OTA-ONAGA HURMAT – PAYGʻAMBARLAR ULUGʻLAGAN FAZILATDIR

by Matbuot xizmati
496 👁️

Ota-ona – har bir inson hayotidagi eng aziz va muqaddas insonlardir. Ular nafaqat bizning dunyoga kelishimizga sababchi, balki bizni tarbiyalab, komil inson boʻlishimiz uchun bor kuchlarini sarflaydi. Shunday ekan, ota-onani hurmat qilish va ularning qadriga yetish har bir insonning muqaddas burchidir. Ammo, afsuski, bugungi kunda jamiyatda maʼnaviy qadriyatlarning susayishi va avlodlar oʻrtasidagi aloqalarning uzilishi natijasida ota-onaga nisbatan hurmatsizlik holatlari uchrab turibdi. Bu esa, jamiyatimiz uchun jiddiy muammodir, chunki oila institutining zaiflashuviga olib keladi.

Qurʼoni karimda ota-onaga hurmat koʻrsatish eng ulugʻ ibodatlardan biri deb, Alloh taologa ibodat qilish bilan bir qatorda ota-onaga yaxshilik qilishga buyuriladi: “Robbing faqat Uning Oʻzigagina ibodat qilishingizni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Agar ularning biri yoki ikkalasi huzuringda keksalikka yetsalar, ularga “uff” dema, ularni jerkima va ularga yaxshi soʻz ayt!” (Isro surasi, 23-oyat).[1] Bu oyatda ota-onaning keksalik davrida ularga alohida eʼtibor qaratish, ularni ranjitmaslik, ularga doimo shirin soʻzlar bilan murojaat qilish zarurligi taʼkidlanadi.

  • oʻz hayotlari davomida ota-onaga hurmat koʻrsatishda barchaga oʻrnak boʻlishgan. Ibrohim (a.s.) otasi butparast boʻlishiga qaramay, unga doimo yumshoqlik va hurmat bilan murojaat qilganlar. U zot otasini islomga daʼvat qilishda doimo chiroyli soʻzlar va hikmatli usullardan foydalanganlar. “Kitobda Ibrohimni zikr qil. Albatta, u siddiq, nabiy edi. Esla, oʻshanda u otasiga: “Ey otajon, nega eshitmaydigan, koʻrmaydigan va senga hech narsada foyda bermaydigan narsaga ibodat qilasan?” dedi. “Ey otajon, menga senga kelmagan ilm keldi. Bas, menga ergashgin, toʻgʻri yoʻlga seni hidoyat qilurman”. “Ey otajon, shaytonga ibodat qilmagin. Albatta, shayton Rohmanga isyonkor boʻlgandir”. “Ey otajon, men senga Rohmandan azob yetib, shaytonga doʻst boʻlib qolishingdan qoʻrqaman», dedi”. (Maryam surasi, 41-45 oyatlar.)[2] Bu oyatlarda Ibrohim (a.s.)ning otasiga yumshoqlik bilan murojaat qilgani, uni islomga daʼvat qilgani va unga nisbatan hurmati bayon qilingan.

Iso (a.s.) onalari Maryamga nisbatan cheksiz mehr va hurmat koʻrsatganlar. Qurʼonda Iso (a.s.)ning onalariga itoatkor boʻlganlari haqida xabar beriladi. Maryam surasi, 32-oyatida: “Va meni onamga mehribon qildi va jabr qiluvchi, badbaxt qilmadi” deyiladi.[3] Bu oyat Iso (a.s.)ning onasiga itoatkor boʻlganini bayon qiladi.

Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) onalari Omina va emikdoshlari Halima Saʼdiyaga nisbatan katta hurmat va mehr koʻrsatganlar. U zot ularni ziyorat qilib, ularga doimo yaxshilik qilishga intilganlar. Masalan, Halima Saʼdiya Paygʻambarimizni ziyorat qilgani va unga yaxshilik qilgani haqida Imom Bazzor “Musnad”ida: Zayd ibn Aslam Ato ibn Yasordan rivoyat qiladi: Halima bint Abdulloh, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning emikdosh onalari, Xaybar kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga keldi. Shunda u zot unga turdilar va ridolarini toʻshab berdilar, u esa uning ustiga oʻtirdi. Abu Tufayl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasulullohni Jiʼronada goʻsht taqsimlayotganlarini koʻrdim. Bir badaviy ayol keldi, shunda u zot unga ridolarini toʻshab berdilar. Men: “Bu kim?” deb soʻradim. Ular: “Bu u zotni emizgan onasi”, deyishdi” rivoyati kelgan.[4]

Imom Aʼzam Abu Hanifa rahimahulloh nafaqat fiqh ilmida yetuk olim, balki ota-onaga nisbatan beqiyos hurmat va muhabbat sohibi edilar. U zot ona xizmatiga bel bogʻlab, haqlariga duolar qilar, nomlaridan ehsonlar ulashardilar.

Imom Aʼzamning onaga boʻlgan munosabati har qanday tahsinga loyiq edi. Onasining har bir istagini bajonidil ado etar, hatto oʻzidan koʻra ilmi kamroq deb bilsa ham, onasining iltimosiga koʻra boshqa ulamolardan fatvo soʻrashga borardilar. Bu farzandning ota-onaga itoati namunasining yorqin ifodasidir.

Imom Aʼzam bu holatni yodga olib shunday deydilar: “Baʼzan onamni Umar ibn Zarrning ilmiy majlisiga yetaklardim. Bir kuni onam menga Umar ibn Zarrdan muayyan bir masala yuzasidan soʻrashimni buyurdilar. Men u zotning huzurlariga borib: «Onam falon masala boʻyicha sizning fikringizni bilmoqchilar”, dedim. Umar ibn Zarr hayratlanib: “Sizdek yetuk olim turib, bu savolni mendan soʻrayapsizmi?”, dedilar. Men esa: “Onam shunday qilishimni amr etdilar”, deya javob qildim. U kishi: “Xoʻsh, javobi qanday? Avval siz ayting, soʻng men oʻz fikrimni bildiraman”, dedilar. Men masala yechimini bayon etdim, u kishi ham aynan shu javobni tasdiqladilar. Soʻng onamning oldilariga qaytib, olingan javobni yetkazdim”.

Boshqa bir voqeada onalari u zotdan bir masala yuzasidan fatvo soʻraydilar, ammo Imom Aʼzamning javoblarini qabul etmay, Zarʼa voizning soʻzlarinigina maʼqul koʻradilar. Shunda Imom Aʼzam onalarini Zarʼa voizning huzuriga olib borib, savollarini yetkazadilar. Zarʼa voiz esa: “Siz mendan koʻra bilimliroq va faqihroqsiz-ku! Oʻzingiz fatvo bering!”, deydi. Imom Aʼzam: “Agar shunday boʻlsa, unda bu masalaning yechimi mana bunday boʻladi”, deb javob beradilar. Shunda Zarʼa voiz: “Bu – Abu Hanifa aytgan soʻzning oʻzginasi-ku!”, deydilar. Shundan soʻng onalari qalbi xotirjamlik topib, uylariga qaytadilar.[5]

Bu ibratli qissalar Imom Aʼzamning onalariga nisbatan hurmati va itoati naqadar yuksak boʻlganining yorqin dalilidir. Har bir inson ota-onasiga nisbatan mehribon va gʻamxoʻr boʻlishi, ularning har qanday hoxishini amalga oshirishga doim shay turishi lozim. Zero, ota-onaning rizosi – farzandning haqiqiy saodatidir.

Qurʼoni karimdagi oyatlar, paygʻambarlarning hayoti va Imom Aʼzamning ibratli voqealari ota-onaga hurmat masalasi naqadar muhimligini koʻrsatib beradi. Ayniqsa, Imom Aʼzamning onasi uchun qilgan ishlari – haqiqiy farzandlik muhabbatining timsolidir.

Ota-onaga nisbatan mehr va hurmat koʻrsatish insonning eng yuksak fazilatlaridan biri, balki umuminsoniy qadriyat ekanini unutmaylik.

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Xudoynazarov.F

[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Tafsiru Hilol”, 2-juz, 242-bet. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Tafsiru Hilol”, 6-jild, “Hilol Nashr” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2022.

[2] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Tafsiru Hilol”, 4-juz, 11-12-betlar

[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Tafsiru Hilol”, 4-juz, 9-bet.

[4] Imom Bazzor,”Musnad”, 7/208 -bet, 2781- hadisda keltirgan.

[5] Sultonov, Ulugʻbek. “Ota-onaga hurmat koʻrsatish va itoat qilishning mukofoti nima?”. Old, 02 Apr. 2018, https://old.muslim.uz/index.php/maqolalar/item/7178. Accessed 12 February. 2025.

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика