RAQAMLI MAKONDA EKSTREMISTIK KONTENT: HUQUQIY VA MA’RIFIY YONDASHUVLAR

by Matbuot xizmati
9 👁️

So‘ngi yillarda turli ekstremistik va terroristik tashkilotlar tomonidan tayyorlanayotgan targ‘ibot materiallarining internet va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi tobora dolzarb muammolardan biriga aylanmoqda. Bunday mazmundagi axborotlarning keng auditoriyaga tezkor ravishda yetib borishi aholi, ayniqsa yoshlar orasida zararli g‘oyalarning tarqalish xavfini kuchaytiradi. Shu bois ekstremistik va terroristik mazmundagi kontentlarni aniqlash, ular tarqalishining oldini olish, ijtimoiy tarmoqlardan bunday materiallarni olib tashlash yoki cheklash hamda mazkur yo‘nalishda samarali huquqiy va tashkiliy mexanizmlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Ekstremistik kontent jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish, zoʻravonlik, nafrat, radikalizm, terrorizm yoki konstitutsiyaviy tuzumni agʻdarish gʻoyalarini targʻib qiluvchi har qanday matn, audio, video, rasm, grafik material, havola yoki boshqa raqamli shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin bo‘lgan ramzlardir.

Ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar, videoplatformalar va turli onlayn ilovalar bunday kontentlarning tez tarqalishiga imkon yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunining 12.1-moddasida axborot resurslaridan foydalanishda urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan. Shuningdek, ushbu moddaga ko‘ra milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qo‘zg‘atuvchi axborotni tarqatish ham taqiqlangan.

Bu normalar raqamli axborot makonida so‘z va axborot erkinligi bilan bir qatorda jamiyat xavfsizligi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish zaruratini ham nazarda tutadi.

Ekstremistik kontentning asosiy xususiyatlaridan biri – uning hissiy ta’sirga yo‘naltirilganligidir. Bunday materiallarda murakkab ijtimoiy yoki diniy masalalar soddalashtirilishi, “biz” va “ular” kabi keskin qarama-qarshiliklar yaratilishi, zo‘ravonlik yoki murosasizlik oqlanishi mumkin. Shu sababli bunday axborotni tanqidiy tahlil qila olish zamonaviy axborot iste’molchisi uchun muhim ko‘nikmaga aylanmoqda.

Internetning tezkorligi, keng qamrovi, nisbatan oson axborot tarqatishi va foydalanuvchilarining o‘zaro bog‘liqligi ekstremistik mazmundagi materiallarning auditoriyasini kengaytirishi mumkin.

Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardagi tavsiya algoritmlari foydalanuvchining avvalgi qiziqishlariga o‘xshash materiallarni ko‘rsatishi natijasida bir xil mazmundagi axborotlar takroran uchrashi ehtimoli mavjud. Bu holat ayrim foydalanuvchilarning muqobil fikrlar bilan tanishish imkoniyatini kamaytirishi mumkin.

O‘zbekistonda ekstremizmga qarshi kurashning huquqiy asoslaridan biri 2018-yil 30-iyulda qabul qilingan “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonundir.

Mazkur qonunchilik doirasida ekstremistik materiallarni yo‘q qilish yoki olib tashlash, internet tarmog‘ida joylashtirilgan bunday materiallardan foydalanishni cheklash kabi mexanizmlar nazarda tutilgan.

Shuningdek, “Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targʻib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish” O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi hamda Jinoyat kodeksi bilan taqiqlangan qilmish hisoblanadi.

Ushbu qilmishni birinchi marta sodir etish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184.3-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.

Agar ushbu qilmish aynan bir kishi tomonidan yana sodir etilsa, Jinoyat kodeksining 156-moddasi bilan jinoiy javobgarlik belgilanishga sabab bo‘ladi. Bu vaziyatda shaxs o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Bundan tashqari, internet tarmog‘ida axborot xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan normativ-huquqiy mexanizmlar ham mavjud. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-sentabrdagi 707-son qarori qonunchilik bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud internet resurslarini aniqlash, ularni maxsus Reyestrga kiritish va bunday resurslardan foydalanishni cheklash tartibini nazarda tutadi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda tarqatilishi taqiqlangan axborot aniqlanganda, tegishli sahifa egasi yoki blogerga uni olib tashlash to‘g‘risida xabarnoma yuborish mexanizmi ham belgilangan.

Biroq huquqiy mexanizmlarning samaradorligi nafaqat taqiqlash va javobgarlik choralariga, balki profilaktik faoliyatga ham bog‘liq. Shu sababli huquqiy choralar ma’rifiy va ta’limiy tadbirlar bilan uyg‘unlashtirilishi muhim.

Samandar Axmatov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksi // Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2026-y., 03/26/1114/0047-son.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksi // Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2026-y., 03/26/1176/0922-son.
  3. O‘zbekiston Respublikasining “Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni // Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son.
  4. O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni // Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2026-y., 03/26/1115/0063-son.
  5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-sentabrdagi 707-son qarori.

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика