
Milliy ma’naviyatimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk allomalardan biri Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali al-Hakim at-Termiziydir. Taxminan IX–X asrlarda yashab ijod qilgan mutafakkir “Avliyolar hakimi” deya e’tirof etilgan. U hadis, fiqh va kalom ilmlari bilan bir qatorda tasavvufning nazariy masalalarini chuqur tadqiq etib, insonning ma’naviy kamoloti, qalb tarbiyasi, valoyat va komil inson haqidagi qarashlari bilan islom tafakkuri taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan.
Amudaryo bo‘yidagi qadimiy Termiz zaminida voyaga yetgan alloma dastlabki ta’limni ona yurtida olgan. Keyinchalik o‘sha davrning yirik ilm markazlari — Basra, Kufa, Makka va Nishopurda hadis hamda fiqh ilmlarini chuqur o‘rgangan. Ilmiy izlanishlarini davom ettirib, Termizga qaytgach, o‘zining boy ilmiy-ma’naviy merosini yaratdi.
Hakim Termiziyning “Xatm ul-avliyo”, “Navodir ul-usul”, “Bayon ul-farq bayna as-sadr val-qalb val-fu’ad val-lubb” kabi asarlari uning tafakkur ko‘lami naqadar keng bo‘lganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, insonning ichki dunyosi, ma’naviy poklanishi va kamolot bosqichlariga oid qarashlari alloma merosining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Qalb tarbiyasi — ma’naviy kamolot asosi
Hakim Termiziy ta’limotida inson kamoloti bir zumda erishiladigan holat emas. U nafsni tarbiyalash, qalbni poklash, ilm va ezgu amal orqali haqiqatni anglashga intilishdan iborat uzluksiz jarayon sifatida talqin qilinadi.
Alloma insonning botiniy dunyosini sadr, qalb, fu’ad va lubb tushunchalari orqali izohlaydi.
Sadr — insonning tashqi botiniy qatlami bo‘lib, imon va islom bilan bog‘liq bilim hamda e’tiqodlar makoni sifatida talqin etiladi.
Qalb — ma’rifat, anglash va ma’naviy sezgirlik markazi. Insonning yaxshilik va yomonlikni farqlashi, o‘z xatti-harakatiga baho berishi shu tushuncha bilan bog‘lanadi.
Fu’ad — ilohiy haqiqatlarni teranroq idrok etish, botiniy anglash bilan bog‘liq tushuncha.
Lubb esa inson mohiyatining eng teran qatlamini, haqiqatni anglashning yuksak darajasini ifodalaydi.
Bu qarashlar mohiyatida insonning ichki dunyosini poklash, xudbinlik, hasad, kibr singari illatlardan xalos bo‘lish va ma’naviy yetuklik sari intilish g‘oyasi mujassam. Shu jihatdan Hakim Termiziy merosi bugun ham inson tarbiyasi va ma’naviy kamolot masalalarida muhim ahamiyat kasb etadi.
Valoyat va komil inson
Hakim Termiziy ilmiy merosida muhim o‘rin tutadigan tushunchalardan yana biri — valoyat, ya’ni Allohga yaqinlik va ma’naviy yetuklik maqomidir. Alloma “Xatm ul-avliyo” asarida nubuvvat va valoyat masalalarini o‘ziga xos tarzda talqin qiladi. Uning qarashlarida ma’naviy yetuklik insonning ilm, axloq, taqvo va ezgu amallar orqali kamol topishi bilan chambarchas bog‘liq.
Hakim Termiziy talqinidagi komil inson shunchaki tarkidunyo qilgan yoki faqat ibodat bilan mashg‘ul shaxs emas. U ilmni axloq bilan, ma’naviy kamolotni amaliy hayot bilan uyg‘unlashtira oladigan, o‘zining xulqi va faoliyati bilan jamiyatga foyda keltiradigan yetuk insondir.
Shu nuqtai nazardan, allomaning komil inson haqidagi qarashlari bugungi kun uchun ham nihoyatda dolzarb. Chunki jamiyat taraqqiyoti nafaqat bilimli, balki yuksak axloq, mas’uliyat va ezgu maqsadga ega insonlarga ham bog‘liq.
Ilm, axloq va o‘zlikni anglash
Hakim Termiziy merosining ahamiyati shundaki, u ilm va ma’naviyatni bir-biridan ajratmaydi. Insonning haqiqiy kamoloti faqat bilim orttirish bilangina emas, balki o‘sha bilimni ezgulik yo‘lida qo‘llash, nafsini tarbiyalash va o‘zligini anglash bilan belgilanadi.
Bu g‘oya bugungi yoshlar tarbiyasi uchun ham muhim saboq bo‘la oladi. Zamonaviy bilim va kasbiy mahorat bilan bir qatorda, insonda halollik, mas’uliyat, sabr, mehr-oqibat va Vatanga sadoqat kabi fazilatlarning shakllanishi barkamol shaxs tarbiyasining muhim shartidir.
Merosni o‘rganish — kelajak uchun mas’uliyat
Bugungi kunda mamlakatimizda buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish, nodir asarlarini tadqiq etish va keng jamoatchilikka yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hakim Termiziy merosini o‘rganish borasidagi ishlarning kengayishi ham ana shu ezgu maqsadning amaliy ifodasidir.
Allomaning asarlarini tarjima va nashr etish, qo‘lyozmalarini ilmiy tadqiq qilish, uning ilmiy-ma’naviy qarashlarini xalqaro ilmiy hamjamiyatga tanitish, yosh tadqiqotchilarni bu yo‘nalishga jalb etish — Termiz zaminidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir merosini kelajak avlodlarga yetkazishning muhim omillaridandir.
Shu ma’noda, Hakim Termiziy merosi faqat o‘tmishning qimmatli yodgorligi emas. Uning qalb tarbiyasi, nafsni poklash, ilm va axloq uyg‘unligi, ma’naviy yetuklik haqidagi qarashlari bugungi jamiyat uchun ham muhim ma’rifiy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Inson o‘z qalbini anglashdan boshlab o‘zini anglash sari boradi. O‘zini anglagan inson esa jamiyat oldidagi mas’uliyatini, ezgulik va adolatning qadrini chuqurroq his etadi. Hakim Termiziy asrlar oldin ilgari surgan ana shu g‘oyalar bugun ham o‘z qimmatini yo‘qotmagan.
Buyuk alloma merosini o‘rganish — tarixni bilish bilangina cheklanmaydi. Bu, avvalo, ajdodlarimizning ma’naviy tajribasidan saboq olib, komil inson va ma’rifatli jamiyat barpo etish yo‘lida undan foydalanishdir.
Shohzamon Anvarov,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Axborot texnologiyalari va multimedia bo‘limi boshlig‘i