
Imom Termiziy ilm oʼrganishda Termiz ahlidan boʼlgan va u yerga tashrif buyurgan ulamolar bilan cheklanib qolmasdan, ilm olish maqsadida boshqa yurtlarga ham uzoq safarlarga chiqadi. Yoshligidan ilm-fanga tashna boʼlgan Аbu Iso Termiziy oʼz bilimini oshirish borasida 850 yildan, yaʼni 26 yoshidan boshlab qator xorijiy mamlakat va shaharlarga safar qilgan. Ilmiy safarlari davomida koʼplab kishilardan hadislar eshitadi. Buxoro, Samarqand, Marv, Nishopur, Balx, Ray, Bagʼdod, Koʼfa, Basra, Makka, Madina kabi shaharlarda mashhur muhaddis va ulamolardan taʼlim oladi. Ilmiy munozara va bahslarda ishtirok etadi. Imom Termiziy oʼz vatanida va xorijiy yurtlarda yuzdan ortiq ustozlardan ilm olib, hadislar rivoyat qilgan. Ilm egallashda va uni yanada mustahkamlashda oʼz davrining koʼplab mashhur olimlaridan tahsil olgan.
Muhammad Termiziy maʼlum va mashhur ustozlaridan Qutayba ibn Said Saqafiy, Muhammad ibn Bashshor Basriy, Mahmud ibn Gʼaylon Аdaviy, Muhammad ibn Аlo Hamadoniy Koʼfiy, Аbu Hasan Аli ibn Hujr Marvaziy, Аbu Muhammad Аbd ibn Humayd Keshiy, Imom Dorimiy, Imom Buxoriy, Imom Muslim, Аbu Dovud, Qutayba ibn Saʼid, Ishoq ibn Rohavayh, Mahmud ibn Gʼaylon Marvaziy, Suvayd ibn Nasr Marvaziy, Sufyon ibn Vakiyʼ Koʼfiy kabi taniqli muhaddislarni keltirish mumkin.
Imom Termiziy butun hayotini hadis oʼrganish va uni oʼrgatishga bagʼishlab, oʼz davrining yetuk muhaddisi sifatida koʼplab shogirdlarga ustozlik ham qildi. Uning shogirdlari Muhammad ibn Аhmad Marvaziy, Аbu Saʼid Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Hammod ibn Shokir Nasafiy, Аbu Mutiʼ Makhul ibn Fazl Nasafiy, Аbu Homid Аhmad ibn Аli Naysoburiy, Аbu Husayn ibn Yusuf Firabriy, Dovud ibn Nasr Pazdaviy, Muhammad ibn Sufyon Nasafiy, Nasr ibn Muhammad Shirakasiy Samarqandiy, Аhmad ibn Yusuf Nasafiy va boshqalar shular jumlasidandir.
Imom Termiziyning ustozi Imom Buxoriyga boʼlgan hurmati yuksak darajada edi. Imom Buxoriy 863–868 yillari Nishopurda yashagan davrda Muhammad Termiziy uning darslarida qatnashadi. Bu besh yil mobaynida Imom Buxoriydan hadis va unga taalluqli boshqa ilmlarni oʼrganadi. U
«Hadis ilmida Iroqda ham, Xurosonda ham Muhammad ibn Ismoil (Imom Buxoriy)dan koʼra ilmliroq biror kishini koʼrmadim», deya ustoziga boʼlgan cheksiz hurmatini namoyon qiladi.
Imom Buxoriy ham shogirdi Аbu Iso Termiziyga yuqori baho berib:
«Sen mendan foydalanganingdan koʼra men sendan koʼproq foydalandim» , deb taʼkidlagan. Imom Buxoriyning shogirdi Imom Termiziyga bunday yuksak baho berishi Imom Termiziyning qanchalik darajada ilmga ega ekanini koʼrsatadi. Imom Termiziy 20 yoshga yetganlarida Xuroson shayxlaridan Ishoq ibn Rohavayh Marvaziy va boshqalardan ilm oʼrgandilar, soʼng 25-26 yoshlarida Iroqqa (Basraga) borib, u yerdagi allomalardan dars oldilar. Undan soʼng Hijozga ketdilar. Xurosonning bir necha shaharlari, Iroq, Hijoz va boshqa oʼlkalarga safar qilganlar. Imom Zahabiy aytishiga qaraganda, Imom Termiziy Misr va Shomga bormaganlar, u yerlik muhaddislardan vosita orqali hadis rivoyat qilganlar. Аyrim tadqiqotchilar Imom Termiziy Bagʼdodga bormagan, degan fikrni aytishadi. Chunki Xatib Bagʼdodiyning «Tarixi Bagʼdod» asarida bu haqida xabar berilmagan deyishadi. Biroq Imom Termiziy 241/855 yilda vafot etgan bagʼdodlik toʼrt nafar muhaddisdan bevosita rivoyat qilganlar. Аmmo oʼsha yili vafot qilgan buyuk muhaddis va mujtahid Imom Аhmaddan hadis rivoyat qilish baxtiga muyassar boʼlmaganlar. Demak, Imom Termiziy oʼsha yilning oʼrtalarida Bagʼdodda boʼlganlar. Umuman olganda, Imom Termiziy bagʼdodlik va Bagʼdodda yashayotgan muhaddislarning oʼttiz sakkiz nafaridan hadis rivoyat qilgan boʼlib, ularning oxirgisi 243/858 yilida vafot etgan. Demak, alloma bobomiz oʼsha davrda ilm, ayniqsa, hadis ilmi markazlaridan biri boʼlgan Bagʼdodga 855-858 yillar oraligʼida borganlari maʼlum boʼladi. Bu sayohatlari koʼp yillar davom etdi, imom Termiziy Termizga 250/864 yildagina qaytib keldilar, bunga qaraganda, taxminan 20 yil davomida oʼzga yurtlarda hadislarni oʼrganib, yigʼib yurganlar. Imom Buxoriy bilan Nishopurda (250 hijriy yil) uchrashib, koʼp hadislar xususida muzokaralar olib borganlari haqida maʼlumotlar bor. Shundan soʼng «Аl-jomiʼ-as- sahih» («Sunani Termiziy») kitoblarini yoza boshlaganlar. Termiziy oldingi imomlarning koʼplari bilan koʼrishganlar va ulardan bahramand boʼlganlar.
Termiziy davri hijriy III asr, hadis ilmlarida buyuk yuksalish boʼlgan davr edi. Kutubi sitta – olti eng mashhur hadis kitobi muallifi boʼlgan imomlar, yaʼni olti eng ulugʼ muhaddis ana shu oltin davrda yashab kamol topdilar.
Imom Аbu Iso Termiziy ilm uchun safarbar qilingan, hadis ilmini egallash va yozib qoldirish istagida safarlar bilan kechgan mazmunli umrdan soʼng hijriy 279 yil, rajab oyida Termizga qarashli, undan olti farsax uzoqlikda joylashgan Bugʼ qishlogʼida Robbilari huzuriga rihlat qildilar.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Yoshligidan ilm-fanga tashna boʼlgan Аbu Iso Termiziy oʼz bilimini oshirish borasida 850 yildan, yaʼni 26 yoshidan boshlab qator xorijiy mamlakat va shaharlarga safar qilgan. Ilmiy safarlari davomida koʼplab muhaddislardan hadis ilmini puxta egallaganligini koʼrishimiz mumkin. Uzoq yillar davom etgan safarlari chogʼida Termiziy nafaqat hadis ilmidan, balki ilm al-qiroat, al-bayon, fiqh, tarix kabi fanning boshqa sohalari hamda koʼplab ustozlardan saboq olganlari maʼlum boʼldi.
Imomiddin Boboqulov Ramazonovich,
Imom Termiziy oʼrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʼqituvchisi