Oʼzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, haj delegatsiyasi aʼzolari va Ishchi guruhi vakillari Makka shahrida joylashgan Mino va Аrafot vodiylarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Mino vodiysida ziyoratchilar uchun keng va tekis hududdagi alohida chodirlar ajratilgan. Ular gilamlar, yumshoq oʼrinlar, yostiq-choyshablar, maxsus sovutkichlar bilan jihozlangan, kommunal xizmatlar bilan taʼminlangan va sanitariya-gigiena talablari ham inobatga olingan.
Joriy yildagi qulaylik shuki, delegatsiya talablariga muvofiq Аrafot hududidagi har bir chodir issiq oʼtkazmaydigan zamonaviy sendvich panellar bilan toʼliq oʼralgan va yorugʼlik uchun oynalar oʼrnatildi. Mazkurlarda “Sofa bed” (yostiq va toʼshak), “Martaba” (toʼshak), sovutkich singari qulayliklar ibodatlarni xotirjam ado etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, uch mahal issiq ovqat, muntazam choy va salqin ichimliklar bilan taʼminlash, tibbiy xizmat koʼrsatish uchun ham barcha sharoitlar hozirlangan.
Аyniqsa, hojilar chodirlarda vaqtlarini gʼanimat bilib koʼproq toat-ibodatda boʼlishlari uchun taniqli ulamolarning suhbatlari, mashhur qorilarning qiroatlarini yetkazish maqsadida mikrofon va ovoz kuchaytirgichlar bilan yetarli darajada taʼminlandi.
Taʼkidlash joizki, moʼmin-musulmonlarga yanada qulay shart-sharoit hozirlanib, bu yilgi haj mavsumi sifat, mazmun va xizmatlar jihatidan eng yuqori darajada boʼlishiga harakat qilinmoqda.







