
Annotatsiya: Ushbu maqolada Imom Termiziyning buyuk muhaddis ekani, uning hayoti va ijodi, «Sunani Termiziy» asarining o‘ziga xos xususiyatlari, boshqa hadis kitoblaridan ajralib turishi hamda mazkur asar haqida ulamolarning fikr-mulohazalari bayon etilgan.
Kalit so‘zlar: Imom Termiziy, «Sunani Termiziy», kutubi sitta, hadis, muhaddis, taxrij, istidlol, sahih, hasan, zaif.
Abstract: This article describes the great muhaddiths of Imam Tirmizi, his life and work, the characteristics of Sunani Tirmizi, its differences from other books of hadith, as well as the opinions of scholars about this work.
Keywords: Imam Tirmizi, «Sunani Tirmizi», kutubi sitta, hadith, muhaddith, takhrij, istidlal, sahih, hasan, zaif.
Yurtimiz qadimdan buyuk allomalarga, ulug‘ mutafakkirlarga beshik bo‘lgan. Bu zamindan yetishib chiqqan olimlar ilm-fanning har sohasida katta shuhrat qozonib, Vatanga, elga, Islom diniga buyuk xizmat qilib o‘tishdi. Ana shunday ulug‘ allomalardan biri Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhoq Sulamiy Bug‘iy Termiziydir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda buyuk ajdodlarimizga alohida ehtirom ko‘rsatish, ularning tavallud sanalarini keng nishonlash, boy ilmiy-ma’naviy meroslarini chuqur tadqiq etish, yosh avlodni ulug‘
mutafakkir bobolarimizga munosib avlod sifatida ulg‘aytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu yil 19 avgustda qabul qilingan «Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi41 Prezident qarori muta- fakkir bobomizning boy ilmiy merosini o‘rganish, u zotga munosib avlod bo‘lishga undaydi.
Ushbu hujjatga muvofiq Imom Termiziyning «ash-Shamoil al- Muhammadiyya» va «Sunani Termiziy» asarlarini moturidiylik aqidasi va hanafiylik mazhabiga tayangan ko‘p jildlik akademik tarjima va sharhini tayyorlab nashr etish belgilangani olimlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.
Imom Termiziyning hadis ilmiga oid shoh asari «Al-Jomi’us sahih» asarida minglab hadislar jamlangan. Bu asar «Al-Jomi’us sahih» («Sahih to‘plam»), «al-Jomi’ul kabir» («Katta to‘plam»), «Sahihut Termiziy» («Termiziy sahih hadislarga oid kitobi»), «Sunani Termiziy» («Termiziyning sunnatlarga oid kitobi») kabi nomlar bilan ham ataladi42.
Imom Termiziyning ushbu asari hadis to‘plamlarida mavjud barcha masalalarni o‘z ichiga olgani bois «al-Jomi’» («Jamlovchi») nomi bilan ham tanilgan. «Al-Jomi’» kitoblari aqida, tafsir, diniy qonun-qoidalar, ijtimoiy va shaxsiy axloq mezonlariga doir hadislarni qamrab oladi.
Asarning «Sunani Termiziy» deb atalishining asosiy sabablaridan biri – unda fiqh (islom huquqi) masalalariga doir hukmlarga oid hadislar juda ko‘p keltirilgan. Shu bilan bir qatorda asarda imon, Qur’on tafsiri, Qur’on fazilatlari, siyratlar, duolar, tahorat, namoz, zakot, ro‘za, haj, janoza, nikoh, savdo-sotiq, qurbonlik, libos, taomlar, ichimliklar, xayr- ehson va saxovat, tabobat, farzlar, jannat va jahannam sifatlari, ilm, izn so‘rash, pand-nasihat, odob-axloq va boshqa mavzularda ham hadisi shariflar mavjud.
Abu Iso Termiziy «Sunan» asarini alohida boblarga bo‘ladi. Mana shu boblar asarda sarlavha tarzida bo‘lib, bobga doir hadislar bo‘lim mazmunini to‘la-to‘kis ifodalaydi. Ushbu bobga (mavzuga) doir masala bo‘yicha muallif bir qancha hadislarni keltiradi, so‘ng bu masala yuzasidan boshqa ulamo va faqihlarning fikrlarini ham tartib bilan bayon etadi. Keyin rivoyat qilingan hadisning sahih, hasan, zaif yoki g‘aribligi darajasiga o‘z
munosabatini bildiradi. Shundan so‘ng hadis roviylari, sanadlari va sanadning o‘z ichiga olgan illatlari xususida o‘z fikrini bildiradi.
Imom Termiziyning «Sunani Termiziy» asari barcha uchun o‘qishli, tushunarli kitob ekani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Misol uchun, Shayxul Islom Abu Ismoil Ansoriy mazkur asar haqida yozadi: «Men uchun uning (Termiziyning) kitobi Imom Buxoriy va Imom Muslim kitoblaridan ko‘ra foydaliroqdir. Chunki Imom Buxoriy va Imom Muslim asarlaridan faqat teran ilmli mutaxassislargina istifoda etadi. Imom Termiziydan esa har kim foydalanishi mumkin»43.
Haqiqatan, Imom Termiziy o‘z asarlarini ommabop qilib yozgan. Shu bois «Sunani Termiziy» asari boshqa hadis kitoblari orasida o‘ziga xos xususiyatga ega. Ushbu asarning boshqa hadis kitoblaridan ajralib turadigan eng muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tsak.
Avvalo, «Sunani Termiziy» «Kutubi sitta», ya’ni olti ishonchli to‘plamdan to‘rtinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Imom Termiziy har bir bobda shu bobga doir hadislarni zikr qilgach, mavzuga tegishli hadislarni rivoyat qilgan sahobalarning ismlarini sanab o‘tadi. Shu xususiyat tufayli
«Sunani Termiziy» asari mavqei oshgan.
Imom Termiziy kabi barcha hadislarni sanadlari va matnlari bilan taxrij qilmoq, ya’ni asoslab yuzaga chiqarmoq katta mehnat talab qiladigan mashaqqatli ishdir.
Ikkinchisi, Imom Termiziy fiqhiy masalalarda faqihlarning so‘zlariga, fikr va qarashlariga ko‘p bora murojaat qiladi, dalillarga ishora etib, xuddi o‘sha masalada bir-biriga zid hadislarni sharhlaydi. Zotan, hadis ilmining asosiy g‘oyasi va maqsadi istidlol, ya’ni dalil keltirish hamda ularga nuqsonsiz ergashish va amal qilish uchun asos bo‘ladigan hadislarni aniqlab tayin etishdir.
Uchinchisi, Imom Termiziy hadislar ta’liliga juda katta e’tibor qaratadi. Har bir hadisning sahih va zaiflik darajasini aniqlaydi. Hadisning illatlari, roviylar haqida batafsil va ahamiyatli izohlar beradi. Imom Termiziyning bu borada amalga oshirgan ishlari orqali hadis ilmi qoidalarining, ayniqsa, ta’lil ilmining amaliyotga tatbiqi namoyon bo‘ladi44.
Shu bois Imom Termiziy o‘z kitobi haqida bunday degan: «Bu kitobni tasnif qilganimdan keyin uni Hijoz, Iroq va Xuroson ulamolariga taqdim
etdim. Ular rozilik bildirib, qabul qildilar. Kimning uyida bu kitobdan bo‘lsa, o‘sha xonadonda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam gapirayotgandek bo‘ladi»45.
Alloma Toshko‘prizoda ham «Sunani Termiziy»ga juda chiroyli ta’rif bergan: «(Muhammad at-Termiziy) hadis ilmi sohasida bir qancha asarlar taqdim etdi. Uning ushbu «al-Jomi’us sahih» («Sunan») kitobi bu asarlar orasida foydasi eng ko‘p, tartibi eng ixcham, takrori eng oz asardir. Unda boshqa hadis kitoblarida uchramaydigan xususiyatlar bor:
– mazhablar va istidlol (dalil keltirish) jihatlari e’tiborga olingan;
– sahih, hasan va zaif deb, hadis turlari aniq belgilangan;
– sharh va ta’dilga (qiyoslab to‘g‘rilashga) o‘rin ajratilgan;
– kitob oxirida illatlarga oid maxsus bir bo‘lim ilova etilgan, xullas, bu kitobda ulkan foydalar jamlangandir. Kitobni mutolaa qilgan kishilar bunga tan beradilar».
Men buyuk allomalarimizning asarlarini o‘qib, hayronu lol qolaman. Ular 10-11 asr muqaddam bugungidek kompyuter texnologiyalari bo‘lmagan davrda sham yorug‘ida shunday kitoblar ta’lif qilib ketishganki, biz bugun ulardek kitoblar yozish u yoqda tursin, hatto ularning asarlarini o‘qishga ham ulgurmayapmiz.
Muhtaram Prezidentimizning «Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarorlari buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy meroslarini o‘rganish, asarlarini chuqur tadqiq etish, yosh avlodning ma’naviy-ruhiy olamini boyitish, ularning qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirishga zamin yaratadi, inshaalloh.
Rahmatulloh Sayfuddinov,
Islomshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
2024 yil 17-18 oktyabr kunlari Termizda bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman maqolalari to‘plami
FOYDALANILGAN ADABIYoTLAR RO‘YXATI:
- Muhammad ibn Iso Termiziy. Sunan. – Bayrut – Livan: Dorul kutubil ilmiya, 1973. 784 b.
- Muhammad Sohil Sullamiy. Kitobatut tarixil islomiy. – Makka, 1998. 344 b.
- Sunani Termiziy. – Bayrut: Risola, 2020. 488 b.
- Shamsiddin Zahabiy. Tazkirotul huffoz. 2-jild. – Haydarobod. Majlis doiratil ma’orif an nizomiya, 1915. 1403 b.
- Nuriddin Itr. Al-Imam at-Termiziy val muvazanatu jomi’ihi va bayna sahihayn. – Damashq: Dorul basoir, 2014. – 576 b.
- Sayyid Abdulmojid G‘ovriy. Mu’jamul mustalahotil hadisiya. – Damashq: Doru ibn Kasir, 2012. – 893 b.
- Aminov H. Ismoilov M. Abiev H. Abdullaev B. Sunani Termiziy sharhi. 2-j. – Toshkent: Irfonnashr, 2021. 396 b.
- https://uza.uz/uz
- https://ar.wikipedia.org/wiki
41 https://uza.uz/uz/posts/imom-termiziy-tavalludining-1200-yilligini-keng-nishonlash-togrisida_626465
42 https://ar.wikipedia.org/wiki.
43 Nuriddin Itr. Al-Imam at-Termiziy val muvazanatu jomeihi va bayna sahihayn. Dimashq: Dorul basoir, 2014. – B. 576.
44 Muhammad ibn Iso Termiziy. Sunan. – Bayrut – Livan: Dorul kutubil ilmiya, 1973. – B. 784.
45 Sunani Termiziy. – Bayrut: Risola, 2020. – B. 488.