IMOM TERMIZIYNING «KITOB AL-ILAL» ASARI XUSUSIYATLARI

by Matbuot xizmati
22 👁️

Annotatsiya. Ushbu maqolada Imom Termiziyning hadis ilmiga oid muhim manbalardan biri hisoblangan «Kitobul ilal» asari, uning hadis- larni tavsiflashdagi ahamiyati borasida so‘z yuritiladi. Imom Termiziy asarlari ma’lum ma’noda undan keyin yozilgan hadis usullariga oid kitob- larning manbasi bo‘lgan. Imom Termiziy hadislarning manbalari va matn- larini tilga olib, hadislarning sahihlik darajasi, roviylarning maqomi, hadislarning turli xususiyatlarini tushuntiradi. Maqolada «Kitobul ilal» asarning ushbu xususiyatlariga alohida ahamiyat qaratiladi.

Kalit so‘zlar: Imom Termiziy, hadis, muhaddis, «Sihohi sitta»,

«Kitobul ilal», hasan, zaif, g‘arib. 

Abstract. This article discusses Imam Tirmidhiʼs book «Kitabul ilal», which is considered one of the important sources of hadith science, and its importance in describing hadiths. Imam Tirmidhiʼs works were, in a certain sense, the source of the books on hadith methods that were written after him. Referring to the sources and texts of hadiths, Imam Tirmidhi explains the level of authenticity of hadiths, the status of narrators, and various characteristics of hadiths. The article focuses on these features of the work «Kitabul-ilal».

Keywords: Imam Tirmidhi, hadith, muhaddis, «Sihahi sitta», «Kitabul ilal», hasan, weak, gharib.

«Ilal» deganda hadislar rivoyatidagi yashirin qusur va illatlar tushuniladi. Hadis ilmida ilal masalasi muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu soha hadislar rivoyatida har xil sabablarga ko‘ra roviylar tomonidan sodir etilgan zaiflik, noaniqlik, g‘alat, xato, sahvu yanglishlarni tadqiq qilishdek sharafli va o‘ta mas’uliyatli vazifa bilan shug‘ullanadi.

Hazrati Imom Termiziy ilal sohasidagi tasniflari bilan ham Islom tamadduniga ulkan hissa qo‘shganlar.

Imom Termiziyning bizgacha yetib kelgan «Al-Ilal fil hadis» («Hadislardagi illatlar yoki og‘ishlar») nomli muhim asari bo‘lib, bu asosan ikki mustaqil kitobdan tashkil topgan.

Ulardan biri «Al-Ilalul kabir» yoki «Al-mufrad» nomi bilan atalib, ko‘pchilik olimlar «Termiziyning bu asari bizgacha yetib kelmagan» degan fikrda bo‘lganlar. Garchand aksar tadqiqotchilar ham shunday fikrda bo‘lsalar-da, imom Termiziyning hayot va faoliyatlariga doir maxsus risola yozgan olim Nuriddin Atr «Kitobul ilal»ning Bayrutda 1988 yilda chop etilgan ikkinchi nashrida Turkiyaning qimmatli qo‘lyozmalarga boy kutubxonalaridan birida Imom Termiziyning «Al-Ilalul kabir» asari- ning yagona qo‘lyozmasini ko‘rgani va undan fotonusxa olib, o‘z tadqi-qotining qayta nashrida foydalangani haqida yozadi.

«Al-Ilal»ning ikkinchisi «Al-Ilalus sag‘ir» deb atalib, u mual- lifning bosh asari bo‘lmish «Al-jomi’us sahih», ya’ni «Sunani Termiziy» kitobi oxiriga xotima tariqasida ilova qilingan. Chunki bu asar «Sunani Termiziy»ga bevosita aloqador sanaladi.

Imom Termiziyning o‘zlari «Ilal» masalasida aytdilar: «Bu (ilalga oid) masalada uzoq vaqt fikr-mulohaza yuritdim, buning boisi shundaki, bizdan shu xususda so‘ralganda, oldin o‘z nuqtai nazarimizni ochiq-oydin aytmaganmiz. Sababi shuki, birinchidan, bizdan avval ilal masalasi xusu- sida so‘ralganda bir qancha ulamolar ham o‘z fikrlarini bildirmaganlar, ikkinchidan, ba’zi muhaddislar o‘rtalarida hadisda siqa – ishonchli bo‘lgan roviylarning xato, yanglish va vahmlarini aytish g‘iybat bo‘lib qoladi, degan olimlar ham bor edilar. So‘ng odamlar manfaatini o‘ylab, bir qancha mashhur muhaddislar, xususan, Imom Buxoriy bilan bir necha yillik muloqotda bo‘lganimizdan so‘ng, yana mazkur fikrga aloqador rivoyatlarni eshitgandan keyin, ilal masalasini oshkor qilishga jazm qildim. Na Iroqda va na Xurosonda hadislarning illatlari va tarix mavzularida hamda isnodlar sohasida imom Muhammad ibn Ismoil (Buxoriy)dan ko‘ra bilimdonroq kishini ko‘rmadim», – deydilar36.

Bu so‘z ilal masalasida barcha muhaddislarning yakdil xulosalarini ifoda etadi.

Shofi’iy maktabi faqihlaridan bo‘lgan muhaddis Abu Hotam Muhammad ibn Hibbon al-Bustiyning ham (?–965) «Kitobul ilal» («Hadislardagi illat va qusurlar») asari bor. Bu muhaddis alloma Samarqand shahrida o‘sib- ulg‘aygan, u yerda bir muddat qozilik qilgan. Tib, falakiyot va boshqa 

ilmlardan voqif bo‘lgan. Movarounnahr, Iroq, Xuroson, Shom, Hijoz kabi islom ilm markazlarini kezib, yirik muhaddislardan hadislar tinglagan va ko‘pgina asarlar yozgan37.

Hazrati Imom Termiziyning «Al-Jomi’us sahih («Sunani Termiziy») kitobiga ilova qilingan «Kitobul ilal» asari bizga yaxshi tanish bo‘lgani sababli shu asar asosida fikr yuritamiz.

Imom Termiziy «Kitobul ilal»ning bosh qismida aytadilar: «Bu kitobdagi hadislarning hammasiga amal qilinadi. Olimlarning bir qismi bu kitobdagi ikki hadisdan boshqa barcha hadislarni dalil sifatida olgan- dirlar».

Bu ikki hadisdan birinchisi ushbudir: «Sunani Termiziy», Namoz kitobi, 138-bob, 187-hadis. Hazrati Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilindi; aytdi(lar): «Janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xavf-xatar va yomg‘ir bo‘lmay turib, Madinada peshin bilan asr namozini hamda shom bilan xufton namozini jamlab ado etdilar (qo‘shib o‘qidilar)». Hazrati Ibn Abbosdan: «Bu bilan (janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam) nimani murod etdilar?» deb so‘raldi. Aytdi(lar): «Ummatlariga qiyinchilik bo‘lmasligini murod etdilar»38.

IZOH. Ilm ahllariga ma’lumki, hazrati Imom A’zam mazhabida ikki namozni jamlab o‘qish faqat haj sababli Arafotda va Muzdalifada joiz. Boshqa mahalda joiz emas, faqat taqdim yoki ta’xir, ya’ni bir namozni oxirgi vaqtiga olib, ikkinchi namozni avvalgi vaqtida o‘qish bilan joizdir.

Imom Termiziy bu hadisning ziddiga keyingi hadisni bayon qilganlar. Hadis ushbudir: «Sunani Termiziy», 188-hadis. Hazrati Ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi; Janob Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Kimki ikki namozni uzrsiz holda jam qilsa (qo‘shib o‘qisa), shubhasiz, u gunohi kabiralarning eshiklaridan bittasiga qadam bosgan bo‘ladi».

IZOH. Abu Hanifa (rahmatullohu alayh): «Arofat va Muzdalifadan boshqa hech qaerda va hech qanday holda jam qilmoq mashru’ emas», deydilar.

Ikkinchisi ushbu hadisdir: «Sunani Termiziy», «Hudud» («Had jazo- lari») kitobi, 17-bob, 1444-hadis. Hazrati Muoviya roziyallohu anhudan ri- voyat qilinishiga ko‘ra, janob Rasulullooh sollallohu alayhi vasallam 

aytdilar: «Kimki ichkilik ichsa, uni kaltaklab urish bilan jazosini beringlar, yana ichishda davom etsa, to‘rtinchi daf’asida uni o‘ldi-ringlar»39.

Bu hadis hazrati Imom Abu Dovud hadis majmuasining «Hudud» («Had jazolari») kitobi 36-bobida hamda hazrati Imom Ibn Moja hadis majmuasining «Hudud» («Had jazolari») kitobi 17-bobida rivoyat qi- lingan.

Imom Termiziy «Sunan»da aytadilar: «Hazrati Muoviyaning (mazkur) hadisini ayni shaklda (Sufyon) Savriy Osimdan, Abu Solihdan, Muoviyadan rivoyat qilgan. Ibn Jurayj va Ma’mar ham Suhayl Abu Solihdan, uning otasidan, Abu Hurayradan rivoyat qildilar»40.

Yana Imom Termiziy yana aytadilar: «Muhammad (ibn Ismoil al- Buxoriy)dan bunday deganini eshitdim: «Abu Solihning Muoviya (roziyal- lohu anhu) orqali rivoyat qilgan hadisi Abu Solihning hazrati Abu Hurayradan rivoyat qilgan hadisidan ko‘ra sahihroqdir».

Bu o‘rinda Imom Buxoriy hadis rivoyatida yashirin bir illat – qusur yoki nuqson borligiga ishorat qilmoqdalar.

Mazkur hadis izohida aytiladi: «Ichkilik ichgan kishiga qo‘llangan bu jazo Islomning avvalida mavjud edi, keyinchalik (bu hukm) bekor qilindi». Bu so‘zga janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to‘rtinchi marta ichkilik ichgan kishiga o‘lim jazosini qo‘llamaganlari dalil qilib keltirilgan.

Imom Termiziy «Kitobul ilal»da aytadilar: «Biz bu ikki hadisning illatini (qusur va nuqsonini) ham («Al-Jomi’us sahih») kitobimizning tegishli bobida ochiq ayon etganmiz».

«Sunani Termiziy» asarining eng buyuk xislatlaridan ba’zilari – hadislarning o‘z o‘rni va o‘z vaqtida musannif Imom Termiziy tomonlaridan sharhlab o‘tilishi, unda hadis rivoyatlaridagi illatlar, ya’ni roviylarning biror jihatdagi zaifligi, xotirasidagi qusuri, boshqa nuqson va kamchiliklarining ochiq-ravshan aytib o‘tilishidir.

Hazrati Imom Termiziy «Kitobul ilal»ning xususiyatlarini bunday bayon qiladilar: «Kitobimizda («Sunani Termiziy»da) faqih zotlarning tarjih etgan (ustun ko‘rib tanlagan) fikr-qarashlariga ham to‘xtaldik. Sufyon Savriyning fikrlarinidan ko‘pini menga Muhammad ibn Usmon Ko‘fiy bayon etdi. Undan esa Abul Fazl, Maktum ibn Abbos Termiziy naql 

etdi. Muhammad ibn Yusuf Faryobiy esa Sufyondan faqihlarning fikr- qarash-larini bizga naql etgan.

Molik ibn Anasning fikr-qarashlarining ko‘pini bizga Is’hoq ibn Muso Ansoriy bayon qilgan. Ma’n ibn Iyso Kazzoz ham Molik ibn Anasning fikr-qarashlarini naql etgandir.

Ro‘za bilan bog‘liq xabarlarning bir qismi esa Muso ibn Hizom bizga bayon etgan narsalardir. Ayni vaqtda, bu xabarlar Abdulloh ibn Maslama Ka’nabiyning «Molik ibn Anasdan bizga bayon etdi» deb aytgan narsa- laridir.

(Abdulloh) Ibn Muborakning fikr-qarashlarini esa Ahmad ibn Abdat A’lo va Ibn Muborakning birodarlaridan, ular esa Ibn Muborakdan bizga bayon qilganlar. Ibn Muborakning fikr-qarashlari Ibn Vahb, Muhammad ibn Munohim va Ibn Muborak vositasi bilan bizga rivoyat qilingan. Xususan, Ali ibn Hasan, Abdulloh ibn Muborak vositasi bilan Abdandan, Sufyon ibn Abdulmalikdan – Ibn Muborakdan deb ham bizga bayon qilgandirdar. Yana Hibbon ibn Muso – Ibn Muborak, Vahb ibn Zam’a, Fadola Nasaviy va Ibn Muborak vositasi bilan bizga rivoyat qilingan. Ibn Muborak vositasi bilan biz eslab o‘tgan kishilardan tashqari ham yana nomi keladigan kishilar bor.

(Imom) Shofi’iy fikr-qarashlarining ko‘pini esa Hasan ibn Muhammad Za’faoiniy Shofi’iydan bizga naql etgan.

Tahorat va namoz bilan bog‘liq mavzularni esa Abul Valid Makkiy bizga Shofi’iydan bayon qildi.

Muxtasar aytganda, «Kitobul ilal»da asosan qaysi mavzularning kimlar tomonidan bayon qilingani ta’kidlab o‘tilgan. Unda Imom Buxoriy, Sufyon Savriy, Abdulloh ibn Muborak, Ibn Siyrin kabi mashhur zotlarning ibratli va hikmatli so‘zlari keltirilgan. Hadislar rivoyatidagi illatlar – yashirin qusur va nuqsonlar esa «Sunani Termiziy» kitobining o‘zida o‘z o‘rnida sharhlab o‘tilgan.

«Kitobul ilal»da yana hayratlanarli, ajib bir so‘z bayon etiladi. Imom Termiziy aytadilar: «Ibrohim ibn Abdulloh Munzir Bohiliy bizga bayon qildi, Ya’lo ibn Ubayd bizga Sufyon Savriyning bunday deb aytganini xabar qildi: (Sufyon Savriy:) «Kalbiydan hadis rivoyat qilishdan zinhor saqlaninglar!» (dedilar). U kishiga: «O‘zingiz undan hadis rivoyat qilasiz- ku!» deyildi. Shunda u kishi: «Men to‘g‘ri rivoyatni yanglish rivoyatdan ajrata olaman!» dedilar. 

Ma’lum bo‘ladiki, so‘nggi rivoyat qiluvchi (muhaddis) zot to‘g‘ri rivoyatni xato rivoyatdan ajrata olsa, nuqsoni va qusuri bor bo‘lgan roviydan ham hadis rivoyat qilish mumkin bo‘lar ekan.

Imom Termiziyning «Al-Jomi’us sahih» («Sunani Termiziy») kito- biga ilova etilgan «Kitobul ilal» asari butun jahon ilm ahllari uchun, xususan, hadis ilmi bilan shug‘ullanadigan olimlar uchun o‘ta muhim, o‘ta qimmatli manbadir.

Uni o‘rgangan kishi hazrati Imom Termiziyning hadis kitobiga sig‘dira olmagan juda ajib fikr va xulosalaridan bahramand bo‘ladilar.

Zamon olimlari oldida esa Imom Termiziyning «Al-Ilalul kabir» («Al-mufrad») asarini o‘rganish va tadqiq etish vazifalari turibdi.

Mirzo Kenjabek,

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘limi boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan

yoshlar murabbiysi, faxriy professor

2024 yil 17-18 oktyabr kunlari Termizda bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman maqolalari to‘plami

36 «Sanati Termiziy» , Kitobul ilal.

37 Islom Ensiklopedisi. I harfi maqolalari.

38 «Sunani Termiziy» , 138-bob. «Muqimlikda ikki vaqt namozini jam qilmoq» , 187-hadis.

39 «Sunani Termiziy» , «Hudud» («Had jazolari» ) kitobi, 15-bob, 1444-hadis.

40 «Sunani Termiziy» , «Hudud» («Had jazolari» ) kitobi, 15-bob, 1444-hadis izohi.

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика