MEDIAMAKONDA DINIY MA’LUMOT OLISHNING 9 TA QOIDASI

by Matbuot xizmati
14 👁️

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar diniy bilim va ma’lumotlarni izlash, diniy-ma’rifiy materiallar bilan tanishish hamda turli diniy masalalar yuzasidan fikr almashishning keng tarqalgan vositasiga aylandi. Telegram, YouTube, Instagram, Facebook va boshqa platformalarda diniy mazmundagi ma’ruzalar, videolar, maqolalar va turli tavsiyalarni uchratish mumkin. Biroq internetdagi barcha diniy ma’lumotlar ham ishonchli, ilmiy asoslangan va to‘g‘ri talqin qilingan emas. Ayrim hollarda diniy manbalardan uzib olingan iqtiboslar, noto‘g‘ri sharhlar, soxta fatvolar, asossiz da’volar va turli buzg‘unchi g‘oyalar diniy bilim sifatida taqdim etiladi.

Shu sababli ijtimoiy tarmoqlardan diniy ma’lumot olishda foydalanuvchidan nafaqat axborotni izlash, balki uni tekshirish, tahlil qilish va to‘g‘ri baholash ko‘nikmalari ham talab etiladi.

Diniy axborotdan ongli va xavfsiz foydalanish uchun quyidagi to‘qqizta muhim qoidaga amal qilish tavsiya etiladi.

1. DINIY MA’LUMOTNI ISHONCHLI MANBALARDAN OLING

Diniy bilim olishda rasmiy diniy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, tan olingan ulamolar va malakali mutaxassislarning manbalariga murojaat qiling. Noma’lum shaxslar tomonidan yuritiladigan sahifalar yoki tekshirilmagan kanallardagi ma’lumotlarni mutlaq haqiqat sifatida qabul qilmang.

2. HAR QANDAY DINIY XABARNI TEKSHIRING

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan diniy xabar, hadis, oyat yoki fatvoni darhol boshqalarga yubormang. Uning asl manbasini, muallifini va mazmuni to‘g‘ri keltirilganini tekshiring. Ayniqsa, «Bu hadisda aytilgan», «Ulamolar shunday degan» kabi umumiy da’volarga tanqidiy yondashing.

3. DINIY MASALALARDA MUTAXASSISGA MUROJAAT QILING

Diniy masalalarga oid har qanday savolga internetdan topilgan qisqa video yoki izoh asosida xulosa chiqarmang. Murakkab aqidaviy, fiqhiy va diniy-huquqiy masalalarda vakolatli diniy idoralar hamda malakali ulamolarning tushuntirishlariga tayaning.

4. SHUBHALI KANAL VA GURUHLARDAN EHTIYOT BO‘LING

Yashirin faoliyat yuritadigan, noma’lum shaxslar tomonidan boshqariladigan, zo‘ravonlikni targ‘ib qiladigan, jamiyatda adovat va nafrat uyg‘otadigan yoki qonuniy diniy-ma’rifiy faoliyatga zid mazmundagi guruh va kanallardan ehtiyot bo‘ling. Shubhali havolalarni ochmang va noma’lum manbalarga shaxsiy ma’lumotlaringizni yubormang.

5. DINIY AXБOROTNI TARQATISHDAN OLDIN O‘YLAB KO‘RING

Biror diniy xabarni ulashishdan oldin uning ishonchliligi, mazmuni va ehtimoliy oqibatlarini baholang. Noto‘g‘ri yoki tekshirilmagan diniy ma’lumotning tarqalishi boshqa insonlarning ham yanglish tushunchaga ega bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Unutmang: axborotni tarqatish ham mas’uliyatdir.

6. DINIY MASALALARDA ADOVAT VA MUTAASSIBLIKDAN SAQLANING

Diniy mavzulardagi bahs va munozaralarda odob, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat tamoyillariga rioya qiling. Boshqa insonlarni haqoratlash, turli guruhlarga nisbatan nafrat uyg‘otish, asossiz ravishda ayblash va keskin qarashlarni targ‘ib qilishdan saqlaning. Diniy bilim insonni ezgulikka, ma’rifatga va yaxshi xulqqa yetaklashi kerak.

7. DINIY MAZMUNDAGI VIDEOLAR VA AUDIYOZUVLARNING TO‘LIQ MAZMUNIGA E’TIBOR BERING

Qisqa videolar va montaj qilingan audi yozuvlar orqali diniy fikrlar asl mazmunidan uzib ko‘rsatilishi mumkin. Shu sababli bir necha soniyalik lavha asosida ma’ruzachi yoki uning fikri haqida xulosa chiqarmang. Imkon qadar ma’ruzaning to‘liq shakli, konteksti va asl manbasi bilan tanishing.

8. SOXTA DINIY AXБOROT VA MANIPULYATSIYANI ANIQLASHNI O‘RGANING

Qo‘rquv, g‘azab, nafrat yoki keskin hissiyotlarni uyg‘otishga qaratilgan diniy xabarlarga aloh ida e’tibor bering. «Faqat biz haqmiz», «Boshqa barcha manbalar yolg‘on», «Bu xabarni tarqatmasangiz, gunohkor bo‘lasiz» kabi bosim o‘tkazuvchi iboralar axborot manipulyatsiyasining belgisi bo‘lishi mumkin. Har qanday ma’lumotni dalil, manba va mantiq asosida baholang.

9. DINIY BILIMNI ILMIY VA TIZIMLI RAVISHДA OSHIRING

Ijtimoiy tarmoqlardagi tasodifiy videolar orqali diniy bilimlarni shakllantirishga harakat qilmang. Ishonchli kitoblar, ilmiy maqolalar, rasmiy elektron kutubxonalar va malakali mutaxassislarning ma’ruzalaridan foydalaning. Diniy bilimlarni to‘g‘ri manbalardan o‘rganish, tarixiy va ilmiy kontekstni hisobga olish hamda olingan ma’lumotlarni tahlil qilishga odatlaning.

Ijtimoiy tarmoqlar diniy-ma’rifiy bilimlarni egallash uchun katta imkoniyat yaratadi. Biroq bu imkoniyatlardan samarali foydalanish har bir insondan axborotga nisbatan tanqidiy yondashuv, diniy savodxonlik va mas’uliyatni talab etadi. Eng muhimi, har qanday diniy ma’lumotni qabul qilishdan oldin uning manbasini aniqlash, mazmunini tekshirish va ishonchli mutaxassislar fikriga tayanish zarur.

Sarvar Saidov

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика
Hakim Termiziy 1200 yilligi xalqaro ilmiy konferensiyasi