FOTOREPORTAJ

Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri o‘zining yangi 90-ijodiy mavsumini boshladi.
Mazkur teatr 1935 yilda Jarqo‘rg‘on havaskorlik teatri negizida tashkil etilgan. Ijodiy jamoa keyingi yillar davomida respublika va xalqaro miqyosda o‘tkazilgan “Andijon bahori-2001”, “Debyut”, “Boysun bahori”, “Teatr.uz-2012”, “Seni kuylaymiz, zamondosh”, “E’tirof”, “Bahor nafasi”, “Xalqaro baxshichilik san’ati”, “Xalqaro hunarmandchilik”, “Xalqaro maqom san’ati” festivallarida ishtirok etib sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib keldi.
Jamoaning yangi ijodiy mavsumi ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘ziga xos ijodiy yutuqlar bilan boshlandi. Mavsum ochilish marosimida keng jamoatchilik vakillari, ijodkorlar, teatr muxlislari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Termiz shahridagi “San’at saroyi” davlat muassasasining kirish qismidagi foyeda teatr tarixi, ijodiy faoliyatini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar tashkil etilib, tomoshabinlar orkestr jamoasining musiqa sadolari ostida qarshi olindi. Bu yerda tashrif buyuruvchilarga teatr tarixi va bugungi ijodiy faoliyat haqida ma’lumotlar berildi.
An’anaga ko‘ra, teatr jamoasi bu yilgi ijodiy mavsumini mahalliy dramaturg Shavkat Pardayev asari asosida sahnalashtirilgan “Imom Termiziy” spektakli bilan boshladi. Spektaklda ilgari surilgan g‘oya, aktyorlarning ijro mahorati ishtirokchilarda katta taasssurot uyg‘otdi.

Mazkur asar Imom Termiziyning ibratli hayoti va boy ilmiy merosini aks ettirib, uning islom ilm-fani rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini yosh avlod va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan. Ibratnamo janridagi spektaklda Imom Buxoriy obrazini mahoratli aktyor Abduqodir Panjiyev ijro etgan bo‘lsa, Imom Termiziy obrazini Ilhom Ro‘ziyev gavdalantirgan.