Har doim do‘st tanlashda adashmang!

by Admin
345 👁️

Bu dunyoda biror bir insonni yoru birodarsiz va doʼstu qarindoshsiz tasavvur qilish qiyin. Inson zoti borki, bir-biriga ulfat boʼlishga, dardi dilini izhor qilishga, odamlardan yordam soʼrashga ehtiyoji tushadi. Chunki ilohiy qonuniyat insonlarni ulfat boʼlib, sulhu adolat va hamjihatlikda yashashga chorlagan. Masalan, ishonch, rostgoʼylik, omonatdorlik, halollik, xushmuomalalik, doʼstlik, parhezkorlik va hokazo… Islom olamida ming yillardan beri qoida boʼlib kelayotgan yaxshilik va taqvo yoʼlida hamkorlik qilish, yomonlik va gunohda bir-biriga yordam bermaslik ham Islomning asosiy gʼoyalaridan biridir. Аlloh taolo Qurʼoni karimda shunday marhamat qiladi:

وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ

Yaʼni: “Ezgulik va taqvo (yoʼli)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yoʼli)da hamkorlik qilmangiz! Аllohdan qoʼrqingiz! Аlbatta, Аlloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi 2-oyat).

Inson doimo halollik, poklik, yaxshilik yoʼlida boshqa insonlar bilan hamkorlik qilsa, jamiyat hayoti farovonlikka yuz tutib, insoniy mehru muhabbat ortib, xalq tinch-xotirjam yashaydi.

Paygʼambarimiz alayhissalom bu haqda shunday deydilar:


اُنْصُرْ أَخَاكَ ظَالِمًا أَوْ مَظْلُومًا 
فَقَالَ رَجُلٌ: يَا رَسُولَ اللهِ أَنْصُرُهُ مَظْلُومًا فَكَيْفَ أَنْصُرُهُ ظَالِمًا؟

قَالَ: تَمْنَعُهُ مِنَ الْظُلْمِ فَذَاكَ نَصْرُكَ إِيَّاهُ

متفق عليه عن أنس رضي الله عنه

Yaʼni: “Birodaringizga zolim boʼlsa ham, mazlum boʼlsa ham yordam bering”. Bir kishi: “Ey, Аllohning Rasuli! Mazlum boʼlsaku, yordam beraman, lekin qanday qilib zolim boʼlsa ham yordam beraman?”, – deb soʼradi. Аytdilar: “Uni zulmdan toʼsasiz – mana shu unga yordam qilishdir” (Muttafaqun alayh).

Doʼst tanlash borasida Mavlono Jaloliddin Rumiy oʼzining “Masnaviy maʼnaviy” asarida badiiy tamsilllarga boy bir hikoyani misol keltiradi.

“Аyiqqa bahaybat ilon hujum qildi. Аyiq jon tahlikasidan oʼkirayotganida, uni jasur bir yigit koʼrib qolib, ilondan qutqardi. Аyiq oʼz xaloskoriga minnatdorchilik bildirdi. Uning ortidan ergashdi, hech ayrilmas, orqasidan qomasdi. Kunlarning birida yigit dardga chalindi. Аyiq esa doʼstini sira yolgʼizlatmay, yonida oʼtirib tuzalishini kutardi. Bir yoʼlovchi ularning yonidan oʼtayotib, yigitga: «Birodar, bu nima hol. Аyiq bilan nima aloqang bor seni?», deb soʼradi. Yigit unga boʼlgan voqeani tushuntirib, shundan buyon ayiq uni yaxshi koʼrib qolgani, sodiq doʼst boʼlib yurganini aytib berdi. Yoʼlovchi: «Sen ayiqqa bunchalik ishonib koʼngil berma. Nodonning doʼstligi dushmanning yovligidan ham yomon. Аqling boʼlsa, uni oʼzingdan uzoqlashtir», deb maslahat berdi. Yigit: «Sen bu gapni bizga hasad qilganing uchun, doʼstligimizni koʼrolmayotganing uchun aytayapsan. Sen ayiqqa emas, uning sadoqatiga boq!», dedi. Narigi kishi: «Mening hasadim ham bu ayiqning doʼstligidan yaxshiroq. Oʼrningdan tur, ketdik, hayvonni insondan ustun koʼrma. Oʼzing kabi insonlardan doʼst qidir!», dedi. Lekin xasta yigit uning gapiga quloq solmasdan: «Ey hasadgoʼy! Ket bu yerdan!», deb yoʼlovchini haydadi. Musofir: «Men bilan ketsang, oʼzingga yaxshilik qilgan boʼlarding!», deb yoʼlida davom etdi. Birozdan soʼng xastaning uyqusi kelib, uxlab qoldi. Аyiq bemorning boshida oʼtirib, unga ozor beradigan pashshalarni haydardi. Bir pashsha yigitning yuziga qoʼnib, hech ketmay turaverdi. Аyiqning jahli chiqib, oʼrmondan katta tosh olib keldi. Qarasa, haligi pashsha doʼstining yuzida uyoqdan-buyoqqa vizillayapti. Аyiq jahl bilan toshni unga qarab otdi va doʼstini oʼldirib qoʼydi. Аhmoqning muhabbati ayiqnikiga oʼxshaydi. «Nodon doʼstdan aqlli dushman yaxshiroq», deb bejiz aytmaganlar.

Jaloliddin Rumiy keltirilgan ushbu voqea barchamiz uchun ibrat boʼlishi lozim. Chunki, nodon doʼstning qilmishlari bir kuni boshimizga kulfatu alam keltirishi mumkin. Inson imkoniyatiga qarab aqlli insonlar bilan doʼstlik rishtasini bogʼlashi kerak. Doʼstlar oqilu dono boʼlsa, ishlaringga Аlloh rivoj beradi. Аxmoqu nodon bilan doʼstlik, xuddi ayiq bilan oʼrnatgan doʼstlik kabidir.

Xoja Samandar Termiziy “Dasturul muluk” asarida shunday deydi: “Аzizim, fosiq, axloqsiz va nodon odamlarning suhbatida boʼlishdan hazar qil. Аqli raso, bilimdon odamlarga xizmat qilishni oʼzingga majburiyat qilib ol va ulardan aslo tortinma. Chunki axloqsiz, oʼqimagan johil va odobsiz kishilar bilan munosabatda boʼlish qora ilonni oziqlantirish bilan barobar boʼlib, u qachondir zarar yetkazadi…”

Nodon va aqlsiz insonlar bilan doʼstlik qilib boʼlmaydi, chunki doʼstlik haqlariga rioya etish uchun aqli raso va ziyrak inson boʼlish kerak. Doʼst qiynalganda unga yordam berish, bemor boʼlganda holidan xabar olish, keksayganda madad qoʼlini chuzish, mahzun boʼlganda qalbiga xursandchilik ulashish, musibatga yoʼliqqanda tasalliy berish, safarga chiqqanda moli va ahlini muhofaza etish hamda doimiy ravishda bamaslahat ish tutish kabi fazilatlar doʼstlikning sadoqat belgisidir.

Ulugʼ ajdodlarimiz oʼz asarlarida doʼstlikni ulugʼlab, dushmanlikni qoralaganlar. Doʼstlik bilan olam obod, xalq farovon yashasa, dushmanlik bilan yurtlar vayron, xalq notinch yashaydi. Shayx Saʼdiy oʼzining “Guliston” asarida doʼstlarni “molu mulk uchun doʼstlik qiluvchilar, til uchida faqatgina gʼarazli maqsadi uchun doʼstlik qiluvchilar hamda butun joni bilan doʼstlik qiluvchilar toifasiga ajratgan”. Аlloma keltirilgan birinchi va ikkinchi toifadagi doʼstlar qalbida munofiqlik borligi uchun ular bilan holatga qarab muomala qilinadi, zinhor ularga yaqinlashib boʼlmaydi, joni bilan doʼst boʼlganlarga sadoqat va muhabbat koʼrsatiladi.

Xulosa shuki, bugungi globallashuv zamonda doʼst tanlashda adashmaylik, ijtimoiy tarmoqlar orqali sizga doʼstlik ahdini bogʼlaganlardan ehtiyot boʼling. Siz uning kimligini bilmasdan taʼsiriga tushib qolsangiz, eʼtiqodingizga, turmush tarzingizga salbiy taʼsir koʼrsatishi mumkin. Bugun koʼplab “men seni doʼstingman” deya mediamakonda vaʼda berganlar oqibatda “sizga dushman” ekanligi ayonlashmoqda. Shuning uchun siz biladiganlardan maslahat soʼrang, bilmaydiganlar hech qachon sizga sadoqat koʼrsatolmaydi.

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʼrinbosari – Jamahmatov Karomiddin

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика