
Jamahmatov Karomiddin
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Amir Temurning davlatchilik faoliyati faqat harbiy yurishlar va sarhadlarni kengaytirishdan iborat bo‘lmagan. Uning eng buyuk jasoratlaridan biri — mo‘g‘ullar bosqinidan keyin vayronaga aylangan Movarounnahrni qisqa muddatda jahonning ilmiy va madaniy markaziga aylantirganidir. Sohibqiron ilm ahliga homiylik qilishni davlatni mustahkamlashning asosiy sharti deb bilgan.
Amir Temur hokimiyat tepasiga kelgach, birinchi navbatda Samarqandni ilmu fan, madaniyat va san’at shahriga aylantirishga kirishdi. Uning bu sohada xizmatlarini qo‘yidagi yo‘nlishlarda o‘z aksini topganini ko‘rish mumkin.
Ilm ahli va olimlarga e’tibor: Amir Temur har bir harbiy yurishidan qaytishda o‘zi bilan birga zabardast olimlar, me’morlar, xattotlar va hunarmandlarni Samarqandga olib kelgan. U olimlarni asir sifatida emas, balki davlatning eng qimmatli boyligi sifatida qadrlagan.
Ilmu fanga e’tibor: Amir Temur davrida Samarqandda va yirik shaharlarda madrasalar tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda nafaqat diniy bilimlar, balki riyoziyot (matematika), handasa (geometriya), nujum (astronomiya) va tibbiyot kabi dunyoviy fanlari o‘qitila boshlandi.
Til va adabiyotga e’tbor: Davlat ishlarida adabiyot, san’at, din va tarixni yaxshi bilgan salohiyatli shaxslarni ishga jalb qildi. Amir Temurning o‘zi tarix, adabiyot, din va huquq kabi fanlarni yaxshi bilgani bois, saroyda muntazam ilmiy bahslar tashkil etardi. Bu davrga kelib, Samarqand maktabi dunyoning eng ilg‘or ilmiy markaziga aylandi. Ilm-fanning bir necha yo‘nalishlari alohida jadal rivojlandi:
Tarix ilmiga e’tibor: Amir Temur tarixni «aql chirog‘i» deb atagan. Uning davrida Nizomiddin Shomiy kabi tarixchilar Sohibqironning yurishlarini ilmiy asosda qog‘ozga tushirdi. Bu an’ana keyinchalik Sharafiddin Ali Yazdiy tomonidan davom ettirildi.
Astronomiya va matematika fanlariga e’tibor: Amir Temur hukmronligi davrida Qozizoda Rumiy (1364-1436), Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy (vafoti – 1429), Mirzo Ulug‘bek (1394-1449) kabi olimlarning aniq fanlar rivoji bilan birga astronomiya fanini rivojlantirishda salmoqli hissalari bor. Bu fanlarning gullab-yashnashi keyinchalik Mirzo Ulug‘bek rasadxonasiga zamin yaratdi. Samarqandda handasaviy hisob-kitoblar asosida qurilgan mahobatli binolar (Bibixonim jome masjidi, Go‘ri Amir) o‘sha davr muhandislik ilmining cho‘qqisi edi.
Tibbiyot ilmiga e’tibor: Amir Temur yurt obodonchiligi va aholi sog‘ligiga alohida e’tibor bergan. Bu haqda “Temur tuzuklari”da shunday deyiladi: “Yana amr etdimki, katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsinlar, faqiru miskinlarga langarxona (yo‘lovchilar qo‘nib o‘tadigan joy; kambag‘al yetim-yesirga ovqat beriladigan joy; g‘aribxona) solsinlar, kasallar uchun shifoxona qurdirsinlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlansinlar”.[1] Samarqand va Shahrisabzda shifoxonalar (dorush-shifo) qurilib, u yerda jarohatlarni davolash, farmakologiya va gigiyena bo‘yicha yangi kashfiyotlar qilingan. Mansur ibn Muhammad kabi tabiblar inson anatomiyasiga oid asarlarini aynan shu davrda yaratganlar. Sohibqiron davrida har bir shaharda shifoxona bo‘lgan, ularda bilimli va tajribali tabiblar ishlaganlar. Jumladan, Samarqandda “Dor ush-shifo” nomli yirik kasalxona bo‘lib, unga o‘z zamonasining taniqli tabibi Mir Sayyid Sharif Sheroziy (1330–1414 y.y.) rahbarlik qilgan. Bu tabib asli jurjonlik bo‘lib, Amir Temurning taklifi bilan Samarqandga kelib, shu kasalxonaga boshchilik qilgan. Shu davrlar yirik tabiblardan Hisomiddin Ibrohim Kirmoniy, Mavlono Fayzulloh Tabriziy, Mansur ibn Muhammadlar yashab ijod etganlar. Tarixiy ma’lumotlarda ta’kidlanishicha, Mavlono Fayzulloh Tabriziy Amir Temurning shaxsiy tabibi bo‘lgan. U Sohibqironning barcha safarlarida birga bo‘lar edi. Temur umrining so‘nggi yillarida to‘plangan tajriba va ilmiy bilimlarni davlat qonunchiligiga singdirdi.
Davlat boshqaruvi va siyosatga e’tibor: Amir Temur yigirma yetti davlatni o‘z ichiga olgan saltanatni yetti vazir yordamida boshqargan. Ulardan to‘rt vazir oliy dargoh ishlarini yuritsa, uchta vazir viloyatlar ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan. Vazirlar devonbegiga bo‘ysunganlar va bu oliy tashkilot Oliy Devon deyilgan. Unga Devonbegi boshchilik qilgan. «Temur tuzuklari» asari o‘sha davrning siyosatshunoslik, huquqshunoslik va harbiy boshqaruv sohasidagi eng mukammal ilmiy qo‘llanmasi edi. Unda davlatni aql va ilm bilan boshqarish tamoyillari bayon etilgan.
Me’morchilik ilmiga e’tibor: Samarqand shahrini rejalashtirishda shaharsozlikning ilmiy asoslaridan foydalanilgan. Shahar atrofida barpo etilgan «Bog‘i Baland», «Bog‘i Dilkusho» kabi bog‘lar landshaft dizayni va sug‘orish muhandisligining yuksak namunasi bo‘lgan.
Tasavvuf ilmi va mutasavvif zotlarga e’tibor: Amir Temur davrida tasavvuf ilmi nafaqat ma’naviy hayotning, balki davlat mafkurasining ham ajralmas qismiga aylangan. Sohibqiron o‘z saltanati siyosatini tasavvufning axloqiy tamoyillari asosiga qurishga intilgan va jamiyatda adolat hamda tartib-intizom o‘rnatishda undan keng foydalangan. Mir Sayyid Baraka Sohibqironning eng yaqin ma’naviy maslahatchisi (piri) bo‘lgan. U Amir Temurga saltanat timsoli bo‘lgan nog‘ora va bayroqni topshirib, zafarlar tilagan. Shayx Shamsuddin Kulol Amir Temurning otasi va o‘zining ma’naviy ustozlaridan biri bo‘lib, Sohibqiron uni doimo e’zozlab kelgan. Amir Temur davrida Bahouddin Naqshband (1318–1389) tomonidan asos solingan naqshbandiya tariqati keng yoyilgan. Ushbu tariqatning «Dil ba yoru, dast ba kor» (Ko‘ngil Allohda, qo‘l mehnatda) g‘oyasi Temuriylar davlatining ijtimoiy va iqtisodiy rivojiga xizmat qilgan.
Amir Temur davridagi ilm-fan rivojlanishi shunchaki tasodif emas, balki Sohibqironning uzoqni ko‘zlagan siyosati mahsuli edi. U olimlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlab, ularga ijod qilish uchun beqiyos sharoit yaratdi. Bu ilmiy muhit keyinchalik Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va Kamoliddin Behzod kabi daholarning yetishib chiqishiga asos bo‘ldi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Temuriylar davrida ilm-fan rivojlanib, olimlaru shoirlar alohida e’zozda bo‘lgan. Yurt rivoji uchun Sohibqiron olimlar va tariqat peshvolaridan doimiy maslahat so‘rab, ish tutgan. Adabiyot, badiiy san’at, tarix, mantiq, falsafa, etika, aniq fanlar, kalom, hadis, fiqh, aqoid, tafsir, balog‘at ilmlarining XIV asrda taraqqiy topishiga Amir Temurning oqilona siyosati mahsulidir. Bu zot barpo etgan ilmu fan markazlarida Qozizoda Rumiy, Alloma Taftazoniy, Sayyid Sharif Jurjoniy, Muhammad Jazariy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi ulug‘ zotlar ilmiy ijodiy faoliyat olib borib, tajriba orttirgani tarixdan ma’lum.
Bugungi kunda Amir Temurning ibratli hayot yo‘lini barcha yoshlar o‘rganishi, qolaversa, “Temur tuzuklari” asarini o‘zining hayotiy shioriga aylantirishi davrning zarurati bo‘lib qolgan.
[1] https://oyina.uz/kiril/article/157