
Annotatsiya. Ushbu maqolada hadis ilmining buyuk namoyondasi, muhad- dis, hofiz, alloma, imom Abu Iso Termiziy tomonidan yozilgan hamda olti eng ishonchli hadis to‘plamlari qatoridan joy olgan «Sunan» asarining o‘ziga xos jihatlari va uning boshqa sunan to‘plamlari orasidagi o‘rnini ko‘rsatib berilgan. Imom Termiziy hadislar bilan birga o‘sha hadis haqida yoki unga amal qilish borasida turli olimlarning fikrlarini bildirib ketishi uning boshqa hadis to‘plamlaridan ajratib turadigan o‘ziga xos tomonidan hisoblanadi.
Kalit so‘zlar: Sunan, Abu Iso Termiziy, fiqh, rivoyat, sahih, hasan, zaif, osor.
Abstract. This article shows the unique aspects of the work «Sunan» written by the great exponent of hadith science, muhaddis, hafiz, allama, imam Abu Isa Tirmidhi, which is among the six most reliable collections of hadiths, and its place among other collections of sunan. The fact that Imam Tirmidhi, together with the hadiths, expresses the opinions of various scholars about that hadith or its application is a unique feature that distinguishes it from other collections of hadiths.
Key words: Sunan, Abu Isa Termiziy, fiqh, narrative, sahih, hasan, zaif, asar.
Hadis ilmiga oid asarlarning har biri o‘ziga xos uslubda yozilgan. Ulardan «sahih» asarlar asosan ishonchli bo‘lgan hadislarni jamlagan bo‘l-
salar, «musnad» asarlarda asosiy e’tibor sahobalar rivoyatiga qaratilgan, mustadrak, mustaxraj, jarh va ta’dil, tabaqot va boshqa janrlarda ham hadislar, roviylar haqida muhaddislar kelgusi avlodga o‘z meroslarini qoldirdilar.
Hadis to‘plamlari orasida «sunan»lar ham alohida ahamiyat kasb etadi. Sunan so‘zi odatlar, an’analar, rivoyatlar ma’nolarini bildiradi. Asosan ikki xil ma’noda ishlatiladi. Birinchisi, sunnat so‘zining ko‘pligi hisob- lansa, ikkinchisi, hadis to‘plami turi sifatida ishlatiladi.
Hadis to‘plami sifatida esa, «Tahorat» bobidan «vasiyatlar» bobigacha fiqh tartibi bo‘yicha hukmga oid hadislar jamlangan kitoblarga aytiladi. Bunday kitoblarda, odatda aqida, tarix, manoqib va shu kabi fiqhga oid mavzular bo‘lmaydi. Shuningdek, hadis ilmidagi mavquf va mursal kabi turlar uchramaydi. Bu turdagi kitoblar hijriy II asrning birinchi yarmidan (mil. VIII) asrdan yozila boshlangan.
Bu bo‘yicha yozilgan asarlar juda ko‘p bo‘lib, ularning mashhurlariga imom Abu Dovud, imom Nasaiy, imom Ibn Moja, Imom Dorimiyning
«Sunan» asarlarini misol qilib keltirish mumkin.
Ba’zi sunan kitoblarda ahkom hadislar bilan bir qatorda fazilatlar va zuhd mavzulariga oid rivoyatlar ham uchrab turadi. Imom Doriymiy va Bayhaqiyning «Sunan»larini misol tariqasida keltirish mumkin. Bu holatda sunan kitoblar «musannaf» va «muvatto» to‘plamlari bilan deyarli farqlanmasligi mumkin46. Sunan nomi bilan juda ko‘p kitoblar yozilgan bo‘lsa-da, ulardan olti ishonchli to‘lamga kiruvchi «Sunan»lar imom Termiziy, imom Abu Dovud, imom Nasaiy va imom Ibn Mojaga oiddir. Ular
«to‘rt sunan» nomi bilan yuritiladi. Shuningdek, imom Dorimiy va Doraqutniyning asarlari ham o‘zining mashhurligi bilan ajralib turadi.
Shuningdek, ulardan boshqa «Sunan»lar turli olimlar tomonidan yozilgan. Ular: Ibn Jurayj nomi bilan mashhur Abdulmalik ibn Abdulaziz Abu Valid Rumiy Makkiy (vaf. 151/768 y.), Said ibn Mansur (vaf. 227/842 y.), Muhammad ibn Saboh Abu Ja’far Dulobiy (vaf. 227/842 y.), Ismoil ibn Yahyo Abu Ibrohim Muzaniy Dorimiy (vaf. 264/878 y.) rivoyati bilan Imom Shofi’iy (vaf. 204/819 y.) «Sunan»i, Ibrohim ibn Abdulloh Keshiy (vaf. 292/905 y.), Ahmad ibn Muhammad ibn Honi Abu Bakr Asram (vaf. 273/886 y.), Hasan ibn Ali Abu Ali Xallol (vaf. 242/856 y.), Abu Qurra nomi bilan mashhur bo‘lgan Muso ibn Toriq Yamoniy Zubaydiy, Sahl ibn Abu Sahl Abu
Amr Roziy (vaf. 240/854 y.), Ahmad ibn Ubayd Abu Hasan, Muhammad ibn Yahyo Abu Bakr Shofi’iy Hamadoniy, Ibn Lol nomi bilan mashhur bo‘lgan Ahmad ibn Ali Abu Bakr (vaf. 398/1008 y.), Ahmad ibn Sulaymon Najjor (vaf. 348/959 y.), Ismoil ibn Is’hoq ibn Ismoil Qozi Azdiy Basriy (vaf. 282/895 y.), Yusuf ibn Ya’qub ibn Hammod ibn Zayd Abu Muhammad Basriy (vaf. 297/910 y.), Lolkoiy nasabi bilan mashhur bo‘lgan Hibatulloh ibn Hasan Abu Qosim (vaf. 418/1027 y.) va Bayhaqiyning «as-Sunan» kabi asarlarini keltirish mumkin47.
Imom Ahmad ibn Husayn Abu Bakr Bayhaqiyning (vaf. 458/1066 y.) «as- Sunanul kubro» «Sunan»lar orasida o‘z hajmi kattaligi va yaxshi uslubda yozilgani bilan ajrab turadi. Alloma Kattoniy bu asar haqida: «Uni
«Sunanul kubro» deyishadi. To‘plam 10 jilddan iborat bo‘lib, islom olamida bu kabi asar yozilmagan. Ahkom hadislarning aksarini qamrab olgan. Bu kitob haqida Ibn Saloh: «Sunnatda Bayhaqiyning «as-Sunanul kubro» kitobidan ko‘ra dalillarni mukammal tarzda jamlovchi kitob yozilmagan. Dunyoning biror tomonida qandaydir hadis qolgan bo‘lsa, Bayhaqiy o‘shani ham kitobiga kiritgan», degan. Kitobning oxirida sahobiylar, tobeinlarning ismlari, hadislarning sanadlari va matndagi turli rivoyatlar qo‘shilgan. Unga Ibn Turkmoniy nomi bilan mashhur bo‘lgan Ali ibn Faxriddin Usmon ibn Ibrohim ibn Mustafo Mordiniy Hanafiy (vaf. 750/1349 y.) «al-Javharun naqiy fir radd alal Bayhaqiy» nomda katta hajmda hoshiya yozgan», degan.
Shuningdek, ba’zi asarlar ham borki, olim Sayyid Abdulmajid G‘uvriy fikricha, ularni sunan deb atasa zarari yo‘q. Bularga Ya’qub ibn Ibrohim Abu Yusufning (vaf. 182/798 y.) «Kitobul osor», Muhammad ibn Hasan Shayboniyning (vaf. 189/805 y.) «Kitobul osor», Muhammad ibn Idris Shofi’iyning (vaf. 204/819 y.) «al-Umm», Ahmad ibn Muhammad Abu Ja’far Tahoviyning (vaf. 321/933 y.) «Sharh maoniyil osor», Muhammad ibn Jarir Abu Ja’far Tabariyning (vaf. 310/922 y.) «Tahzibul osor» asarlarini keltirish mumkin. Muhammad ibn Jarir Abu Ja’far Tabariyning asari xalifa Abu Bakr Siddiq (r.a.) rivoyat qilgan hadis bilan boshlanib, hadis fiqhi va hadisning olimlar nazdidagi ixtilofi hamda uni hujjat qilib qabul qilinishi yoritilgan. Har bir hadis yozilgandan keyin, uning mazmuni, ta’rifi, usuli, fiqhi, illati, ulamolar ixtilofi, hujjatlari va lug‘ati bayon etilgan. Jannat bashorati berilgan o‘nta sahoba, ahli Bayt, ozod qilingan musulmon qullarning musnadlari va Ibn Abbos
musnadlaridan bir qism keltirilgan. Kitobning eng ajoyib joyi Ibn Abbos musnadlaridir. Biroq uni tugatishdan oldin olimning o‘zi vafot etgan. Agar bu kitob ham oxirigacha yozilganda, sunnat ilmlari borasida yagona kitob-hujjat bo‘lardi, deb manbalarda fikr bildirilgan.
Shuningdek, Muhammad ibn Husayn Abu Bakr Ojuriy Shofi’iy (vaf. 360/971 y.) «Kitobush shariy’a», Hamad ibn Muhammad Bustiy Xattobiy (vaf. 388/988 y.) «Ma’rifatus sunan val osor», Husayn ibn Mas’ud Farro Bag‘aviy (vaf. 516/1122 y.) «Sharhus sunna» asarlarini ham sunan deyish maqsadga muvofiq.
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning «Sahih Buxoriy» nomi bilan mashhur bo‘lgan «al-Jome’ul musnadis sahihil muxtasar min umur Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) va sunanih va ayyamih», Abu Husayn Muslim ibn Hajjoj Qushayriyning «Sahih Muslim» nomi bilan mashhur bo‘lgan «al-Jome’us sahihil muxtasar minas sunan bi naqlil adl anil adl an Rasululloh sollallohu alayhi vasallam» asari.
Imom Termiziyning «as-Sunan»i «Jomi’ut Termiziy» nomi bilan mashhurdir. Ushbu kitob fiqh va boshqa mavzudagi boblarga bo‘lingan va mavzuga muvofiq sahih, hasan va zaif hadislar ham keltirilib, ularning har biri darajasi o‘z o‘rnida bayon etilgan. Hadisning zaifligiga sabab ko‘rsatilgan, sahobiy va tobeinlar hamda turli shahar faqihlarining mazhablarini tushuntirilgan. Hadis yo‘llarini muxtasar qilib, bir sanad bo‘yicha bitta hadis rivoyat qilingan va qolgan isnod yo‘llarga ishora qilingan. Kitobning oxirida bir bob illatlarga bag‘ishlangan. Unda fiqh va hadisga aloqador ko‘p foydalar jamlangan bo‘lib, bular boshqa kitoblarda mavjud emas. Shu jihatlar uning qadrini oshirib yuborgan.
Muhaddis Ibn Saloh «Ulumul hadis»sida shunday yozadi: «Abu Iso Termiziyning kitobi «hasan hadis»ni bilishda asl manbadir. Chunki «hasan hadis» nomini baland aytgan, «al-Jomi’»ida ko‘plab shunday hadislarni zikr etgan muhaddis imom Termiziydir»48.
Imom Termiziy asaridagi hadislarning darajasi haqida mashhur olim Ibn Rajab «Ilalut Termiziy» kitobining sharhida shunday deydi: «Biling- ki, albatta Termiziy kitobiga kiritgan hadislar «sahih hadis», «hasan hadis» va «g‘arib hadis» deb yuritiladi. Hasan hadis sahih darajasidan pastroq bo‘lib, ularda biroz zaiflik mavjud. G‘arib hadis esa biroz munkarlik illatiga ega. Bunday hadislar «fazoil amallar»ni ta’riflashda
ishlatiladi. Imom Termiziy g‘arib hadislar oldida sukut saqlamagan, balki ularni bayon qilib bergan.
Imom Termiziy, Abu Dovud va Nasaiy sunanlarining bir-biriga yaqinligi borasida Abu Ja’far ibn Zubayr aytadi: «Abu Dovud ahkom oyatlarini mukammal jamlagan bo‘lib, bu ishni biror muhaddis amalga oshirmagan. Imom Termiziy yangi uslubda hadislarni jamlagan bo‘lib, unga sherik bo‘ladigan biror muhaddis yo‘q. Ammo imom Nasaiy bu yo‘llarning eng go‘zalini va eng ulug‘ini tanlagan», degan.
Imom Termiziy o‘z kitobida, foydalanuvchining holatini inobatga olib, har bir jumlani aniq va lo‘nda keltirgan va kitobda hadis, asar, fiqh va turli qarashlarning bayonini nozik va nafis jumlalarda ifodalagan. Hatto, bir masalani bayon qilib turib, «…Faqihlar shunday deganlar va ular hadis ma’nolarini eng yaxshi biluvchilardir»49, deb o‘tgan. Bu bilan imom Termiziy faqihlarning hadislarni yaxshi tushunuvchilar ekanini alohida ta’kidlagan. Bunday holatlar imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud kabi muhaddislarning asarlarida uchramasligini aytib o‘tish lozim.
Shu bilan birga hadisdan keyin faqih ulamolarning qarashlarini keltirib o‘tish holatlari tez-tez uchraydi. Masalan, «Bu hadisga ahli ilmning ommasi nazdida amal qilinadi», «… ilm ahlining ba’zisi nazdida amal qilinadi», «…Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan ba’zilari amal qilgan», «…Nabiy sollallohu alayhi vasallam as’hoblaridan bo‘lgan ilm ahlining ko‘pi nazdida amal qilinadi», «Nabiy sollallohu alayhi vasallam as’hoblaridan va ulardan keyingi ilm va fiqh ahlining ko‘pi shu fikrda bo‘lgan», «Nabiy sollallohu alayhi vasallam as’hoblaridan bo‘lgan ilm ahli ixtilof qilgan…», «ilm ahli ixtilof qilgan», «… tobein va ulardan keyingi ilm ahlining ba’zilari nazdida amal qilinadi», «…va bu tobein va ulardan keyingi bir necha ilm ahlining so‘zi», «ba’zi ahli ilm bunday degan…», «ilm ahli ixtilof qilgan» kabilarni keltirib o‘tish mumkin50.
Shuningdek, ba’zi o‘rinlarda muayyan hadis bo‘yicha o‘z fikrini bildir- gan olimlarni sanab o‘tadi. Jumladan, «Nabiy sollallohu alayhi vasal- lamning ahli ilm bo‘lgan sahobalaridan ba’zilari shunday degan, ulardan Umar va Abdulloh…», «va bu ba’zi ilm ahlining so‘zi, ulardan Hasan Basriy, Ato ibn Abu Raboh va Sha’biylar», «va bu Sufyon Savriy, Ko‘fa ahli va ba’zi ahli ilmning so‘zi…, shuningdek, Molik ibn Anas, Lays ibn Sa’d,
Shofi’iylarning ham so‘zi», «bu hadisga ilm ahli nazdida amal qilinadi va u Shofi’iy va bizning as’hoblarimizning so‘zidir»51.
Imom Termiziy o‘z kitobida hadislar bilan bir qatorda ularning hukmlarini hamda faqihlarning amal qilishlaridagi darajasini ham kel- tirib o‘tishni shart qilib qo‘ygan. U quyidagilarni aytgan: «Men bu kitobga kiritgan hadislar ba’zi faqihlar amal qilayotgan hadislardir. Faqat ikki hadis bundan mustasno, deb o‘sha hadislarni keltirgan52.
Faqihlarning mazhablarini, ularning ijmolarini, nosix va mansuxni, hadislarning ixtiloflarini ham e’tibordan chetda qoldirmagan. U ix- tilofli mavzularning deyarli barchasini tartiblab, so‘zlarning g‘ariblarini hamda foydalarini aniq ko‘rsatib o‘tgan. Bu esa, uning darajasini juda ham yuqori ko‘targan hamda asardan foydalanishni osonlashtirgan53.
Shuningdek, imom Termiziy biror hadisni sahih deb o‘tgan bo‘lsa va uning sahihligini darajasini ham keltirgan. Misol uchun, «Alloh aksir- ganni yaxshi ko‘radi, esnaganni karih ko‘radi…» degan hadisni, «bu hadis sahih» deb, davomida «bu mening nazdimda Ibn Ajlonning hadisidan ko‘ra sahihroqdir»54, deydi.
Imom Termiziy o‘zining bu asarini muxtasar qilib, isnodlarini cho‘zib yubormagan holda barcha hadislarning illatlarini va qabul qilinishdagi darajalarini hamda roviylarning tarixini ham eslatib o‘tgan. Masalan, bir o‘rinda sahobiy Ibn Umardan hadis keltirib, hadis matnidan so‘ng Jobir, Ibn Abbosdan ham shu hadis rivoyat qilinganini eslatadi55. Shuningdek, imomlardan naql bilan yoki ba’zida o‘z ijtihodi bilan hadislarda kelgan jarh va ta’dilni ham ko‘rsatib o‘tgan.
Imom Termiziyning «Sunan»i juda foydali, mukammal va puxta tartiblangan, maqsadlari ravshan, nafis bir kitob bo‘lib, kishi qaysi mazhabda bo‘lishidan qat’i nazar undan bemalol foydalana oladi. Zero, kitob Termiziyning yuksak aqliy salohiyatiga dalildir. Bu kitobda nafaqat hadis, balki undagi hukmlarning asl ma’nolari, halol va harom masalalarini ajratish usullari ham keltirilgan.
Faqihlar esa, bu kitobni mujtahid uchun yetarli dalil bo‘la oladigan, muqallid uchun esa kifoya qilguvchi kitobdir, deyishgan. Shayxul islom
Haraviy kitobga yuqori baho berib, shunday deya madh qilgan: «Termiziyning kitobi, men uchun, Buxoriy va Muslimning kitoblaridan ko‘ra foydaliroqdir. Chunki ularning kitoblaridan buyuk olimlargina foydalanishlari mumkin. Abu Isoning kitobidan esa, har bir odam foydalanishi mumkin». Imom Termiziyning o‘zi aytishicha: «Men, bu kitobni tasnif qildim va uni Hijoz, Iroq va Xuroson olimlariga taqdim etdim. Ular bu kitobni ilmiy faoliyatda qo‘llasha boshlashdi. Agar kimningki, uyida bu kitob bo‘lsa, go‘yo Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uning uyida gapirayotganday bo‘ladi»56. Ibn Asir shunday degan:
«Termiziyning «Sahih» kitobi eng yaxshi, eng foydali, eng puxta, eng noyob kitob bo‘lib, unda mazhablar zikrlari, undagi dalillarni chiqarib olish usullari, hadisning sahih, hasan, g‘arib turlarining bayoni, jarh va ta’dil keltirilgan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, imom Termiziyning «Sunan» asari qulay uslubda yozilgani, turli soha vakillari foydalana olishi bilan boshqalardan ajrab turadi. Muallif har bir hadis so‘ngida faqat o‘z fikriga tayanmay, boshqalarning qarashlarini ham keltirishi asarning fazilatini oshirgan. Fiqhiy jihatdan esa, to‘rt mazhab olimlari foydalanishiga ham oson tarzda tuzilgan. Bu asar hadis ilmida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lib, unga ko‘plab sharhlar yozilgani bilan ham ajrab turadi.
Doniyor Muratov,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti,
2024 yil 17-18 oktyabr kunlari Termizda bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman maqolalari to‘plami
FOYDALANILGAN ADABIYoTLAR RO‘YXATI:
- G‘uvriy, Abdulmajid. Mavsu’a ulumil hadis va fununih. – Dimashq: Dor Ibn Kasir, 2007. – T. 3. – 741.
- G‘uvriy, Abdulmajid. Al-Vajiz fi ta’rif kutubil hadis. – Dimashq, Dor Ibn Kasir. 2009. – B. 21.
- Ibn Saloh. Ulumul hadis. – Dimashq: Dorul fikr, 1998. – B. 40.
- Termiziy. As-Sunan. – Ar-Riyoz: Dorul hazora, 2015. – T. 1. – B. 236.
- Obidov R. Sunnat, hadis va muhaddislar. – T.: Movarounnahr, B. 387.
- Muhammad Muhammad Avayza. Abu Iso Termiziy shayxul hadis. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1995. B. 100.
- Termiziy. Al-Jome’ul kabir. – Bayrut: Dorul g‘arbil islomiy, 1999.
– T. 4. – B. 462.
- Muhammad Muhammad Avayza. Abu Iso Termiziy shayxul hadis. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1995. B. 78.
46 G‘uvriy, Abdulmajid. Mavsua ulumil hadis va fununih. – Dimashq: Dor Ibn Kasir, 2007. – T. 3. – 741.
47 G‘uvriy, Abdulmajid. Sayyid Abdulmojid. Al-Vajiz fi ta’rif kutubil hadis. – Dimashq, Dor Ibn Kasir. 2009. – B. 21.
48 Ibn Saloh. Ulumul hadis. – Dimashq: Dorul fikr, 1998. – B. 40.
49 Termiziy. As-Sunan. Ar-Riyoz, Dorul hazora, 2015. – T. 1. – B. 236.
50 Qarang: Termiziy. As-Sunan. Ar-Riyoz, Dorul hazora, 2015.
51 Qarang: Termiziy. As-Sunan. Ar-Riyoz, Dorul hazora, 2015.
52 Obidov R. Sunnat, hadis va muhaddislar. – T.: Movarounnahr, B. 387.
53 Muhammad Muhammad Avayza. Abu Iso Termiziy shayxil hadis. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1995. B. 100.
54 Termiziy. Al-Jomeul kabir. – Bayrut: Dorul g‘arbil islomiy, 1999. – T. 4. – B. 462.
55 Termiziy. Al-Jomeul kabir. – Bayrut: Dorul g‘arbil islomiy. T. 1. B. 536.
56 Muhammad Muhammad Avayza. Abu Iso Termiziy shayxul hadis. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1995. B.