«SUNANI TERMIZIY»DA TAFSIR RIVOYATLARI

by Matbuot xizmati
22 👁️

    Annotatsiya. Ushbu maqolada Abu Iso Termiziyning «Sunani Termiziy» kitobida keltirilgan hadislar oyatlar sharhi va izohiga oid rivoyatlar asosida batafsil bayon qilingan.

    Kalit so‘zlar: termiziy allomalar merosi, hadis, tasavvuf, tafsir, ibodat, tahorat, namoz, Qur’on fazilatlari.

    Abstract. In this article, the hadiths mentioned in Abu Isa Tirmidhi’s book «Sunan Tirmidhi» are described in detail based on the narrations related to the commentary and explanation of the verses.

    Keywords: the legacy of Tirmidhi scholars, hadith, Sufism, interpretation, prayer, ablution, prayer, qualities of the Qur’an.

    Yangi O‘zbekistonda Imom Termiziy va termiziylar ilmiy merosiga bo‘lgan munosabat mutloq o‘zgardi. Imom Termiziy nomi bilan bog‘liq jomi’ masjid, Abu Iso Termiziy majmuasi qurildi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tashabbusi bilan termizlik olimlar merosini o‘rganishga mo‘ljallangan Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazining tashkil topdi.

    Bugungi kunda termiziy allomalar merosiga oid o‘nlab tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Bular qatorida Abu Iso Termiziyning 4 jildli 

    «Sunani Termiziy sharhi», «Jomi’i sunan», «Kitab al-ilal», shuningdek, Hakim Termiziyning «Adabun nafs» (Nafs odobi), Termiziyning

    «Qaytarilgan amallar» (al-Manhiyot), «Yashirin masalalar» (Masoilul maknuna), «Tahsilu nazoiril Qur’on» (Qur’ondagi so‘zlarning turlicha ma’nolarini o‘rganish), Hakim Termiziyning «Bahrut tafsir» kabi asarlarning chop etilganligini aytish mumkin.

    Ta’kidlash kerakki, Termiz o‘z davrida ulkan olimlarni yetkazgan hudud sifatida shuhrat qozongan. Bu yerdan nafaqat hadis, tasavvuf, balki tafsir ilmi borasida ham yetuk olimlar yetishib chiqqan. Jumladan, Hakim Termiziy nomi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abdulloh ibn Ali ibn Hasan ibn Bashir Hakim Termiziy (205/820-320/932) «Kitobul amsol minal Kitob vas sunnat»,

    «Tahsil nazoirul Qur’on» («Qur’on ibratlarini egallash») kabi asarlari bilan, Umar Termiziy (857/1453 yil atrofida yashagan) sufiy, voiz olim sifatida Ixlos surasiga tafsir yozgani bilan mashhur bo‘lganlar.

    Olti sahih kitobdan biri «Sunani Termiziy» nomi bilan mashhur bo‘lgan «al-Jomi’us sahih» asari muallifi Abu Iso Termiziy ham hadis, tafsir ilmlarida yetuk olim bo‘lgan. Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhoq Sulamiy Zarir Bug‘iy Termiziy (824-892)ning mazkur «al- Jomi’us sahih» asarida tahorat, namoz, ro‘za, zakot, haj, siyratlar, vasiyat kabi qator diniy ijtimoiy va ibodat masalalari qatori Qur’on fazilatlari, tafsir singari qismlar ham yoritilgan [1; 33-49].

    Ushbu asarda «Kitab savobil Qur’on», «Kitabul qiraat» («Qur’on qiroatlari») va «Kitab tafsiril Qur’on» («Qur’on tafsiri kitobi») nomli boblar bo‘lib, unda tafsirga oid rivoyatlarni keltirgan. Kitobning «Kitab tafsiril Qur’on» («Kitab tafsiril Qur’on an rasulillah») deb nomlangan qismi eng katta boblardan biri sanaladi va unda umumiy hisobda 377 ta hadis jamlangan. Ushbu bobda an’anaviy tartibda Qur’onning Fotiha surasidan Nosgacha bo‘lgan suralarning fazilatlari haqidagi hadislar jamlangan. Imom Termiziy hadislar orasidan o‘z shartlariga to‘g‘ri kelganini saralab olgani bois ham hamma oyatlarning sharhlari uning keltirilmagan bo‘lishi mumkin.

    Abu Iso Termiziy tafsir qilish jiddiy ish ekanini ta’kidlagani bois ushbu bobda o‘z ijtihodi bilan tafsir qilishning mumkin emasligi haqidagi 5 ta hadisni birinchi navbatda keltiradi. Jumladan, ularning birida shunday deyiladi: «Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilinadi. U aytadi:

    «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kim Qur’ondagi narsalar (uning mazmuni) haqida bilmay biror so‘z aytsa, o‘z joyini do‘zaxdan tayyorlab qo‘ysin» [2; 659-660]. Keyingi hadisda esa quyidagi 

    rivoyatni keltiradi: Jundub ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi:

    «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kim Qur’on borasida o‘z fikriga tayanib gap aytsa, agar to‘g‘ri bo‘lsa ham u xato qilibdi».

    Darhaqiqat, Qur’oni karim mo‘tabar kitob bo‘lgani bois uning taf- sirida bilmay gapirish mumkin emas. Bu bilan so‘zlovchi adashadi va bosh- qalarni ham adashtiradi. Hozirda ayniqsa, o‘z da’volarini isbotlash maq- sadida oyatlardan bilimsiz holda dalillar keltirayotgan turli aqidaviy oqim vakillarining faoliyatlariga berilgan bahodir.

    Olim «Sunani Termiziy»dagi tafsirga bag‘ishlangan bobning davomida Fotiha surasi sharhini keltiradi va bu qismni Fotiha surasi o‘qilmagan namoz mukammal emasligi borasidagi hadislarni rivoyat qilishdan bosh- laydi. Ushbu hadislarda Fotiha «Ummul Qur’on» (Qur’onning onasi) nomi bilan zikr qilinadi [2; 660-661]. Manbalarda Fotihaning «Ummul kitob»,

    «Sab’ul masoni» kabi bir necha nomlari sanab o‘tiladi. Termiziy esa ulardan Qur’on onasi nomi bilan bog‘liq hadislarni keltiradi.

    Olim Baqara surasi tafsiri bilan bog‘liq jami 37 ta hadisni o‘z asariga kiritgan. Ular qatorida yahudiylarga doir voqealar (58-59-oyatlar), qibla va sahobalarning qorong‘ilikda turli tomonga qarab namoz o‘qiganliklari va buni ma’qullovchi oyatning nozil bo‘lishi (115, 150-oyatlar), qiblaning Ka’ba tomon o‘zgarishi (144-oyat), Hazrati Umarning Maqomi Ibrohimda namoz o‘qishni so‘ragani va bu borada oyatning nozil bo‘lishi (125- oyat), musulmon ummatining adolatli ummat etib tanlangani (143-oyat), ro‘za tutuvchining tonggacha saharlik qilishi (187-oyat), o‘rta namoz (238-oyat) kabi qator oyatlar sharhiga bag‘ishlangan hadislarni [2; 662-670] aytish mumkin.

    Aytish kerakki, oyatlar tafsiriga oid hadislar ayni damda sababi nuzul (oyatlarning nozil bo‘lish sabablari)ga ham taalluqlidir. Jumladan, Anas (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Umar ibn Xattob Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga: «Ey Rasululloh! Maqom ortida namoz o‘qisak», dedi. Shundan keyin Baqara surasining 125-oyati – «Maqomi Ibrohimda namoz joyi qilib olinglar» nozil bo‘ldi. Shuningdek Urvadan rivoyat qilingan hadis sababi nuzul bilan bog‘liq bo‘lib, unda shunday deyiladi: Urva aytadi: Men Oishaga (r.a.) biror kishi Safo va Marva orasini sa’y qilmasa hech narsa bo‘lmaydi va men buni ma’qul sanayman dedim». Shunda Oisha (r.a.): «Naqadar yomon gapni aytding, ey opamning o‘g‘li. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlar tavof qilganlarida … odamlar Safo va Marva orasini say’ qilmas edilar. Shunda Alloh tabarok va taolo «Kim Uni haj qilsa yoki umra qilsa, bu ikki joy (Safo va Marva)ni tavof qilishida zarar yo‘qdir» oyati

    (158-oyat)ni nozil qildi. Agar sen aytganingdek bo‘lganida edi, unda Alloh taolo «bu ikki joyni tavof qilmaslikda zarar yo‘qdir» deb nozil qilar edi», dedi». Imom Zuhriy aytadi: «Men (Urva rivoyat qilgan) bu hadisni Abu Bakr ibn Abdurahmonga aytib berganimda, u ajablanib: «Bu bir ilm-ku, men olimlarning «Safo va Marvani tavof qilmaydigan arablarning «Bu ikki tosh (Safo va Marva) orasini sa’y qilish johiliyat odatlaridan» deganini, ansorlarning esa: «Biz Baytullohni tavof qilishga buyurilganmiz, Safo va Marvani emas» deganini eshitganman. Shunda Alloh

    «Albatta Safo va Marva Allohning belgilaridan» oyatini nozil qilgan». Abu Bakr ibn Abdurahmon so‘zini davom etib aytadi: «Demak, ushbu oyat (158- oyat) bular va bular haqida nozil bo‘lgan ekanda» [2; 663-664].

    Keltirilgan ushbu hadisdan ko‘rinib turibdiki, arablar johiliyat amali degan o‘yda Safo va Marva o‘rtasida sa’y qilmas ekanlar. Lekin ushbu oyatlar nozil bo‘lgach, bu yerda sa’y qilish joriy qilingan va hadisda keltirilgan voqea bunga sabab bo‘lgan.

    Bundan tashqari kitobning tahorat, namoz kabi boshqa qismlarida kel- tirilgan hadislarda ham oyatlar sharhi va izohiga oid rivoyatlar o‘rin olgan.

    Alloma 279/892 yilda Termizdan uzoq bo‘lmagan Bug‘ qishlog‘ida vafot etgan.

    Darhaqiqat, Abu Iso Termiziy hadis bilan bir qatorda tafsir borasida ham yetuk olim bo‘lgan. «Sunani Termiziy»da keltirilgan oyatlar sharhiga bag‘ishlangan hadislar buning yorqin misoli sanaladi.

    Davronbek Maxsudov Rustamovich,

    Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari,

    tarix fanlari doktori, professor

    2024 yil 17-18 oktyabr kunlari Termizda bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman maqolalari to‘plami

    FOYDALANILGAN ADABIYoTLAR RO‘YXATI:

    1. Imom Termiziy / O‘zbekiston buyuk allomalar yurti / tuzuvchi va nashrga tayyorlovchi U.Uvatov. – T.: Ma’naviyat, 2010.
    2. Muhammad al-Buxoriy. Hadis. Al-Jomi’us sahih. – T.: Qomuslar bosh tahririyati, 1995. J. III.
    3. Imom Dorimiy. Sunani Dorimiy. / Muhammad Abdulaziz Xolidiy tahriri ostida. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1996. J. 2.
    4. Abu Iso Termiziy. Sunani Termiziy. Ar-Riyod: Maktabatul ma’orif lin nashr vat tavzi’, (yili ko‘rsatilmagan).
    5. Abdulloh Abdulhamid Saad. O‘rta Osiyo olimlari qomusi. – T.: Imom Buxoriy respublika ilmiy-ma’rifiy markazi nashriyoti, 2007.

     Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

    Flag Counter

    ©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

    © 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
    Яндекс.Метрика