
ABU JA’FAR TERMIZIYNING HADIS ILMIGA BO‘LGAN YoNDAShUVI
So‘nggi yillarda olib borilayotgan keng qamrovli tadqiqotlar natijasida Termiz zaminida 200 dan ortiq “Termiziy” nisbasini olgan mutafakkirlar faoliyat yuritganligi aniqlanmoqda. Xalqaro qo‘lyozmalar fondlarida Termiziy allomalariga mansub 1400 dan ortiq qo‘lyozma asarlar mavjud bo‘lib, ularning aksariyati qadimiy va noyob manbalar hisoblanadi. Ushbu qo‘lyozmalar turli davrlarga mansub bo‘lib, tarixiy, fiqhiy, tafsiriy va hadis ilmlariga oid dolzarb bilimlarni o‘z ichiga olgan.
Mazkur manbalar orasida Abu Ja’far Termiziy (816–908) kalamiga mansub, hadis ilmi asosida yozilgan va tafsirga oid bo‘lgan asar ham mavjud. Ushbu alloma fiqhiy ilmlar bilan birga, hadis va tafsir ilmlariga ham katta e’tibor qaratgan olim sifatida tarixiy manbalarda tilga olinadi. Abu Ja’far Termiziy Bag‘dodda “Faqih al-quzot” (Qozilar faqihi) lavozimida faoliyat yuritgan, so‘ngra Misrga borib, u yerda ilmiy faoliyatini davom ettirgan.
Alloma faqat bir soha doirasida emas, balki shar’iy bilimlarning barcha tarmoqlarini o‘zaro uzviy aloqadorlikda o‘rganishga harakat qilgan. Ma’lumki, islom dinining bosh manbai bo‘lgan Qur’oni karim aynan hadislar orqali tafsir qilinadi. Aqida, fiqh, tafsir kabi asosiy islomiy ilmlar ham hadislar vositasida avlodlarga yetkazilgan. Bu haqiqatni chuqur anglab yetgan Abu Ja’far Termiziy hadis ilmini ham boshqa shar’iy fanlar qatorida markaziy o‘ringa qo‘ygan va bu sohaga alohida e’tibor bilan yondashgan.Abu Ja’far Termiziyning hadis ilmi rivojidagi o‘rni katta bo‘lib, manbalarda uning turli mavzulardagi 400 dan ziyod hadis rivoyat qilganligi keltirilgan. Xususan, Abulqosim Tabaroniy (260-360/821-918) o‘zining “Mu’jam ul-kabir”, “Mu’jam ul-avsat” va “Mu’jam us-sag‘ir” to‘plamlarida Abu Ja’far Termiziyning yigirmadan ziyod hadisini jamlagan. Tabaroniyning “Al-Mu’jam” asari Islom olamida eng mo‘tabar to‘plamlardan biri bo‘lib, mo‘jam (jamlangan harflar), ya’ni alifbo harflari tartibida roviylarning ismiga ko‘ra ular rivoyat qilgan hadislarni jamlagan. Ushbu to‘plamda ( ميم ( “mim” harfi bilan boshlanadigan roviylar bobida Muhammad ismli muhaddislar qatorida Muhammad ibn Ahmad Abu Ja’far Termiziy rivoyat qilgan hadislar o‘rin olgan. Unda asosan fiqhiy masalalarga oid bo‘lgan masjid, ramazon ro‘zasining qazosi, fiqhning fazilati, qunut duosi, hajdagi tavof, arafotda ikki namozni jamlab o‘qish, talbiya aytish, sovuq kunda namoz o‘qish tartibi va shunga o‘xshash mavzular o‘rin olgan. Shuningdek, Abulhasan Ali ibn Umar ad-Doraqutniy (306-385/885-964) o‘zining “Sunani Doraqutniy”[1] asarida ham Abu Ja’far Termiziydan meros borasida hadis rivoyatini keltirgan. Abu Ja’far Termiziy bilan zamondosh bo‘lgan alloma Abu Avona Ya’qub ibn Is’hoq al-Isfaroyiniy (230-316/842-928) uzining “Al- Musnad us-sahih il-muxarraji ‘ala sahih il-Muslim” asarida Abu Ja’far Termiziydan Oisha roziyallohu anho rivoyat qilgan ehrom kiyishda xushbo‘ylik surish haqidagi hadisni rivoyat qilgan.
Umuman olganda Abu Ja’far Termiziyning hadis rivoyati manbalarda salmoqli o‘rin egallaydi. Hozirda Abu Ja’far Termiziy rivoyat qilib, jamlagan tafsirga oid hadis rivoyatlari qo‘lyozmasining yagona nusxasi Suriyaning Damashq shahrida “Zohiriya” kutubxonasida № 95 raqam ostida saqlanadi. Ushbu qadimiy qo‘lyozma kitob 1988 yilda arab tilida chop etilgan bo‘lib, uni tadqiqotchi olim Hikmat Bashir Yosin nashrga tayyorlagan. Asarning xususiyati haqida doktor quyidagilarni yozadi: “Qur’oni karimni o‘rganishda “tafsiri bil-ma’sur” kitoblarining o‘rni kattadir. Ilk hijriy asrlarda, kutubxonalarda “tafsiri bil-ma’sur” kitoblari saqlanar edi. Ammo bizning zamonimizda fiqh, hadis, tarix kitoblariga qiyos qilganda, bu turdagi kitoblar nodir va noyob bo‘lib qoldi. Abu Ja’far Termiziyning rivoyati asosidagi ushbu asar, “tafsiri bil-ma’sur” (naqliy tafsir) kitoblarining bizgacha saqlanib qolganlaridan biridir. Garchi u hajm jihatidan kichik bo‘lsa-da, tafsir ilmida rivoyat qilish uslubining asliy va qadimiy turi ekanligi bilan ahamiyatlidir. Chunki ushbu tafsirning har bir qismi asrlar davomida mufassir imomlar tomonidan rivoyat qilinib kelgan “tafsiri bil-ma’sur” binosining asosi, dastlabki qo‘yilgan g‘ishtlari hisoblanadi”.
Darhaqiqat, roviyning hadis rivoyatlari muhaddis va hadisshunos olimlar nazdida maqbul bo‘lishi uchun uning o‘zida taqvo va omonatdorlik fazilatlari yuksak darajada bo‘lishi kerak. Roviylar ilmini o‘zlashtirgan va tabaqot ilmini jamlagan hadisshunos olimlar tomonidan har bir roviy va muhadis darajalari, ularning hadis rivoyatida tutgan o‘rni tegishli manbalarda batafsil yoritilgan. Jumladan, Abu Ja’far Termiziyning roviylik darajasi, uning taqvodorligi va omonatdorligi borasida ko‘plab manbalarda ijobiy fikrlar aytilgan. Jumladan, Abulfido Ismoil ibn Umar ad-Dimashqiy “Tabaqot ush-shofi’iyn”[2] asarida Abu Ja’far Termiziy haqida quyidagilarni yozgan: “Muhammad ibn Ahmad ibn Nasr Abu Ja’far Termiziy, zohid, taqvodor imom edi. Bag‘dodda yashagan. Iroqda Ibn Surayjdan avval shofi’iylar shayxi edi. Imom Shofi’iyning izdoshlaridan bo‘lib, Rabi’ va boshqalarga fiqhdan ta’lim bergan. U Shofi’iy mazhabining yuzi edi. U Ibrohim ibn Munzir, Is’hoq ibn Ibrohim, Yahyo ibn Bukayr, Yusuf ibn Adiy va shu tabaqadagilardan hadis rivoyat qilgan. Undan Ahmad ibn Komil, Ahmad ibn Yusuf ibn Xallod, Abdulboqiy ibn Nofi’ va Abulqosim Tabariy hadis rivoyat qilishgan. Doraqutniy aytadi: “U siqa ishonchli, taqvodor roviy”. Yana u haqida Abu Is’hoq Ibrohim ibn Sariy az-Zujjoj: “Unga har oy to‘rt dirham kelardi, hech kimdan narsa so‘ramasdi”, deydi. Muhammad ibn Muso ibn Hammod: “Mega xabar berishlaricha u bir necha un kun ichida don ulushining beshdan birini olar edi. O‘zi deydi: “Shundan boshqa narsaga ega emasdim har kuni bir dona sholg‘om sotib olib yer edim”. U haqida shogirdi Ahmad ibn Komil Bag‘dodiy: “Iroqda shofi’iylardan undan ko‘ra buyukroq va taqvodorroq va narsalarga ehtiyoji kamroq kishini ko‘rmaganman” deydi”[3].
Yuqorida keltirilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqadigan xulosa shundan iboratki, Abu Ja’far Termiziy hadis ilmi rivojida, hadislarning to‘g‘ri talqin qilinishida o‘z faoliyati orqali muhim rol o‘ynagan. Bu kabi allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish islomning asl mazmun-mohiyatini to‘g‘ri talqin qilishda, turli adashgan oqimlar ta’siridan yosh avlodni saqlashda har tomonlama dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, Abu Ja’far Termiziy kabi allomalarning noyob asarlarini tadqiq qilish orqali boy o‘tmishiimzning insoniyatga noma’lum bo‘lgan jihatlarini ochib bergan bo‘lamiz.
Uljaev Umarali Qurbonovich – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
FOYDALANILGAN ADABIYoTLAR RO‘YXATI:
- Abulhasan Ali ibn Umar ad-Doraqutniy. Sunan ad-Doraqutniy. – Bayrut: Muassasah ar-risalah, 2004.
- Abulhasan Ali ibn Umar ad-Doraqutniy. Al-mu’talif val-muxtalif. – Bayrut: Dor ul-g‘arb al-islomiy, 1986.
- Abulfido Ismoil ibn Umar ibn Kasir ad-Dimashqiy. Tabaqot ush-shofi’iyn. – Bayrut: Maktabat us-siqofa ud-diniya, 1993.
- Abu Bakr ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Umar al-Asadiy ad-Dimashqiy. Tabaqot ush-Shofi’iya. – Bayrut: 1982.
- Zahabiy. Tarix ul-Islom. – Bayrut: Dor al-kutub, 1973.
- Xatib Bag‘dodiy. Tarixi Bag‘dod. – Bayrut: Doru g‘arbul-Islomiy, 2001.
[1] Abulhasan Ali ibn Umar ad-Doraqutniy. Al-mu’talif val-muxtalif. – Bayrut: Dor ul-g‘arb al-islomiy, 1986. – B. 129.
[2] Abu Bakr ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Umar al-Asadiy ad-Dimashqiy. Tabaqot ush-Shofi’iya. – Bayrut: 1982. – B. 317.
[3] Yusuf ibn Abdurahmon al-Mizziy. Tahzib ul-kamol fi asmo ir-rijol. – Bayrut: Muhaqqiqah ar-risalah, 1980. – B. 104.