IMOM MOTURIDIYNING GNOSEOLOGIK VA AXLOQIY QARASHLARI

by Matbuot xizmati
23 👁️

Ma’lumki, xalqimizning ko‘p asrlik tarixiy taraqqiyoti davomida to‘plangan madaniy meros, ma’naviy qadriyatlar milliy madaniyatimizning, milliy mafkuramizning nazariy asosini tashkil etadi va jamiyatimizning ma’naviy rivojlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Markaziy Osiyo mutafakkirlarining falsafiy qarashlari ma’naviy merosimizning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Markaziy Osiyodagi mantiqiy-gnoseologik g‘oyalar tarixini o‘rganish nafaqat o‘tmish madaniyati va falsafasini, balki hozirgi davrga xos jarayonlarni to‘g‘ri tushunishga ham imkon beradi.

O‘rta asrlar Sharq tarixi shundan dalolat beradiki, madaniyat va ta’lim-tarbiya, tibbiyot, adabiyot, san’at va arxitektura sohalaridagi beqiyos yuksalish, ilmiy maktablarning vujudga kelishi, yangi-yangi iste’dodli avlodlar to‘lqinining paydo bo‘lishi va voyaga yetishi – bularning barchasi birinchi navbatda iqtisodiyot, qishloq va shahar xo‘jaligining ancha jadal o‘sishi, hunarmandchilik va savdo-sotiqning yuksak darajada rivojlanishi, yo‘llar qurilishi, yangi karvon yo‘llarining ochilishi va avvalambor nisbiy barqarorlikning ta’minlanishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan.

Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatini O‘rta asr sharoitida dunyo madaniyatining oldingi qatoriga olib chiqqan buyuk mutafakkirlardan biri — Imom Moturidiy hisoblanadi. U kishi imom, fiqh olimi, kalom ilmining moturidiylik oqimi asoschisi. “Imom al-hida”, “Imom al-mutakallimin” (“Hidoyat yoʻli imomi”, “Mutakallimlar imomi”) nomlari bilan ulugʻlangan. Moturid qishlogʻida tavallud topib, to umrining oxirigacha shu yerda yashagan, bu yerda katta bogʻ ham barpo etgan.

Moturidiyning asosiy asarlari “Kitob at-tavhid” (“Yakkaxudolik haqidagi kitob”), “Taʼvilat ahl as-sunna”dir (“Sunniylik anʼanalari sharhi”). “Kitob at-Tavhid” bilish nazariyasi bayon qilingan musulmon ilohiyotshunosligining birinchi asari hisoblanadi.

Yurtimiz zaminidan yetishib chiqqan allomalar orasida mutakallim olim, kalom ilmi va moturidiylik ta’limoti asoschisi Imom Abu Mansur Moturidiy musulmonlar birdamligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirtgan yorqin faoliyati hamda islom olamidagi yuksak mavqei bilan ayniqsa alohida ajralib turadi.

Uning insoniyat oldidagi eng katta xizmatlaridan biri sifatida jamiyatda turli buzg‘unchi g‘oyalar avj olgan, ixtilof, bo‘linish va parokandalik keng tarqalgan bir davrda maydonga chiqib, musulmonlarni mo‘’tadil ta’limot atrofida mustahkam jipslashtirishga muvaffaq bo‘lganligini keltirib o‘tish lozim.

Abu Mansur Rahimahulloh aytadi: “Aqllar qamrab ololmaydigan yaxshilik va yomonliklarni idrok etishga ushbu ikki narsa (sezga a’zolari va xabar) orqali erishib bo‘lmaydi. Bunga erishishning yagona yo‘li tilni ishlatib gapirish va quloq tutishdir [Abu Mansur Moturidiy. “Kitob at-Tavhid”. – T.: “Hilol nashr”, 2024. B-157.]. Haqiqatda bilishd sezgi a’zolari va xabarlar bu birlamchi manba hisoblanadi va ular orqali olingan bilimni yaxshilik va yomonlikka ajratish, manfaatli va manfaatsizga ajratish, zararli yoki zararsizga ajratish uchun uni albatta aql tarozisiga qo‘ymoq lozimdir. Inson tirik mavjudotlar orasida fikrlaydigan yagona ongli mavjudotdir. Olloh taolo barcha jonzotlardan insonni ulug‘ qilib yaratdi. Demakki inson fikr yuritmog‘i va aqlni ishlatmog‘i lozim. Yuqorida Abu Mansur Rahimahulloh ham aynan shunday demoqda.

Inson gnoseologiyasi ko‘rish, eshitish, ushlash, ta’m bilish, hid bilish va sensual tushunchalari orqali vujudga keladi. Dastlabki tushunchaga ega bo‘lgandan so‘ng bilimning ma’rifatini vujudga keltiradi. Ya’ni yakuniy xulosani chiqaradi. Bu o‘rinda Abu Mansur Moturidiy: “Ayon (ko‘rish) – sezish vujudga keladigan a’zolardir. U jaholatning aksi bo‘lgan ilmning hosil bo‘lishiga asos bo‘ladi. Kim aksincha (ma’rifat hosil qilishda sezgi a’zolarining o‘rni yo‘q, degan) e’tiqodda bo‘lsa, barcha eshitganlar uni “mutakabbir” deb aytadi. Darajada bunday (tuban) bo‘lishni hayvonlarning tabiati ham qabul qilmaydi. Chunki, ularning har biri o‘zining boqiyligi, zavoli nima bilan bo‘lishini, nima bilan lazzatlanishiy-u, azoblanishini biladi. Yuqoridagi qarash egasi esa shu narsani (hayvonlar ham inkor etmaydigan narsani) inkor etadi” – deb ta’kidlaydi [Abu Mansur Moturidiy. “Kitob at-Tavhid”. – T.: “Hilol nashr”, 2024. B-156.].

Buyuk mutakallim Abu Mansur Moturidiy bobomizning o‘rta asrlardagi g‘oyat xatarli va tahlikali bir vaziyatda o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, avlodlarga ibrat bo‘ladigan ma’naviy jasorat namunasini ko‘rsatib, islom olamida “Musulmonlarning e’tiqodini tuzatuvchi”, degan yuksak sharafga sazovor bo‘lgani bu nodir shaxsning ulkan aql-zakovati va matonatidan dalolat beradi. Abu Mansur Moturidiy o‘zining barcha asarlarida zalolatning har qanday ko‘rinishlaridan yiroq bo‘lgan, insonlarning mavjud ijtimoiy-ma’naviy muhitida sog‘lom ma’naviy tafakkurni targ‘ib qilish borasidagi sa’y-harakatlari, shuningdek sof diniy-falsafiy qarashlari bilan o‘sha davrning diniy mutaassiblari va buzg‘unchi g‘oya tarafdorlariga keskin raddiyalar bergan.

Abu Mansur Moturidiyning aynan aqoid va kalom ilmi bilan shug‘ullanishiga o‘sha davrda vujudga kelgan, insonlarning iymon-e’tiqod masalasida noto‘g‘ri yo‘nalishlarga boshlaydigan turli xildagi talqinlar va chalkashliklarning ko‘payib borayotganligi sabab bo‘ladi. haqiqatdan kelib chiqib, Alloh taolo insonlarga o‘zining imkoniyatlari doirasida ma’lum bir vazifa va mas’uliyatlarni yuklagan. Buning natijasi o‘laroq, bajarilgan yoki tark etilgan xatti-harakatlar evaziga jazo va ajrlarni marhamat etgan. Inson muayyan harakat va faoliyatni amalga oshirishi uchun unga harakatdan oldin amalda ma’lum bir kuch va qudrat berilgan. Insonning harakatlari unga berilgan shu kuch-qudrat va uni amalga oshirishga undovchi shaxs irodasining natijasidir. Bu jarayon inson harakatlarining asosi va uning zimmasiga yuklatilgan mas’uliyatlarining majmuidir. Bular bilan inson ma’lum bir harakatga yuzlanib, o‘z ixtiyori bilan uni tanlaydi va amalga oshiradi. Bandaning barcha yaxshi yoki yomon amallarini yaratish Alloh taoloning qudrati bilan bo‘ladi. Demak, insonning xatti-harakatlarida ikki jihat bor: insonning roli va Allohning qudrati. Abu Mansur Moturidiy, bu masalada o‘z davriga qadar ilgari surilgan taqdirni inkor etish va majburlash g‘oyasini qabul qilganlarning qarashlarini butkul rad etib, amallar ham insonga, ham Allohga tegishli ekanligini ta’kidlaydi. Mazkur masalaning yechimi sifatida u yangicha bir fikrni ilgari suradi. Abu Mansur Moturidiyning qarashlariga ko‘ra, ma’lum bir harakatga murojaat qilish, uni tanlash hamda o‘z xohish va irodasi doirasida bajarish insonning shaxsiy ishi. Har bir narsaning yaratuvchisi bo‘lgan Alloh, insonning harakatini ham yaratuvchisidir. Demak, ijod nuqtai nazaridan harakatga ta’sir etuvchi kuch Allohga tegishlidir. Boshqacha qilib aytganda, harakat amalga oshirilish jihati bo‘yicha insonga, yaratilish xususiyati bo‘yicha Allohga tegishlidir. Inson ruhiyatidagi bu sheriklik alohida xususiyatlarga ega bo‘lgan hamda mas’uliyatni bartaraf etmaydigan hamkorlikdir.

