Saudiya Аrabistonining Swift News internet nashri haj mavsumida ziyoratchilarimizga koʼrsatilayotgan eʼtiborni keng yoritdi. Maqola avvalida mamlakatlar oʼrtasidagi aloqalar rivojlanayotgani, ikki davlat rahbarlarining doʼstona munosabatlari, oʼzaro tashriflari va samimiy muloqotlar haqida soʼz yuritilgan.
Nashrda soʼnggi yillarda Oʼzbekistonda haj kvotasi 3 barobar oshirilib, har yili 15 ming nafar fuqaro hojilik baxtiga musharraf boʼlayotgani, umra ziyoratchilari soni bir necha yuz mingni tashkil etishi yuqori baholangan.
Joriy mavsumda Madina shahriga yetib kelgan boʼlajak hojilarimiz katta ehtirom ila kutib olinayotgani, ziyoratchilar respublikamizning 9 ta xalqaro aeroporti orqali munavvar shaharga kuzatilayotgani qayd etilgan. Shuningdek, muborak safar mobaynida har bir tadbir aniq reja asosida, yuksak saviyada amalga oshirilayotgani, tashkiliy-hujjat ishlari, toatu ibodatlar, istiqomat, oziq-ovqat, tibbiyot va transport xizmatlari yuqori sifat va darajada yoʼlga qoʼyilganiga urgʼu qaratilgan.
Qisqacha aytganda, arab nashrida chop etilgan maqolada mamlakatimizda haj va umra tadbirlariga katta eʼtibor berilib, moʼmin-musulmonlarning ulugʼ amallarini mukammal ado etishlari uchun barcha imkoniyatlar hozirlangani, bundan nafaqat yurtimiz ahli, balki saudiyalik mutasaddilar ham mamnun ekani bayon etilgan.