SHUKRNI UNUTMANG: NE’MATNING QADRI VA NOSHUKRLIKNING OQIBATLARI

by Matbuot xizmati
17 👁️

 

Insonga berilgan eng buyuk ne’matlardan biri — hayotning o‘zi. Alloh taolo butun maxluqotlar ichida insonni mukarram qilib yaratdi. Insonning bu ulug‘ligi shundaki, yer yuzidagi barcha mavjudotlar uning farovon hayot kechirishi uchun xizmat qiladi. Alloh taolo insonni go‘zal suratda yaratish bilan birga, unga sanoqsiz moddiy va ma’naviy ne’matlarni ham in’om etgan. Banda esa ana shu ne’matlarni anglashi, qadrlashi va ular uchun shukr qilishga buyurilgan.

Qur’oni karimda shukr qilish ne’matni ziyoda bo‘lishiga sabab ekani aniq bayon qilingan:

وَإِذْ تَأَذَّنَ رَبُّكُمْ لَئِنْ شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ ۖ وَلَئِنْ كَفَرْتُمْ إِنَّ عَذَابِي لَشَدِيدٌ

“Va Robbingiz sizga: «Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir», — deb bildirganini eslang” (“Ibrohim” surasi, 7-oyat).

Ushbu oyatda Alloh taolo bandalariga bergan ne’matlariga shukr qilishni buyurib, shukr qilish ne’matning ziyoda bo‘lishiga sabab ekanini ta’kidlamoqda. Demak, shukr faqat tilda aytiladigan so‘z emas, balki insonning berilgan ne’matga munosabati, uning qadrini anglashi va undan to‘g‘ri foydalanishida namoyon bo‘ladi.

Inson o‘z jismi va botiniy olamiga tafakkur bilan nazar solsa, o‘zida qanchadan-qancha ajoyib ne’matlar mujassam ekanini anglaydi. Toza havodan nafas olishning o‘zi ham ulug‘ ne’mat. Agar Alloh taolo bizdan nafas olish ne’matini olib qo‘ysa, nima qila olar edik? Ko‘rish ne’matidan mahrum bo‘lsak, dunyo bizga qanday qorong‘u ko‘rinishini tasavvur qilishning o‘zi kifoya.

Ne’matlar shu qadar ko‘pki, inson ularning barchasini to‘la-to‘kis his qilib, sanab chiqishga qodir emas. Ko‘pincha ne’matning qadri uning yo‘qligida bilinadi. Borliqni inson uchun xizmatkor qilib qo‘ygan Allohga bandalik qilmaslik esa ne’matga nisbatan noshukrlikdir. Alloh taolo noshukrlik qilgan bandadan ayrim ne’matlarni asta-sekin olib qo‘yishi mumkinki, inson ba’zan buni o‘zi ham sezmay qoladi. Shuning uchun berilgan ne’matning qadriga yetish, uni asrash va undan ezgu maqsadlarda foydalanish insonning muhim ma’naviy vazifalaridan biridir.

Alloh taolo insonga moddiy ne’matlar bilan bir qatorda ma’naviy ne’matlarni ham bergan. Aql, odob, ilm, farosat, ziyraklik, o‘tkir zehn, notiqlik, tafakkur qilish va zikr aytish qobiliyati ana shunday ma’naviy ne’matlar sirasiga kiradi. Bu ne’matlar orasida eng oliy ne’matlardan biri — iymon ne’matidir.

Iymon orqali inson o‘z Yaratuvchisini taniydi, Unga ibodat qiladi va berilgan ne’matlarning haqiqiy qadrini anglaydi. Qur’oni karimda insonga berilgan ne’matlarning beqiyos ekani shunday bayon qilingan:

وَإِنْ تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا ۗ إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَحِيمٌ

“Agar Allohning ne’matlarini sanasangizlar, sanog‘iga yeta olmaysizlar. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatli va rahmli Zotdir” (“Nahl” surasi, 18-oyat).

Darhaqiqat, Alloh taoloning bandalariga bergan ne’matlari son-sanoqsizdir. Ularning ayrimlarigina yuqorida tilga olindi. Agar inson o‘ziga berilgan ne’matlarni hisoblashga urinsa, ularning sanog‘iga yetishi amri mahol. Shunday ekan, inson Alloh taoloning barcha ne’matlari uchun mukammal shukrni ado etishga ojizdir.

Biroq Alloh taolo bandalariga mehribon va rahmli Zot sifatida ularni imkoniyat va toqatlaridan kelib chiqib shukr qilishga undaydi. Shukr qiluvchi insonning maqomi esa bu dunyoda ham, oxiratda ham yuksak bo‘ladi.

So‘fi Olloyor talqinida shukr. Ulug‘ ajdodlarimiz o‘z asarlarida shukrning inson hayotidagi o‘rniga alohida e’tibor qaratganlar. Jumladan, So‘fi Olloyor “Murodul orifin” asarida “Muhabbat maqomiga yetish sabablari” fasli so‘ngida shukr mazmunini ifodalovchi quyidagi baytlarni keltiradi:

 

دلا شکر خدا آور دمادم
تورا کرد او از فرزندان آدم

مصوّر کرد با این قدّ و بالا
نکرد از جنس مورو مار و کالا

تن و جان داد تصدیقی چنان داد
هدایت کرد اقرار زبان داد

به غایت مهروبانی ها به ما کرد
حبیب خیشتن را رهنما کرد

به الطاف قدم خوف و رجا داد
به هر کس این چنین دولت کجا داد

سواد اهل سنّت را در این راه
مرا بنموده است الحمد الله [1]

Mazmuni: Ey ulug‘ qalb sohibi, Allohga shukr aytishni kanda qilma, zero, seni U Zot Odam alayhissalom farzandlaridan dunyoga keltirdi. Seni hasharot, sudralib yuruvchi ilon va bir mato jinsidan qilib yaratmadi, balki go‘zal qomat va jism sohibi bo‘lgan “inson” qilib yaratdi. Jismu jon bilan birgalikda tasdiqni (iymonni) berdi, seni hidoyat etib, imonni iqror qilishni tilingda joriy qildi. Bizga hisobsiz marhamat ko‘rsatganining yana bir belgisi — O‘zining habibi Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Payg‘ambar qilib yubordi. Ba’zi kishilarga berilmagan ulug‘ ikki boylik — xavfu rajo, ya’ni gunoh qilishdan qo‘rqish va Allohning rahmatidan umidvor bo‘lishni azaliy lutfu karami bilan bizga nasib etdi. Ahli sunnat yo‘liga bizni ergashtirganligi uchun Allohga hamdu sanolar bo‘lsin.

So‘fi Olloyor ushbu baytlarda shukrning mazmunini insonga berilgan eng asosiy ne’matlarni eslash orqali ochib beradi. Uning talqinida insonning Odam alayhissalom farzandlaridan ekani, inson sifatida yaratilgani, jism va jonga ega bo‘lgani, iymon va hidoyat ne’matidan bahramand bo‘lgani, Payg‘ambar alayhissalomning ummati bo‘lgani ham shukr qilish uchun asos bo‘la oladi.

Ayniqsa, muallif xavf va rajoni ham ulug‘ ne’mat sifatida ko‘rsatadi. Ya’ni inson gunohdan qo‘rqishi bilan birga Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lishi lozim. Bu holat uni muvozanatli ma’naviy hayotga yetaklaydi.

Shuningdek, baytning so‘nggi qismida Ahli sunnat yo‘liga ergashish ham Allohning ulug‘ ne’matlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Bu jihat So‘fi Olloyorning shukr haqidagi qarashlari uning sog‘lom e’tiqod va ma’naviy tarbiya haqidagi umumiy qarashlari bilan uzviy bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.

Shukrning ziddi sifatida noshukrlik insonning o‘ziga berilgan ne’matlarni qadrlamasligi, ularning manbasini unutishi va ulardan noto‘g‘ri foydalanishida namoyon bo‘ladi. Noshukrlik faqat tilda shukr aytmaslik emas. Insonga berilgan ilmni ezgulikka sarflamaslik, aqlni to‘g‘ri ishlatmaslik, sog‘likni asramaslik, mol-dunyoni noto‘g‘ri yo‘lda sarflash, iymon va hidoyatning qadriga yetmaslik ham ma’naviy jihatdan noshukrlikning bir ko‘rinishidir.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, shukr — insonning ne’matga bo‘lgan munosabatini belgilaydigan ma’naviy mezondir. Shukr qiluvchi inson ne’matning haqiqiy egasi Alloh taolo ekanini anglaydi. Noshukr inson esa ko‘pincha ne’matni o‘zining shaxsiy yutug‘i sifatida qabul qilib, uning manbasini unutish xavfiga duch keladi.

So‘fi Olloyor ta’limotida esa insonning ma’naviy kamoloti shukr, iymon, hidoyat, xavf va rajo kabi tushunchalar bilan uzviy bog‘langan. Shu bois uning shukr haqidagi qarashlari faqat shaxsiy ibodat masalasi emas, balki insonning axloqiy va ma’naviy qiyofasini shakllantiruvchi muhim mezon sifatida namoyon bo‘ladi.

Bugungi kunda inson hayoti turli imkoniyatlar, moddiy boyliklar va axborot vositalari bilan tobora kengayib bormoqda. Biroq imkoniyatlarning ko‘payishi har doim ham qanoat va shukrning ortishiga olib kelavermaydi. Aksincha, insonda bor narsaga qanoat qilmaslik, doimo ko‘prog‘iga intilish va o‘zidan boshqalardagi ne’matlarga havas qilish kabi holatlar ma’naviy xotirjamlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu bois So‘fi Olloyorning “Murodul orifin” asarida ilgari surilgan shukr g‘oyasi bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Inson avval o‘zidagi ne’matlarni anglashi, ularning qadriga yetishi, ulardan ezgulik yo‘lida foydalanishi va bu ne’matlarning haqiqiy manbasini unutmasligi lozim.

Shukr insonni bor narsasining qadriga yetishga, qanoatli bo‘lishga, ne’matni asrashga va uni boshqalar bilan baham ko‘rishga undaydi. Shu ma’noda shukr — nafaqat tildagi ibodat, balki hayot tarzi va ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Darhaqiqat, shukr aytuvchi bandaning hayoti farovon, qalbi nurafshon bo‘ladi. Shukr insonni berilgan ne’matlarni anglashga, ularning qadriga yetishga va ulardan to‘g‘ri foydalanishga o‘rgatadi. Mashaqqatlar va hayot qiyinchiliklarini yengishda ham shukrning ma’naviy ahamiyati katta. Shukr ibodatga huzur, qalbga surur va ne’matga baraka bag‘ishlaydi.

So‘fi Olloyorning “Murodul orifin” asaridagi qarashlardan kelib chiqadigan asosiy xulosa shuki: inson o‘z hayotidagi ne’matlarni oddiy hol deb qabul qilmasligi, ularning qadrini bilishi va shukrni unutmasligi kerak. Zero, insonning haqiqiy boyligi faqat qo‘lidagi mol-dunyo bilan emas, balki iymon, hidoyat, ilm, aql, sog‘lik, tinchlik va ma’naviy poklik kabi ne’matlarni qadrlay bilishi bilan belgilanadi.

Karomiddin Jamahmatov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика