USTOZLАRGА OQ BOʼLIShDАN SАQLАNING

by Matbuot xizmati
61 👁️

Ustozlarga oq boʼlish masalasi juda jiddiy masalalardan biri hisoblanadi. Zero, baʼzi olimlar “Ustozlarga oq boʼlish ota-onalarga oq boʼlishdan yomonroqdir”, – deyishgan. “Oq boʼlibdi” soʼzi izohi borasida toʼxtalsak, bu soʼz arabcha boʼlib, lugʼatda «yorish» va «kesish» maʼnolarini bildiradi hamda ozor berish, osiy boʼlish va qarshi chiqish maʼnolarini ifoda qiladi.

Bir soʼz bilan aytganda, «oq» soʼzi «birr» soʼzining teskarisidir. Shunday ekan ustozlarni hurmat qilish dinimizning muhim koʼrsatmalaridan sanaladi. Zero, olim kishilarni qadrlash va eʼzozlash tolibi ilmlarning burchlaridir. Darhaqiqat, bu borada Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

عَنْ أنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ : «العلماءُ أمناءُ اللهِ على خلقِهِ». رواه السيوطي

«Olimlar Аllohning ishonchli va omonatdor bandalaridirlar». (Suyutiy rivoyati).

Paygʼambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bejizga kishilarga ilm beradigan ulamolarni shu darajada ulugʼ maqomga qoʼymaganlar. Xolbuki, u zot insoniyatni toʼgʼri yoʼlga yetaklaydigan ulamolarning yoʼlboshchisi hisoblanadilar.

Qurʼoni karimning bir qancha oʼrinlarida ham ilm berilgan olimlarning qadrini ulugʼlovchi oyatlar joy olgan. Xususan, Mujodala surasida shunday deyiladi:

«Аlloh sizlardan iymon keltirganlarning va ilm berilganlarning darajalarini koʼtaradi. Аlloh nima qilayotganlaringizdan xabardordir». (Mujodala surasi, 11 oyat).

Bugungi kunda baʼzi yoshlar orasida ilm olgan ustozini mensimaslik, qarshi chiqish kabi yomon illatlar uchrab turibdi. Bu esa oʼz navbatida ustozni ranjitadi hamda shogirdining ustoziga oq boʼlish holatini keltirib chiqaradi. Аslida ustozining xizmatini qilib, uni eʼzozlagan shogird hech qachon kam boʼlmaydi. Zero, dinimizda ham ustoz va yoshi ulugʼ kishilarga hurmat-ehtirom koʼrsatishga, barakotli duolarini olishga buyurilgan.

Mahmud Normurodov

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика