutaxassislardan biri sifatida tanilgan.
«Durusi Termiziy». Hindistonning Sahoranpur shahridagi
“Mazohirul ulum” nomli mashhur madrasaning bosh mudarrislaridan biri Mavlono Raisuddin Mazohiriy tomonidan 4 jildlik “Durusi Termiziy” deb atalgan mazkur sharh talabalarga maʼruza jarayonida toʻplab borilgan. Har bir hadisning urducha tarjimasi, hadisning batafsil sharhi, keyin uni dalil qilganlarning fikrlari, unga qarshi boʻlgan tomonning fikrlari, oxirida hadis sanadida keltirilgan roviylarning tarjimayi hollari zikr qilingan. Sharhning ahamiyatli tomoni ‒ hozirgi kundagi vahhobiy, salafiy singari toifalarga raddiyalar, hanafiy olimlarning ularga qarshi aytgan fikr va dalillari birma-bir keltirib borilgan.
“Tashrihoti Termiziy”. Davrimiz olimlaridan Kamoliddin Mustarshid tomonidan bitilgan 7 jildli asar savol-javob tarzida tuzilgan boʻlib, toʻrt mazhab fiqhiga dalil boʻlgan hadislar, ularga hanafiylarning javoblari qanday boʻlishi kabilar birma-bir yoritilgan. U oʻzidan oldingi
“Sunani Termiziy”ga bitilgan oʻn bitta sharhdan foydalanib yozilgan.
“Tuhfatul almaiy”. Hindistonning taniqli hadisshunoslaridan biri, Devband “Dorul ulum” madrasasining shayxul hadis mudarrisi Muhammad Said Bolanpuriy tomonidan “Tuhfatul almaiy” nomli 8 jild qilib nashr qilingan sharh. Oʻziga xos jihati shuki, unda Imom Termiziyning yana ikkita asari ‒ “Shamoili nabaviya” hamda “Kitobul ilal” asarlari ham sharh qilingan. Bundan tashqari, olimning “Rahmatullohil vosiʼa” nomli 5 jildli asari ham shuhrat qozongan.
Bugungi kunda Pokiston va Hindiston madrasalari, islom univer- sitetlarida buyuk vatandoshimiz Imom Termiziyning uchta asari ‒ “Sunani Termiziy”, “Shamoili nabaviya” hamda “Kitobul ilal” muttasil oʻqitib kelinadi. Shuning natijasida mazkur asarlarga nisbatan qiziqish juda kuchli. Ularning har biriga bir necha muhim sharhlar bitilgan. Aytish darkorki, bu sharhlar hanafiy mazhabi, moturidiy taʼlimotiga muvofiq bitilgani bilan ajralib turadi va ular ana shu jihatidan arab yurtlarida bitilgan sharhlardan koʻra afzalliklarga ega. “Sihohi sitta” – oltita sahih hadislar toʻplamlari orasida “Sunani Termiziy”da hanafiylik mazhabiga muvofiq keluvchi hadislar koʻp uchraydi. Mazkur asarni hanafiy mazhabi, moturidiy taʼlimotiga uygʻun holda sharhlash ishlari esa Hind-Sind
diyorlarida hozirgi kunimizgacha toʻxtamay davom etib kelmoqda. Ushbu sharhlarni tadqiq va tahlil etish buyuk vatandoshimiz, ulugʻ muhaddis Imom Termiziyning hayoti va ilmiy faoliyatini ilmiy oʻrganishda ahamiyatli ekani shubhasiz.
Dunyoning koʻplab olimlari “Sunani Termiziy”dan olib mustaqil ra- vishda qisqartma va saylanmalar bitgan. Jumladan, ulardan uchtasi haqida manbalarda maʼlumot keltirilgan:
“Muxtasar Jomiʼit Termiziy”. Ushbu muxtasar muallifi Najmuddin Sulaymon ibn Abdulqaviy ibn Abdulkarim Bagʻdodiy Hanbaliy boʻlib, 657- 716/1259-1316-yillarda yashagan. U zot “Ibn Sarsariy” kunyasi bilan tanilgan.
“Muxtasar Jomeʼit Termiziy”. Ushbu muxtasar muallifi 729/1329-yilda vafot etgan Najmuddin Muhammad ibn Aqil Bolisiy Shofiʼiydir.
“Al-Muntaqot”. Unda “Sunani Termiziy”dan yuzta uzun hadis tanlab olingan. Mazkur asar muallifi “Salohiddin Aloiy” nomi bilan shuhrat qozongan, 694-761/1295-1359-yillarda yashagan Abu Saʼid Xalil ibn Kekaldi Dimashqiy hisoblanadi.
Hikmatulloh Abiyev,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI:
- Abdulhay Laknaviy. al-Favoidul bahiya fi tarojimil hanafiya maʼat Taʼliqotis saniya. – Qozon, 1902.
- Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. Tazkiratul huffoz. 4 jild. – Haydarobod: Majlis doiratil maʼorifin nizomiya, 1915.
- Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy. al-Jomiʼul kabir. 6 jild. – Bayrut: Dor gʻarbil islomiy, 1998.
- Abu Iso Muhammad Termiziy. Shamoili Muhammadiya / Nashrga tayyorlovchi: Mirzo Kenjabek. – Toshkent: Sharq, 2015.
- Abu Iso Muhammad Termiziy. Shamoili Muhammadiya / Tarjima va sharh muallifi: Ziyovuddin Rahim. – Toshkent: Sharq, 2020.
- Zafar Ahmad Usmoniy Tahonaviy. Abu Hanifa va Asʼhobuhul muhaddisun // Muqaddimat “Eʼlous sunan”. 19-juzʼ. – Bayrut: Dorul fikr, 2001.
- Kotib Chalabiy Hoji Xalifa. Kashfuz zunun. 2 jild. – Istanbul, 1893.
- Movarounnahr allomalarining hadis ilmi rivojiga qoʻshgan hissalari / Mualliflar: U.Uvatov, M.Alimova, I.Usmonov, D.Muratov, N.Muhamedov, D.Rahimjonov. Masʼul muharrir: I.Usmonov. – Toshkent: Movarounnahr, 2011.
- Muhammad Taqiy Usmoniy. Darsi Termiziy. 3-jild. – Karochi: Dorul ulum, 2010.
- Muhammad Taqiy Usmoniy. Taqriri Termiziy. 2 jild. ‒ Karochi: Maymani islomik, 1999.
- Oltin silsila. Sahihul Buxoriy. 1-8 juzlar / Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va tarjimonlar guruhi. – Toshkent: Hilol-nashr, 2012-2013-2014-2018.