Hakim Termiziy onasidan rivoyat qilgan hadislar

by Matbuot xizmati
17 👁️

Annotatsiya. Ushbu maqolada Islom tarixidagi buyuk olimlardan biri Muhammad Hakim Termiziyning onasi haqida manbalarga asoslangan holda ma’lumot berilgan. Shu bilan birga, bu olimning hayotida onasining o‘rni qanchalik katta bo‘lgani ko‘rsatib o‘tilgan.

Kalit so‘zlar: Hakim Termiziy, ona, Ummu Oisha binti Sahl, ilm, safar, tarbiya.

Abstract. This article provides source-based information about the mother of one of the great scholars in the history of Islam, Muhammad Hakim Tirmizi. It also shows how important his mother’s role was in the life of this scholar.

Keywords: Hakim Termizi, mother, Umm Aisha bint Sahl, knowledge, travel, education.

Annotatsiya. V dannoy state predstavlena informatsiya, osnovannaya na istochnikax, o materi odnogo iz velikix uchyonыx v istorii islama Muxammada Xakima Tirmizi. Pri etom bыlo pokazano, naskolko vajna bыla rol yego materi v jizni etogo uchenogo.

Klyuchevыe slova: Xakim Termizi, mat, Umm Aysha bint Saxl, znaniya, puteshestviya, obrazovanie.

Ulug‘ olimlarning yetishib chiqishida tarbiya muhim o‘rin tutsa, tarbiyada ota-onaning hissasi asosiy sanaladi. O‘tmishdagi ulug‘ ajdodlarimiz hayotida ota-onaning o‘rniga misol yig‘ilsa, katta-katta jildlarni tashkil etadigan asarlar yuzaga kelishi tayin. Jumladan, Hakim Termiziy nomi bilan mashhur bo‘lgan olim va mutafakkir, ulug‘ donishmand Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bishr (taxm. 205-332/820-932) hayoti va kamolotida ham uning ota-onasi muhim o‘rin tutgan. Quyida esa manbalarda bu zotning onalari haqida kelgan ma’lumotlar bilan tanishib o‘tamiz.

Fariduddin Attor (1145–1221)  “Tazkirat al-avliyo” asarida Hakim Termiziyning ta’rifini shunday keltiradi:

“U sunnat (Payg‘ambar yo‘li)ning yetuk namoyondasi, u millatning ulug‘i, u avliyolarning mujtahidi, u musaffo (pok)likda yagona, u pok Alloh taoloning e’zozli bandasi, zamona shayxi – Muhammad  ibn Ali Termiziy rahmatullohi alayhi (unga Allohning rahmati bo‘lsin), shayxlarning muhtashami, viloyat ahlining muhtarami, tillarda doston, ma’nolar sharhida beqiyos, hadis, rivoyat, xabarlar rivoyati bobida ishonchli, ma’rifat va haqiqat bayonida ajoyiblardan edi. Komillikda e’tirof topgan, ezgulikda ziynatlangan, mehribonlikda mo‘l-ko‘l, xulqda buyuk, riyozat va karomatda bisyordir. Ilmning turli yo‘nalishlarida komil, shariat va tariqat ishida serg‘ayrat edi. Termizlik bir necha kishilar unga ergashardilar, uning tanlagan yo‘li ilm bo‘lib, o‘zi rabboniy olim edi. Ummatning donishmand hakimi bo‘lib, birovga taqlid qilmasdi, kashf egasi va sirlar bilimdoni, bag‘oyat darajada hikmat egasi edi, shu sababli uni avliyolarning donishmand hakimi der edilar. Abu Turob rahimahullohu (Alloh unga rahm qilsin), Xizraviya rahimahullohu va Ibni Jalo rahimahullohu suhbatlarini olgan edi hamda Yahyo Maoz rahimahullohu ila bahslashgan edi. Termiziyning aytishicha: “Bir kuni munozarada so‘z aytar edim, mening so‘zlarimdan Amir Yahyo rahimahullohu hayratga tushdilar”. Va uning ko‘p kitoblari bor, ular manzuru mashhurdir. U yashagan zamonda Termizda uning so‘zini tushunadigan kishi topilmas edi va u shahar ahlidan uzoqlashgan edi.   

Yoshlik paytlari ikki do‘sti bilan ilm olish uchun ahdlashib, safar taraddudini ko‘ra boshladilar. Yo‘lga chiqish oldidan onasi g‘amgin holda dedi: “Ey, jonim bolam! Men zaif va ishimni qiladigan kishim yo‘q, sen ishlarimni bajaruvchisan, meni kimga tashlab ketasan? Men tanho va ojizman!”

Bu so‘zlardan farzand diliga dard tushib, tarki safar ayladi. Uning ikki do‘sti ilm istab jo‘nab ketishdi, oradan bir qancha vaqt o‘tdi, bir kuni go‘ristonda zor-zor yig‘lar edi: “Men bu yerda abgor va johil qoldim, do‘stlarim esa ilmda kamolga yetib, olim bo‘lib qaytadilar”. Shu chog‘ bir nuroniy chol kelib dedi:

– Ey o‘g‘lon! Nega yig‘layapsan?

O‘g‘lon ahvolni tushuntirdi. Chol aytdi:

– Istasang, men senga har kuni shu yerda dars o‘taman va tezda do‘stlaringdan o‘zib ketasan!

– Istayman, – dedi o‘g‘lon.

Chol har kuni dars o‘ta boshladi, shu zaylda oradan uch yil o‘tdi. Shundan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, chol Xizr alayhissalom ekan. Men bu davlatni onamning roziligi tufayli topdim”. 

O‘sha chol uning yoniga tez-tez kelib turar va bir-birlaridan voqea-hodisalarni so‘rab olar ekan. Abu Bakr Varroq Termiziy aytadiki: “Har yakshanba Xizr alayhissalom uning oldiga kelar  va ular o‘zaro savol-javob qilishar edi”[1].

Aslida bu qissa yana bir manbada boshqacharoq kelgan. Unda aytilishicha, Hakim Termiziy o‘z do‘stlari bilan Bag‘dodga ilm safariga chiqishni rejalashtirishganda deydi: “Mening bir keksa onam bor. Undan ijozat so‘rab ko‘raman. Agar ruxsat bersa, boraman. Shunda onamning oldiga keldim va do‘stlarim bilan bo‘lgan qissa, ittifoq, niyat va azmu qarorimizni arz qildim. Dilimdagi maqsadimni ochib, dedimki, agar ruxsat bersalar, men ham ular bilan birga ketsam. Shunda onam bir muddat tafakkurga cho‘mdi va ko‘p o‘yga tolgandan so‘ng dedi: “Senga ular bilan ketishga ruxsat yo‘q. Agar ilm sening nasibang bo‘lsa, u senga yetadi”. So‘ng do‘stlarimning oldiga kelib, ularga xabar berdimki, menga ruxsat bo‘lmadi”[2]. Shundan so‘ng u yerda ham Termiziyning oxir-oqibat bir ulug‘ bir piri nuroniydan dars ola boshlagani qissasi keltiriladi.

Bundan ma’lum bo‘ladiki, Hakim Termiziyning ta’lim yo‘li bilan egallab bo‘lmaydigan o‘ziga xos hikmat ilmiga ega bo‘lishi kerakligi va mana shu uning qismati ekanligi u zotning onasiga bildirilgan hamda Hakim Termiziy kamolotida u zotning onasi katta o‘ringa ega bo‘lgan. Bu xuddi Muso alayhissalom go‘dakliklarida u zotning Payg‘ambar bo‘lishi onasiga bildirilganidek:

“Va Musoning onasiga: “Uni emizaver. Bas, (unga yomonlik yetishidan) qo‘rqqan chog‘ingda uni daryoga tashla, qo‘rqma, xafa bo‘lma, Biz, albatta, uni senga qaytarguvchimiz va Payg‘ambarlardan qilguvchimiz” deb vahiy (ilhom) qildik” (Qosos, 7).   

Hakim Termiziy o‘zining “ar-Radd ‘alal-muattila” asarida: “Menga onam, Allohning unga rahmati bo‘lsin, rivoyat qildi va dedi: “Bizga otam, u Xallod ibn Muhammaddan…” deb, onasidan hadis rivoyat qilgan[3]. Bundan Hakim Termiziy bobosi ilmiy safarlarga chiqqanligini ham xulosa qilish mumkin, chunki u undan rivoyat qilayotgan ushbu Xallod Xunosiriy[4] Halabga qarashli shaharchalardan biridir[5].

O‘zining hadisga oid asosiy asari bo‘lgan “Navodir al-usul” asarida esa ushbu hadisni onasiga hurmatan uning ismini emas, balki kunyasini “Ummu Oisha binti Sahl” deb keltirgan holda rivoyat qilgan[6].

Shuningdek, nazarimizda, Hakim Termiziyning “ar-Radd ‘alal-muattila” bobosi Sahl ibn Solimdan keltirgan rivoyati ham onasidan bo‘lishi haqiqatga yaqinroq[7]. Unda shunday deyiladi: “Abu Abdulloh (ya’ni muallif Hakim Termiziy), u bobosi Sahl ibn Solimdan (bir nusxada: Salm), u Abdulaziz ibn Xoliddan, u Ash’as ibn Abdullohdan…”. Diqqatga sazovor jihati, ushbu “Abdulaziz ibn Xolid” shu nomdagi Imom A’zamning Termiziy shogirdi bo‘lishi va bu Hakim Termiziy bobosining Termizda yashaganligini ko‘rsatishi mumkin.

Hakim Termiziyning otasi Ali ibn Hasan Termiziy yirik muhaddis bo‘lganligi va o‘zining “Navodir al-usul” asarida undan 206 hadis rivoyat qilgan. Ma’lum bo‘lmoqdaki, u zotning nafaqat otasi, balki onasi va ona tomondan bo‘lgan bobosi ham ilm ahlidan bo‘lishgan. Bu esa farzandlar kamolotida ota-ona, xususan, onalarning o‘rni qanchalik katta ekanligini ko‘rsatadi. Hakim Termiziy onasidan ilm o‘rganishdan tashqari, uning xizmatini qilib, xayrli va sidqidildan qilingan duosini olishga erishgani tufayli ham Islom tarixidagi katta iz qoldirgan ulkan shaxsiyatga aylandi.

Boshqa xalqlarda ota-onasini nomini atab chaqirish uchraydi. Hakim Termiziyning asarlaridan ma’lum bo‘ladiki, u zot ota-onasining nomini hech qachon tilga olmaydi, balki ota-onasini “otam”, “onam” deb, yoki onasini farzandining nomi bilan kunyalab “Ummu Oisha” (Oishaning onasi) deb keltiradi. Bu esa farzandning o‘z ota-onasiga ko‘rsatishi lozim bo‘lgan yuksak ehtiromini ifodalaydi va xalqimiz qadriyatlarida bu odatga doimo amal qilib kelinadi.

Xulosa qilish mumkinki, Hakim Termiziyning onasi Ummu Oisha ilm ahli bo‘lgan xonadonda tavallud topgan va u yerda otasidan ilm olgan, xususan, undan hadislar eshitib yod olgan. Bu esa kelajakda Hakim Termiziydek olimning yetishib chiqishida katta o‘rin tutgan. Ona-bola o‘rtasidagi munosabatlar esa eng yuksak darajada bo‘lib, inson hayotida va dinimizda oilaning qanchalik yuksak o‘ringa ega ekanligini namoyon qiladi. Shuning uchun ajdodlarimiz merosini qanchalik chuqur o‘rgansak, milliy qadriyatlarimiz mazmun-mohiyatini shunchalik chuqur anglaymiz, natijada esa o‘zligimizning mustahkam ildizlariga shunchalik mustahkam bog‘lanamiz. 

Jo‘rabek Cho‘tmatov Omonovich,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

 katta ilmiy xodimi, tarix fanlari

bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

FOYDALANILGAN ADABIYoTLAR RO‘YXATI:

  1. Abu Homid Muhammad ibn Abu Bakr Ibrohim Farididdin Attor Nishopuriy. Tazkiratul-avliyo. Ronald Nikolson tahqiqi asosida Ibrohim Tavakkuliy nashri. – Tehron: Behzod, 1375/1997. Beshinchi nashr. – B. 606-615.
  2. Sayfulla Tursunov, Bobonazar Murtazaev. Termiziylarning ilmiy tafakkuri. – Toshkent: O‘zbekiston, 2016. – B. 56-71.
  3. Rasoil Hakim Termiziy. Kitob al-Hakim at-Termiziy quddisa sirruhu fil-ad’iyati vat-tilsimat val-azaim. Qo‘lyozma. Aya Sofiya, Turkiya, 1814-raqam. – B. 1b.
  4. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bishr Hakim Termiziy. ar-Rad ‘alal-mu’attila. Muhaqqiqlar jamoasi. – Misr: ar-Ravza, 1439/2017. Birinchi nashr. – B. 94, 79-raqam.
  5. Abulqosim Ali ibn Hasan ibn Hibatulloh ibn Asokir Dimashqiy. Tarixu madinatu Dimashq va zikru fazluha va tasmiyatu man hallaha minal-amasil av ijtaz bi-navahiyha min varidiyha va ahliha. LXXX. Umar ibn G‘oroma Amraviy tahqiqi. –  Bayrut: Dor al-fikr, 1415/1995. XVII. – B. 62-63.
  6. Kamoliddin Umar ibn Ahmad ibn Hibatulloh Abu Jaroda ibn Adiym Uqayliy. Bug‘yatut-talab fiy tarixi Halab. XII. Suhayl Zakkor tahqiqi. – Bayrut: Dor al-fikr, 1408/1988. VII. – B. 3388-3389.
  7. Shihobiddin Abu Abdulloh Yoqut ibn Abdulloh Rumiy Hamaviy. Mo‘jam al-buldon. VII. – Bayrut: Doru sodir, 1415/1995. II. – B. 390.
  8. Hakim Termiziy. ar-Rad ‘alal-mu’attila. – B. 133, 167-raqam.

[1] Батафсил қаранг: Абу Ҳомид Муҳаммад ибн Абу Бакр Иброҳим Фаридиддин Аттор Нишопурий. Тазкиратул-авлиё. Рональд Никольсон таҳқиқи асосида Иброҳим Таваккулий нашри. – Теҳрон: Беҳзод, 1375/1997. Бешинчи нашр. – Б. 606-615. Яна қаранг: Сайфулла Турсунов, Бобоназар Муртазаев. Термизийларнинг илмий тафаккури. – Тошкент: Ўзбекистон, 2016. – Б. 56-71.

[2] Расоил Ҳаким Термизий. Китоб ал-Ҳаким ат-Термизий қуддиса сирруҳу фил-адъийати ват-тилсимат вал-азаим. Қўлёзма. Ая София, Туркия, 1814-рақам. – Б. 1б.

[3] Абу Абдуллоҳ Муҳаммад ибн Али ибн Ҳасан ибн Бишр Ҳаким Термизий. ар-Рад ъалал-муъаттила. Муҳаққиқлар жамоаси. – Миср: ар-Равза, 1439/2017. Биринчи нашр. – Б. 94, 79-рақам.

[4] У ҳақда қаранг: Абулқосим Али ибн Ҳасан ибн Ҳибатуллоҳ ибн Асокир Димашқий. Тариху мадинату Димашқ ва зикру фазлуҳа ва тасмияту ман ҳаллаҳа минал-амасил ав ижтаз би-наваҳийҳа мин варидийҳа ва аҳлиҳа. LXXX. Умар ибн Ғорома Амравий таҳқиқи. –  Байрут: Дор ал-фикр, 1415/1995. XVII. – Б. 62-63. Камолиддин Умар ибн Аҳмад ибн Ҳибатуллоҳ Абу Жарода ибн Адийм Уқайлий. Буғятут-талаб фий тарихи Ҳалаб. XII. Суҳайл Заккор таҳқиқи. – Байрут: Дор ал-фикр, 1408/1988. VII. – Б. 3388-3389.

[5] Шиҳобиддин Абу Абдуллоҳ Ёқут ибн Абдуллоҳ Румий Ҳамавий. Мўъжам ал-булдон. VII. – Байрут: Дору содир, 1415/1995. II. – Б. 390.

[6] Абу Абдуллоҳ Муҳаммад ибн Али ибн Ҳасан ибн Бишр Ҳаким Термизий. Наводир ал-усул фий маърифати аҳадис ар-расул. Тавфиқ Маҳмуд Такла таҳқиқи. VII.– Байрут: Дор ан-наводир, 1431/2010. Биринчи нашр. VII. – Б. 171, 1628-рақам.

 [7] Ҳаким Термизий. ар-Рад ъалал-муъаттила. – Б. 133, 167-рақам.

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика