
Ma’lumki, muhaddislar hadis matniga uning sanadichalik e’tibor qaratishmaydi, degan qarash mavjud. Ular ko‘p hollarda faqat sanadning o‘zini o‘rganish bilan cheklanishadi. Haqiqatda hadislarning isnodi alohida e’tiborga loyiq jihatdir. Chunki biror gap aytilsa-yu, uning aytuvchisi kimligini ko‘rsatuvchi sanadi bo‘lmasa, bunday gapning qiymati bo‘lmaydi. Shunday ekan, biror so‘z Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbat berilsa-yu, lekin sanadi bo‘lmasa, uning ham qadri bo‘lmaydi. Aks holda, istalgan kishi xohlagan gapini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga asossiz ravishda nisbatlab yuborgan bo‘lar edi. Shu bois ham, isnod dinning asoslaridandir.
Boshqa bir jihatdan qaralsa, isnodga e’tibor qaratish matnning ham muayyan jihatlarini o‘rganishni anglatadi. Chunki hadis roviysining ishonchli (siqa) ekanligi faqatgina uning adolati va rostgo‘yligi bilan sobit bo‘lib qolmaydi. Balki uning hadislarini boshqa ishonchli roviylarning rivoyatlariga solishtirib ko‘rish ham lozim bo‘ladi. Agar uning rivoyatlari ko‘p hollarda siqalarning rivoyatlariga muvofiq kelsa, bu roviyga “zabtli” (yodlash qobiliyati mustahkam) deb hukm qilinadi.
Lekin sanadning o‘rni qanchalik yuqori bo‘lmasin, uning sahihligi har doim ham matnning sahih ekanini keltirib chiqarmaydi. Muhaqqiq muhaddislarning fikriga ko‘ra ham isnodning sahihligi va matnning sahihligi o‘rtasida doimiy bog‘liqlik yo‘q. Gohida isnod barcha shartlarni o‘zida jamlab sahih bo‘lishi, biroq matn “shoz”lik (ishonchliroq roviyga zidlik) yoki biror yashirin illat sababli sahih bo‘lmasligi mumkin. Gohida esa, aksincha, ma’lum bir sanad sahih bo‘lmasa-da, matn boshqa bir yo‘l (tariq) orqali sahih bo‘lishi ham mumkin.
Ibn Saloh rohimahulloh o‘zining «Muqaddima» asarining 38-sahifasida shunday deydi: «Gohida ushbu hadisning sanadi sahih deyiladi, lekin uning matni ‘shoz’ yoki ‘illatli’ bo‘lgani uchun o‘zi sahih bo‘lmaydi».
Yana Ibn Saloh rahimahulloh aytadi: «Qachonki muhaddislar ‘bu hadis sahih’ deb aytishsa, bu gapdan sanadi bog‘langan va unda hech qanday nuqson bo‘lmagan hadis tushuniladi. Biroq bu hukm ushbu hadisning haqiqatda qat’iy ilmni (mutloq haqiqatni) ifoda etishini anglatmaydi. Shu kabi, agar biror hadisga ‘bu hadis sahih emas’ deb hukm berishsa, bundan faqatgina hadis isnodining zikr qilingan shartlarga javob bermasligi tushuniladi. Ushbu ibora mazkur hadisning haqiqatda mutloq yolg‘on ekanini anglatmaydi».
Muhaddislar hadis sanadini o‘rganib unga hukm berishsa, faqihlar bevosita hadis matni bilan ishlashadi. Faqihlarning hadisdan hukm chiqarish uchun o‘zlari ishlab chiqqan maxsus shartlari bo‘lib, ular faqatgina muhaddisning hadisga bergan umumiy hukmi bilan cheklanib qolishmaydi.
Muhaddislar tomonlaridan tasnif etilgan sahih to‘plamlar ham aynan yuqorida aytilgan qoidalarga ko‘ra, sanadni e’tiborga olgan holda yozilgan. Bundan tashqari, muhaddislar boshqa asarlarda ham hadislarning sahih yoki zaifligiga ko‘pincha hadis sanadi nuqtai nazaridan hukm chiqarishadi.
Xulosa qilib aytganda, faqatgina muhaddisning hadis (sanadi)ga bergan hukmiga suyanib, undan fiqhiy hukm olish va «men sahih hadisga amal qilyapman», deb da’vo qilish hadis va fiqh ilmlariga yuzaki qarovchi kishilarning yondashividir.
Ne’matulloh A’zamiy rahimahullohning «Favoidul muhimma» asari asosida.
Habibullayev Abdulhay Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi