IMOM MOTURIDIY YASHAGAN DAVRDAGI ILMIY-MADANIY MUHIT

by Matbuot xizmati
143 👁️

IX–X asrlar islom dunyosida ilmiy va madaniy rivojlanishning eng yuksak bosqichlaridan biri bo‘lib, bu davr “Islom Renessansi” deb ham ataladi. Bu jarayon xususan Movarounnahr va Xuroson hududlarida jadal kechgan. Imom Abu Mansur al-Moturidiy ana shu murakkab, biroq juda boy ilmiy va madaniy muhitda faoliyat yuritgan. Uning dunyoqarashi, ilmiy pozitsiyasi va ta’limotlari aynan shu muhit ta’sirida shakllangan. Shu sababli, Imom Moturidiyning ilm sohasidagi yutuqlarini tushunish uchun u yashagan davrdagi umumiy ilm-fan va madaniyat rivoji, turli fikr oqimlari, siyosiy-ijtimoiy vaziyat va akademik muhitni o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.

Imom Moturidiy yashagan hudud – Movarounnahr va Xuroson – IX–X asrlarda Samoniylar sulolasi hukmronligida bo‘lgan. Samoniylar islom madaniyatining yuksalishiga katta hissa qo‘shgan davlat sifatida tanilgan. Ularning markaziy shaharlari – Buxoro, Samarqand, Balx va Nasaf – faqat tijorat va siyosiy markazlar emas, balki ilm-fan, madaniyat va din markazlari ham edi.

Samoniy hukmdorlari ulamolarni, tabiblarni, mutafakkir va shoirlarni himoya qilib, ular uchun sharoit yaratganlar. Buxoro shahrida katta kutubxonalar tashkil etildi, ulamolar o‘rtasida munozaralar, ilmiy bahslar uyushtirildi.

Samarqand va Buxoro kabi shaharlar Islom olamidagi yirik ilm markazlaridan biriga aylangan edi. Bu yerlarda:

  • Fiqh, xususan hanafiy mazhabi ustuvor edi;
  • Tafsir va hadis ilmlari keng tarqalgan;
  • Kalom, ya’ni islomiy aqida va mantiqiy bahslar bilan shug‘ullanuvchi ilm rivojlangan;
  • Falsafa, tib, astronomiya, matematika va mantiq sohalarida arab, fors, yunon va hind manbalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan.

Imom Moturidiyning ilmiy faoliyati ana shu mukammal va jonli muhitda kechgan. U tafsir, fiqh va kalom sohalarida bilimlarini chuqurlashtirgan holda, sunniy aqidani rivojlantirishga harakat qildi.

Imom Moturidiy yashagan davrda turli aqidaviy oqimlar faoliyat yuritgan:

  • Mu’tazila – aqlni e’tiqodda birinchi o‘ringa qo‘ygan oqim;
  • Jahmiya, Qadariya, Shia va boshqalar;
  • Aflotun va Arastuning g‘oyalari orqali tarqalgan falsafiy oqimlar.

Bu oqimlar o‘rtasidagi bahslar ko‘pincha diniy e’tiqod va aqliy asoslar mavzusida kechardi. Ana shunday vaziyatda sunniy ulamolardan talab etilardiki, ular diniy ta’limotlarni ham aqliy, ham naqliy dalillar asosida izohlab bersinlar. Moturidiy aynan shunday talablarga javob sifatida o‘z ta’limotini ishlab chiqqan.

IX–X asrlarda ilm faqat naqlga tayanmasdan, mantiqiy fikrlash, muqoyasa, tahlil va ish bo‘rtmaslik tamoyillari asosida rivojlangan. Bu metodologiya kalom, fiqh va falsafa sohalarida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Moturidiy ham o‘z asarlarida dalillash, inkor va isbot usullaridan keng foydalangan. Bu uning ilmiy muhit talablariga mosligini ko‘rsatadi.

Imom Moturidiy yashagan davr — ilmiy, diniy va madaniy jihatdan juda faol va serqirra bir muhit edi. Movarounnahrdagi Samoniylar davlati ilm ahli uchun juda qulay shart-sharoitlar yaratgan. Bu davrda Islom dunyoqarashining keng qamrovliligi, aql va naql uyg‘unligiga asoslangan muhokamalar, falsafa va kalomning rivoji, til va adabiyotning gullab-yashnashi kuzatilgan. Imom Moturidiy ana shu muhitning bir mahsulotidir. Uning ta’limoti va ilmiy merosi aynan shu intellektual muhit ta’sirida yuzaga kelgan va bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

ABDUVAXIDOV ABDULLAZIZ ABDUSATTOR O‘G‘LI

Imom Termiziy Xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика