IMOM TERMIZIYNING MOVAROUNNAHR HADIS MAKTABI SHAKLLANISHIGA QO‘SHGAN HISSASI

by Matbuot xizmati
16 👁️

    Annotatsiya. Ma’lumki, Imom Termiziy o‘z davrida ham, bugungi kunda ham Islom dunyosi miqyosidagi ulkan shaxsiyat sifatida e’tirof etib kelinmoqda. Uning asarlari hech qachon dolzarbligini yo‘qotmaydigan ona manbalar sirasiga kiradi. Shu o‘rinda savol tug‘iladiki, ushbudek ulkan olimning yetishib chiqishi va ilmiy faoliyatini olib borishda yurti Movarounnahrning ahamiyati qanday? Ushbu maqolada Imom Termiziyning Movarounnahr bilan aloqalariga to‘xtalinadi va manbalarga asoslangan holda bu masaladagi muhim dalillar keltiriladi. Ma’lum bo‘lishicha, al- lomaning ta’lim olishida ham, ta’lim berishida ham o‘z yurtidagi ilmiy muhit katta ahamiyat kasb etgan.

    Kalit so‘zlar: hadis, Movarounnahr, Xuroson, ustoz, shogird, Termiz, Nasaf, Bazda, Samarqand, Buxoro, Shosh, rivoyat.

    Abstract. It is known that Imam Tirmidhi is recognized as a great personality in the Islamic world both in his time and today. His works are among the primary sources that never lose their relevance. In this regard, the question arises: what is the significance of Mā Warāʾ an-Nahr in the development and scientific activity of such a great scholar? This article is devoted to the relations of Imam Tirmidhi with Mā Warāʾ an-Nahr and provides important evidences on this issue based on sources. It turns out that the scientific environment of his hometown is of great importance both in the upbringing and teaching of the scholar.

    Keywords: hadith, Movarunnahr, Khorasan, teacher, student, Termiz, Nasaf, Bazda, Samarkand, Bukhara, Shosh, riwaya.

    Imom Termiziy asarlari islom dunyosi miqyosida hadisshunoslik rivojiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgani barchamizga ma’lum. Shu bilan birga yurtimiz muhaddis olimlari aksar vaqtlarda umrlarini oxirlarida o‘z yurtlariga qaytib kelib, olgan ilmlari bilan o‘z yerlaridagi ilmiy- ma’naviy muhit rivojiga hissa qo‘shishga harakat qilishgan biz uchun g‘oyatda ibratli jihatdir. Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Dorimiylar shular jumlasidan bo‘lib, ular o‘z yurtlariga kelib, shu yerda o‘z ilmiy faoliyatlari samarasini tarqatib, o‘z vatanlarida vafot etishgan. Jumladan, Imom Termiziy taxminan 250/864 yildan oldin Xurosonga, so‘ng o‘z yurtiga qaytgan hamda mashhur kitoblarini bitgan1. Jumladan, «Sunan» asarining muqaddimasi yoki xulosasi bo‘lgan «Kitob al-ilal» (al-Ilal as-sag‘ir) asarini 275/884 yilda Samarqandda yozib tugatgani ma’lum2.

    Movarounnahrlik ustozlar. Abd ibn Humayd Keshiy bilan aloqalar. Imom Termiziy Movarounnahrning mashhur muhaddisi Abu Muhammad Abd ibn Humayd Keshiydan (vaf. 249/863) «Sunan»da 160 dan ortiq rivoyat kel- tirgan. «Ilal» va «Sunan»ida undan roviylar haqidagi mulohazalarni ham naql qilgan.

    Abu Muzohim Samarqandiy. Imom Termiziy Abu Muzohim Siba’ ibn Nazr ibn Mis’ada Samarqandiydan (vaf. 269/882) bitta rivoyat keltirgan.

    Imom Dorimiy bilan aloqalar. Imom Termiziy «Sunan»da Samarqandning yetuk muhaddisi Imom Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy Samarqandiydan (181-255/797-869) 63 rivoyat kel- tirgani e’tiborga molik. Shuningdek, Termiziy «al-Ilal» kitobida undan roviylar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keltiradi va u bilan bo‘lgan savol- javoblarni qayd etadi.

    Imom Buxoriy bilan aloqalar. Tabiiyki, Imom Termiziyning asosiy ustozlaridan biri Imom Buxoriydir. Imom Termiziy «Sunan»da undan 41 rivoyat keltirgan. U «al-Ilal»da o‘zining «Sunan» asariga tegishli ma’- lumotlarni qayd etar ekan, deydi: «Kitobda qayd etilgan hadislarning (sanad va matnga tegishli) illatlari, roviylar va tarixga oid masalalarga kelsak, ularni tarix kitoblaridan oldim. Ularning ko‘pi Muhammad ibn Ismoil (Buxoriy) bilan qilgan (ilmiy) munozaralarim natijasidir. Yana ulardan Abdulloh ibn Abdurahmon (Dorimiy) va Abu Zur’a (Roziy) bilan munozara qilganlarim ham bor. Ularning ko‘pi Muhammad (Buxoriy)dan, eng oz miqdori esa Abdulloh va Abu Zur’adandir. Na Iroqda, na Xurosonda  hadis illatlari, tarix va isnodlar borasida Muhammad ibn Ismoildan ko‘ra bilimdonroq kishini ko‘rmadim»3.

    Ta’kidlash lozimki, Imom Termiziy Imom Buxoriy ilmidan foyda- lanib, uning fazlini e’tirof etganidek, Imom Buxoriy ham Imom Termiziyning yuksak salohiyatiga va unda o‘zi foydalanishi mumkin bo‘lgan bilimlar borligiga guvoh bo‘ldi. Abulfazl Baylamoniy deydi: «Nasr ibn Muhammad Sherko‘hiydan eshitdim, u dediki: «Muhammad ibn Iso Termiziyning shunday deganini eshitdim: «Muhammad ibn Ismoil menga dedi: «Mening sendan olgan foydam, sening mendan olgan foydangdan ko‘proq»4.

    Hatto Imom Buxoriy Imom Termiziydan hadis ham eshitgan. Imom Termiziy Ali ibn Munzir, u Muhammad ibn Fuzayldan, u Solim ibn Abu Hafsadan, u Atiyyadan, u Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan, u Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan bir hadis haqida deydi: «Muhammad ibn Ismoil bu hadisni mendan eshitdi»5. Shuningdek, Termiziyning «Sunan» asarining ayrim nusxalarida va boshqa manbalardan ma’lum bo‘lishicha, Imom Buxoriy Imom Termiziydan yana bir hadis eshitgan va bu Imom Termiziyning «al-Ilal al-kabir» asaridadir6.

    Yana bir muhim jihat shuki, Imom Buxoriydan so‘ng Islom diyorlarining sharqi bo‘lgan Xuroson va Movarounnahrda Imom Termiziy ustozi Imom Buxoriyga o‘rinbosar sifatida qoldi va Umar ibn Allakning (vaf. 325/937) quyidagi so‘zi olimning o‘z davridagi ahamiyatini ko‘rsatuvchi ulkan guvohlikdir: «Muhammad ibn Ismoil Buxoriy vafot etgach, Xurosonda ilm, hifz, taqvo va vara’ masalasida Abu Isodek kishi qolmadi. Yig‘idan uning ko‘zi ojiz bo‘lib, yillar davomida ko‘zi ojiz bo‘lib qoldi»7.

    Termiziy olimlar bilan aloqalar. Shuningdek, Imom Termiziyning bevosita sakkiz Termiziy nisbasidagi ustozlari ham bo‘lib, Ahmad ibn Hasan, Muso ibn Hizom, Solih ibn Abdulloh Termiziy shular jumlasi- dandir.

    Movarounnahrlik shogirdlar. Imom Termiziyning shogirdlari orasida ham Movarounnahr olimlari mutlaq ko‘pchilikni tashkil etishi diqqatga Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni

    sazovor, bu esa olim umrining so‘nggi yillarini yurtida o‘tkazganini yana bir bor tasdiqlaydi.

    Imom Termiziyning «Sunan» asarini, jumladan, Movarounnahrning quyidagi olimlari rivoyat qilgan:

    1. Abu Said Haysam ibn Kulayb ibn Shurayh ibn Ma’qil Shoshiy Binkatiy (vaf. 335/946)8. Ushbu Shoshiy Imom Termiziyning «Shamoil»9 kitobini ham rivoyat qilgani ma’lum;
    2. Abu Zarr Muhammad ibn Ibrohim Termiziy10. U Imom Termiziyning

    «al-Ilal» kitobini ham rivoyat qilgan11;

    1. Abulhasan Ali ibn Umar ibn Taqiy ibn Kulsum Samarqandiy Vazoriy;
    2. Abu Muhammad Hammod ibn Shokir Nasafiy (vaf. 311/923).

    Ushbu ro‘yxat yakuniy bo‘lmay, balki bu borada boshqa ma’lumotlar ham borligi izlanishlarni davom ettirish lozimligini ko‘rsatadi.

    Manbalarga ko‘ra, Abu Iso Termiziyning Nasafiy shogirdlari ko‘p bo‘lgan: Abu Muhammad Hammod ibn Shokir (vaf. 311/923), Ahmad ibn Yusuf, Abulhoris Asad ibn Hamduya, Abd ibn Muhammad ibn Mahmud, Abu Ja’far Muhammad ibn Ahmad, «Amin» nomi bilan mashhur Abu Ja’far Muhammad ibn Sufyon ibn Nazr, Abulfazl Muhammad ibn Mahmud ibn Anbar, Muhammad ibn Makkiy ibn Nuh, Abulabbos Mahmud ibn Anbar (314/926), Makkiy ibn Nuh Muqri’, Abulfazl Musabbih ibn Abu Muso Kojuriy, Abu Muti’ Makhul ibn Fazl (vaf. 318/918) kabilar shular jumlasidandir.

    Umuman olganda esa, Imom Termiziyning jonli ta’lim jarayonlari ham manbalarda aks etgani diqqatga sazovordir. Keyinchalik katta olim bo‘lib yetishgan Abdulmo‘min ibn Xalaf Nasafiy deydi: «Unga (ya’ni Termiziyga)

    «al-Jomi’» kitobi Nasafdagi hovlimizda o‘qildi. O‘shanda men yosh bola edim va o‘ynab yurardim». Ma’lum bo‘ladiki, bu jarayonda Imom Termiziyning kitobi u zotga o‘qib berilgan va bu bilan eshituvchilar muallifdan ushbu kitob rivoyati uchun ijozat olishgan.

    Samarqand ahlidan Abu Bakr Ahmad ibn Ismoil ibn Omir Samarqandiy, Abulhasan Ali ibn Umar ibn Taqiy ibn Kulsum Samarqandiy Vazoriylar kabilar rivoyat qilishgan bo‘lsa, Bazdaviylardan Dovud ibn Nazr ibn Suhayl va Abdulloh ibn Nasr ibn Suhayl, Nasr ibn Muhammad ibn Sabra Shirkasiylar Imom Termiziy shogirdlari sanalishadi.

    Ma’lum bo‘lishicha, Imom Termiziy Buxoroga ham kirgan va unda hadis aytgan12.

    Imom Termiziy ilmiy faoliyati davrida olimlar Termizga kelib, u zotdan hadis eshitishgani va kitoblarini ta’lim olgani manbalarda qayd etib o‘tilgan. Jumladan, Marvning shayxi Mahbubiy Imom Abu Iso Termiziyning «Sunan» asarini rivoyat qiluvchilardan biri bo‘lib, u aynan Termizga kelib, Imom Termiziydan bu kitobni ta’lim olgan13. Abu Homid Ahmad ibn Ali Hasnuya Nishopuriy ham Termizga safar qilib, Imom Termiziydan uning ba’zi asarlarini eshitib, o‘rgangan14.

    Ushbu ma’lumotlardan ma’lum bo‘ladiki, Imom Termiziy Movaro- unnahrdagi hadis maktabining shakllanishiga ulkan hissa qo‘shgan asosiy shaxslardan biri hisoblanadi. Uning Termiz, Nasaf, Bazda, Samarqand, Shosh va Buxoro kabi Movarounnahrning markaziy shaharlaridagi olimlarga ko‘rsatgan ta’sirlari buning yaqqol dalilidir. Olim o‘z yurti bilan ustoz- shogirdlik an’analari bilan qalin bog‘langani alohida ahamiyatga ega. Demak, uning buyuk muhaddis bo‘lib yetishishida Vatanining hissasi nihoyatda ulkandir.

    Muzaffar Murodovich KomilovO‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi

    2024 yil 17-18 oktyabr kunlari Termizda bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman maqolalari to‘plami

    FOYDALANILGAN ADABIYoTLAR RO‘YXATI:

    1. Imom Termiziy. Kitob al-ilal / Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok Sulamiy Bug‘iy Termiziy. al-Jomi’ul kabir.
    2. – Bayrut: Dorul g‘arbil islomiy, 1998. VI, 232 b.

    Abu Bakr Muhammad ibn Abdulg‘ani Bag‘dodiy Ibn Nuqta Hanbaliy. at- Taqyid li ma’rifati ruvvotis sunan val masanid. II. – Haydarobod (Hindiston): Matba’a al-majlis dairol ma’orifil islomiya, 1403/1983.

    1. Abu Sa’id Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur Tamimiy Sam’oniy. Al-Muntaxab min mo‘jam shuyuxis Sam’oniy. III (I fihris). – Riyoz: Doru olamil kutub, 1417/1996.
    1. amsiddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon ibn Qaymaz Turkmaniy Damashqiy Zahabiy. Tarixul islom va vafayatil mashohiril a’lom. LII. – Bayrut: Dorul kutubil arabiy, 1407/1987.
    2. Shihobiddin Abulfazl Ahmad ibn Muhammad ibn Ali ibn Hajar Asqaloniy. Tahzibut tahzib. XIV. – Bayrut: Dorul fikr, 1404/1984. IX, 344 b. 638-raqam.
    3. Shihobiddin Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Hajar Asqaloniy. Mo‘jamul mufahris av tajrid asanidil kutubil mashhuro val ajzal mansuro. – Bayrut: Muassasatur risola, 1418/1998.
    4. Shihobiddin Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Hajar Asqaloniy. Lisonul mezon. VII. – Bayrut: Muassasatul a’lamiy lit tibiat, 1406/1986.
    5. Nuriddin Itr ibn Muhammad Itr. al-Imom Termiziy val muvozanatu bayna jomi’ihi va baynas sahihayn. – Qohira: Lajnatut ta’lif, 1390/1970.
    6. Adob Mahmud Hamsh. al-Imom Termiziy va manhajuhu fiy kitabihil jami’. – Ummon: Dorul fath, 1423/2003.

    1 Nuriddin Itr ibn Muhammad Itr. al-Imom at-Termiziy val muvozanatu bayna jomeihi va baynas sahihayn. – Qohira: Lajnatut ta’lif, 1390/1970. 11 b.

    2 Abu Bakr Muhammad ibn Abdulg‘ani Bag‘dodiy Ibn Nuqta Hanbaliy. at-Taqyid li ma’rifati ruvotis sunan val masanid. II. – Haydarobod (Hindiston): Matbaal majlis dairol ma’orifil islomiya, 1403/1983. I, 95 b.

    3 Imom Termiziy. Kitobul ilal / Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok Sulamiy Bug‘iy Termiziy. al-Jomeul kabir. VI. – Bayrut: Dorul g‘arbil islomiy, 1998. VI. 232 b.

    4 Shihobiddin Abulfazl Ahmad ibn Muhammad ibn Ali ibn Hajar Asqaloniy. Tahzibut tahzib. XIV. – Bayrut: Dorul fikr, 1404/1984. IX, 344 b. 638-raqam.

    5 U «al-Jomi’» dagi 3727-raqamli hadis. Muallifga ko‘ra, u g‘arib va Imom Buxoriy ham uni g‘arib hisoblagan. Bu hadis Imom Buxoriy tomonidan «Sahih» dan boshqa kitobda keltirilgan.

    6 Batafsil qarang: Nuriddin Itr. al-Imom at-Termiziy. 18 b. Adob Mahmud Hamsh. al-Imom at-Termiziy va manhajuhu fi kitabihil jami’. – Ummon: Dorul fath, 1423/2003. 119 b.

    7 Ibn Hajar. Tahzibut tahzib. IX. 344 b.

    8 Abu Said Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur Tamimiy Sam’oniy. Al-Muntaxab min mo‘jam shuyux Sam’oniy. III (I fihris). – Riyoz: Doru olamil kutub, 1417/1996. III. 1528 b.

    9 Sam’oniy. al-Muntaxab. III. 1530 b. Shihobiddin Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Hajar Asqaloniy. Mo‘jamul mufahris av tajrid asanidil kutubil mashhuro val ajzal mansuro. – Bayrut: Muassasar risola, 1418/1998. 80 b. 209-raqam.

    10 Shamsiddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon ibn Qaymaz Turkmaniy Damashqiy Zahabiy. Tarixul islom va vafayatil mashohiril a’lom. L II. – Bayrut: Dorul kutubil arabiy, 1407/1987. XXVII, 209 b.

    11 Ibn Hajar. Mo‘jamul mufahris. 159 b., 584-raqam.

    12 Ibn Nuqta. at-Taqyid. I, 93 b.

    13 Zahabiy. Tarixul islom. XXV, 357 b.

    14 Shihobiddin Abulfazl Ahmad ibn Ali ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Hajar Asqaloniy. Lisonul mezon. VII. – Bayrut: Muassasal a’lamiy lit tiboa, 1406/1986. I, 223 b.

     Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

    Flag Counter

    ©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

    © 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
    Яндекс.Метрика