Narsalarning go‘zalligi yoki xunukligini shuningdek, foydali yoki zarar ekanligini umuman aql tamoyillari bilan tushunish mumkin. Biroq, aql ularni barcha jihatlari va tafsilotlari bilan aniqlay olmaydi. Chuqur izlanish va tafakkurdan so‘ng bilishi yoki payg‘ambarning xabari orqali bilishi mumkin. Shariatning bu boradagi bayonoti ta’kid va tasdiqdir. Shariat ham biror narsani yaxshiligi uchun buyurib, yomon va zararli bo‘lgani uchun uni harom qiladi. Din bu borada aql bilan birlashgan. Qolaversa, axloqiy tuyg‘u insonga xos bo‘lib, inson tabiatan axloqiy mavjudotdir. Ba’zi narsalarning go‘zalligi va ba’zi narsalarning xunukligi tabiatan aqlda aniq namoyon bo‘lganligi sababli, aql ularni idrok etadi, tahlil qiladi, muayyan harakatga undaydi yoki qaytaradi. Masalan, mavjud ne’matlarga shukr qilishning haqiqati, adolatning go‘zalligi, noshukurlikning xunukligi, zulm va yolg‘onning chirkin illat ekanligi va xokazo. Faqat aql oxiratda mukofot yoki jazolanadigan halol yoki harom amal qilish huquqiga ega emas, bu hokimiyat Allohnikidir. Demak, aql ilmi oxirat uchun jazo va ajr miqdorini belgilay olmaydi. Din esa amr qilinganlarni bajarganlarga ajr va’da qilgan, man etilganlarni esa jazo bilan tahdid qilgan. Abu Mansur Moturidiyning odob-axloq tushunchasida yana bir ta’kidlash lozim bo‘lgan jihat shundaki, u amaldan ko‘ra g‘oya, e’tiqod va to‘g‘ri bilimni birinchi o‘ringa qo‘yib, amalni taqliddan ko‘ra sog‘lom bilimga yo‘naltirib asoslaydi. Abu Mansur Moturidiyning fíkricha, Allohni tanish va uning go‘zal sifatlarini bilish har bir inson uchun axloqiy farzdir. Chunki borliqni va uning yaratuvchisi haqidagi bilimlarni anglashning yagona yo‘li aqldir. Abu Mansur Moturidiy o‘z asarlarida odamlarni o‘z imkoniyatlariga javobgar qilish kabi masala borasida ham ko‘plab fikrlar bildirgan. Xususan, allomaning fikr mulohazalariga ko‘ra, dinda odamlar hech qachon qodir bo‘lmagan xatti-harakat uchun javobgar bo‘lmaydilar.

Xulosa o‘rinda shuni aytishimiz mumkunki bugungi globallashuv sharoitida Abu Mansur Moturidiyning shaxsiyatini, ilmiy merosini hamda moturidiylik ta’limotini o‘rganish dinimiz, balki, butun borliq, insoniyat to‘g‘risida noto‘g‘ri g‘oyalarni yuzaga keltiruvchi turli mafkuraviy tahdidlar, aqidaparastlik va tub dunyoqarashlarga qarshi mafkuraviy immunitet vazifasini o‘taydi. Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosi yoshlar ongining turli ko‘rinishdagi buzg‘unchi g‘oyalar bilan zaharlanishiga qarshi turishda hamda ularga qarshi kurashishda o‘ta dolzarb va muhim manba hisoblanadi.

Abduvaxidov Abdullaziz Abdusattor o‘g‘li

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi

Toshkent davlat pedagogika universiteti mustaqil izlanuvchisi (PhD)

abdullazizabduvaxidov@gmail.com +998-97-754-83-01

Orcid-id: 0009-0003-7823-1837

Adabiyotlar ro‘yhati.

  1. Al-Moturidiy taʼlimoti va uning Sharq xalqlari madaniyatidagi oʻrni. Maʼruzalar toʻplami, T., 2000.
  2. Ziyodov Sh., Al-Moturidiy hayoti va merosi, T., 2000.
  3. Abu Mansur Moturidiy. “Kitob at-Tavhid”. – T.: “Hilol nashr”, 2024.

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика