
Prezidentimizning 2024 yil 15 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida Sherobod tumanidagi Imom Termiziy majmuasiga olib boruvchi yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash, ziyoratgoh va unga tutash hududlarni obodonlashtirish yuzasidan ham tegishli vazifalar belgilab berilgan edi.
Mazkur hujjat ijrosi doirasida yo‘l bo‘ylari va majmua atrofida keng qamrovli ishlar amalga oshirilib, mahalliy ziyoratchilar hamda xorijliklarning muqaddas qadamjoga kelishi uchun zarur sharoit yaratildi.
Manbalarda aytilishicha, Imom Termiziy hijriy 209 yil Termiz yaqinidagi Bug‘ qishlog‘i ya’ni, hozirgi Sherobod tumanidagi Cho‘michli mahallasida tavallud topgan. Ul zotning nasablari Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok bo‘lib, shajarasini bildiradigan nomi Abu Iso, deb atalgan. Bu kunyani Imom Termiziy ismiga bog‘lab, o‘zining Abu Iso, deb nomlanishini juda xush ko‘rgan.

Alloma yoshlikdagi ilk ma’lumotni o‘sha davrning ilm-fan va madaniyati rivojlangan Termiz shahrida olgan. Bilimga chanqoqligi, ziyrak va xotirasining kuchliligi kabi noyob qobiliyatlari bilan o‘z tengqurlaridan ajralib turgan. Diniy va dunyoviy ilmlarni, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan egallab, bilimlarini yana boyitish uchun ko‘pgina Sharq mamlakatlariga safar qilgan. Uzoq yillar Iroq, Isfaxon, Xuroson, Makka va Madinada yashagan. Ko‘p yillik safarlari chog‘ida qiroat, ilm al-bayon, fiqx, tarix, shuningdek, o‘zi yoshligidan qiziqqan hadis ilmi bo‘yicha o‘z davrining yirik olimlari, mashhur muhaddislaridan talim olgan. Imom al-Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovul, Qutayba ibn Said Ishoq ibn Muso, Mahmud ibn G‘ayloy kabi taniqli muhaddislar
Buyuk ajdodimizdan “Shamoilun-Nabaviya”, “Ilalu mufrad”, “Ilalu fiy oxiri jomi’”, “Kitobuz-zuhd”, “Kitobut-tarix”, “Asmous-sahoba”, “Al-Asmo val kuna”, “Kitobu fiyl asaril mavqufa”, “Kitobu azim” (“Al-Jomi’ as-Sahih”) asarlari bizga bebaho meros bo‘lib qolgan. Manbalarda “Al-Jomi’ as-Sahih” kitoblari “Sahihut-Termiziy” nomi bilan ham mashhurligi keltirilgan.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan 1200 yillik yubileyi keng nishonlanayotgan ulug‘ alloma asarlari dunyo islomshunoslarida hamisha katta qiziqish uyg‘otib kelgan, – deydi Imom Termiziy majmuasi direktori o‘rinbosari Ismatulla Yo‘ldoshev. – “Al-Jomi’ as-Sahih” oltita ishonchli hadislar to‘plamidan biri bo‘lib, ushbu asar ilmiy adabiyot va manbalarda “Jome’ at-Termiziy”, “Sunan at-Termiziy” singari nomlar bilan ham atalgan. Payg‘ambar alayhissalom hadislariga doir muhim to‘plamlardan biri sifatida tanilgan. Bizga ana shunday qimmatli asarlar qoldirgan buyuk Vatandoshimizning muborak yubileylari nishonlanayotganidan xalqimiz behad minnatdor bo‘lib, uzoq-yaqindan, mamlakatimiz va xorijdan ziyoratga keladigan mehmonlarni yorug‘ yuz bilan kutib olish tadorigini ko‘rdi.

Joriy yilning 17-18 oktyabr kunlari Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzuiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tadi.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Surxondaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida tashkil etilayotgan nufuzli ilmiy anjumanga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
Joriy yilning 17-18 oktyabr kunlari Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzuiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tadi.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Surxondaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida tashkil etilayotgan nufuzli ilmiy anjumanga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
Nufuzli anjumanda yurtimizning islomshunos olimlari, soha mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilar bilan birga dunyoning o‘nga yaqin mamlakati, jumladan, Turkiya, Qatar, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan 50 dan ortiq taniqli olim va ulamolar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etadi. Ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilari o‘tmishda voha hududida yashab o‘tgan buyuk allomalar qadamjolarini, jumladan, Imom Termiziy tug‘ilib, kamolga yetgan va umri oxirida mangu qo‘nim topgan muqaddas go‘shani ham ziyorat qiladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keyingi yillarda yanada fayzli hududga aylangan Cho‘michli mahallasi hamda ziyoratchilar uchun barcha zamonaviy qulaylik yaratilgan Imom Termiziy majmuasi atrofi, muqaddas dargohga olib boruvchi keng, ravon yo‘l bo‘ylari qayta obodonlashtirildi. Tevarak-atrofda anvoyi gulzorlar barpo etildi. Bularning barchasi islom dini va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk yurtdoshimiz, mashhur muhaddis olim Imom Termiziyning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish hamda asarlarini jahonga keng targ‘ib qilish, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ongu-shuuriga chuqur singdirishga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi ifodasidir.