SHAYBONIYLAR DAVRIDA MOVAROUNNAHRDA HADIS ILMI

by Matbuot xizmati
126 👁️

Annotatsiya. Mazkur maqolada shayboniylar (1501-1600) hukmronlik qilgan davrdagi Movarounnahrda hadis ilmi rivoji birlamchi manbalar asosida ko‘rib chiqilgan. Buning uchun shayboniylar davrida yashab, ilmiy faoliyat olib borgan, hadis ilmi bilan ham shug‘ullangan Mustafo Rumiy, Nasimiddin Mirakshoh, Fazlulloh ibn Ro‘zbehon, Shamsiddin Muhammad Hanafiy, Asomiddin Ibrohim Isfaroiniy, Shamsiddin Muhammad Ko‘histoniy, Muhammad Shirvoniy Buxoriy kabi olimlarning ilmiy fao- liyatlari, ularning hadis ilmiga oid yozgan asarlari maqolada ilmiy ma’- lumot sifatida aytib o‘tilgan.

Maqolada Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi ulug‘ muhaddis- larning «Sulosiyotul Buxoriy» hamda «ash-Shamoilul Muhammadiya» kabi asarlariga shayboniylar davrida bitilgan sharhlar to‘g‘risida ma’lumot berilgan. Ushbu sharhlarning qo‘lyozma nusxalari, qachon ko‘chirilgani, ularning ma’no-mazmuni haqida maqolada so‘z yuritiladi.

Shuningdek, ushbu maqolada «Sharhul Hisnil hasin» nomli sharh to‘g‘risida, uning tarixda o‘qilish sabablari haqida ham to‘xtab o‘tilgan.

Maqolada tilga olingan hadisga oid sharhlar arab va fors tillarida yozilgan. Forsiy sharhlar esa mahalliy xalqning foydalanishida qulay bo‘lgan.

Maqolada «Sahihi Buxoriy» va «Mishkotul masobih» madrasalarda o‘qitilgan bo‘lsa-da, lekin ushbu mashhur oltita sahih hadislar to‘plamlariga shayboniylar saltanatida birorta sharh yozilmagani haqida xulosa qilingan.

Bu davrda kam bo‘lsa ham qirq hadisdan iborat «Arba’iyn» to‘plamlari tuzilgan.

Kalit so‘zlar: hadis, sharh, muhaddis, qo‘lyozma, Buxoro, Samarqand, Shirvon, shayboniylar

Abstract. In this article, the development of hadith science in Movarounnahr during the reign of the Shaybanids (1501-1600) was considered based on primary sources. For this purpose, scientific activities of scholars such as Mustafa Rumi, Nasimuddin Mirakshakh, Fazlullah ibn Rozbekhan, Shamsuddin Muhammad al- Hanafi, Asamuddin Ibrahim al-Isfaraini, Shamsuddin Muhammad Kohistani, Muhammad ash-Shirvani al-Bukhari, who lived in the era of the Shaybanids and was engaged in the science of hadith, as well as their works related to the science of hadith, are mentioned in the article as scientific information.

The article provides information about the commentaries on the works of

«Sulasiyot al-Bukhari» and «ash-Shamail al-Muhammadiyya» by great muhaddiths such as Imam Bukhari and Imam Tirmidhi, written during the Shaybanids period.

Manuscript copies of these comments, when they were copied, and their meaning are discussed in the article. Commentaries on the hadith mentioned in the article are written in Arabic and Persian. Persian commentaries were convenient for local people to use.

The article concluded that although «Sahih Bukhari» and «Mishkat al- Masabih» were taught in madrasahs, not a single commentary was written on these famous six collections of authentic hadiths during the reign of the Shaybanids. During this period, collections of «Arbain» consisting of forty hadiths were compiled, although few.

Keywords: hadith, commentary, muhaddis, manuscript, Bukhara, Samarkand, Shirvan, the Shaybanids.

Shayboniylar (1501-1600) hukmronlik qilgan paytda Movarounnahrda boshqa islomiy ilmlar singari hadis ilmi ham rivojlanib bordi. Buni biz Shayboniylar davrida yashab, ilmiy faoliyat olib borgan, hadis ilmi bilan ham shug‘ullangan Nasimiddin Mirakshoh, Fazlulloh ibn Ro‘zbehon, Shamsiddin Muhammad Hanafiy, Asomiddin Ibrohim Isfaroiniy, Shamsiddin Muhammad Ko‘histoniy, Muhammad Shirvoniy Buxoriy kabi olimlarning ilmiy faoliyatlari orqali ham bilamiz.

Shayboniylar davri hadis ilmi tarixini o‘rganar ekanmiz, Buxoroda ilmiy faoliyat olib borgan mashhur muhaddis Mustafo Rumiy (888-966/1483- 1559) eslanmay iloji yo‘q. Movarounnahr madrasalarida XVI asrdan boshlab to XX asr boshigacha hadis fanidan «Mishkotul masobih» kitobi asosiy darsliklardan biri bo‘lib kelgan. Uning Movarounnahr ta’lim tizimida o‘quv dasturlari orasida mustahkam o‘rnashib qolishida Mustafo Rumiy kabi olimlarning alohida o‘rni bor. Ushbu olim mashhur «Mir Arab» madrasasida mudarris sifatida mazkur asarni o‘qitish bilan faoliyat olib borgan. Mustafo Rumiyning Movarounnahrdagi faoliyati, «Mishkotul masobih» asarini o‘qitgani va u bo‘yicha shahodatnoma (ijoza) berganligi birlamchi manbalar orqali ochib beriladi232.

Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (194-256/810-870) to- monidan bitilgan, «Sihohi sitta» – oltita sahih hadislar to‘plamlari orasida birinchi o‘rinda turuvchi «al-Jome’us sahih» asaridagi 7563 ta hadisdan faqatgina 22 ta hadis uch roviy silsilasidan iborat. Mazkur uch roviylik hadislar «Sulosiyotul Buxoriy» deb yuritiladi. Bular Imom Buxoriyning tab’a tobein tabaqasidagi ustozi tomonidan tobeindan, u esa sahobadan rivoyat qilgan hadislardir. Imom Buxoriy bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oralaridagi vaqt qariyb 250 yilni tashkil qiladi. Demak, bu hadislarni rivoyat qilgan roviylarning barchasi uzoq umr ko‘rgan va bir-birlari bilan shaxsan uchrashgan. Zotan, Imom Buxoriyning hadislarning sahihligiga qo‘ygan shartlari eng og‘iri bo‘lib, unda roviylar bir-birlari bilan shaxsan uchrashganligi va ustoz-shogird bo‘lganligi aniq bo‘lishi kerak233.

«Sulosiyotul Buxoriy»ni olimlar alohida sharh qilganlar. Shu xildagi sharhlarning 10 ga yaqini ilm ahliga ma’lum. Uning O‘zR FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan, Buxoroda yozilgan sharhlardan biri Shamsiddin Muhammad Ko‘histoniy (vaf. 962/1555) tomonidan oltmish yoshlarida 948/1541 yilda yozilgan. U Buxoro muftiysi bo‘lib, hanafiy fiqhida o‘zining «Jomi’ur rumuz» asari bilan shuhrat qozongan. Olim 

«Sulosiyotul Buxoriy»dan tashqari hadisga oid «ash-Shamoil an-nabaviya»,

«al-Arba’iyn» va «al-Hisnul hasin» kabi asarlarga ham sharh bitgan234.

Shamsiddin Muhammad Qo‘histoniy sharhni yoshi oltmishdan o‘tganida, sochlari oqarib qolgan vaqtida («Va ishtaalash shaybu fi ra’siy, fa innahu qod tajovaza anis sittina») yozayotganini aytgan. Sharh oxirida esa 948 hijriy yilda tugagan vaqtini «Mahz» so‘zi bilan ifodalagan («fi mahz minas sanavot»)235. Bu erda abjad hisobida «mim» harfi qirqni, «ho» harfi sakkizni, «zo» esa to‘qqiz yuzni bildiradi. Sharhning oxirida «nazm qiluvchi rioya qildi», «husni ixtitom» kabi jumlalarning ishlatilishidan uni Shamsiddin Ko‘histoniy yozganligini aytish mumkin. Chunki, olim qariyb barcha asarlari oxirida mazkur jumlalarni ishlatishga harakat qilgan. Asar muqaddimasida u buzg‘unchilar balosiga yo‘liqqanini aytib o‘tadi. Bu erda u shialar hujumini nazarda tutgan bo‘lsa kerak.

«Sharhus Sulosiyot»ning bizga ikki qo‘lyozma nusxasi ma’lum. Ulardan qadimiysi 10164/II tartib raqami bilan saqlanadi, 981/1573 yilda muallif dastxat nusxasidan olib ko‘chirilgan (115b-132b). Ikkinchi nusxa esa 2439/VI tartib raqami bilan saqlanadi, uni mashhur xattot Mavlaviy Muhammad Soqiy 1093/1682 yilda kitobat qilgan (135b-150b).

«Sulosiyotul Buxoriy»ni hanafiy mazhabi, moturidiy ta’limotiga uyg‘un holda sharhlash ishlari olimlar tomonidan XVI asrda Imom Buxoriyning o‘z yurtida ham davom qildirilgan. Ushbu sharhlarni tadqiq va tahlil etish ulug‘ muhaddisning hayoti va ilmiy faoliyatini ilmiy o‘rga- nishda ahamiyatli ekani shubhasizdir.

«Sharh Arba’iynin Navaviy» ham Shamsiddin Muhammad Ko‘histoniy tomonidan yozilgan bo‘lib, u Muhyiddin Abu Zakariyo Yahyo Navaviy (1233- 1277) qalamiga mansub qirq ikkita hadis to‘plamidan iborat «Arba’iyn» asariga bitilgan sharhdir. Uning Buxoroda yashagan mashhur xattot Mavlaviy Muhammad Soqiy ibn Muhammad Amin Balxiy 1093/1682 kitobat qilgan 

qo‘lyozma nusxasi O‘zR FA ShI qo‘lyozmalar xazinasida mavjud236. Shorih sharh muqaddimasida Navaviyning qisqacha tarjimai holiga ham to‘xtalgan.

«Sharhul Hisnil hasin» ham Shamsiddin Muhammad Ko‘histoniy tomonidan yozilgan. Sharh mashhur qiroat olimi Shamsiddin Muhammad ibn Muhammad Jazariy (vaf. 833/1429) qalamiga mansub, 1388 yilda yozilgan –

«Hisnul hasin» kitobiga bitilgan. U sahih hadislar asosida tuzilgan duo va zikrlar to‘plamidir. Uni asrlar davomida musulmonlar orasida o‘qish odat bo‘lib kelgan. Kitobni mutolaa qilib turish balo va ofatlarni daf qilish xususiyatiga ega, degan e’tiqod mavjud bo‘lgan. Kitob, ayniqsa, Temuriylar davrida mashhur bo‘lgan. Uni asrlar davomida musulmonlar orasida o‘qish odat bo‘lib kelgan. Hukmdorlar ham o‘z saroylarida tez-tez «al- Hisnul hasin» kitobini o‘qitib turgan. Xiva saroyi arxiv hujjatlarida ushbu kitobni o‘qitishga sarflangan mablag‘lar ham qayd etib borilgan. Jumladan, 1867 yilning Rajab oyida ushbu kitobni o‘qigan mullalarga 20 tillo berilgan237.

Ko‘histoniy mazkur asarga 948/1541 yilda sharh bitgan. U yagona nusxada O‘zR FA ShI qo‘lyozmalar xazinasida saqlanadi238. Mirak Zinda Ali (XVII asr) o‘zining «Samarotul mashoyix» asarida Ko‘histoniyning mazkur asarini tilga oladi va undan iqtiboslar oladi239.

Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy (209-279/824-892) tomonidan bitilgan «ash-Shamoil an-nabaviya» va «ash-Shamoilul Muhammadiya» nomli asari ham Movarounnahr madrasalarida o‘qitilgan. Jumladan, Safiyuddin Mustafo Rumiy (888-966/1483-1559) Buxoroyi sharifda 963/1556 yili Mavlono Kepak Turkistoniy (XVI asr) nomli olimga «Mishkotul masobih» va «Shamoili nabaviya»ni o‘qitgani borasida ijoza bergan. «Samaratul mashoyix»da «Oxund Mavlono Kepak «Mishkot»ni Mavlono va shayxuno Mustafo Rumiy huzurlarida o‘qiganlar», deyilgan240. «Samaratul mashoyix» muallifi Sayyid Zinda Ali Husayniy (XVII asr)ning o‘zi ham Ko‘kaldosh 

madrasasida Muhammad Qosim Buxoriy (975-1070/1568-1660) huzurida

«Shamoili nabaviya»dan saboq olib, ijoza ham olganini qayd qilib qoldirgan241.

Asrlar davomida «ash-Shamoil an-nabaviya» madrasalarda darslik si- fatida o‘qitilgani bois ham unga ko‘plab sharhlar yozilgan. Masalan, Abdah Ali Kushk «Shamoili nabaviya»ning 72 ta sharhi, 15 ta muxtasar varianti, 2 ta roviylari to‘g‘risidagi maxsus asar, yana 3 ta manzuma shakli, turkcha, urducha, fransuzcha va inglizcha 4 ta tarjimasini sanab o‘tgan242.

«ash-Shamoil an-nabaviya»ga shayboniylar davrida yozilgan sharhlarni XVI asr boshida Nasimiddin Muhammad ibn Sayyid Jamoliddin Atoulloh ibn Fazlulloh Sheroziy Haraviy Dashtakiy (taxminan 850-950/1446-1543) tomonidan bitilgan sharh boshlab beradi. «Mirak» va «Mirakshoh» nomi bilan shuhrat qozongan olim «kichik amir» nomi bilan tanilgan243. U zot

«al-Hisnul Hasin» va «Mishkotul masobih»ga ham sharhlar bitgan. Mavlono Ali Qori (vaf. 1014/1606) Muhammad Said Mir Kalon Xurosoniy (902- 981/1491-1573) shogirdi bo‘lgani bois o‘z asarlarida uning kitoblaridan ham ko‘p foydalangan va uning nomini ko‘p bora tilga olgan244.

Mirakshohning «Sharhush Shamoil» asari bo‘yicha Makkai mukarra- maning «Ummul quro» universitetida Mane ibn Dabiy tomonidan magistrlik ishi qilingan va 2016 yili e’lon qilingan245.

Shayboniylar davrida yozilgan sharhlardan ikkitasi Fazlulloh ibn Ro‘zbehon Sheroziy (860-927/1455-1521) tomonidan bitilgan. U Shayboniy- xon (hukmronlik yillari 1500-1510) safarlarida birga bo‘lgan va unga atab

«Mehmonnomai Buxoro» asarini bitgan. U muhaddis va faqih olim bo‘lib, bir qancha asarlarini Movarounnahrda yaratgan. Shulardan biri «Shamoili nabaviya»ga yozgan «Nashrul fazoyil fi sharhish Shamoyil» deb ataladi. O‘zR FA ShI qo‘lyozmalar fondida 6429/I raqami bilan saqlanuvchi qo‘lyozma nusxasi 359 (1b-359b) + 4 (05b-08b) iborat yirik hajmli bo‘lib, Muhammad Tohir al-Husayniy degan xattot 1263/1847 yili kitobat qilgan.

Shorih «Shamoili nabaviya» kitobini 11 yasharligida o‘qib yodlaganini aytadi. Uni ustozi Tohir ibn Arabshoh ibn Ibrohim Isfahoniy (786- 870/1384-1466) huzurida o‘qigan. U esa buni mashhur qiroat olimi Abulxayr Muhammad Jazariy (751-833/1350-1429) huzurida o‘qigan. Ma’lumki, Imom Jazariy temuriylar davrida Samarqandda ta’lim bergan. Shorih Hirotga kelib «Shamoil»dan dars bergani, talaba va ilm ahli ushbu kitobni o‘rganishga juda qiziqishini aytadi246. Lekin u paytlarda uzoq bahs- munozaralar va dars berish bilan mashg‘ul bo‘lib, kitobni to‘la sharhlab yozishga imkon tug‘ilmagan. Bu imkon shorihga 913/1508 yili ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikofga kirib, sharhlashga kirishgan va 3 oyu 2 kunda uni tugatishga muvaffaq bo‘lgan247. «Takrimat ul-afozil»da esa uni 3 oyu 3 kunda tugatganini aytib o‘tgan248. Fuod Sezgin esa asarni 909/1503 yili yozilgan, deb xatoga yo‘l qo‘ygan249.

Shorih o‘z nomini va asarga qo‘yilgan nomni keltirib, Makka va Madina shaharlarida ushbu kitobdan ijoza olganini alohida qayd qilib, muallifgacha bo‘lgan ta’lim silsilasini (sanad) to‘liq keltirib o‘tadi250.

Fazlulloh ibn Ro‘zbehonning «Shamoili nabaviya»ga bitgan ikkinchi sharhi «Takrimatul afozil bi tarjimatish Shamoyil» deb atalgan bo‘lib, uning ikki nusxasi O‘zR FA ShI da 12724 va 9410/II raqamlari bilan saqlanadi. Olim o‘zini Xoja Mavlonoyi Isfahoniy nomi bilan tanilgan Abulxayr Fazlulloh ibn Ro‘zbehon deb tanishtiradi251. Asar tarjima harakterida bo‘lib, qisqa sharhlangan. 105 (1b-105b) varaqdan iborat.

«Takrimatul afozil»ning muhim jihatlaridan biri sharh boshla- nishida shamoil va siyrat ilmining 10 ta foydasi to‘g‘risidagi – «favoidi ashara» deb atalgan muqaddima mavjudligidir252.

«Takrimatul afozil» yozilgan paytda olim Samarqandda yashayotgan (mutavattin) edi. Madrasada talabalarga dars berardi. Talabalar undan

«Shamoili nabaviya»ni fors tilida tarjima va qisqa sharh qilib berish- larini iltimos qiladi. Shu tariqa, 925/1519 yili «Takrimatul afozil» asari yoziladi253.

Fazlulloh ibn Ro‘zbehon «Takrimatul afozil»da «Shamoili nabaviya»- gacha bo‘lgan 2 ta sanadini to‘liq keltirib o‘tgan va yirik sharhi «Nashrul fazoyil»ni «Sharhi Shamoili kalon» deb tilga olgan254.

Hoji Xalifa (1017-1068/1609-1657) «Kashfuz zunun»da Mavlono Shamsiddin Muhammad Hanafiy (XVI asr) tomonidan 926 yili jumodul uvlo – 1520 yil aprel-may oyida «ash-Shamoil an-nabaviya»ga sharh yozilganini qayd qilib o‘tgan255. U shayboniylar davrining eng yetuk olimlaridan biri bo‘lib, uning sharhi «Hoshiya Mavlono Hanafiy» va

«Hoshiya li sharh Shamoilin nabiy» nomlari bilan ham uchraydi. O‘zR FA ShI da 4563/V raqami bilan saqlanadigan nusxasi 100 (203b-303b) varaqdan iborat. Qo‘lyozma 1221/1806 yili ko‘chirilgan. Mazkur asar «Shamoli nabaviya»ning sharhiga hoshiya emas, balki «Shamoli nabaviya»ning ayni o‘zi – matniga arab tilida bitilgan sharh hisoblanadi. Negadir, uni «Shamoili nabaviya»ning sharhiga hoshiya deb o‘ylashgan. Bu shorih tomonidan sharhning o‘ziga maxsus nom berilmagani, shorihning ko‘proq turli fanlarga oid sharhlarga hoshiyalar bog‘lagani sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak.

Hoji Xalifa «Kashfuz zunun»da Asomiddin Ibrohim ibn Muhammad Arabshoh Isfaroiniy (vaf. 943/1536) tomonidan ham «ash-Shamoil an- nabaviya»ga sharh yozilganini qayd qilib o‘tgan256. U shayboniylar davrining eng yetuk va taniqli olimlaridan bo‘lib, Hirot, keyin Buxoro va Samarqandda ilmiy faoliyat olib borgan. «Muzakkiri ahbob»da aytilishicha, Samarqandda 943/1536 yili vafot qilgan va Xoja Ahror Valiy (806- 895/1404-1490) qabri yoniga dafn qilingan257.

Shamsiddin Muhammad Ko‘histoniy (888-963/1483-1556) tomonidan bitilgan yana bir sharh «Sharhush Shamoil» deb ataladi. U shayboniylar davrida Movarounnahrning bosh muftiysi va sadri a’zami bo‘lib xizmat qilgan. O‘zidan o‘ndan ortiq ilmiy-diniy asarlar meros qoldirgan. «Muzak- kiri ahbob»da uni «fiqhda katta shuhrati bor», deb qabri Xojai Buzrugvor (Bahouddin Naqshband) maqbarasi yonida ekanini qayd etiladi258.

Mazkur «Sharhush Shamoil»ning eng qadimiy nusxalaridan biri 981/1573 yili Muso ibn Mahmud Tarxoniy tomonidan Buxoroda «Shodiya» madrasasida ko‘chirilgan. Nusxa 114 (1b-114a) varaqdan iborat259. Mazkur qo‘lyozma nusxaning 113a-varag‘i hoshiyasida: «Mavlono Shamsiddin Muhammad Qo‘histoniyning dastxat (nusxasi)dan ko‘chirildi. Alloh uni va ota-onasini yorlaqasin. Yana bir marta 981 sanada qayta tekshirib (muqobala) chiqildi», degan qayd mavjud. Demak, 981/1574 yilda «Shamoili nabaviya» bilan birga mazkur sharh darslik sifatida qo‘llanma bo‘lgan va matni ustozlar huzurida qayta nazardan o‘tkazilgan.

Ko‘histoniyning ushbu sharhi arab tilida bo‘lib, so‘zma-so‘z, jumlama- jumla sharhlab borilgan. Iboralarning lug‘atdagi va istilohdagi ma’nolari, tilshunoslik jihatidan ta’rifi ham keltirib o‘tilgan. Keyin jumlaning umumiy ma’nosi izohlab berilgan.

K.Brokellman va Fuod Sezgin kabi tadqiqotchilar tomonidan «ash- Shamoil an-nabaviya»ga XVI asr olimlaridan Mulla Muhammad Shirvoniy Buxoriy tomonidan ham «Sharhush Shamoil» nomli sharh yozilgani aytib o‘tilgan260. Uning «Buxoriy» degan nisbasidan buxorolik olim ekani o‘z- o‘zidan ma’lum. Shirvon – Ozarbayjondagi Shirvon shahri emas, balki u Buxoro atrofidagi Bimajkas yaqinidagi qishloq nomidir. Unga nisbat berilgan bir qancha olimlar «O‘rta Osiyo olimlari qomusi» kitobida sanab o‘tilgan261. Mulla Muhammad ash-Shirvoniy ham ana shu joydan etishib chiqqan markaziy osiyolik olimlardan hisoblanadi.

Ma’lumki, Imom Termiziyning «ash-Shamoil an-nabaviya» nomli asariga asrlar davomida yetmishdan ortiq sharhlar yozilgan bo‘lib, XVI asrda ham unga o‘ndan ziyod sharhlar bitilgan. Shulardan kamida yettitasi aynan Shayboniylar hukmronligi ostidagi Movarounnahr hududida yozilgan. Tadqiqotlar natijasida bu xildagi sharhlar yanada ortishi mumkin. Mazkur sharhlarni ilmiy o‘rganish, ularning mualliflarining hayoti va ijodini tadqiq etish Markaziy Osiyoning siyosiy, ilmiy-madaniy va diniy tarixi uchun ko‘plab yangi ma’lumotlarni berishi shubhasizdir.

XVI asrda Movarounnahrda «Sulosiyotul Buxoriy» va «ash-Shamoil an- nabaviya» kabi hadis to‘plamlariga sharhlar bitilgan hamda «Sahihi Buxoriy» va «Mishkotul masobih» madrasalarda o‘qitilgan bo‘lsa-da, lekin 

na ularga va na «Sihohi sitta»ning boshqa to‘plamlariga mukammal sharhlar yozilganini uchratmaymiz. Hadisga oid yirik hajmli mustaqil asarlar yozilgani ham ma’lum emas. Faqatgina o‘zida qirq hadisni to‘plagan «Arba’iyn» to‘plamlari mavjud, xolos.

Hamidulloh Aminov,

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi

2024 yil 17-18 oktyabr kunlari Termizda bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman maqolalari to‘plami

232 Aminov Kh. «Buhara Mir Arap medresesi müderrisi: Mustafa Rûmî» (Buxorodagi «Mir Arab» madrasasi mudarrisi: Mustafo Rumiy) // Uluslararası «Orta Asyaʼdan Anadoluʼya İslâmî İlimler» Sempozyumi Bildirleri Kitabı. Karabûk Universitesi (Turkiye), 2021. – S. 409-412; Aminov H. Mustafo

Rumiyning Buxorodagi faoliyati // «Insoniyat, millat va til: o‘zaro aloqadorlik va rivojlanish tendensiyalari» mavzusidagi ilmiy-nazariy seminar materiallari. – Toshkent: «Fan ziyosi», 2024. – B. 358- 362.

233 Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sulosiyotul Buxoriy / Tarjima va sharh muallifi H.Aminov. – Toshkent: Irfonnashr, 2021. – B. 6.

 
  

234 Aminov H. Academic Legacy of Shams al-Din Muhammad al-Kuhistani // Proceyedings of the International Conference Dedicated to the Memory of Academician Ubaydulla Karimov «New Perspectives for the Study of Islamic Culture, History and Art in Uzbekistan. May 2021, Tashkent. (Aminov H. Shamsiddin Muhammad Ko‘histoniyning ilmiy merosi // «O‘zbekistonda islom madaniyati, tarixi va san’atini o‘rganishning yangi istiqbollari» mavzuidagi akademik Ubaydulla Karimov xotirasiga bag‘ishlangan 2021 yil may oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro konferensiya maqolalar to‘plami). – Istanbul: IRCICA – Research Centre for Islamic History, Art and Culture, 2021. – P. 369-376.

235 Shamsiddin Muhammad Ko‘histoniy. Sharhus Sulosiyot. O‘zR FA ShI qo‘lyozmalar fondi, № 10164/II. –V. 132b.

236 Shamsiddin Muhammad Ko‘histoniy. Sharh al-Arbainin Navaviya. O‘zR FA ShI qo‘lyozmalar fondi, № 2439/VIII. –B. 168b-213a.

237 Yo‘ldoshev M. Xiva xonligida feodal er egaligi va davlat tuzilishi. – Toshkent: «O‘zdavnashr», 1959. – B. 41. Lekin M.Yo‘ldoshev kitob nomini yanglish «Hasanul Husayn» deb o‘qigan. Hazrati Alining egizak o‘g‘illari haqidagi qissalarni o‘qish faqat xalfa ayollar orasidagina odat edi. Hatto «Xorazm tarixi» nomi bilan qayd etilgan muallifi noma’lum kitobda 1870 yilgi saroy xarajatlari qatorida «al-Hisnul hasin» o‘quvchilariga ming tillo berilgani qayd etilgan. Qarang: Xorazm tarixi. O‘zR FA ShI H.Sulaymonov fondi, № 280. – V. 26b.

238 Shamsiddin Muhammad Ko‘histoniy Sharhul Hisnil hasin. O‘zR FA ShI qo‘lyozmalar fondi, № 4633. – 157v.

239 Mirak Zinda Ali. Samarotul-mashoyix. O‘zR FA ShI qo‘lyozmalar fondi, № 2619. – V. 254a.

240 Sayyid Zinda Ali Husayniy. Samaratul mashoyix. O‘zR FA ShI-1, № 2619. – V. 480a.

241 Sayyid Zinda Ali Husayniy. Samaratul mashoyix. O‘zR FA ShI-1, № 2619. – V. 471b.

242 Abu Iso Termiziy. Ash-Shamoilul Muhammadiya / Tahqiq: Abdah Ali Kushk. – Bahrayn: Maktaba Nizom Ya’qubiyil xossa, 2012. – B. 9-22.

243 Abu Iso Termiziy. Ash-Shamoilul muhammadiya va maahul Mavohibil laduniya / Tahqiq: Muhammad Avvoma. – Madinai munavvara: Dorul Yusr, 2013. – B. 6.

244 Ali Qori. Mirqotul mafotih. 1-jild. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 2001. – B. 40.

245 Nasimiddin Mirakshoh Sheroziy. Sharhush Shamoil. – Makkai mukarrama: Jome Ummul quro, 2016. – 294 b.

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика